Marsel Prust prozasi

Fransuz adibi Marsel Prust ijodi yigirmanchi asr fransuz romanchiligi tanazzulga uchragan bir paytda, uning taraqqiyot jarayonida keskin oʻzgarishlarni belgilab berdi. Adib asarlari, asosan, 1912–1922 yillar oraligʻida, yaʼni, butun Yevropani larzaga keltirgan Birinchi jahon urushi va undan keyingi ijtimoiy-siyosiy oqibatlaridan tang holatga tushib qolgan Fransiya hayotining muhim bosqichida yaratilgan boʻlib, oʻsha davr ruhini oʻzida toʻliq mujassam etdi. Yozuvchining “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” nomli romanlar turkumi XX asr adabiyotida realizmga xos boʻlgan ijtimoiy roman anʼanalariga qarshi turgan modernizm ruhidagi “ong oqimi” romaniga asos soldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Marsel Prust (1871–1922) Parijda, Sorbonna universiteti tibbiyot fakulteti professori Adrian Prust oilasida dunyoga keldi. Oʻqimishli Janna Veyl xonim farzandlarining aql-zakovatli boʻlib ulgʻayishida ham ona, ham murabbiya sifatida katta rol oʻynaydi. Bolaligidan kasalmand oʻsgan, oʻta taʼsirlanuvchan va nozik tabiatli Marsel butun umrini toʻrt devor orasida oʻtkazdi. Onasining saʼy-harakati tufayli savod chiqardi, keng bilim olishga muvaffaq boʻldi.

1882 yilda Marsel Prust Kondorse litseyiga oʻqishga kiradi, biroq kasalligi tufayli, darslarga muntazam qatnay olmaydi, mashgʻulotlarni, asosan, uyda olishga majbur boʻladi. 1886 yil u oʻzining “Quyosh tutilishi” va “Bulutlar” deb nomlangan ilk hikoyalarini yozadi. Litseydagi taʼlimining soʻnggi yili Marsel falsafa oʻqituvchisi Alfons Darlyu bilan yaqinlashadi va uning taʼsirida falsafiy asarlarni mutolaa qila boshlaydi. Ayni paytda, uning kitob javonida Alfred de Myusse, Ande de Vini, Viktor Gyugo, Sharl Bodler singari mashhur ijodkorlarning kitoblarini uchratish mumkin edi. Yosh Marsel maʼrifatparvar va insonparvar adiblar Jan Rasin, Labryuyer, Sen-Simon ijodiga oʻzgacha mehr qoʻygandi, zamondoshlaridan M. Barres, J. E. Renan, P. Loti, M. Meterlink asarlarini diqqat bilan oʻqirdi.

1889 yil Prust bakalavr unvonini olish uchun bitirish imtihonlarini topshiradi, Kornel va Rasin haqida yozgan bitiruv malakaviy ishi maqtov yorligʻiga sazovor boʻladi. Litseyda olgan bilimi va ushbu yutugʻi uni adabiyot olamiga chorlagan boʻlsa, ajab emas. Litseyni tugatgach, Prust Sorbonna universitetining huquqshunoslik fakultetiga oʻqishga kiradi, tez orada adabiyot ahli, rassom va jurnalistlar orasida taniladi, adabiy kechalar, har xil ijodiy koʻrgazmalarga qatnay boshlaydi, aynan, shu yillarda uning badiiy ijodga boʻlgan mustaqil qarashlari shakllanadi.

Prust universitetda oʻqib yurgan paytida, faylasuf Anri Bergsonning “Ongning bevosita belgilari xususida tajriba” deb nomlangan tadqiqotini diqqat bilan oʻrganadi. Bu asar boʻlgʻusi yozuvchi dunyoqarashiga, dunyoni oʻzgacha his etishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Keyinchalik Prust ijodida Bergsonning asosiy gʻoyalari, yaʼni, vaqt oqimi tushunchasi, insonning ichki hissiyoti orqali anglashiladigan gʻayrishuuriylik tushunchasi, inson ongida beixtiyor yuzaga qalqib chiquvchi va aql-idrok orqali anglab olinadigan assotsiatsiya (tasavvur) hamda xotira (mushohada)ning ahamiyati oʻziga xos tarzda talqin etiladi.

Universitetni bitirgach, nozik tabiatli, doimo xayollar ogʻushida boʻluvchi parishonxotir Prust bir qancha vaqt mazmunsiz va maqsadsiz umrguzaronlik qildi. Zodagonlar davrasida oʻtkazilgan dabdabali bazm va kechalarida aziz mehmon boʻlib, ayni paytda, “Figaro” gazetasida madaniy-maishiy hayotga bagʻishlangan ruknni olib bordi. Yangi taassurotlarga ega boʻlish, yangi tanishlar orttirish maqsadida, chet elga, jumladan, Venetsiya, Gollandiya, Germaniyaga sayohat qiladi, biroq u yerda ham zodagonlar davrasidagi qaynoq va joʻshqin hayotga shoʻngʻiydi. Diqqat-eʼtiborini sanʼatga qaratgan Prust vataniga qaytgach, Parijda oʻtkaziladigan ijodiy kechalar, koʻrgazmalar, spektakl va konsertlarga faol qatnashadi, eng muhimi, adabiyot ahli orasida haqiqiy sanʼat ixlosmandi va nozik didli tanqidchi sifatida taniladi.

Oʻsha yillari Parijda faoliyat olib borgan adabiy salonlardan uchtasi, yaʼni, bastakor Jorj Bizening rafiqasi madam Jenevyev Galevi, yozuvchi Anatol Frans ijodi “muxlisa”si, shoira madam de Kayave hamda badavlat xonim Madlena Lemer salonlari Prust hayotida muhim rol oʻynadi. Bu yerda u Gi de Mopassan, Oskar Uayld, Anri Bergson singari mashhur ijodkorlar bilan suhbat quradi. 1892 yil madam Jenevyev Galevi salonida yosh ijodkorlar tomonidan “Banket” nomli jurnalni tashkil etishadi. Unda Prust ham Robert Dreyfus, Daniyel Galevi, Anri Barbyus kabi yosh qalamkashlar bilan yelkama-yelka turib faoliyat koʻrsatadi. Tez orada katta muvaffaqiyatga erishgan jurnal jamoasi uni modern uslubiga, aniqrogʻi oʻsha paytda maydonga chiqqan modernizm yoʻnalishiga burdi. Jurnalda Shopengauerning falsafiy qarashlari, Nitsshe taʼlimoti, Rossetti va Suinbern ijodi xususida maqolalar chop etilar, Prust esa kitobxonlar diqqatiga sazovor boʻlgan bu yoʻnalishdagi kitoblarga taqriz yozish bilan mashgʻul edi. Ushbu taqrizlarda uning simvolizm kabi turli-tuman dekadans “maktab”lar faoliyatiga befarq qarashi, ularga ahamiyat bermasligi hamda modernizm tamoyillari, modern uslubiga boʻlgan oʻzgacha eʼtibori yaqqol koʻrinib turardi.

1889 yil Orlean shahri yaqinida joylashgan harbiy qismda bir yillik koʻngilli xizmat Prust dunyoqarashlarini kengaytirdi: hayotga boʻlgan munosabatini keskin oʻzgartirmagan boʻlsada, hayotdagi oʻz oʻrnini topish yoʻlida muhim bosqichga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

1894 yil Prust oʻzining tushkunlik, umidsizlik kayfiyatdagi sheʼrlarini nashr ettiradi. Bu kitobcha adabiyot ahlining eʼtiborini qozonmagan boʻlsada, Prust ijodkor doʻstlari davrasida havaskor shoir degan nomga sazovor boʻldi. Oradan ikki yil oʻtib, u oʻzining novellalardan iborat “Koʻngil xushligi va kunlar” nomli ilk kitobini nashr ettirdi. Kitobga muqaddimani Anatol Frans yozgan edi. Unda, jumladan, shunday iboralar bor: “Bu novellalarda muallifning gʻam-anduhi oʻtkir aql, nozik did va hayratlanarli darajada kuzatuvchanligi bilan uygʻunlashib, tushunarli, oʻta yoqimli va turfa ranglar ifodasida namoyon boʻladi”.

Adabiy tanqidchilikda bir muncha obroʻli boʻlgan romannavis Jan Lorren esa dabdurustdan bu kitobga salbiy taqrizini eʼlon qiladi: u kitobdagi nafaqat har bir novella, balki uning har bir sahifasiga raddiya bildirib, keskin tanqid ostiga oladi. Betakalluf muomala Prust hamiyatiga qattiq tekkan edi: yosh yozuvchi surbet tanqidchini duelga chaqiradi. Duel 1897 yil Parijning janubi-gʻarbiy tumani – Myodone shaharchasi yaqinida boʻlib oʻtadi. Prust sekundanti boʻlgan rassom Jan Bero tomonlarni murosaga keltira oldi: Lorren qoʻpol xatti-harakati va nojoʻya soʻzlari uchun kechirim soʻradi. Prustning tantiligi tutib, uning uzrini qabul qiladi. Qizigʻi shundaki, Lorren bu voqeadan soʻng Prustni va uning ijodini qadrlovchi munaqqidga, bir soʻz bilan aytganda, uning doʻstiga aylandi.

Sinchkov oʻquvchi Prust novellalarida zodagonlar hayotining zohiriy nazokati, sirtdan qaraganda, sermazmun va toʻlaqonli, ichdan esa – boʻm-boʻsh va maʼnosiz hayotdan zavqlanganini darrov sezadi. Bu yozuvchining ortiqcha bejirimli va tumtaroq uslubida aks etmasdan qolmadi. Simvolizm ruhidagi mavhum obrazlar va uslubning gʻayritabiiyligi Prust romanining tili, puxta va izchil yaratilgan obrazlar silsilasidan ancha uzoqdir. Nima boʻlganda ham, “Koʻngil xushligi va kunlar” kitobi badiiy ijodda oʻz yoʻlini topgan adibning haqiqiy isteʼdodidan darak beradi.

Tobora rivoj olib borayotgan ogʻir xastalikka yoʻliqqan Prust uchun badiiy ijod oʻziga xos qahramonlik edi. Adib hayoti va ijodiga bagʻishlangan bir qator tadqiqotlarda Prustning poʻkak daraxt poʻstlogʻi bilan qoplangan xona, tungi bedorlik, kunduzgi behalovat, sogʻligini bir maromda ushlab turish uchun kuchli taʼsir qiluvchi dori-darmonlarni isteʼmol qilish, asablarni tarang etgan beorom yolgʻizlikdan iborat yashash tarzi jamiyatda oʻzini oʻta madaniyatli, oʻqimishli, bilimdon, did-farosatli hisoblovchi xudbin odamning gʻalati “tentaknamoligi” deya tushunilardi. Aslida esa, bu ogʻir xastalikka uchragan adibning bu taxlitda yashashini mehnat orqali koʻproq maʼnaviy va jismoniy kuch-quvvatini saqlab qolishga boʻlgan intilishi taqozo etgan, desak yanglishmagan boʻlamiz.

Prust hayoti davomida koʻp judoliklarga uchradi: 1903 yilda otasi vafot etdi, 1905 yil mushfiq ona ham oʻgʻlining baxtli onlarini koʻrolmasdan olamdan koʻz yumdi. Ota-onadan Prustga katta meros qoldi, ammo u boylikning aksar qismini kasallik bilan olishuvga sarflashga majbur edi. 1906 yildan boshlab astma xuruji uni uzlatda hayot kechirishga majbur etdi.

Shunga qaramasdan, Prust roman yaratish haqidagi dastlabki rejalarini tuzadi va yengni shimarib ishga kirishib ketadi. 1911 yilga kelib romanning birinchi, xomaki shakli tayyor boʻldi. U uch qism (“Yoʻqotilgan vaqt”, “Gullagan qizlar soyasida” va “Topilgan vaqt”)dan iborat boʻlib, ikki hajmdor jildga sigʻdirilishi koʻzda tutilgandi. Trilogiyaga dastlab “His-tuygʻularning toʻxtashi” deb nom berildi. Keyinchalik ular “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” degan nom ostida butun boshli turkumga aylanib ketdi. Sabot-matonat va sabr-toqat bilan olishgan yillar boshlandi: adib butun kuch-gʻayratini toʻplab mehnat qildi. Bu bilan Prust nimjon sogʻligiga yanada putur yetkazgan boʻlsada, biroq oʻz niyatiga yetishdi: 1913 yil boshida turkumning dastlabki uch jildli varianti tayyor boʻldi. Ammo turkumning “Svan tomon sari” deb nomlangan birinchi romanini nashr qilish oson kechmadi. Romanni “nozik tabiatli havaskor” qalamkash yozganligini bahona qilib, “Nuvel revyu Fransez” jurnali bosh muharriri, taniqli adib Andre Jid uni bosishdan bosh tortdi. Unga ergashgan boshqa noshirlar ham turli sabablar topib, oʻzlarini chetga oldilar. Yil oxirida “Faskel” va “Gallimar” nashriyotlaridan ham rad javoblari keldi. Undan soʻng “Ollendorf” nashriyotidan kitobni chiqarolmaslik haqida rasmiy xat olindi. Biroq Prust bulardan ranjimadi, aksincha, eʼtibor bermasdan, uyqusiz tunlarini romanga sayqal berish bilan oʻtkazdi. Qora kunlar ortidan, albatta, yorugʻ kunlar keladi deganlaridek, noshir ham topildi: “Grass” nashriyoti direktori Bernar Grasse qoʻlyozmani jiddiy qisqartishni talab qilgan holda, 1913 yil kitobni muallif hisobidan nashr qildi. Roman muvaffaqiyat qozonmadi, adabiyot ahli va tanqidchilik uni sovuqqina kutib oldi.

Birinchi jahon urushining boshlanishi turkumga kirgan keyingi romanlarning nashr qilinishini besh yil orqaga surdi. Noshir Bernar Grasse boshqa vatandoshlari kabi frontga joʻnab ketdi. Koʻpgina nashriyotlar urush davrida yopildi. Bu ogʻir damlarda Prust ayrim ijodkorlar kabi millatchilik gʻoyalari va shovinistik targʻibotga aldanmadi. Yaqin doʻst va hammaslak qalamkashlarning urush maydonlarida jon berayotganlarini eshitgan yozuvchi ruhan ezildi, millat boshiga tushgan falokatdan qanday qilib qutulishni, odamlarga qanday yordam berishni bilmay oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Ha, tan olish kerak, Prust urushga qarshi oʻz soʻzini aytolmadi. Aytolmasdi ham. Qanday aytsin, axir, u doimo oʻzini ijtimoiy-siyosiy hayotdan chetda, iloji boricha undan qochib yashardi. Ehtimol, betobligi imkon bermagandir.

Urush tugab, Yevropada omonatgina tinchlik oʻrnatilgandan soʻng, Prust hayotida tub oʻzgarishlar roʻy berdi. “Nuvel revyu Fransez” jurnali adibning ikkinchi – “Gullagan qizlar soyasida” deb nomlangan romanidan katta parchani bosib, jurnalning yangi, urushdan keyingi faoliyatini boshlab yubordi. 1919 yilda esa, “Nuvel revyu Fransez” jurnali bilan hamkorlik qilgan “Gallimar” nashriyoti romanni toʻlaligicha chop etdi. Ikkinchi roman muallifga shuhrat keltirdi. U Gonkur mukofotiga sazovor boʻldi. Tez orada Prust Fransiyaning oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Beorom, bahalovat tunlar, tinimsiz, sergʻalva kunlar, ne-ne mashaqqatlar evaziga orzular ushalgandek tuyulardi. Ammo, tanganing ikkinchi tarafi bor deganlaridek, baxt ortidan baxtsizlik ham yetib keldi: adib sogʻligi tobora yomonlashib borardi. U yotgan toʻshakdan deyarli turmas, xos xonasidan kamdan-kam hollardagina chiqar, Fransua Moriak, Jan Kokto, Jak Rivyer kabi sodiq doʻstlar davrasida onda-sonda koʻngilxushlik qilardi.

Nima boʻlganda ham, Prust oʻz qobigʻiga oʻralib qolmadi. Oʻzida ajal bilan kurashishga kuch-shijoat borligini koʻrsatishga astoydil harakat qildi. Dardga yon bermasdan ishladi, qoʻli ostidan qoralangan qogʻoz ortidan qogʻoz chiqdi, roman ortidan roman dunyo yuzini koʻrdi.

1920 yil turkumning yana bir asari “Germantlar tomonida” romanining birinchi qismi; 1921 yil ikkinchi qismi, shuningdek, 1922 yili “Sodom va Gomorra” romanining birinchi jildi nashrdan chiqdi. Turkumdagi romanlar soni borgan sari kengayib borar, unga yangi nomdagi “Asira” va “Qochoq qiz” deb nomlangan jildlar qoʻshildi. Yozuvchi bosmaxonada terilgan matnni oʻqib, xatolarni tuzatishda musahhih kabi tahrir qilar, oʻzgartirishlar kiritarkan, qoʻlyozmaga qayta ishlov berib, aksar hollarda, matnni ikki barobar oshirib yuborardi. 1918 yilda “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” turkumini yozib bitirdim, deb hisoblasada, Prust kunni tunga ulab, tinim bilmasdan ishladi, hayotining oxirgi damlarigacha turkumdagi romanlar matniga tuzatishlar kiritish bilan mashgʻul boʻldi.

1922 yil noyabr oyining yomgʻirli kunlarida Prustning ahvoli yanada ogʻirlashadi. Unga zotiljam kasalligi tashxisini qoʻyadilar. Koʻrilgan muolajalar naf bermaydi. Hayotdan toʻyib bahra ololmagan, uning quvonchlaridan bagʻri toʻlmagan, yolgʻiz oʻzi bu dunyoda qolib ketgan adib 1922 yil 18 noyabrda dunyodan koʻz yumadi. Dafn marosimiga yigʻilgan kam sonli sodiq doʻstlari uni oxirgi yoʻlga kuzatib qoʻyadilar.

Yozuvchidan keyin uning kitoblari qoladi, deb bejiz aytishmagan. Prust vafotidan soʻng, uning kitoblari navbatma-navbat dunyo yuzini koʻrdi. Turkumning soʻnggi romani sanalmish “Topilgan vaqt” 1927 yilda bosilib chiqdi. Munaqqidlar Prustning nashr qilinmagan asarlari “Topilgan vaqt” romani bilan cheklanib qolmaganligini aniqlashdi. 1950 yil Prust qalamiga mansub, 1909 yilda yozilgan “Sent-Byovga qarshi” maqolasining qoʻlyozmasi, 1952 yil tugallanmay qolgan “Jan Santeyl” qissasi, 1953 yil adibning onasiga yozgan maktublari ham topildi.

Xullas, 1950 yillarda Prust qalamiga mansub barcha asarlarning chop etilishi adib ijodining nomaʼlum jihatlarini aniqlashga keng imkon yaratdi. Masalan, aslida, “Koʻngil xushligi va kunlar” 1895 yilda yozilgan boʻlsa, “Svan tomon sari” romaniga adib faqat 1909 yilda qoʻl urganligi maʼlum boʻldi. Oʻtgan oʻn toʻrt yil mobaynida, Prust tomonidan “Figaro” jurnalida faqat bir nechta maqolalar hamda Ryoskin ijodidan qilgan ikki asar tarjimasi eʼlon qilingan, xolos. Adib 1899 yilda yozgan maktublarining birida: “Ancha vaqtdan beri katta asar ustida ishlayapman, lekin hali uni tugatolganim yoʻq”, deya maʼlumot beradi. Ushbu asar ustida u 1906 yilgacha ishlaydi. Ayni paytda, “Jan Santeyl” qissasi uchun material ham yigʻadi. Yuqorida qayd etilgan asar Prust maʼnaviy, qolaversa, ruhiy izlanishlari tarixiga aylanishi lozim edi. Ammo bu asar yozuvchi istaganidek chiqmadi. Undan qanoat hosil qilmagach, Prust qoʻlyozmani yoʻq qilib tashlaydi: “Men qilgan mehnat samarasiz boʻldi, asar qoʻnglimdagidek chiqmadi”, deb yozadi u 1906 yilda.

“Jan Santeyl” qissasi yaratilish vaqti “Svan tomon sari” romani yaratilishdan oldin boʻlgan qisqa bosqichga toʻgʻri keladi. Uning qoʻlyozmasi Prust arxividan keyinchalik topildi. Boshida munaqqidlar bu qoʻlyozmani muallifning barchaga tanish asarlarining turli qismlari, xomaki yozuvlari, rejalari, ishlanmagan qoralamalari deb oʻylashgan edi. Nashrga tayyorlanayotgan paytda, “Jan Santeyl” qissasining birinchi qismi muallif qoʻlyozmasida mavjud boʻlib, qolganlari shu mavzu atrofida birlashtirildi va xronologik tartibda joylashtirildi. Taʼkidlash lozimki, bu asar, “Koʻngil xushligi va kunlar”ga qaraganda, ancha puxta yozilgan edi. Qissaga yaxshi ishlov berilmaganligi va pala-partish tuzilganligi, takrorlar koʻpligiga qaramasdan, uning ustida muallif koʻp mehnat qilgani sezilib turadi. Bu asarda Prust oʻzini yorqin psixologik portret yaratguvchi chuqur tahlil ustasi sifatida koʻrsataoldi. Buni biz bosh qahramon obrazining tasvirida ham koʻrishimiz mumkin. Muallif “Jan Santeyl” haqida: “Ehtimol, bu romandan kattaroq yoki undan kichikroq ham boʻlishi mumkin, bu – hayotimning asl mohiyati, hech bir aralashma va qoʻshimchasiz… Bu kitob yozilgan emas, balki yigʻilgan”, deb yozadi.

Haqiqatdan ham, “Jan Santeyl” koʻlyozmasida hikoya va xronika, portret va tabiat manzaralari, hikmatli soʻzlaru dialoglar bir-biri bilan qorishib ketgan. Bularning hammasi “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” turkumida yakdil maʼnaviy-axloqiy va badiiy konsepsiya negizida bir-biriga chambarchas bogʻlangan va betakror koʻrinishda koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi.

“Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” turkumining oʻziga xosligi shundaki, unda, birinchi navbatda, romanning asrlar mobaynida qoʻllanilib kelinayotgan, odatiy boʻlib qolgan syujet tushunchasi tubdan qayta koʻrib chiqilib, qayta anglab olinadi. Hikoya qilish qahramon nomidan xotiralar shaklida olib boriladi, uning obrazi esa muallif shaxsi bilan chambarchas bogʻlangan: Marsel-hikoyachi hayoti, ayni paytda, yozuvchi Marsel Prustning hayotiga oʻxshaydi. U goʻzal tabiat qoʻynida joylashgan qadim Kombre shahrida oʻtgan bolaligi, oila qoʻynidagi tinch va osuda hayoti, qarindosh va doʻstlari, eng muhimi, nozik did sohibi, nasl-nasabi aslzodalarga tegishli Svan haqida hikoya qiladi (“Svan tomon sari”). Svan hayoti turkumga kirgan barcha romanlardan oʻtadi. Bolakay oʻsmirga aylanadi, es-hushini yoʻqotib Svan erkatoy qizi Jilbertaga koʻngil qoʻyadi; keyinchalik muhabbat rishtalari birdaniga uziladi; uning oʻrniga Baalbek kurortida dam olish onlari va u yerda sohibjamol Albertina bilan tanishishdan olingan taassurotlar keladi; aynan, Albertina Marselning ikkinchi muhabbatiga aylanadi (“Gullagan qizlar soyasida”). Marsel yoshligidanoq “sara” jamiyatga teng huquqli aʼzo sifatida qabul qilinadi: gersog Germantskiy, baron Sharlyus, knyaginya Parmskaya kabi zodagonlar uni oʻz uyida aziz mehmondek kutib olishadi. Prust romanlari (“Germantlar tomonida”, “Sodom va Gomorra”) dagi barcha qahramonlarning Parij aristokratlar davrasida jonli prototiplari boʻlgan. Marsel qalbini egallagan sof va begʻubor tuygʻu: Albertinaga boʻlgan beqaror, qiynoqqa soluvchi, ziddiyatlarga toʻla muhabbati ushbu ikki jildda koʻz oʻngimizda ochiladi va “Asira” hamda “Qochoq qiz” romanlarida oʻz intihosini topadi. Nihoyat, “Topilgan vaqt” romanida qahramon, his-tuygʻular girdobidan, dil va yurak iztirobidan qutulib, besaranjom, behalovat hayotdan tinch va osuda hayotga qaytadi, hayotdagi yuksak burchi – ijodiy faoliyat ekanligini tushunib yetadi va yozuvchilik mehnatida taskin topadi. Aynan, adabiyotda uning etik va estetik dunyoqarashlari shakllanadi, ularga muvofiq tarzda badiiy ijod Marsel uchun haqiqiy, toʻlaqonli hayotga aylanadi.

Prust tasvirining asosiy obʼyekti – dunyoni subʼyektiv tarzda idrok qiluvchi “ong oqimi”dir. Yozuvchi inson tomonidan dunyoni yangicha, bevosita his etishni qoʻmsaydi, ushbu oʻtkinchi, yolgʻon dunyoga ijtimoiy munosabatlar tushirgan “muhr”dan xalos etishga intiladi. Va bu shaffof suvdek tiniq, subhidam havosidek begʻubor yangicha qarashni u “yoʻqotilgan vaqtni axtarish”da, avvalambor, yosh bola, keyinchalik oʻsmir yigit ruhiyatida topadi. Yozuvchi nazdida, shu yoshdagi odamlarda tabiatni, jamiyatni, bir qarashda ahamiyatsiz boʻlib koʻringan voqea-hodislarni ichki his-tuygʻu orqali idrok qilish yuksak gʻoya va fikrlar bilan bulgʻanmagan, turli “gʻamxoʻr taʼsir va tavajjuh”lardan aynimagan: yosh bolalarning dunyoga boqishlaridek toza va tiniq koʻrinadi. Prust uchun inson ruhini boyituvchi, unga mazmun bagʻishlovchi togʻdek yuksak his-tuygʻu aynan shundadir.

“Svan tomon sari” romanining birinchi faslida “ong oqimi” badiiy uslubi shodu xurram ato etuvchi, umid-ishonchga toʻla natijalarga olib keladi. “Yoʻqotilgan vaqt”ni eslarkan, Prust bolalik degan yorqin olamning kichkina quvonch va shodliklari (gullagan doʻlana daraxti goʻzalligi, onasining mehrga toʻla boʻsasi, qushlar sayrashi, maysalar mayinligi, otasining qoʻllariga koʻtarib havoga uchirishi va hokazo)da ulkan poeziyani topadi, ilhomlanadi, sheʼriyat qanotlarida osmonu falakka parvoz qiladi. Turkumda “Svan tomon sari” sayr qilish Jilbertaga boʻlgan bolalarcha romantik muhabbat, Kombre shaharining qadim cherkov gumbazlari, eski bogʻi va qadrdon uy manzaralari haqida xotiralar bilan assotsiatsiya orqali fikran bogʻlanadi.

Ushbu murakkab hissiyotlar va intuitiv ravishda idrok qilingan olamni tasvirlash uchun Prust bir-biri bilan oʻziga xos tarzda uygʻunlashgan ikki uslubdan foydalanadi: birinchidan – real dunyoni “oʻz ichiga” qabul qilish, odamlarni, tabiatni, narsalarni individual psixologik tasavvurlar kategoriyasiga oʻtkazish; ikkinchidan – eslash, xotiraga keltirish, bu oʻrinda, assotsiatsiyalar qatori oʻtmish va hozirgi davrlarni bir-biriga chambarchas bogʻlaydi. Natijada, ulkan makon va zamonda ushbu davrlarning bir-biridan uzilishiga barham beriladi, ular yaxlit bir vaqtdek koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Shu tariqa, cheksizlikka gʻarq boʻlib ketgan asrlar, oʻtib ketgan vaqt tasavvuri oʻz-oʻzidan yechim topadi. Masalan, Marsel oʻzining notanish goʻzal ayoli haqida oʻsmirlik xayollarini yakshanba kunlari Kombre bogʻida miriqib oʻqigan kitoblaridagi goʻzal manzaralardan axtaradi: “Boshimni koʻtarib koʻz oʻngimda ochilgan qalam ojizlik qiluvchi manzaraga qaraganimda, kitobda keng maydon boʻylab yoyilayotgan goʻzal dunyo mening fikrimga jo boʻlib, ehtirosli taʼsir koʻrsatardi”. Shu bois, kelajakda, albatta, seviladigan notanish goʻzal ayolning sharpaga oʻxshash qiyofasi Prust tasavvurida binafsha gullarga burkangan qiyofada namoyon boʻladi. Aslida, binafsha rang Prust asarlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Keyinchalik kitobdan olingan taassurotlarga atrof-muhitni: xiyobonni soya-salqin rohat makonga aylantirgan kashtan daraxtlar, yozda koʻm-koʻk manzarali jannatga oʻxshovchi soʻlim bogʻdan esayotgan xushboʻy sabo, daraxtlar orasidan koʻzga tashlanib turuvchi minoradagi soatning bong urishi va bu ovozning atrofga taralishi ham koʻshiladi.

Prust bu oʻtqinchi va yolgʻon dunyodir, unda obʼyektiv voqelik haqida faqat nisbiy va subʼyektiv tasavvur hosil qilishimiz mumkin, deb taʼkidlaydi. “Qurrai zaminda jamiki mavjud tuygʻu va kechinmalarni biz bir dunyoda his qilamiz va boshimizdan kechiramiz, biroq fikrlash, tushuncha hosil qilish, oʻz oʻzligimizni anglash boshqa dunyoda kechadi; biz bu ikki dunyo oʻrtasida koʻprik tashlay olamiz, tutashtiruvchi nuqtalarni ham topaolamiz, biroq ular oʻrtasida beoʻlchov masofani toʻldirishga ojizmiz” (“Germantlar tomonida”). Bu nimani bildiradi? Prust fikricha, subʼyekt va obʼyekt oʻrtasida oshib boʻlmas gʻov-toʻsiqdek bilish jarayoni turibdi, shu boisdan ham his-tuygʻular olami va fikr yurgizish, tajriba orqali idroq qilish, aql bilan ish tutish olami – bir-biriga begona demakdir. Inson dunyoni emas, balki oʻzining dunyosini idrok qilishini tushunib yetgani bois, Prust nuqtai nazarida, mazkur tasavvurda hech qanday real va oʻzgarmas obʼyektiv mazmun boʻlishi mumkin emas: hammasi oʻtkinchidir. Zamonlar oʻtib ketadi, odamlar ham oʻtib, fanoga gʻarq boʻlib ketishadi. Shuning uchun Prust ijodida inson obrazi beqaror va oʻzgaruvchan. Axir, Prustning dunyoni his etish konsepsiyasiga koʻra, inson haqida hosil qilingan har bir tasavvur subʼyekt tomonidan bilib olinayotgan obʼyektiv haqiqatning bir boʻlagi emas, balki ushbu subʼyekt ichki olamining bir zarrachasidir, xolos.

Prust nazdida, hech qanday bir butun, yaxlit, metindek mustahkam, barqaror va oʻzgarmas xarakterning oʻzi boʻlishi mumkin emas; odam tomonidan bir odat va xislatni yoʻqotish va ularni boshqasiga almashtirish oʻzining “men” – ruhiy markazini yoʻqotishi, shaxsning oʻlimi bilan tengdir. Toʻgʻri, bu oʻlimdan soʻng shaxs yana hayotga qaytadi, lekin bu safar boshqa “men” qiyofasida.

Odat kishining ikkinchi tabiati, deganlaridek, odatlarga bogʻlanib qolish – bu, Prust fikricha, “koʻz ochib yumguncha oʻtadigan har bir lahzada bizdan shaxsiyatimizning bir parchasini yulib oluvchi, har bir soniyada hayotimizga sovuq va badbashara tumshugʻini suquvchi, qadam-baqadam yaqinlashib keluvchi oʻlimga qarshi pinhoniy, jisman sezib, qoʻl bilan ushlab, ong bilan his etib qoʻrish mumkin boʻlgan shakldan boshqa hech narsa emas”.

“Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” turkumida Prust tashqi dunyoni oʻz qahramoni idroki, dunyoni his etishi nuqtai nazaridan izchil tasvirlashga harakat qiladi. Bu gʻoya dunyo haqida real voqea-hodisalarning ketma-ket sodir boʻlishida yoki makon va zamonning oʻzaro munosabatida, bir-biriga chambarchas bogʻlanganligida emas, balki assotsiatsiyalar tufayli xotira qaʼridan yuzaga qalqib chiquvchi subʼyektiv holatlarni tartib bilan eslash orqali hikoya qiladigan romanlarning kompozitsion tuzilishini badiiy tafsilotigacha belgilab beradi. Obʼyektiv dunyo va odamlar roman sahifalarida ijtimoiy munosabatlar orqali bir-biriga bogʻlangan tarzda emas, balki inson ongiga shaxsiy, individual his-tuygʻusi koʻrinishida “kiraoladigan” qism, parcha, hatto zarralargacha tarqoq holatda namoyon boʻladi.

Aksar fransuz tadqiqotchilari Prust ijodiga rus adibi Tolstoy taʼsiri xususidagi masalani kundalang qoʻyishadi. Shubhasiz, Tolstoyning psixologik tahlil uslubini Prust diqqat bilan oʻrgangan, uning koʻp jihatlarini oʻzlashtirib olgan deyishimiz mumkin. Masalan, inson psixologiyasi bilan bogʻliq tamoyillar: ichki monolog, oʻzi oʻzini tahlil qilishga moyillik, gʻayrishuuriylik (ong osti)ka oʻtish harakatlarini ham oʻzlashtirgani va oʻz asarlarida tatbiq qilganini kuzatamiz. Prust nazdida, real dunyoni, obʼyektiv borliqni shaxs (individuum)ning psixologik jarayonlarini chuqur tahlil qilish orqali tushunib yetish, anglash mumkin. Tolstoyda esa, qahramonning ruhiy olami, hissiyoti va tafakkuri – oʻz ichiga qurrai zamindagi barcha narsalarni qamrab olgan real dunyoning bir qismidir, xolos. Prust ijodida Tolstoyning psixologik tahlil uslubidan foydalanishning qarama-qarshi xususiyatlari mazkur ziddiyatlikdan kelib chiqqan: bu uslub fransuz yozuvchisi ijodida koʻp hollarda oʻzining aksiga aylanadi, desak yanglishmagan boʻlamiz.

Taʼkidlash lozimki, Prust inson xatti-harakati, his-tuygʻu, mayl-istaklari paydo boʻlishida sabab va oqibat aloqadorligini inkor etmaydi. Aksincha, psixologik holatlarning tahlilida u yuzaga qalqib chiqqan qator assotsiatsiyalar orqali u yoki bu joʻshqin intilish, kayfiyat, ruhiy holatning oʻzgarish sabablarini mantiqiy ravishda aniqlaydi. Biroq, ushbu assotsiatsiyalar, odatda, bir-biriga ulangan muayyan gʻoyalardek emas, balki, aynan, shu paytda, koʻngilda kechayotgan his-tuygʻu, anglab boʻlmas tarzda paydo boʻluvchi xohish-istakni idrok qilish orqali xotiradagi murakkab, baʼzida tushunarsiz tasvirlarga aylanadi. Prust psixologik jarayonlar, ruhiy holatlar uchun nafaqat ratsional, yaʼni, aql-idrokka asoslangan, balki uning nuqtai nazaridan gʻayrishuuriylikda, ichki his-tuygʻularda chuqur ildizlarni topishga harakat qiladi.

Shu bilan birga Prust hech qanday vaziyatda ham “mahmadonalik” qilmaydi, oʻzini hech qachon “donishmand” qilib koʻrsatishga urinmaydi, “falsafiy samo”ga intilmaydi, oʻzini sirli va tushunarsiz qiyofaga solmaydi. Qahramonning ichki olamini, ayni paytdagi ruhiy holatini tabiiy instinktlar, irratsional, yaʼni, aqldan tashqari, mantiqan bilib boʻlmaydigan mayl-istaklarning tartibsizligi, chalkashligi holatida tavsiflamaydi. Bilʼaks, inson psixologiyasiga oʻtib, u insonning ichki olami, ruhiyati qanchalik murakkab va serqirra ekanligini koʻrsatishga harakat qiladi. Masalan, Svanning yengil tabiat, suyuqoyoq, ammo xushfeʼl va xushsuhbat ayol Odettaga boʻlgan muhabbati yuqoridagi fikrlarni toʻliq isbotlaydi. Odettani eʼzozlagan, bu ayol siymosida oʻziga yaqin odamni koʻrgan Svan oxir-oqibat unga uylanadi. Prust ushbu mehr-sadoqat, yaqinlik tuygʻusini Svanning tabiati, feʼl-atvorining oʻziga xosligi, boshqalardan keskin farq qilishi bilan izohlaydi. Toʻgʻri, Svan qalbini egallagan muhabbatning “ahmoqona tarixi” odob-axloq meʼyorlaridan tashqari, noshoyon “soʻz”lar bilan, bir yoqlama va yuzaki tushuntirilishi mumkin edi, ammo Prust romanida goʻzalik shaydosi, yuksak madaniyatli, boadab, nozik did sohibining hayotdan koʻngli sovishi, umidlari roʻyobga chiqmasligi tarixidek ochiladi. Yozuvchi oʻz qahramonini hayotda roʻy berishi mumkin noxush, oʻtkinchi va oqibatsiz vaziyatlardan doimo qutqaradi; uning ichki olamini, ruhiy holatini nozik, har qanday vaziyatda ham odob-axloqni saqlovchi mayl-istaklardan toʻqilganligini koʻrsatadi. Masalan, Svan uchun Odettaning bevafoligi haqidagi gumonini aytishi, bu haqda unga savol berishi aql bovar qilmaydigan narsa: Svan buni oʻziga ep koʻrmaydi. Hattoki, kundek yorugʻ, suvdek tiniq dalil-isbotlar ham Svanni ishontira olmaydi, chunki ular, aynan, “kundek yorugʻ, suvdek tiniq va qoʻpol” boʻlganligi uchun ham asossizdir.

Prust oʻzining romanlari turkumida Svanning Odettaga, markiz Rober de Sen-Luning olifta satang ayol Raxilga, Marselning sohibjamol Jilberta, gersoginya Germantskaya, mademuazel Stermariya, va, nihoyat, maftunkor Albertinaga boʻlgan muhabbatining paydo boʻlishi va soʻnishi mavzusiga koʻp marta qaytadi. Bu borada, Stendal va Flober ijodi Prustga katta taʼsir koʻrsatgani, shubhasiz.

Ammo, Stendal asarlariga taqlid qilish, ulardan taʼsirlanish bilan bir qatorda, “muhabbat oʻzgaruvchanligi” mavzusi Prustning psixologik tahlilida ayolga boʻlgan munosabati oʻziga xos tarzda talqin qilinadi. Prust asarlarida sevikli ayol obrazi doim ikkita, yaʼni, tasavvurdagi, xayoldagi ideal ayol va oʻtkinchi, bir paydo boʻlib, nom-nishonsiz yoʻq boʻlib ketuvchi timsollar qiyofasida namoyon boʻladi. Goʻyoki muhabbat obʼyektdan alohida mavjud boʻlayotgandek tuyuladi. Masalan, markiz Rober de Sen-Luning Raxilga boʻlgan muhabbatiga Raxilning gʻarazli niyatlari ham, haqoratomuz qoʻpolliklari ham, hattoki, uning son-sanoqsiz ishqiy aloqalari xaqida xabarlar ham zarracha taʼsir etmaydi. Aksincha, uni yanada mustahkamlaydi. Sababi shundaki, Rober tasodifiy assotsiatsiya taʼsirida sevikli ayol haqidagi tasavvurlarini Raxilga oʻtkazadi va Raxilning jamiki mavjud ijobiy va salbiy xislatlariyu xatti-harakatlarini ushbu xayoliy tasavvur orqali idrok qiladi.

Prust romanlarida tasvirlanayotgan voqea-hodisalarning obʼyektiv mantigʻi ushbu romanlarni mutolaa qilgan oʻquvchini har qanday meʼyor-mezonlarni rad etuvchi xulosalarga olib kelmaydi. Svan, Rober de Sen-Lu yoki Marsellarning umidsizlikka tushishlari, ishonchlari oqlanmasligi oqibatida aldanganliklari mavhum sharoitda, real voqelikdan uzoq boʻlgan vaziyatda emas, balki “Germantlar tomonida”, “Sodom va Gomorra”da, xushmanzaralari kurort va aristokratlar davrasida yuz beradi. Axir, hayot sinovlarida suyagi qotgan, uning achchiq-chuchugini totib koʻrgan Marsel yoki Svan butun hayoti davomida, aynan, shunday sharoitda yashaydi. Umidvor Marsel bunday muhitda nafis did, nozik his-tuygʻular, maʼnaviy goʻzallik va begʻarazlikni topish ilinjida yashaydi. Uning tasavvurida oddiy hayot ikir-chikirlaridan, kundalik tashvishlaridan soʻng, aynan, shu muhitda boshpana topish mumkin tuyuladi. Nasl-nasabi, jamiyatdagi mavqei, aql va madaniyati darajasi boʻyicha teng aristokratlardan Marsel maʼnaviy madad, olijanoblik, hamfikrlik, ruhan birlashuvni kutadi. Biroq Marsel xayollari puchga aylanadi: martaba va unvonlar, yuksak mavqe va boylik, tubanlashib ketgan qalblarning soxtaligi va pastkashligi, qiziqish va intilishlarning hech narsaga arzimasligi, fisq-fujur hamda nodonlikni va, nihoyat, bagʻritoshlik, qabihlik va axloqiy buzuqlikni xaspoʻshlab turadi.

Prust, nafaqat, eng nozik, qalbning qaʼrida yashiringan ruhiy kechinmalarni tasvirlash, balki mohir hajvchi, nuqsonlar va illatlarni fosh etishda qalami oʻtkir yozuvchi boʻlganligiga ishonch hosil qilish uchun “Sodom va Gomorra” romanining “Janob Sharlyus aristokratlar davrasida” nomli birinchi bobini oʻqishning oʻzi kifoya. Asardagi barcha qahramonlar oʻzlari egallagan ijtimoiy mavqe jihatidan aniq va tushunarli tasvirlangan. Haqiqiy yuksak his-tuygʻular zavol topishiga inson tabiati emas, balki “nozik taʼb sohiblarining sermulozamat va sulukatli jamiyat” muhiti aybdor degan hulosaga kitobxonning oʻzi keladi, chunki bunday muhitda na haqiqiy mehr-muhabbat, na samimiy doʻstlik, na sadoqat boʻlishi mumkin. Ich-ichiga singib ketgan sunʼiy munosabat va yuzaki rasm-rusumlar, nimaiki qilsa ham baribir jazosiz qolish hissi, qolaversa, avjiga chiqqan axloqsizlik va maʼnaviy inqiroz Sharlyus, Verdyuren, Odetta va Albertinalar jamiyatini, ularning insoniylik qiyofasini tanib boʻlmas darajagacha oʻzgartib yuboradi. Shu tariqa, Prust, ijtimoiy ziddiyatlarga til tegizmay, ammo inson psixologiyasi va kundalik turmush tarzini haqqoniy tasvirlashga intilarkan, imkon qadar jamiyatning tepasida turgan, oʻzlarini dunyo xoʻjayinlari deb bilganlarning gʻayriinsoniy qiyofasini, odamgarchilikdan yiroq muomalasini, maʼnaviy-axloqiy jihatdan buzilib ketganliklarini ayovsiz fosh etadi, aniq va ifodali tasvirlab beradi.

Aristokratiya jamiyatida qabul qilingan tartib-qoidalarga koʻrkoʻrona ergashuvchi, oʻzini oliy darajada madaniyatli, bilimdon, nozik did sohibi va mislsiz farosat egasi deb hisoblagan xudbin odam haqida gapirarkan, Prust chin yurakdan kuladi, ularni ayovsiz tanqid qiladi. Masalan, Verdyuren oilasining aʼzolari haqiqiy zodagonlarga oʻxshab gapirishlari, ularning xatti-harakatlariga taqlid qilishlarini mazaxlaydi, baron Sharlyus hayoti haqida gapirganida esa, zaharxanda soʻzlardan oʻzini tiya olmaydi.

Prustning aynan ushbu istehzoli munosabati ehtirossiz, vazmin va obʼyektiv bayon niqobi ostiga yashiringan tanqidiy nazarini, chuqur psixologizmini toʻliqligicha ifoda etadi, deb taʼkidlash mumkin. Baʼzida, kamdan-kam hollarda, bu achchiq istehzo va muloyimgina aytilgan hazil xaspoʻshlab turuvchi pardaning koʻtarilishiga olib keladi va Prustga toʻgʻridan-toʻgʻri zarba berishga imkon yaratadi. Masalan, Prust xolisona, obʼyektiv ravishda Baalbek kurortida dam olayotgan va sogʻligini tiklayotgan odamlar tashkil etgan jamiyat hayotini, ularning kundalik turmushini zarda va nafrat, goʻyo yam-yashil dalani qovjiratgan choʻlga aylantirgan olovdek kuydiruvchi soʻzlar bilan tasvirlaydi: moviy dengiz sohillariga kelgan bu odamlar Parijda odatlanib qolgan xudbinlarcha turmush tarzidan, hatto oʻzlariga oltin va marjon bersalar ham, chiqishni aslo xohlamaydilar. Goʻyoki ular uchun oʻzgartirib va buzib boʻlmas odatga aylangan va koʻnikib ketilgan hayot tarzidan, eski va qadrdon tanish-bilishlar doirasidan boshqa hech narsa yoʻqdek tuyuladi; hattoki, dengiz mavjlari, qumli sohillar, qirgʻoqlardagi daraxtlar, qolaversa, butun borliqni qamrab olgan tabiat goʻzalliklari ular uchun begona va tajovuzkor boʻlib koʻrinadi. Kurort mehmonxonasida ular nonushta, tushlik va kechki ovqat tanovul qilganlarida, “mehmonxona ulkan sehrli akvariumni eslatar edi, shaffof oyna ortida esa Baalbekni ishchi va dengizchi aholi, qambagʻal oilalar toʻplanib, muhtasham akvarium ichida bashang qiyingan, zeb-ziynatga burkangan odamlarning dabdabali turmushini, gʻarra-sharra yeb-ichishlari, raqs tushish va sayr qilishlarini, koʻzlarini katta-katta ochib, goʻyo es-hushidan ayrilgan odamlardek kuzatishadi. Ular uchun bu hayot goʻyo noyob, kamdan-kam uchraydigan baliqlardek, allanechuk, tushunarsiz, sirli edi”. Manzarani toʻldirish uchun Prust: “Muhim ijtimoiy masala: ushbu nodir, kamyob jonivorlarning bazmu jamshidlarini moʻrt shishadan yasalgan oyna qachongacha himoya qilarkan, umuman, oʻz ichida sogʻ-omon saqlab qolarmikan? Bir kunmas bir kun qorongʻulikdan, zimdan ochkoʻzlik bilan, hirs va nafsini zoʻrgʻa tiyib poylab turuvchi notanish va nomaʼlum odamlar kelib, ularni akvariumdan tutib, yeb qoʻymasmikan?” deb qoʻshib qoʻyadi.

Taʼkidlash lozimki, bu tasvirda Prustning maʼqullovchi soʻzlarini topaolmaymiz, u na manzur koʻradi, na ijobiy baho beradi: oʻzining bashorati yuzasidan na qaygʻuradi, na hadiksiraydi. Biroq, keyingi jumlasida oʻzi sobitqadamlik bilan egallagan pozitsiyasini ikki xil tushunishga yoʻl bermovchi ohangda bayon etadi: “Shu orada esa, bir joyda qotib, zimistonda turgan olomon ichida, ehtimol, qandaydir bir yozuvchi, odamlar va baliqlarni oʻrganuvchi havaskor-tadqiqotchi turgan boʻlishi mumkin. U, kemshik yalmogʻiz kampirlar, bahaybat maxluqlarning kavshanishlarini kuzatarkan, akvarium oynasining ikki tomonida turgan odamlarni har xil, bir-biriga yetti yot begona turlarga ajratganidan mamnun boʻlib, adashmaganidan oʻziga oʻzi tasalli berar edi”.

Bir hisobda, odamlar va hayvonlarning xilma-xil turlarini kuzatgan va oʻrgangan mutaxassis sifatida namoyon boʻlayotgan Prustning mualliflik pozitsiyasi, oʻzining mashhur “Inson komediyasi”da xilma-xil va rang-barang ijtimoiy qatlamlardan kelib chiqqan “jondor”lar tasnifini tuzgan, “inson qalbi ovchisi va tabibi” hisoblanmish Balzak egallagan pozitsiyasiga ozmi-koʻpmi oʻxshab ketadi. Ammo, bunday taqqoslash oddiy zahmatkashlar hayoti, orzu-umidlarini yaxshi bilgan hamda ularni yuksak qadrlagan Balzak bahosi hamda zodagonlarni “noyob inju va nodir olmos”, avom xalqni esa – “nomaʼlum zot”, deb hisoblagan Prust bahosi oʻrtasidagi keskin farqni namoyon qiladi.

Aslini olganda, Prust oddiy xalqni bilmagan va tushunmagan, u faqat xizmatkorlarnigina yaxshi bilgan, ularning turmush tarzini, kundalik hayotini sinchkovlik bilan kuzatgan va oʻrgangan. Tan olish kerak, Prust bunday odamlarni ikki toifaga boʻlarkan, bir tomondan, itoatkorona boʻyin eguvchi, qoʻzichoqlardek sukut saqlovchi, ikkinchi tomondan esa xalq orasidan chiqqan, erkin, ammo hech qanday huquqqa ega boʻlmagan quyi tabaqaga mansub odamlarni koʻrgan. Eng muhimi, mazkur ikki toifani bir-biridan ajratib, ularni turli qiyofada tushunishga yoʻl qoʻymaydi. Masalan, ikkinchi toifadagi odamlarda tabiatan sogʻlom fikrni, sobitqadamlikni, mustahkam iroda, kuch-shijoat va olijanoblikni koʻrsa, birinchi toifa odamlarda laganbardorlikni – xoʻjayin (boy) va malay qul (xizmatchi) oʻrtasida aynan oʻxshashlikni koʻrishga harakat qiladi, biroq unisi ham, bunisi xam kimgadir boʻyin egib xizmat qiladi. Shu bois, itoatgoʻy xizmatkor, qarol va ofitsiant psixologik portreti, maʼnaviy va aqliy qiyofasi Prust romanlarida aristokratlar tabaqasiga mansub kishining psixologik portreti, maʼnaviy va aqliy qiyofasidan koʻpincha farq qilmaydi. Prust oddiy, koʻzga tashlanmaydigan, qolaversa, nazar-eʼtibordan chetda turuvchi odamlarda koʻrgan madaniyat, did-farosat va tarbiyaning yetishmasligi oliy tabaqa (saroy aʼyonlari va dvoryan)ga mansub kishilarda qoʻpol, xunuk va kechirib boʻlmas darajada namoyon boʻladi. Garchi Prust keksa xizmatkor ayol Fransuazaning savodsizligi, oʻqish va yozishdagi xatolarini fransuz xalqining dunyoqarashi, dunyoni his etish va tushunish anʼanalari bilan bogʻlagan boʻlsa, gersog Germantskiyning nodonligi, aqliy va axloqiy qoloqligini, aristokratlarning dunyoqarashlari torligi, toʻngligi, qoʻpol xatti-harakati va muomilasi, oʻzi oʻzidan magʻrurlanishi, izzattalabligi, zaif nafsoniyati, xudbinligi bilan izohlashga harakat qiladi.

Yozuvchi Germant va Sharlyuslar hayotiga, Sodom va Gomorraning zulmat qoplagan dunyosiga chuqur kirib borgani sari, muallifga ushbu soxta va yuzaki boʻlib koʻringan qaltis hamda xatarli dunyoda, aysh-ishrat va shahvoniy hirsga berilgan muhitda “yoʻqotilgan vaqt”ning soniyalarini, sogʻlom aqlning zigʻirday donachalarini axtarish, billurdek shaffof osmonda tiniq suv tomchisida, odam oyogʻi bosmagan tabiat qoʻynida dunyoni koʻrish, idroq qilish holati murakkablashib boradi. Shuning uchun Prust turkumining oxirgi romanlarida sunʼiylik, ortiqcha bejamdorlik, gʻayrioddiylik, ohang va ranglar uygʻunligining nomuvofiqligi koʻzga tashlanadi: bu yerda sogʻlom aqlga zid, nosogʻlom shahvoniy mavzularga haddan tashqari eʼtibor berilganlikni payqab olish qiyin emas. “Sodom va Gomorra” romanining ikkinchi qismida gersog Germantskiyning serhasham uyidagi qabul marosimni va keyingi shohona bazmni mohirona tasvirlash boshqa boblardan alohida ajralib turadi, chunki snoblarga xos xulq-atvor, quruq oliftagarchilik, xudbinlik, zodagonlarning behalovat va befoyda hayoti, sarobga aylanayotgan orzu-umidlari, “sara jamiyat”ning maʼnaviy qashshoqligi, oxir-oqibat, tushkunlikka yoʻliqishi va zavol topishi muallif tomonidan, chayon nishidek achchiq va dudama xanjardek oʻtkir soʻzlar vositasida zaharxanda jilmayish bilan fosh etiladi. Romanning oʻzagi boʻlgan ikkinchi, qolaversa, birinchi qismidagi fasl va boblar mazmuni oʻzini oʻzi takrorlagan muallifning kuzatuvlariga, psixologik tahliliga biron-bir yangi jihatlarni olib kirmaydi. Shunday boʻlsa ham, yangilik deb muhim bir jihatni, u ham boʻlsa pessimizmning kuchayib borishi, roman sahifalarida sodir boʻlayotgan voqea va hodisalarga muallifning beparvoligi, borgan sari umidsizlik iskanjasiga yoʻliqishini koʻrsatish mumkin. Axloqi buzuq, maʼnaviyati past, badnafs va hirsini qondirish balosiga mubtalo boʻlgan, tubanlashib ketgan qahramonlarning his-tuygʻulari va intilishlarini ipidan ignasigacha tahlil qilarkan yozuvchi, bora-bora kinoya qilishni, istehzoli nigoh orqali qarashni, mazax ila jilmayishni bas qiladi, uning munosabati adolat tarozisida oʻlchab koʻrilgandey xolisona, loqayd, haqqoniy boʻlib boradi. Alhosil, muallif axloqsizlik va razolatga tushgan, shahvoniy hirsga berilgan skripkachi Morelning qabohat va yaramas xatti-harakatlarini “tugʻma instinkt yoxud feʼl-atvorining ziddiyatlari” bilan izohlaydi va uning gunohidan kechadi. Bu yetmagandek, adib qabix va ablah Sharlyusning his-tuygʻulari, ichki kechinmalarini real hayotdagi sevgan va sevilgan kishining his-tuygʻulari, ichki kechinmalari, qolaversa, qaygʻu-hasrat va shodlik-quvonchlariga yaqinlashtirish, bir-biri bilan qiyoslash joiz deb biladi, bunga urinib ham koʻradi. Kishida nafrat uygʻotishdan boshqa hech narsaga yaramaydigan, qiliqlari va gaplari yoqimsiz Sharlyus kutilmaganda, birdan inson qiyofasiga kiradi, unga insonlarga xos boʻlgan ijobiy xislat va fazilatlar aslo yot tushuncha emasligi ayon boʻladi, muallif buni inkor etmaydi, Sharlyus oʻzgacha mehr-muhabbat bilan Balzak asarlarini mutolaa qilishga kirishadi. Bu yerda Prust adolat tarozisi pallalarida ezgulik va yovuzlikni oʻlchash qobiliyatini, aniqrogʻi, yaxshilik va yomonlik mezonini yoʻqotadi. Muallifning “Sodom va Gomorra” romanidagi qahramonlarga nisbatan asar boshida namoyon boʻlgan nafratlanish hissi tabiiy va gʻayritabiiy hollarda bir xil boʻlgan inson tabiati avvalboshdan yovuzlikka yoʻgʻrilganligi, inson koʻzini ochganidan, nafas olishidan axloqsizligi, es-hushi faqat hirs va nafsni qondirishga qaratilganligi, ishrat va shahvatparastligini ortiqcha hayajonsiz, vazmin ohangda, yorqin ranglarda, mayda tafsilotlarigacha qayd etishga intilib boradi.

Darvoqe, muallif “Sodom va Gomorra” romanidan eʼtiboran, turkumning soʻnggi romanlarida bosh qahramon – Marselning olijanob fazilatlari, ezgu niyat va nozik his-tuygʻulari bilan bir vaqtda, uning tuban harakatlari va feʼl-atvorining buzilib ketishini sovuqqonlik bilan qayd etib boradi, sinchkov tahlil qiladi. Axloqiy pokizalik, begʻuborlik, shuningdek, badaxloqlik, razillikka nisbatan eʼtiborsizlik, yuksak his-tuygʻu va muhabbat – bularning hammasi, nainki, Rober de Sen-Lu, balki Marsel qalbini chulgʻab olganligi asarda sezilib turadi. Marselning Jilbertaga boʻlgan muhabbatiga qaraganda, Albertinaga boʻlgan olijanob va begʻubor his-tuygʻulari oddiyroq, tushunarlidir. Albertina qalbini egallab olgan his-tuygʻuga dosh berolmay, bor vujudi bilan Marselni sevib qoladi, biroq badbinlik botqogʻiga tushib qolgan Marsel, oʻzining aysh-ishratga moyilligi, beburdligi, badaxloqligi tufayli paripaykar Albertinadan koʻngli soviydi. Bunday chigal vaziyatda muallif Albertinani ham, Jilbertani ham shoirona tasvirlash, ijobiy xislatlarini boʻrttirib koʻrsatish, bir soʻz bilan aytganda, ideallashtirishdan oʻzga chora topolmaydi.

Prust turkumining soʻnggi romanlarida maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarga eʼtiborsizlik, insoniylikka qarshi yoʻgʻrilgan gʻoyalar salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmaydi. Aslida, turkumning ilk romanlarida Prust jon-jahdi bilan bu gʻoyalarga qarshi chiqqan, “yoʻqotilgan vaqtda” sof va begʻubor his-tuygʻularni, olijanoblikka yoʻgʻrilgan muruvvatni, haqiqiy insoniylikni axtargan edi. Shu bois ham Marsel va Albertinalarning muhabbat tarixi oʻquvchida yurakni ezuvchi, qalbni tilka-pora qiladigan ogʻir taassurot qoldiradi. Negaki, bu yerda muhabbatdek yuksak his-tuygʻu xayoliy, yolgʻon va soxta, real hayotdan yiroqligi xususida oldingi mavzularning takrorlanishi bilan bir qatorda, Marsel va Albertinalar oʻrtasidagi munosabatlar ham jozibadorligini, tarovatini yoʻqotadi, aksiga olib rashq, yolgʻon va ishonchsizlik tufayli, oʻta shafqatsiz, bir-birini qiynash, chidab boʻlmas darajada azoblashga aylanadi.

Turkumning soʻnggi – “Asira” va “Qochoq qiz” romanlari oʻquvchini oxirgi qism “Topilgan vaqt” romaniga bevosita roʻbaru qiladi. Bu yerda muallif dilda sir saqlagan, hech kimga, hech qachon aytilmagan fikri, yaʼni, fanoga gʻarq boʻluvchi, huddi osmondagi bulutlar kabi tarqalib ketayotgan, toʻxtovsiz oqib borayotgan “yoʻqotilgan vaqt” ortidan quvish, izma-iz taʼqib etish, unga bir qadam boʻlsa-da, yaqinlashish orqali inson topadigan yagona qadriyat haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashadi. Prust nazdida, bu yagona qadriyat – sanʼat va ijodiy jarayon boʻlib koʻrinadi.

Taʼkidlash lozimki, Prustning “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” romanlar turkumi negizini adabiyot va sanʼat mavzusi tashkil etadi. Bor vujudi bilan adabiyotga berilish, hayot maʼnosini ijodda koʻrish, ijodiy faoliyat bilan yashash mavzusi Prust yaratgan romanlar turkumining boshidan oxirigacha oʻtadi, bir-birini chambarchas bogʻlab, oʻziga xos yaxlit bir tizimga keltiradi. Romanlarda yorqin tasvirlangan musavvir Elstir, bastakor Venteyl, yozuvchi Bergot kabi personajlarning ijodini, ular yaratgan asarlarini tahlil qilishda Prust oʻz badiiy va estetik qarashlarini mujassamlantiradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ayni paytda, fransuz adabiyotshunos va faylasuflari taʼqidlashicha, adib ijodida Elstir va Ogyust Renuar, Venteyl va Klod Debyussi, Bergot va Anri Bergson oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻxshashlik mavjudligi xususidagi fikrni ilgari surishadi. Bizningcha, muhimi bunda emas, balki Prust oʻz tasavvuridagi sanʼat ixlosmandlari, mohir ijodkor va ularning asarlarini tahlil qilarkan, shu tariqa, oʻzining badiiy ijod konsepsiyasini ham ifodalaydi.

Prust fikricha, sanʼatni hayotdan ustun qoʻyuvchi jihat – bu har qanday hayotiy taassurotni ijod orqali badiiy asarga aylantirish jarayonidir. Faqat ijod, ijodiy mehnat dunyoga, hayotdagi voqea-hodisa, moddiy va ruhiy narsalar tub mohiyatiga chuqur singib borishga, qolaversa, yoʻqotilgan his-tuygʻu va kechinmalarni jonlantirishga, xotiraga keltirishga qodirdir. Prust taʼkidlashicha, bir lahzaga boʻlsa ham bizni zamon va makondan tashqariga qoʻyuvchi, obʼyektiv borliqdan ustun turuvchi taassurotga qaytarish, takroran qalbga solish insonga haqiqiy zavq baxsh etadi. Biroq, beixtiyor hissiy assotsiatsiya asosida, hayotda roʻy beruvchi taassurotning qaytarilishi oʻtkinchi, foniydir. Agar bu on muhrlab qoʻyilsa, taassurot uchun oʻziga xos ruhiy ekvivalent, yaʼni, sanʼat asari yaratilsa, ushbu taassurot boqiy qolishi mumkin.

Shunday qilib, Prustning estetik nazariyasi sanʼatni keng maʼnoda, reallikdan ajratishga, real hayotga bogʻlamaslikka, tor maʼnoda esa ijtimoiy hayotga bogʻlamay, obʼyektiv voqelikdan muayyan makon va zamonga taalluqsiz subʼyektiv hissiyotlar dunyosiga shoʻngʻib ketishga daʼvat etadi, “ijodiy jarayonda hayotni tiklash, esga solish” yoʻli orqali uni intuitiv anglash va asliday tasvirlashdan uzoqlashtirishga chorlaydi.

Mazkur “subʼyektiv” dasturga qatʼiy rioya qilish, uni badiiy ijodga tatbiq etish obʼyektiv dunyoni bilish va aks ettirishning oʻziga xos shakli sifatida namoyon boʻluvchi sanʼatni, pirovardida, boshdan-oxirigacha barbod boʻlishga olib kelishini payqash qiyin emas. Ammo, Prust mohir yozuvchi va nigohi oʻtkir psixolog sifatida, koʻpincha, oʻzi qoʻygan talablarni bajarmaydi, shuning uchun ham uning “ong oqimi” uslubida yozilgan romanlari badiiy-estetik ahamiyatga egadir. Koʻp hollarda “ong oqimi” Prust romanlarida goʻyo ikkiga ajralgandek – u goh tasvir obʼyektiga, goh real voqelikning obrazlarini oʻzgacha talqin etish usuliga aylanadi. Yozuvchi qahramonlari qalbida kechayotgan his-tuygʻu va ruhiy kechinmalar, chetdan qaraganda, hayotdagi odamshavandalik, madaniyat va odob niqobida namoyon boʻluvchi shafqatsizlik, oʻta tartibsizlik, nojoʻya xatti-harakatlar, maʼnaviy va axloqiy tubanlikka yetaklovchi omillar bilan toʻqnashganda, oxir-oqibat yangi asrning manfaatparastligini, maʼnaviy qashshoqligi, aqliy zaifligi va qoʻpolligini qabul qilolmagan fransuz intelligensiyasi “yoʻqotilgan avlod”ining maʼnaviy va ruhiy yolgʻizligini koʻrsatadi. Nima boʻlganda ham, alohida olingan shaxs (individuum)ning maʼnaviy-axloqiy, ruhiy, qolaversa, aqliy faoliyat sohasini ijtimoiy hayot, obʼyektiv voqelik bilan mutanosiblashtira olmaslik, oʻrtadagi nisbatni aniqlay bilmaslik, pirovardida, shaxsni eng yuksak qadriyat, dunyodagi moddiy va maʼnaviy boylikning negizini tashkil etuvchi asosiy manba deb eʼlon qilish Prustni tanqidiy realizm tamoyillaridan uzoqlashtiradi.

Prustning badiiy niyati, yaʼni, “ong oqimi” romanlar turkumining oʻziga xosligi shundaki, muallifdan ushbu niyatni izchil va aniq amalga oshirish uchun syujet va kompozitsiya, obraz va obrazlilik, badiiy nutq va uslubga oid yangi shakllarni kashf etishni va tatbiq qilishni taqozo etgan. 1914 yil boshida, “Svan tomon sari” romani dunyo yuzini koʻrgach, Prust Jak Rivyerga yoʻllagan maktubida: “… Yoʻq, agar mening intellektual kuchimga ishonchim, oʻz hayotiy maslaklarim boʻlmaganida, men faqat eslashni, xotiralar ogʻushida yurishni xohlaganimda… kasalmand boʻla turib, yozishni, ijod qilishni zimmamga olmagan boʻlardim. Biroq, men tafakkur, muayyan gʻoya yoki fikr tadrijiy rivojlanishini mavhum obrazlar yoki mavhum tushunchalar orqali tahlil qilishni emas, balki tafakkur, gʻoya, fikrni jonli qilib koʻrsatishni, uni yashashga majburlashni xohlagan edim”, deb yozgan.

“Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” romanlar turkumining tuzilishi muallifning yangi kompozitsion usul, syujet qurilishi, dialog va ichki monolog orqali serqirra, qatlamlari koʻp inson ongini anglashga intilganligidan dalolat beradi. Romanlar turkumi, cheksiz badiiy makon va zamonda yoyilganligiga qaramasdan, syujet va kompozitsiya jihatidan aniq koʻrinadi, ularning muayayn tartibda joylashganligini kuzatamiz. “Topilgan vaqt” romanining soʻnggi sahifalari “Svan tomon sari” romanining ilk sahifalari, ayniqsa, oʻtmishni chuqur his-tuygʻular orqali eslash epizodiga tayanishi bejiz emas, albatta. Biroq, tan olish kerakki, Prustning badiiy tafsilotlarga boʻlgan oʻzgacha mehri, baʼzida meʼyordan chiqib ketgan holda, hajman nomutanosiblikka, oʻz oʻrnida yoki bemavrid qoʻshib qoʻyilganlikka olib keladi, shu kabi juzʼiy kamchiliklarga qaramasdan, “yoʻqotilgan vaqtni axtarish” ichki mavzusi butun turkum boʻylab puxta oʻylab chiqilgan reja asosida rivojlanadi va mantiqiy yechimiga yetkaziladi. Shu bilan birga, teran psixologizmga yoʻgʻrilgan “vaqt oqimi” bilan bir qatorda, muallif tasvirlanayotgan aristokratlar dunyosining umumiy manzarasini koʻzdan qochirmaydi. Pirovardida, aristokratlarcha estetizm, nozik did, goʻzallikka shaydolik, dunyoni subʼyektiv his etish, umuman olganda, yuqori jamiyatning hayot tarzi maʼlum tadrijiy rivojlanish jarayonidan oʻtadi: dunyoqarashlar yaqinligi, manfaatlar umumiyligi aniqlangan holda, oʻzaro bogʻlovchi gʻoya va mafkura topilib, burjuaziya va zamindorlar “sara jamiyati” birlashadi. Asarning birmuncha choʻzilganligiga qaramasdan, har bir qahramonning syujet chizigʻi uzluksiz kuzatib boriladi. Eʼtiborga molik yana bir jihati shundaki, “Svan tomon sari” romanining dastlabki qirq sahifasida turkumning deyarli barcha personajlari koʻrinish beradi, keyinchalik, roman rivojlangani sari, ulardan birortasi ham nazardan qochirilmaydi.

Prust oʻzi romanlar turkumi kompoziyasiga, turkumga kirgan har bir alohida olingan romanning izchil tartibda tuzilishi, mustahkam ichki strukturasiga ega boʻlishiga katta ahamiyat bergan. Darvoqe, Jak Rivyerga yoʻllagan maktubida adib: “Mening kitobim oʻziga xos konstruksiya kasb etishini anglagan oʻquvchimni nihoyat kashf etdim”, degan edi. Parcha, qism, sahna, bob, fasl, umuman olganda, romanlar oʻrtasidagi oʻzaro nisbat, uzviy aloqadorlik, bir-birini taqozo etishi muallifni uslub sayqali, nutq ravonligi, izchil bayon, mantiqiy syujetdan kam boʻlmagan darajada tashvishlantiradi. Oʻrtadan olti yil oʻtib, Prust “konstruksiya” atamasini yana qoʻllaydi: “Modomiki, bu konstruksiya boʻlgani uchun unda ochiq joylar, payvandlangan ustun, tirgovuch, zinapoyalar bor; ikkala qavat yoki ikki ustun orasida men manzara, sahna va koʻrinishlarni batafsil tasvirlashim mumkin”. Syujetda voqealar rivojlanish yoʻlini koʻrsatuvchi, aniqroq qilib aytganda, uning negizini tashkil etuvchi ushbu rang-barang manzara, sahna va koʻrinishlar Prust uchun muhim voqea, isbotlashni talab etmovchi fakt, tarixiy yoki ijtimoiy hodisalarni koʻrsatish uchun oʻziga xos fon, yaʼni, muayyan zamon va makon sifatida juda ham zarur, chunki bularsiz turkumdagi romanlarning chuqur psixologizmga yoʻgʻrilganligi yoki har bir romanning psixologik chizigʻi tavakkal olib borilgani, aniqrogʻi, asossiz boʻlib koʻrinardi, yaʼni, psixologik tahlilni toʻgʻri, bu yoʻl oʻzini oʻzi toʻliq oqlagan, deb boʻlmaydi.

Darhaqiqat, fransuz adabiy anʼanalari uchun Prust uslubi mutlaqo yangi hodisa kasb etgan boʻlsa, ajab emas. Prust uslubi yigirmanchi asr formalizm, yaʼni, shaklni mazmundan, nazariyani amaliyotdan ajratishga intiluvchi yoʻnalish ruhidagi adabiyotda olib boriluvchi soʻz oʻyini, mavhum timsol va maʼyusona kayfiyatdan, “donishmandona” safsatalar, bejamdor va tumtaroqli lirik chekinishlardan yiroq.

Adib tabiatning goʻzal va betakror manzaralarini shoirona tasvirlaydi, tabiatni idrok qilish – “dunyoni ochish”ga oʻxshaydi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Serviqor togʻlar, yam-yashil dashtu biyobonlar, qalin oʻrmonlar, sokin daryo va tepaliklar, ufqgacha choʻzilgan dengiz va qirgʻoqlar, shahar va qishloqlardagi qadim bino va koʻchalarni quyoshning yoritishi yoxud oydin kechalarda shahar tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketishini tasvirlashda Prustning tasavvurida qoʻqqisdan yuzaga qalqib chiquvchi assotsiatsiyalar hech qachon yoʻq joyda, goʻyo ataylab paydo boʻlmaydi.

Darhaqiqat, gurkirab yashnayotgan tabiatning (ayniqsa, “Sodom va Gomorra” romani sahifalarida) goʻzalliklariga alohida urgʻu berish Prust sanʼat konsepsiyasining negizini tashkil qiladi. Bu konsepsiya qanchalik ziddiyatli boʻlmasin, adibning shaxsiy nuqtai nazariga, uslubiga va dunyoqarashiga koʻp vaziyatlarda mos kelmasin, baribir, tabiiy goʻzallikni kuylash, tabiatdan ilhomlanish Prust uchun yashash demakdir.

Kunlar oʻtgan sari kuch-quvvatdan qolayotganligiga qaramasdan, bor vujudi bilan yashashga intilgan Prust vafotidan sal oldin: “Daraxtlar, sizlar menga boshqa hech narsa aytolmaysizlar…”, deb yozadi. Tabiat insonning ichki dunyosidagi koʻp jihatlarni ochib berishini oʻz vaqtida payqagan va ushbu jihatlarni oʻz ijodida aks ettirishga intilgan adiblar sirasiga Prustni ham bemalol kiritishimiz mumkin.

“Nuvel revyu Fransez” jurnalning 1923 yil yanvar sonida, yaqindagina vafot etgan Prust xotirasiga bagʻishlab muxlislardan kelgan “Oltmishta yoqlov soʻzi” bosilib chiqqach, “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” deb nomlangan ulkan asar muallifining shuhrati butun jahonga yoyildi. Adib hayoti va ijodiga bagʻishlangan ilmiy ishlarni birma-bir sanab oʻtish ancha vaqtni talab etadi. Klod Moriak, Emil Anrio, Andre Morua, Rolan Bart, Andre Jermen, Sharl Bryunon, V. V. Nabokov, S. G. Bocharov, M. K. Mamardashvili, M. V. Tolmachyov kabi yozuvchi va munaqqidlarning Prust haqidagi keng eʼtirof etilgan tadqiqotlarini koʻrsatib oʻtish bilan cheklanamiz. Bu tadqiqotlarda adibning XX asr modernizm adabiyoti yalovbardori, modernistik proza anʼanalarining asoschisi ekanligi atroflicha tadqiq qilingan.

Vaholanki, ayrim chet ellik adabiyotshunoslar fransuz modernizm solnomasini Prustdan emas, balki Andre Jidning “Qalbaki pul yasovchilar” romanidan boshlangan, deyishga odatlangan. Bu qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini aniqlashga urinmaymiz, faqat aytib oʻtmoqchimizki, bu konsepsiyada ham “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” romani Kamyu ijodigacha boʻlgan yoʻlda, qolaversa, modernizm adabiyoti taraqqiy etishida muhim bosqich boʻlib qolaveradi. Alhosil, 1950 yillarda ekzistensializm tarafdor(Jan-Pol Sartr, Alber Kamyu, Simona de Buvuar)larini maydondan siqib chiqargan “yangi roman” maktabi namoyandalari Alen Rob-Griye, Natali Sarrot va Mishel Byutor hech ikkilanmasdan Prustni oʻzlariga ustoz, deb bilganlar.

Taʼkidlash joizki, Prustning “ong oqimi” badiiy uslubi, nafaqat, fransuz, balki XX asr Gʻarbiy Yevropa adabiyotida psixologik roman janri rivojiga katta taʼsir koʻrsatganligi, shubhasiz. Adibning inson ruhiyati, his-tuygʻu va ichki kechinmalar dunyosini teran tasvirlashi vaqt oʻtib, realizm tarafdorlari boʻlmish Stefan Sveyg, Fransua Moriak, Alberto Moraviya kabi qalamkashlar tomonidan chuqur oʻzlashtiribgina qolmasdan, balki ular ijodida oʻziga xos koʻrinishda namoyon boʻldi. Shunga qaramasdan, Prust izdoshlari, xususan, “yangi roman” maktabi yozuvchilari uning uslubiga taqlid qilisharkan, bugungi kun odami obrazida Prust qahramonlarining maʼnaviy-ruhiy qiyofasini va ularning dunyoga boʻlgan munosabatini tasvirlab xatoga yoʻl qoʻyishmoqda. Sinchkov razm solsak, zamonaviy odamning murakkab maʼnaviy dunyosini rangsiz va nursiz qilib koʻrsatganliklarini, insonning murakkab va serqirra feʼl-atvori, xatti-harakati, yuksak idealga intilishlarini, dunyoni his etish va tushunishini juzʼiy va ahamiyatsiz fikr-mulohaza, subʼyektiv mushohadalari bilan almashtirganliklarini payqab olish qiyin emas. Shu tariqa, bugungi kun qahramoni oʻz davrining tarixiy aniqligini, muayyan davrda yashaganligini batafsil anglashidan forigʻ boʻlgandek tuyuladi. Bu muhim jihat Prustning oʻziga xos dunyoni his etishida, unga oʻz munosabatini bildirishida, qolaversa, dunyoqarashida yuksak baholangan va qadrlangan. Eng muhimi, oʻz davrining tarixiy aniqligini, muayyan davrda yashaganligini chuqur tushunish, shunga qarab oʻz hayotiy maslaklarini, hayotdagi yoʻlini tanlab olib, undan ogʻmasdan oxirigacha bosib oʻtish jarayonini Prust “yoʻqotilgan vaqt”ning aniq alomatlariga ega yetti romandan iborat turkumida turli koʻrinishlarda tasvirlagan boʻlsa, ajab emas.

 

Muhammadjon XOLBEKOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/marsel-prust-prozasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x