Oltin yurakli avtobola

Ijtimoiy hayot, maʼnaviy-axloqiy yoki maishiy hayotga oid muammolarni koʻtarib, ularning inson hayotiga taʼsirini badiiy tadqiq etishdan koʻra bu muammolar xususida atroflicha mushohada yuritish, yuksak milliy va umuminsoniy qadriyatlarni eʼzozlashga daʼvat etish bolalar adabiyotiga xos yetakchi tamoyillardandir. Shu jihatdan Anvar Obidjonning “Oltin yurakli Avtobola” qissasini qahramonlar ruhiyati, shaxslar olamini, ularning oʻziga xos tuygʻularini tabiiyligicha, bor ziddiyatlari bilan haqqoniy tasvir etilgan asar deyishimiz mumkin. Insonni har jihatdan anglash tendensiyasi asar syujetiga singdirilgan asosiy omildir.

Qissa shaharning qoq markazida bir kechada paydo boʻlgan, peshtoqiga “Qaychi xola” yozuvi bitilgan yogʻoch doʻkonchaning paydo boʻlishi va usta Toshmatning u yerda bolalar sartaroshxonasini ochish voqeasi tasviri bilan boshlanadi. Bu “olamshumul” bir voqeaga aylanadiki, sartaroshxonaga tashrif buyurganlarning quvonchi cheksiz: “Sartaroshxona bolalarniki boʻlishiga qaramay, u yerdan na qiy-chuv, na araz-duraz, na yigʻi-sigʻi eshitilar, tabiiyki bu hol oʻtkinchilarni taajjubga solar edi. Hatto ilgarilari ustaning qoʻlidagi moʻykesarni temir yalmogʻiz deb oʻylaydigan kenja oʻgʻlim ham endi miq etmay oʻtirib soch oldiradigan boʻldi. Buning sababi bor. Usta Toshmat juda koʻp ertaklarni bilar, “Avazxon”, “Kuntugʻmish”, “Goʻroʻgʻli” singari dostonlarni yoddan aytar, “mish-mish” gaplarga oʻxshab ketuvchi sirli voqealarni hayajonli tarzda hikoya qilib berardi. Bunaqa vaqtda bolalardan tortib, mittivoylarni yetaklab kelgan ota-onalargacha navbat kutib zerikishmas, ayrimlar soch oldirib boʻlganidan keyin ham usta buvaning soʻzi tugashini poylab, ketolmay turishardi…”[1]. Bunday ajabtovurlik “Oltin yurakli Avtobola” qissasining yaratilishiga asos boʻlganligini yozuvchining oʻzi taʼkidlab oʻtadi. Chunki ushbu choʻpchak-qissa usta Toshmat soʻzlagan sarguzashtli voqealar asosida yozilgan.

Qissada maʼnaviy dunyosi, yashashdan maqsadi turli-tuman boʻlgan obrazlar tasvirini uchratamiz. Halol, toʻgʻrisoʻz, ilm-u hunarni eʼzozlagan Kamol Kamtariy, boylik ilinjidagi ikkiyuzlamachi, pulxoʻr Bekxoʻja (hamda uning hamtovoqlari) obrazlarining bolalik olami hamda katta hayotdagi oʻzaro ziddiyatlari asarda konflikt darajasiga koʻtarilgan. Bir qarashda qissa ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi azaliy kurashdek koʻrinsa-da, yozuvchi ilgari surmoqchi boʻlgan gʻoya koʻp tarmoqli ekanligiga amin boʻlamiz. Kamol Kamtariyning boshiga tushgan ogʻir judolikdan keyin oʻzidagi bor isteʼdod va irodani ishga solib yaratgan kashfiyot “Avtobola” obrazi bir qarashda “robot”ni eslatadi. Aslida esa u professor tasavvuridagi “ideal, oʻlmas inson” edi. U yaratgan “Avtobola” vaqti kelib tosh yurakli insonlar qoʻlidagi xavfli “Avtooʻgʻri”ga aylanib qolganida, xuddi yuragining bir parchasi darz ketgandek kuyinadi. Avtobolaning yuragi qimmatbaho oltindan esa-da, bolalarcha soddaligi tufayli hayotning ziddiyatlariga qarshi kurasha olmay nobud boʻldi: “Uning ochiq qolgan munchoq koʻzlarida mislsiz azob, borliqqa nisbatan hadik izlari yaqqol aks etib turar va bu koʻzlar: “Erkimni himoya qilolmas ekansan, nega meni yaratding?” degan savolni tinimsiz takrorlayotganga oʻxshardi”[2].

Hatto temir tananing ham insoniylikka monand tuygʻulari shakllanar ekan, nega Bekxoʻja kabi “temir qalb”larning yuragida odamiylik tuygʻulari uygʻonmaydi? Avtobola shafqatsizlik va adolatsizlikka chiday olmay halokatga yuz tutdi, ammo inson zoti bunchalik qabohat va tubanlikdan nega tap tortmaydi?

Ijodkor ushbu qissani yozishda hech qanday ilmiy kashfiyotga davoyi yoʻqligini, aksincha, bu bir sartaroshdan eshitgan ertak qissa ekanligini taʼkidlaydi. Yozuvchining badiiy maqsadi esa fantastik obrazlarni yaratishda faqat asarning “oʻqimishli” ekanligini taʼminlash emas, bolalarni kattalarga, atrof-muhitga, hayotga mehr-muhabbatli qilib tarbiyalashdir. Xuddi shu kabi estetik mezonlarni qissa qahramonlari ruhiyatida mohirona tasvirlaydiki, oʻquvchi inson sifatida shakllanish uchun “inson” nomining oʻzigina yetarli emas, balki unga loyiq xulq-atvor egasi boʻlish muhim ekanligini anglay boradi.

Ijodkorning badiiy obraz yaratish jarayonida shakllangan tasvir tamoyillari, uslubiy oʻziga xosliklar, adabiy qahramon ruhiy holatini tasvirlashdagi estetik mezonlar soʻnggi davr bolalar nasrida qahramon yaratish mahoratining yangicha yoʻnalishi ekanligidan dalolat beradi.

 

Gulasal KAZAKOVA,

oʻqituvchi

 

Iroda ABDURAHMONOVA,

oʻqituvchi

 


[1] Anvar Obidjon. “Oltin yurakli Avtobola”. 1988. 1-bet.

[2] Oʻsha asar. 36-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/oltin-yurakli-avtobola/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x