Buxoro, Samarqand, Xiva – Sharq gavharlaridir. Asr-asrlardan beri bu shaharlardagi obidalarni sayyohlar butun olamdan kelib ziyorat qiladilar va ota-bobolarimiz aqliga qoyil boʻladilar.
Qizil imperiya davrida Sharqdan chiqqan shohlarni “nodon”, “johil”, “qonxoʻr”, avliyo-allomalarni esa “firibgar”, “yolgʻonchi”, Sharq obidalarini “eskilik qoldigʻi”, “dinu bidʼat oʻchogʻi” deb talqin qilish rasm edi. Jumladan, Xiva xoni Muhammad Rahimxon garchi ulugʻ shoir, xasos bastakor, ijod ahliga homiy boʻlsa-da, unga saroy feodal-klerikal adabiyotining namoyandasi degan tamgʻa bosilib, Feruz ijodi na oʻrganildi, na targʻib qilindi.
Muhammad Rahimxon II tarixda Feruz (Feruz – baxtli, saodatli degan maʼnolarni anglatadi) taxallusi bilan Devon tuzgani, oʻnlab shoiru muarrix, bastakoru meʼmorlarga homiylik qilgani, shuningdek Xorazm adabiy muhiti taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib, unga rahbarlik qilgani tarixiy haqiqatdur.
Darvoqe, shohga shoirlik toʻgʻri kelarmikin? Bu shoirlik toʻqlikka shoʻxlikmidi yo?..
Biz bir narsani unutmasligimiz kerakki, qadimda shahzodalar tarbiyasi bilan jiddiy shugʻullanganlar. Ularga diniy ilm bilan birga dunyoviy bilimlar ham oʻqitilgan. Handasa, jugʻrofiiya, falakiyot, musiqa, adabiyot puxta oʻrgatilgan. Shahzodalarga ham jismoniy, ham ruhiy tarbiya zarur sanalardi. Chunki toju taxt egasi olim bilan olimday, sarkarda bilan lashkarboshiday gaplashib bilsin, ularning qadriga yetsin, ular orasidan isteʼdodlisini ajratib bilsin.
Buyuk isteʼdod sohibi Feruz 1844 yil Xivada tugʻilgan. Feruz otasi Sayyid Muhammadxon oʻlimidan soʻng taxt egasi boʻldi. Bu voqea 1863 yilga toʻgʻri keladi. U 16 yoshdan xonlik tojini kiygan. Muarrixlar Rahimxon II ning xonlik davrini 1863 yildan 1910 yilgacha deb yozganlar. U 1910 yil vafot etgan.
Feruzshunos olima G. Ismoilovaning yozishicha, Xiva va uning tevarak-atrofidagi shoir, adabiyotchi, muarrix, musiqashunoslar saroyga yigʻilib, bir adabiy markaz vujudga keltirilgan.
Feruz rahbarligida Tabibiyning “Majmatush shuaro”, Bayoniyning “Shajarai Xorazmshohi” asarlari yaratilgan. “Majmatush shuaro”da Feruz saroyida yigʻilgan oʻttizga yaqin shoirlar ijodidan namunalar berilgan. Biz Xorazm adabiy muhiti haqida bu toʻplamdan yetarli maʼlumot olishimiz mumkin.
XIX asrning oʻrtalariga kelib Xorazm madaniy hayotida alohida taraqqiyot yuz berdi. Ilgari vayron boʻlib ketgan binolar qaytadan tiklandi. Yangidan sugʻorish inshootlari, karvonsaroylar va 60 ga yaqin masjid, madrasa barpo qilindi.
Nodir isteʼdod egasi (Matniyoz) Komil Xorazmiy oddiy xattotlikdan Muhammad Rahimxon zamonida mirzaboshilik lavozimiga koʻtarildi, 1873 yilda esa devonbegi mansabiga tayinlandi. Qomil Xorazmiy “Rost” maqomiga bastlagan “Murabbai Komil” va “Peshravi Feruz” kuylarining notasi ayni zamonda ham mashhur.
Muhammad Rizo Ogohiyning “Iqboli Feruziy” (yoki “Shohidi iqbol”) nomli tarixiy asari Feruz hukmronlik qilgan davr voqealariga bagʻishlangan.
Ogahiy, Komil Xorazmiy, Rojiy va boshqa adiblar koʻplab asarlarni fors-tojik tilidan oʻzbekchaga tarjiima qilganlar. Atoqli tarjimashunoos N. Komilov taʼkidlagani kabi, bu davrda Xorazm tarjimachilik maktabi paydo boʻlgan edi.
Bu vaqtga kelib “Mahfiloro”, “Badoyeʼul vaqoyeʼ, “Haft kishvar”, “Vomiq va Uzro”, “Mehru Moh”, “Bahori donish”, “Chor darvish”, “Anvori Suhayliy”, “Shohnoma”, “Guliston”, “Ahloqi Muhsiniy”, “Latoif uttavoif” kabi asarlar fors-tojik tilidan oʻzbekchaga oʻgirildi.
Muhammad Rahimxon II Xivada toshbosma tashkil etib, kitob chop etishni ham yoʻlga qoʻygan.
Feruz hukmronlik qilgan davr gʻoyatda algʻov-dalgʻov boʻlib, xonliklar orasida oʻzaro nizo kuchli edi. Buxoro amirligi, Qoʻqon xonligi, Xiva xonligi orasida birlik yoʻq edi. Mana shu qarama-qarshiliklardan chor Rossiyasi ustalik bilan foydalandi. 1866 yil Rossiya qoʻshnilari Buxoro chegaralariga bostirib kirdi. 1868 yilga kelib Buxoro amiirligi, Qoʻqon xonligi Rossiyaga tobeʼ boʻldi.
1873 yil Kaufman rahbarligida jami 13 ming kishidan iborat qoʻshin, 56 toʻp-zambarak bilan Xivaga qarshi yurish boshladi. 1873 yilning 29 may kuni Xiva egallandi. Ammo Xiva oʻrislar tomonidan ishgʻol qilinishidan oldin, bu yerda toʻntarish boʻlib, Muhammad Rahimxon II oʻrnida uning ukasi Otajon toʻra xon deb eʼlon qilingan edi. Xiva ishgʻol qiliigandan soʻng Kaufman Muhammad Rahimxon Feruzni yana taxtga oʻtirgʻizdi.
Rossiyaning Xivaga koʻz olaytirishi Pyotr I davrida boshlangan. Tarixdan maʼlumki, Pyotr I ning Bekovich – Cherkasskiy boshliq ekspeditsiyasi 1714 – 1717 yilda Xiva ostonalarida tor-mor qilib tashlangan, keyinroq V. A. Perovskiy ekspeditsiyasi (1839 – 1840) ham barbod boʻlgan edi.
Rus chorizmining bosqinchilik siyosatini yoqlab vitse-kansler Gorchakov yozadi: “Bu (yaʼni bosqinchilik) sharoit taqozosi boʻlib, boshqa davlatlar ham xuddi shunday qilgan. Masalan, Fransiya Jazoirni, Gollandiya oʻz mustamlakalarini, Angliya Ost-Indiyani, xullas davlatlar manfaatparastligidan koʻra noiloj zaruriyat taqozosiga binoan maia shunday yoʻldan (yaʼni bosqinchilik yoʻlidan) borishimiz muqarrar boʻlib qoldi (OʻzSSR tarixi, 11-tom, 20-bet).
Xuddi shu kitobda general-gubernator S. M. Duxovskiy oʻz hukumatiga murojaat qilib yozgan xatida: “… bu yerdagi aholiga odamiylik va insonparvarlikning keng negizlarini qoʻllab boʻlmaydi”, degan. Turkistonni boshqarishda chorizm mahalliy mehnatkashlarni ezish, ularniig huquqlarini nazar-pisand qilmaslikka asoslangan edi.
Muhammad Rahimxon II mana shunday davrda yashab, hukmronlik etib, ijod qilgan. Muarrixlarniing taʼkidlashicha, u “Shashmaqom”ga oʻn uchta kuy bastalagan.
Hasanmurod qori Muhammadamin oʻgʻli Lafasiyning “Xiva shoirlari va adabiyotchilarining tarjimai hollari” tazkirasida quyidagi hikoyat keltirilgan: “Doiy – Yusuf Hoji nomi bilan mashhur boʻlib, hamma vaqt Xiva ulamo va sipohilarini mazammat (mazax) etib, haqorat qilib yurur erdi. Feruz esa Doiyning hurmatini joyigʻa qoʻyar, unga inʼom berib turardi. Muhammad Rahimxon Doiyni shul tariqa sipohiy va ulamolarni haqorat qilib, mazammat etishidan voqif ekanligiga qaramay, uni masjidi Kalonda voizlik mansabiga tayinlaydi. Doiy masjiddagi vaʼzlarida ham vazirlar va ulamolarni tanqid qiladi va ulardan shikoyat etib turadi. Aning har bir gapini xonga yetkazib turardilar. Bir kun xon Islomxoʻjaga: “Bugun nahordan juma masjidiga borgil va voiz nasihatlarini yana eshitib kelgil”, deb farmon berdi. Islomxoʻja oʻzining yaqinlarini olib, namozga bordi. Yusuf Hoji ularni koʻrib, mazammat etib aytadi: “Fuqaro – dehqonlarga jabr-zulm etib, alarning manglay teri bilan topilgan aqchalarini olib, bunday aqchalar bilan madrasa, masjid bino qildursa, qandoq savob boʻlur? Bunday ishlarning jazosini topsalar kerak…” Islomxoʻja ushbu gaplarni xonga soʻzlab beradi. Xon hech narsa demay, Doiyga sarupo inʼom etadi.”
Quyidagi shoh baytlardai iborat gʻazal Feruznikidir:
Nechuk ofat eding, ey sarvqomat,
Boshimga soldi ishqing yuz qiyomat.
Qiyomat shoʻrishin jahonga solding,
Jahondin munʼadam boʻldi farogʻat.
Farogʻat istagan, chiqsun jahondin,
Topilmasdur tiriklikda salomat.
Salomat ahli boshiga falakdin
Dame tinmay yogʻar sangi malomat.
Malomat toshidin ozurdadurlar
Bu koʻhna dayrda ahli farosat.
Farosat xaylining ollida boʻl qul,
Boshingga solmayin chini malolat.
Malomat chekmayin desang jahonda,
Xudoning berganiga qil qanoat.
Qanoat birla sabr oʻlsa sanga ish,
Har ishda qilmagung hargiz nadomat.
Nadomat birla umrim oʻtdi, yo Rab,
Yetur tongla Rasulingdin shafoat.
Shafoat jomidin sarshor qilgʻil
Hazin Feruzni shohi risolat.
Sadriddin SALIM BUXORIY
“Buyuk Xorazmiylar” (Toshkent, “Yozuvchi” nashriyoti, 1994) kitobidan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/muhammad-rahimxon-feruz/