Qizaloqning tilagi

Shifoxona dahlizida sherigimni kutib turgandim, birdan tez yordam mashinasining shovqini eshitilib, shifoxona hovlisida toʻxtadi. Ichkaridan ikki shifokor chiqib, olib kelingan bemorlarga yordamlasha boshladi. Mashinadan yuz-koʻzi qonga belangan bir ayol va qoshi yorilgan qizchani tushirib, ichkariga kirib ketishdi. Hodisaning sababiga qiziqib, haydovchini sekin gapga soldim.

Haydovchi bemor ayol bilan bir mahallada yasharkan.

– Salima opa maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlaydi, – deb gapini davom ettirdi haydovchi. – Nihoyatda sabrli va oqila ayol. Unga har qancha havas qilsa arziydi. Uning oʻrnida boshqa boʻlganda, hech qayerda ishlamaydigan bunday piyonista er bilan bir kun ham yasholmasdi. Lekin shoʻrlik ayol, uch farzandini yetim qilishni istamaydi. Halol mehnat qilib, bir oʻzi roʻzgʻor tebratadi. Betayin erining yuziga tik qaramaydi, uning aytganiga soʻzsiz itoat etadi. Uning birgina “ayb”i uch qiz tuqqani. Shuning uchun hali yuzi, hali koʻzi koʻkarib yuradi.

Bugun ham turmush oʻrtogʻi har doimgidek uyga mast holda kelibdi. Arzimagan bahona sabab janjal koʻtarib, xotinini beayov kaltaklabdi. Olti yashar qizcha otaning vajohatidan qoʻrqib, “Dadajon, iltimos, oyimni urmang”, deb qoʻliga yopishibdi. “Padaribuzruk” koʻrsatgan “iltifot” tufayli shoʻrlik qizaloqning qoshi yorilibdi.

Haydovchi ona-bolaning ahvolidan qattiq xavotirda, shekilli, chuqur xoʻrsinib qoʻydi.

Uning iztirob bilan aytayotgan soʻzlarini tinglab tursam, otasining “mehri”dan jabr koʻrgan qiz kasalxona yoʻlagida koʻrinib qoldi. Asta borib, gapga soldim:

– Isming nima, qizaloq?

– Dilshoda!

– Bogʻchaga borasanmi?

– Ha!

– Bu yil bogʻchada archa bayrami boʻldimi? Qorbobodan qanday sovgʻa soʻrading?

– Qorbobodan dadamning ichmasligini, oyimni urmasligini soʻradim. Men boshqa oʻyinchoq olib bering, deb xarxasha qilmayman, odobli qiz boʻlaman, faqat dadajonim oyimni urmasin, dedim.

– Qorbobo nima dedi?

– “Mayli, oʻzim dadangga yaxshilab tushuntirib qoʻyaman, agar gapimga kirmasa, hassam bilan taʼzirini beraman”, dedi. Lekin Qorbobo dadam bilan hali gaplashmadi, shekilli, dadam bugun yana ichib keldi…

 

Gʻolib MIRZO

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/qizaloqning-tilagi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x