Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek NAZARBEKOV bilan suhbat
Qoʻshiqchilik sanʼatimiz xazinasi juda boy. Koʻp asrlik musiqiy merosimiz yoʻqolib ketmasligi uchun mumtoz ohanglar uygʻunligida bastakoru xonandalar yangi-yangi qoʻshiqlar yaratib kelmoqda. Yaxshi qoʻshiqqa esa hamisha ehtiyoj katta. Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov kuylagan qoʻshiqlar nafaqat milliy bayramlarimiz, balki toʻy-tantanalarimizga ham fayzu tarovat bagʻishlab turibdi. U oʻziga xos xonish bilan mumtoz sheʼriyatimizning durdonalaridan boʻlmish Bobur Mirzo gʻazallari asosida aytgan ashulalari elga manzur boʻldi. Yaxshi qoʻshiq yaratish uchun, hech shubhasiz, isteʼdod kerak, lekin oʻz ijro talqiniga ega boʻlish, ayniqsa, mumtoz ashulalarning matnini toʻgʻri va aniq talaffuz qilish, shunga qarab ovoz diapazonini sozlash uchun isteʼdodning oʻzigina kifoya qilmaydi, chuqur bilim va mehnat ham kerak.
– Isteʼdod Yaratgan tomondan insonga berilgan ilohiy neʼmat. Bu kuchni toʻgʻri yoʻlga boshqarish uchun oʻtkir zehn va imkon kerak. Meni sanʼatga yetaklagan qudrat ham musiqaga boʻlgan cheksiz mehrim – oʻziga tortgan, sehrlagan va hayotim mazmuniga aylangan, – deydi biz bilan suhbatda el ardogʻidagi sanʼatkor Ozodbek Nazarbekov. – Oilamizda sanʼatkor boʻlmagani uchun ota-onam meni turli sohalarga yoʻnaltirgan. Lekin qalbim doim sanʼat bilan urgan, qachondir, qayerdadir orzularim ushalishiga ishonganman, yurakdan kuylashga harakat qilganman, ovozim qalblarga yetib borishiga umid bogʻlaganman. Bolalik va oʻsmirlik chogʻlarim kechgan vodiy azaldan olimu shoirlar, sanʼat ustalari, hunarmand va rassomlarning beshigini tebratib kelgan. Shahrixondagi kosiblar mahallasidan tortib, tandir-oʻchoqchi, pichoqchilarning ustaxonalarigacha borib, ularga shogird tushganim, ijodidan ilhomlanib qoʻshiq xirgoyi qilganlarim, borgan sari sanʼat kuchini his etganim – oʻn besh yoshimda qoʻshiqchi boʻlishim kerakligini uzil-kesil hal qilishimga madad bergan. Toʻgʻri, qoʻl hunarining ham oʻziga xos jozibasi bor. Ayniqsa, ustalar yasagan buyumlar tabiiyligi bilan betakror. Qoʻshiq esa boshqa bir olam. Sanʼatning qaysi yoʻnalishida kuylashingizdan qatʼi nazar, qoʻshiqdan qoʻshiqqa yuksalib borasiz, har bir qoʻshiq moʻjizalar moʻjizasi boʻlib tuyulaveradi. Ustoz sanʼatkorlarning ijod maktabidan bahramand boʻlib, ulardan oʻrgangan ashula va ijro yoʻllarini oʻz ovozim bilan boyitishga harakat qilyapman. Agar ijod yoʻlida qanday muvaffaqiyatga erishgan boʻlsam, avvalo, hunar oʻrganish jarayonida odamlarning maʼnaviy ehtiyoji, ichki dunyosi va orzu-umidlarining ichida yashaganim, oʻzimni butunlay sanʼatga topshirganimda, deb bilaman. Har bir qoʻshigʻim avvalgisidan yaxshiroq, bunisi undan ham kuchliroq boʻlishi, eshitgan odamning dili, vujudi, ruhini koʻtarishi uchun izlanaman. Ilhom manbai xalqim. Oʻzidan olib kuchni oʻziga berish – qalbimga cheksiz quvonch bagʻishlaydi.
– Sanʼatkorning jamiyat oldidagi vazifasi ham buyuk. El-yurt sharafiga esa qoʻshiqchilik taqdiriga yozilgan, hayot sinovlariga yengilmagan, ogʻir kunlariga chidagan insongina munosib koʻriladi. Buni oʻziga yorliq qilib, ayni chogʻda, sanʼatkor boʻlolmasdan umrini behuda sovurayotganlar ham yoʻq emas. Lekin siz Xudo bergan isteʼdod va mashaqqatli yoʻllar bilan shu kunlarga yetib kelganingizni yaxshi bilamiz. Bugun ana shu yuksak shaʼnni himoya qilish ham oson boʻlmayotgani, buning zamirida Vatanga cheksiz muhabbat, sanʼatga baxshida umr, qolaversa, katta fidoyilik yotgani haqida soʻzlab bersangiz.
– Polvonlar elu yurt shaʼni bilan birga, oʻzining or-nomusini ham himoya qilish uchun maydonga tushadi. Ijod maydoniga shunchaki hordiq chiqarish yoki sayr qilish emas, koʻchadagi shovqinlardan qudratli, soʻzdan ham kuchliroq tuygʻularni oliy darajaga olib chiqish, sanʼatning sehri, jozibasi, ilohiy moʻjizasini qalblarga olib kirish uchun kiriladi. Xizmatimizning buyukligi ham aynan – shunda. Bu yoʻlda sadoqat ham, xiyonat ham bir qadam turadi. U yoki bu sabab el nazariga tushish yoxud bundan mosuvo boʻlib qolish hech gap emas. Chunki har bir qoʻshiq sanʼatkorning maʼnaviy qiyofasini belgilaydi. Til, madaniyat, adabiyot va sanʼatdagi oʻzgarishlar millionlarning did va saviyasiga qaysidir maʼnoda taʼsir koʻrsatishi mumkin. Gohida oʻylab qolaman: vaqt oʻtib, biz kuylagan qoʻshiqlar musiqa merosimizdan munosib joy olarmikan?! Bugun tinglovchiga oʻzi qanday kuy-qoʻshiqlar yoqadi? Mumtozmi, anʼanaviymi, zamonaviy? Yillar, asrlar oʻtib, qay biri boqiy qoladi, qaysinisi unutilib ketadi?! Turfa xayollar bilan sanʼatga, madaniyatga munosabati yuksalib borayotgan xalqning maʼnaviy ehtiyojlari bilan qiziqaman. Toʻgʻri, hammaning bir xil koʻnglini olish qiyin. Lekin sanʼatkor oʻz nomi bilan sanʼatkor! Sahna, ijod, hayotda boʻladimi, bundan qatʼi nazar, odamlar tafakkurida noxush iz qoldiradigan xatti-harakatlar qilish – bizga eʼtiqod qoʻygan muxlislarga xiyonat, deb bilaman. Chunki xalqimiz oʻzining peshqadamlarini baland eʼtiqod bilan yaxshi koʻradi, ijodini katta qiziqish bilan kuzatib boradi. Masalan, quvonchli kunlarida xizmatga borganimizda, oyogʻimiz ostida qoʻy suyishlari yoki endigina tugʻilgan chaqalogʻini qoʻlimizga berishlari, shaxsan tanish boʻlmasa-da, ismimizni havas bilan farzandiga qoʻyishlari – qaysi millatda bor bunaqa mehr-oqibat! Yelkamizda ana shu sof tuygʻularga xiyonat qilmaslik burchi ham turibdi. Koʻpincha yosh sanʼatkorlar bunga nopisand qarashi yoki bundan haddidan oshib ketishi – boshqalarni ham beburd qilib qoʻyayapti. Baʼzida esa muxlislar haqiqatning tagiga chuqur yetib bormasdan, oʻzi qadrlab kelgan sanʼatkorni el-yurt oldida noqulay vaziyatga solib qoʻyayotgani hafsalamizni pir qiladi. Bir qaraganda, bosiqlik, xushmuomalalik, fidoyilik, olijanoblik osondek tuyuladi. Lekin bu hayotdagi eng mushkul va juda zarur boʻlgan insoniy fazilatlardan biri. Ayniqsa, sanʼatkorning irodasi poʻlatdan boʻlishi kerak. Taqdir bizga shuncha obroʻ-eʼtibor, el nazariga tushishdek baxtni nasib qilgan ekan, zamondoshlarimiz talabi, ha, talabidan kelib chiqqan holda ijod qilishga majburmiz. Lozim topilganda, oʻzimizning hoyu havaslardan balandda turib, oromdan kechib boʻlsa-da, faqat goʻzal kuy va qoʻshiqlarni hukmiga havola etishdan toʻxtamasligimiz kerak. Bizdan qoladigan narsa shu! Ayrimlar buning mohiyatiga yetmasdan: “…men erkin odamman, sahnaga oʻzim istagan kiyimda chiqaman yoki xohlagan gapimni gapiraman”, deb oʻz bilganidan qolmasligi tarbiyasizlikdan boshqa narsa emas. Yasamalik, sunʼiylik, kibr-havo insonga hech qachon obroʻ keltirmagan, bundan keyin ham keltirmaydi.
Istiqlol sharofati bilan xalqimizning buyuk orzulari ushaldi. Dunyoga oʻzligimizni namoyon etish uchun jahon darvozalari ochildi. Bu eshiklardan ilm, fan, texnika yangiliklari bilan birga, “ommaviy madaniyat” niqobi ostida maʼnaviyatimizga yot tushunchalar, beparda musiqiy ohanglar, qiliqlar, oʻta zamonaviy kiyimlar ham kirib kelgani hech kimga sir emas. Yoshlarimiz barchasini koʻr-koʻrona oʻzida sinab koʻrayotgani, ehtirosu jazavalarga berilib sahnadan tortib, ekrangacha olib chiqayotgani, bundan hatto ota-onalari ham xijolat chekayotgani tashvishlanarli hol, albatta. Bunga qatʼiyan yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Hali ham imkon bor. Agar “Oʻzbekkontsert” qoshida maʼnaviyat kursi tashkil etilib, unga maʼnaviyatimizning targʻibotchilari taklif qilinsa, ular yosh estrada xonandalari bilan muntazam ravishda muloqot olib borishsa, bunday bemaʼniliklar oʻz-oʻzidan barham topishiga ishonaman. Sanʼatni sevgan insondan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Vazifamizning ulugʻligi ham shunda.
– Bugun qoʻshiqchilikka katta sanʼat choʻqqisidan qaralayotgani bejiz emas. Siz kabi ertasi bor sanʼatkorlar koʻp. Lekin aksariyatida soʻzni his qilish, undan oʻz oʻrnida foydalanish mahorati yetishmasligi chetdan qaragan odamga bilinadi. Buni musiqa ohangi yoki raqs bilan oʻtkazib yuborish mumkin. Ammo koʻngilga oʻtirmagan narsa baribir toʻqmoqdek turaveradi. Bu boshqalarni ham chalgʻitishi mumkin. Siz yuqorida taʼkidlagandek, ayrim yoshlarimiz eshik ochilgan paytda sanʼatga kirib kelgan har xil uslublarni qay biri qiziqroq, qaysini xalq tezroq qabul qiladi, deya shoshilib, soʻz, ovoz ustida ishlamay qoʻydi. Asosan, ularni musiqiy ritmlar tortib ketayapti. Boz ustiga, bu kuylar ham oʻzimizniki emas.
– Bunga javob berish ancha mushkul, negaki, bu gaplar haqiqat, juda koʻp muhokama qilingan, ammo haligacha ijobiy tasdigʻini topmagan. Bugun sanʼat ahli oʻz ijodi bilan maʼnaviyatimizning yuksalishiga xizmat qilyaptimi yoki sayozlashib ketishiga, degan savolni avvalo, har birimiz oʻzimizga berishimiz kerak. Jamiyat oldidagi burchimiz hayotdan doim oldinda yurish, zamon bilan hamnafas ijod qilishdan iborat. Xoʻsh, bu vazifani kim qanday bajarayapti?! oʻalvir suvdan koʻtarilganda, yana kimdir dakki eshitadi, litsenziyasi olib qoʻyiladi, koʻplarning bundan norozi ekani yuzidan sezilib turadi. Nega shuncha qatʼiy choralar bilan ham sohamizdagi kamchiliklar bartaraf boʻlmayapti? Keyingi yil, undan yanagi yil yosh sanʼatkorlar yana shu muammo bilan kelyapti, matbuot ham bu masala bilan jiddiy shugʻullanayapti, lekin barcha harakatlar zoye ketayapti. Menimcha, bu tanglikdan chiqishning bir yoʻli bor. Aniq taklifga oʻtsak, yurtimizda qanchadan-qancha ovoz yozish studiyalari faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bunga joylardagi mutasaddilar ruxsatnoma bergan, lekin bu yerda tayyorlanayotgan SD va DVD albomlarning sifati bilan shunchaki yoʻligagina ham qiziqishmaydi. Ularga faqat studiyalardan keladigan daromad muhim, “koʻcha qoʻshiqlari” uchun “Oʻzbekkontsert” javobgar boʻlib qolyapti. Unga esa maza-matrasiz xirgoyilarni doim nazorat qilib borish uchun vakolat berilmagan. Nazarimda, respublikamizdagi barcha ovoz yozish studiyalarini “Oʻzbekkontsert” oʻz ixtiyoriga olgani maʼqul. Mayli, hokimiyat tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, boʻsh disklarni koʻpaytirish uchun litsenziya beraversin, ammo ichidagi mahsulot uchun “Oʻzbekkontsert” ruxsatnoma berishi shart. Agar ijodiy studiyalar nizomiga oʻzgartirish kiritib, oʻsha yerdan bir shoir, bir bastakor, bir muharrir maosh oladigan darajada qancha tez sharoit yaratib berilsa, shuncha chalajon qoʻshiqlar tugʻilmasdan bartaraf etiladi. Sanʼat haqida hali dunyoqarashi shakllanmagan, ijod maydoniga endi kirib kelayotgan yoshlardan chinakam sanʼat, katta madaniyat, umuman, yetuk shaxsni talab qilish befoyda, deb oʻylayman. Ulardan talab qilinsa, bular bir narsani biladi, demak, qayerdadir kamchiligim bor demasdan, “buning nimasi yomon, hamma oʻzi qoʻshiq yozib, oʻzi klip olib, oʻzi ommaga tarqatayotgan boʻlsa”, degan turfa xayollar bilan eʼtiroz bildirishi tayin. Bilmaydiki, bugun ommaviy boʻlib tinglanayotgan narsani ertaga birov eshitadimi, eshitmay qoʻysa ham unga hech narsa emas. Radio, televideniye bermasa, internet bor. Virtual olamda esa nazorat yoʻq. Qoʻshiq tarqatishning imkoniyati cheksiz va yoʻllari koʻp. Agar ularni ovoz yozish studiyalarida tarbiyalab borsak, bir-ikki yil ichida bugungi ahvol oʻnglanib ketadi.
– Yurtimizda uch yuzdan ortiq musiqa maktablari, qancha madaniyat va sanʼat kollejlari, oliy oʻquv yurtlari mavjud. Ularda oddiy bolalar tahsil olayotgani yoʻq. Hammani norozi qilayotgan ana shu muammolarni oʻsha yerda hal qilishning iloji bormi? Agar boʻlsa, bunga nima xalaqit berayapti?
– Albatta, sanʼat taʼlim maskanlarida isteʼdodli bolalar tahsil olayapti, lekin shunday qobiliyat egalari ham borki, ularga yoshligidan eʼtibor berilmagan. Deylik, bunga oilaviy sharoiti yoʻl qoʻymagan. U oʻn sakkizga kirganda, sanʼatkor boʻlishga ahd qildi. Tugʻma talant, musiqaga mehri baland, sanʼatni hayotidan ortiq sevadi, shundan boshqa kasb qoʻlidan kelmaydi. Radio, televideniyega chiqolmasa ham toʻylarda yoki shunchaki ijodiy davralarda qoʻshiq aytib oʻzi uchun oʻzi kurashib yuribdi. Agar u oʻzini sanʼatga bagʻishlayman desa, biz uning yoʻlini toʻsolmaymiz. Garchi ilmi, saviyasi, mahorati yuksak darajada boʻlmasa-da, unda bir gap bor. Ehtimol, oʻsha sanʼatkor olis kelajakka yetib boradigan qoʻshiqlar yaratib, sanʼatimiz obroʻ-eʼtiborini yuksakka koʻtarar. Biz buni ham bilmaymiz. Yana oʻsha gap. Agar ularni joylardagi ovoz yozish studiyalarida tarbiyalab borsak, yaxshi qoʻshiqlar koʻpayishi, ijodiy jarayon ham oʻnglanib ketishi mumkin. Ular xom-xatala narsalari bilan davramizga suqilib kirmasdan turib, yonimizga chorlasak, tinglasak, tarbiyalasak, qoʻllasak, asrasak, oʻzi yoʻlini topib ketadi. Azaldan Sharqda oʻqiganlardan shogird tushgan sanʼatkorlar peshqadam boʻlib kelgan. Chunki ular ota-bobolari qonidagi sanʼatni yuzaga olib chiqadi. Mana siz ham mumtoz ohangdagi ashulalar boqiyligi haqida gapirayapsiz, lekin meni koʻproq bularni maromiga yetkazib kuylaydigan sanʼatkorlar qoldimi, degan savol qiynaydi. “Ushshoq”, “Dugoh”, “Segoh”, “Guluzorim”larni qizgʻonib oʻzimizniki deganimiz bilan teranligini anglamasak, bundan bizga qanday naf bor? Afsus bilan aytamanki, mumtoz kuy va ashulalarimizdan uzoqlashib ketayapmiz. Chunki qoyil qilib ijro etadiganlar kam.
– Toʻgʻri, hozir mumtoz ohangdagi ashulalarni boshqani qoʻya turing, hatto oʻzimiz ham eshitmay qoʻydik. Nahotki, milliy ohanglarimizni tushunmay qolish darajasida saviyamiz tushib ketgan boʻlsa?! Ota-bobolarimizdan qolgan plastinkalarni asrab yurganimiz bilan uni tinglamasak, anglamasak, kim tinglaydi, kim anglaydi? Nega oʻzligimizni saqlab qolishga harakat qilmayapmiz?
– Juda ogʻriqli, alamli, yurak qoni bilan yaralgan ohanglar, ne-ne zahmatlar evaziga xalqimizga qaytarilgan shunday boy xazinaga hech kim intilmasa! Xudo bergan sanʼatimiz bor, bundan unumli foydalana olmayapmiz. Ayniqsa, maqom yoʻnalishidagi ashulalar jar yoqasiga kelib qoldi. Hozir buni tushunadigan, ijro etadigan sanʼatkorlarni tarbiyalash osonmas. Lekin aytib qoʻyay, bolaligimizda toʻyga borsak, oʻldim deganda, besh-oltita mumtoz ashula aytilardi. Mehmonlar ohangiga chayqalib oʻtirar, oʻrtada ozgina oʻyin-kulgi boʻlar, undan keyin yana klassikaga oʻtilardi. Hamma bu qoʻshiqlarni teran anglab yetmasa-da, hofizlarimiz jon-jahoni bilan kuylardi. Har holda, men shunday ijodiy muhitda ulgʻayganman. Ularga gʻoyibona ergashganim anʼanaviy ijro yoʻlini tanlashimda qandaydir koʻprik boʻlgan. Hozir bu narsalar “urf”dan chiqib ketdi. Oddiy misol, hozir toʻyga borib, “Qora koʻzim” yoki “gʻamzasin sevding koʻngul”ni aytishdan boshlasak, mehmonlar har tomonga tarqab ketadi. Boshqani qoʻya turing, mumtoz ohangdagi ashulalarimizni hatto oʻzimiz ham eshitmay qoʻyayotganimiz haq gap. Chunki maqom bitta doira bilan tanburda qolib ketdi. Masalan, opera sanʼati dunyoga kelgan paytida ham zamonaviy cholgʻu asboblari boʻlmagan. Lekin u yillar davomida orkestr bilan zamonaviy qilib kiyintirildi. Agar maqomimiz ham orkestrga oʻtkazilib, milliy kuylarimizdan birortasini yuzta skripkachi chalsin, hamma “dod” deb yuboradi. Dunyodagi mashhur sanʼat saroylari – “La Skala” deysizmi, “Kreml teatri”mi, bundan qatʼi nazar, mumtoz kuylarimizni gʻarbliklar ham yaxshi koʻrib eshitadigan holatga keladi. Oʻzining milliy kuy-qoʻshiqlari, cholgʻu asboblariga ega boʻlgani bilan Ozarboyjon, Eron, Hindiston ham zamonaviy sanʼat asboblaridan oʻz oʻrnida foydalanyapti. Hatto arablar mumtoz qoʻshiqlarini orkestr joʻrligida ijro etyapti. Bizning boshqalardan nima kamimiz bor desak, milliy ohanglarimizni joyiga qoʻyib kuylash, avj pardasi qayerda koʻtarilishi yoki musiqiy ritmi joylashishini bilish uchun milliy notalarga ehtiyoj seziladi. Bir paytlar Forobiy bobomiz bizga buni yaratib bergandi, faqat qogʻozda saqlanib qolmagan. XVII–XVIII asrlarda millatlarning kuy-qoʻshiqlari roʻyxatga olina boshlaganda, sanʼatimiz boshqa xalqlar tomonidan isloh qilingan. Milliy cholgʻu asboblaridan tortib, ashulalarimizgacha pianino notalariga moslashtirilgan. Abdurauf Fitrat oʻzbek klassik musiqasi deb shashmaqomni aytgani uchun millatchilikda ayblangan. Ustozimiz Yunus Rajabiy buni endi qogʻozga tushirishni boshlaganda, shoʻro tuzumi yoʻl bermagan. Hatto Turgʻun Alimatov tanbur chalgani uchun javobgarlikka tortilgan. Cholgʻu asboblari ichidan tanburni yasama, soxta, deb chetlashtirishgan. Vaholangki, oʻzbek ohanglarini tanbur toʻliq chiqarib bera oladi. Hazrat Navoiy davridan to hozirgacha kuylanib kelinayotgan gʻazallar oʻzimizning oʻsha notalarda yozilgan. Masalan, “Qora koʻzim” ohangi Yevropa notasida yoʻq, istagan taqdirda ham buni chiqarib berolmaydi. Umuman, maqom butun yer yuzida yoʻq. Oʻzbek milliy notasini qayta koʻrib chiqish zarur. Rajabiylar xonadoniga borganimda, farzandlari bilan shu borada koʻp gaplashamiz. Oramizda buni tushunadiganlar juda oz qoldi. Nazarimda, biror institut qoshida ilmiy laboratoriya tashkil etilib, barcha mumtoz asarlarni bir joyga toʻplash, katta hofizlarning ijodiy maktabini oʻrganish, musiqiy merosimizni tiklashni yoʻlga qoʻyish kerak. Hech boʻlmasa, sanʼatimiz fidoyilari qardosh mamlakatlarga borib, ular milliy sanʼatini qanday asrab qolganini oʻrganib kelish, tilimizda boru nazariy asoslari qogʻozga tushmagan musiqiy ritmlarni joyiga qaytarishga bosh-qosh boʻlsa, yaxshi boʻlardi. Chunki Forobiy, Fitratlar yonib-kuyib yaratgan, tiklashga harakat qilgan notalarning aksariyati oʻsha mamlakatlarning sanʼatida saqlanib qolgan. Bunga juda koʻp narsa kerakmas, shunchaki fidoyilik, jonbozlik va eʼtibor boʻlsa kifoya. Shunda hammasi oʻz oʻrniga tushib ketadi.
– Bugun ommaviy axborot vositalarisiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz. TVdan musiqiy merosimizni targʻib etish maqsadida koʻpincha madaniy koʻrsatuvlarga sanʼatkorlar taklif etiladi. Ular hayoti, ijodidan tashqari, lozim boʻlganda, bittadan mumtoz ashulalardan aytib bersa, oʻsib kelayotgan avlodning qulogʻi mumtoz ohanglarimizni tinglashga oʻrganardi. Nega shunday boʻlmayapti?
– Bu bilan dardxonamni ochib yuborayapsiz. Toʻgʻri, TVda sanʼatimizni targʻib qilish imkoniyati cheksiz. Lekin targʻibotni bogʻcha, maktabdan boshlashimiz kerak. Masalan, maktabni bitirgan oʻquvchi qaysi oliygohga oʻqishga kirishdan qatʼi nazar, ona tilidan imtihon topshiradi. Sanʼat haqidagi bilimlarga ham boshlangʻich taʼlimdan qancha eʼtibor bersak, shuncha yoshlarimizning musiqiy did-saviyasi shakllanadi. Taʼlim maskanlarida qanchadan-qancha cholgʻu asboblari bor, sanʼat toʻgaraklari faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Qoʻshiqchiligimizning qaysi yoʻnalishi boʻlishidan qatʼi nazar, nazariy jihatdan puxta musiqiy darsliklar oʻtilsa, bolalar klassikamiz tarixi bilan birga, yengilroq ashulalarni ham oʻrganishi aniq. Umuman, mumtoz ashulalarni asrab qolish uchun soha mutaxassislariga suyanishimiz kerak. Sanʼat oliygohlarida anʼanaviy yoʻnalishda tahsil olgan yoshlarimiz koʻp. Ular faqat nahorgi oshga boradi, boshqa paytda bekor yuribdi. Bularni oʻsha sanʼat dargohlariga jalb qilib, oʻzbek sanʼati obroʻ-eʼtiborini koʻtarish kerak. Hozir mumtoz yoʻnalishdagi sanʼatkorlarni qoʻya turing, anʼanaviy va zamonaviy estrada xonandalarining qarashlari, qiziqishlari va harakatlari oʻrtasida katta tafovut bor. Oʻrni kelsa, bir-birining sanʼatini tan olmaydi. Agar maʼnaviyatimiz targʻibotchilari tomonidan bu masalalar atroflicha oʻrganib chiqilsa, bunday tushunmovchiliklar kelib chiqmaydi.
– Xalqning nazari va buni qadrlash masalasi haqida ham bir-ikki ogʻiz gapirsangiz.
– Necha asrlar davomida xalqimizning qonida oqayotgan shunday katta maʼnaviy boylikni oʻziga qaytarishdek baxt menga nasib etganidan xursandman. Hayotimda nimaga erishgan boʻlsam, avvalo, ularning eʼtibori, qoʻllab-quvvatlashi bilan amalga oshdi. Bu xayrixohlik sanʼatkorga havodek zarur, eng katta boyligi ham shu. Agar xalq uni suyib tinglamasa, oʻnta odamning ham nazariga tusholmaydi. Bu yoʻlda hech narsaga erishmasdan oʻtib ketayotganlar qancha. Eng huzurbaxsh tomoni, sanʼatkor kontsertiga muxlislarni reklama orqali taklif qiladi. Yurtimizning olis goʻshalaridan muxlislar katta sarf-xarajat qilib, kunlab, oylab kontsert zallarini toʻldirib oʻtirishadi. Xalqning bir qarzdor farzandi sifatida ularga xizmat qilish burchim. Qoʻlimdan kelgancha, ijod mahsullarim bilan kayfiyatini koʻtarishga harakat qilyapman. To umrimning oxirigacha sahnada boʻlishga, agar sahnani boʻshatib berish vaqti kelganda ham, eshikma-eshik yurib boʻlsa-da, yuqoridagi masalalarni hal qilishga hayotimni bagʻishlayman. Unda menda vaqt ham, tajriba ham yetarli boʻladi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Adiba UMIROVA suhbatlashdi.
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/ozbek-sanati-ozligi-bilan-barhayot/