Islom dini rivoji va islom tarixshunosligida munosib oʻrin tutgan allomalarning aksariyati biz bilan siz yashab turgan ona zamin bagʻrida yashab oʻtgan. Muqaddas Islom dini arkonlarini oʻrganishga boʻlgan talab, ushbu dinga eʼtiqod qilina boshlanganidan buyon davom etib keladi. Chunonchi, Yassaviy, oʻijduvoniy, Najmiddin Kubro, al Buxoriy, Imom at-Termiziy, Hakim at-Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi zabardast tasavvuf ilmi namoyandalarining bepoyon ilmiy merosi islom olamida katta mavqega ega. Bu ulugʻ zotlarni oʻrganish va ular mangu qoʻnim topgan qadamjolarni koʻrishni orzu qiladiganlar dunyoning har yerida topiladi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab buyuk ajdodlarimiz merosini va qadamjolarini qayta tiklashga katta eʼtibor qaratildi. Mamlakatimizda ilm-maʼrifat yoʻlini tanlab, yuksaklikka erishgan ajdodlarimiz shunchalik koʻpki, ularni sanab oxiriga yetish qiyin. Jumladan, poytaxtimiz Toshkent ham musulmon olamida muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent zaminida oʻndan ziyod aziz avliyolar, islom dini va milliy qadriyatlarimiz rahnamolari yashab oʻtgan. Ana shunday ulugʻ ajdodlarimizdan biri – Suzuk ota Mustafoqulidir.
Suzuk ota Mustafoquli 1140 yilda Sayramda tugʻilgan. Xoʻja Ahmad Yassaviyning qizlari Gavhari Xushtoj (Xushtari)ning kenja farzandi boʻlgan. Balogʻat yoshiga yetganida otasining yoʻllanmasi bilan Toshkentning Beshyogʻoch dahasidagi Chuqur koʻprik, Mirlar va Chaqar mahallasi oraligʻidagi joylarga kelib qolganlar. Bolalik chogʻida bobosi u kishini erkalab “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!”, degani bois atrofdagilar ham uni shu ism bilan chaqira boshlagan. Toshkentga koʻchib kelganidan keyin u kishi Yassaviy taʼlimotini yanada mustahkam oʻrganishga kirishadi. Shu bilan birga Toshkent soʻfiylariga Yassaviya tariqatining mazmun mohiyati borasida saboq beradi. Muhtaram zot diniy taʼlim berish bilan birga hunarmandchilik sirlarini ham yaxshi bilgan. Oʻz bilganlarini shogirdlariga ham oʻrgatgan. Umrining oxiriga qadar Toshkentda yuzlab shogirdlarga ilm berib, ularni hunarga, halol mehnatga boshlagan. Karomatlar sohibi, aholining dono maslahatgoʻyi, hunarmandlar ustozi, toliblarning pir-murshidi boʻlgan Suzuk ota 1217 yili vafot etgan. Toshkentning usta hunarmandlariga juda katta ehtirom koʻrsatgani uchun tabarruk zot yashagan hudud vafotidan soʻng Suzuk ota nomi bilan atala boshlagan.
U kishi dafn etilgan Maqbara Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan. Taʼkidlash joizki, aksariyat yurtdoshlarimizda Suzuk ota haqida yetarli maʼlumot yoʻq. Buyuk vatandoshimiz merosini oʻrganish ham haminqadar. Ammo u kishining islom dini va tasavvuf olamida tutgan oʻrni juda yuqori. Ahmad Yassaviyning nevarasi boʻlgani uchun emas, balki islom dini rivojida munosib hissa qoʻshgani va milliy qadriyatlarimizni ulugʻlagani uchun xalq orasida shuhrat qozongan.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, istiqlol yillarida mamlakatimizda vijdon erkinligi, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini taʼminlash, ularning qonuniy asoslarini yaratish va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Imon-eʼtiqod, mehr-oqibat, muruvvat kabi fazilatlar xalqimiz maʼnaviy hayotini yuksaltirishda muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Yurtimizda barcha moʻmin va muslimalarning islom diniga eʼtiqod qilishi hamda taʼlim olishi uchun barcha imkoniyatlar bor. Bu oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun bilan mustahkamlangan.
– Ushbu masjid va maqbara maʼnaviyatimizni yanada yuksaltirishga, yurtimizda ezgulik nurini ziyoda etishga xizmat qilishi kerak. Bu yerda hunarmandlar markazi va kutubxonasini tashkil etish lozim, – dedi, mamlakatimiz rahbari yaqinda Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan iqsodiy-ijtimoiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida Shayxontohur tumanida boʻlib mazkur hududda joylashgan “Suzuk ota” maqbarasi va jomeʼ masjidiga tashrif buyurganlarida.
Prezident ushbu majmuani koʻzdan kechirarkan, poytaxt mutasaddilariga maqbara va masjidni rekonstruktsiya qilish, atrofini obodonlashtirish boʻyicha tegishli vazifalarni berdi.
Mazkur tarixiy maskan mustaqillik yillarida qayta tiklanib, bir muncha obodonlashtirilgan. Biroq, ushbu muqaddas qadamjoni yanada obod etish, bu joyni Xastimom majmuasidan qolishmaydigan darajadagi ziyoratgohga aylantirish zarurligini alohida taʼkidlar ekan, Yurtboshimiz majmua atrofida hunarmandlar markazini tashkil etish gʻoyasini oʻrtaga tashladi.
“Suzuk ota” mahalla fuqarolar yigʻinida ayni paytda besh mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla aholisining aksariyati hunarmandlik, duradgorlik, oʻymakorlik bilan shugʻullanadi. Ular bir necha avlod sulola vakillaridir.
– Tarixiy manbalardan yaxshi maʼlumki, Sohibqiron Amir Temur tasavvuf ilmining yirik namoyandasi Ahmad Yassaviy mangu qoʻnim topgan makon Turkistonda maqbara qurdirgan, – deydi “Suzuk ota” jomeʼ masjidi imom xatibi Ayubxon Soʻpiyev. – Qoʻshni yurt hududidagi mazkur majmua hozirgi kunda ham sayyohlarni oʻziga jalb etib kelmoqda. Yassaviyning nevarasi Suzuk ota sharafiga ham sohibqiron bobomiz tomonidan 1363–1364 yillarda maqbara va masjid bunyod etilgan. Ushbu noyob tarixiy-meʼmoriy obidada 1936 yilga qadar juma namozlari oʻqilgan. Shundan keyin, to mustaqillikkacha boʻlgan davr mobaynida mahalliy sanoat sohasidagi turli korxonalarning sexlari ish yuritdi. Natijada, tarixiy obidaning noyob va nafis qiyofasi yoʻqolib xarobaga aylandi. Mustaqillikdan soʻng muqaddas qadamjo binosidan korxonalar koʻchirilib, masjidni tiklash ishlari boshlab yuborildi. 1998 yil boshida majmuaning xonaqoh qismi taʼmirlanib, masjid rasman qayta faoliyat yurita boshladi. Bundan tashqari, 2010 yilda ham mahalla fuqarolari va homiylar koʻmagida masjid hududida obodonlashtirish va rekonstruktsiya vazifalari bajarilgan. Yana shuni qoʻshimcha qilish kerakki, XX asrdan boshlab Suzuk ota mahallasi nomi bir necha marta “Bauman”, “Qahramon” va “Obod” deb oʻzgartirilgan. 1992 yildan boshlab esa mahallaga tarixiy – Suzuk ota nomi qaytarildi. Bobomiz Amir Temur tomonidan bunyod etilgan masjid va maqbaraning asosiy qismlari bugungi kungacha saqlangan.
Albatta, oʻzining boy tarixi va maʼnaviy merosini avaylab-asragan, chuqur oʻrgangan millatning poydevori mustahkam boʻladi. Vatan taraqqiyoti va rivoji yoʻlida olib borilayotgan islohotlarda yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashda ajdodlarimiz ruhi madadkor boʻladi.
Jobir XOʻJAQULOV
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/suzuk-ota-usta-hunarmandlar-piri/