Shayx Najmiddin Kubaro sheʼr va hikmatlaridan
- Nafs va maʼsiyat (gunoh) botqogʻiga botganlarni, isrofgarlarni koʻrdim, lekin oʻzimdan koʻra ochkoʻzroq, gunohkorroq, isrofgarroqni uchratmadim.
- Bildimki, umr va dunyodan koʻra tezlik ila ketadiganroq, oʻlim va oxiratdan koʻra yaqinroq, orzu-xayoldan koʻra yiroqroq, xotirjamlikdan koʻra goʻzalroq narsa yoʻqdir.
- Alloh qay kimsani dunyo qulligidan ozod etgan boʻlsa, oʻsha haqiqiy hur, erkin insondir.
- Kim maxluq xizmatida boʻlsa, ul xoru zor; kim Xoliq xizmatini qilsa, ul azizu mukarram boʻlgʻay.
***
Ogoh boʻl hamisha, bu jahondir bor-yoʻq,
Hech narsa yoʻq unda, kemtigi zinhor yoʻq,
Yoʻq desalar, bor deb uni qil isbot,
Bor desalar, ayla dadil inkor “yoʻq”!
* * *
Ey goʻzali qoshi kamon, yoy elning,
Orzu, umid, azobisan, oy, elning.
Holima voy el kabi sevsam gar men,
Gar men kabi sevsa, holiga voy elning.
* * *
Dil shu qadar maftunu farzona bizim,
Tark etmas ani dilbari janona bizim.
Oh, hammaga ishq mayi quyulgan vaqtda
Dil qoniga botqizildi paymona bizim.
* * *
Band boʻlsa agar yil boʻyi bir zindongʻa,
Och yotsa mudom toʻygunicha to jongʻa,
Nonga bitib ibodatimni bersam,
Jirkanib it tish urmagay ul nongʻa.
* * *
Yurmak uchun haq yoʻliga yetmak shart,
Boshqasidan koʻzni yumib ketmak shart.
Elga shifo baxsh etu, och koʻzlarini,
Olam hama – Ul… Unga nazar etmak shart.
Matnazar ABDULHAKIM
tarjimalari
“Buyuk Xorazmiylar” (Toshkent, “Yozuvchi” nashriyoti, 1994) kitobidan.
https://saviya.uz/ijod/nazm/xotirjamlikdan-kora-gozalroq-narsa-yoqdir/