Shamdek yosh toʻk, koʻngil uying charogʻon boʻlsin

Hazrat Navoiy “buyuklikning koʻz ilgʻamas choʻqqisi, ilohiy ishq kuychisi”, deya taʼrif bergan Jaloliddin Rumiy asarlarida insonning iymon gavhari, kishi qalbidagi eng totli, yashirin sir-asroriyu oʻta murakkab botiniy-ruhiyat olami soddagina sharqona hayotiy timsollar ila ochib berilganki, oradan asrlar oʻtsa hamki, falsafiy-maʼrifiy mushohada, aqliy kamolotga yetaklovchi mulohazalari, shuningdek, teran talqin etilgan oʻtligʻ kalom ilmi ziyo istaguvchilarning qalb mehvariga aylanayotir. Qadr-qimmati gʻoyat ulugʻvor sanalgan insonshunoslikka doir bilimlar jamlangan ana shunday mazmunli suhbatga orzumand dillar uchun allomaning falsafiy “Ichindagi ichindadur” asaridan joy olgan ayrim havola hamda hikmatlardan namuna keltirdik.


 

***

Umid – ishonch yoʻlining boshi. Yoʻlda yurmasang ham doimo yoʻlning boshini koʻzla.

 

* * *

Ibtidosi va intihosi boʻlgan hamma narsa qolipdir.

 

* * *

Ustod bilim va hunarini odamlarning oʻzlariga ishonishi uchun hamda hali koʻrsatmagan bir qancha maʼrifatlari va ilmlari borligiga ham oʻzgalarni iqror qilish uchun koʻrsatadi.

 

* * *

Sevgi bor joyda sitam ham boʻladi. Begonalarga emas, doʻstlarga sitam qilinadi. Ammo sitamda ham sitam bor. Sitam, undan mutaassir boʻlganga, oʻzi uchun uning yaxshilik va sevgi ekanligini bilganga qilinadi. Shu bilan birga hech taʼsir qilmaydigani ham borki, bu sevgi alomati emas.

 

* * *

Aql – parvona, sevgili esa sham kabidir. Parvona oʻzini shamga urishi bilan yonadi, biroq haqiqiy parvona yonguncha sham ziyosidan ayrilmaydi. Agar parvonadek bir hayvon boʻlsayu, u ham sham nuridan shikoyat etmay, oʻzini unga ursa, parvona boʻladi. Agar parvona oʻzini sham ziyosiga ursayu, lekin yonmasa, demak, bu sham sham emasdir. Xuddi shunday, xalq bilan qiziqmagan, aksincha, undan noligan, uning uchun jonini kuydirmagan inson inson emasdir.

 

* * *

Insonni tanimoqchi boʻlsang, uni gapga sol, soʻzidan uning kim ekanligini bilib olasan.

 

* * *

Bu dunyoda yurganlar balki u dunyodan namunadir va ular oʻsha yoqdan keltirilgandir.

 

* * *

Insonda shu qadar ulkan ishq, hirs, orzu va dard bordirki, yuz minglarcha olam oʻziniki boʻlsa ham, koʻngli tinchimaydi. U ishda, sanʼatda, ilmi nujumda, hakimlikda mashgʻul… Biroq bularning hech biridan huzur topolmaydi. Chunki istagan narsasini qoʻlga kiritolmaydi. Yor-diloromlar, yaʼni koʻngilni tinchlantiruvchi, demakdir. Shunday ekan, koʻngil boshqa bilan qanday xotirjam boʻlsin?

 

* * *

Inson buyuk bir moʻjiza va uning ichida hamma narsa yozilgan. Biroq zulmat va pardalar borki, ular yozuvlarni oʻqishga imkon bermaydi. Zulmat va pardalar, turli-tuman mashgʻulotlar insonning dunyo ishlari borasida olgan tadbirlari va koʻngilning soʻngsiz orzularidir. Zulmat va pardalarning boʻlishiga qaramay, inson ichidagi bir narsani oʻqiy oladi. Endi qara, oʻrtadan pardalaru qorongʻiliklar koʻtarilsa, u nimalarni bilib olmaydi, deysan.

 

* * *

Ilm hamma narsadan ustundir.

 

* * *

Toʻgʻri, baʼzan qilgan yaxshiliging yoki yomonliging miqdorida muqobilini ololmaysan. Biroq yaxshilik va yomonlikning javobi mutlaqo boʻlajakdir.

 

* * *

Sevgan kishi goʻzaldir. Aksincha boʻlmaydi. Yaʼni hamma goʻzallar-da sevilavermaydi va sevilishi shart emas. Goʻzallik sevimlilikning bir juzʼidir. Sevimli boʻlmoq asldir. Bu boʻlgandan keyin goʻzallik ham mavjuddir.

 

* * *

Har bir avliyo xalqning hujjatlari (dalili)dir. Xalqning oʻrni va darajasi unga boʻlgan munosabati nisbatida boʻladi.

 

* * *

Amal – amal orqali, ilm – ilm bilan, maʼno – maʼno vositasida, shakl esa shakl yordamida anglashiladi.

 

* * *

Soʻz amal daraxtining mevasidir. Chunki u amaldan tugʻiladi.

 

* * *

Demak, qoʻrquvsiz umid yoʻq, umidsiz qoʻrquv esa tasavvurga sigʻmaydi. Inson umidli boʻlsa-yu, hech qanday ehson kutmasa, u albatta yanada harakatchan va jiddiy tarzda munosabatga kirishadi. Umid va kutmoq insonning qanotidir. Qanotlar yuksakka ucha oladi. Umidsiz qolsa-chi, tamballashadi, oʻzi xayr qilolmagani yetmaganidek, bandalik vazifalarini ham ado etolmaydi.

 

* * *

Baʼzi insonlar aqlga shu qadar ergashdilarki, natijada, butunlay malaklashadilar, nur boʻladilar. Bular anbiyo va avliyodirlar. Ular umid va qoʻrquvdan qutulganlar.

 

* * *

…inson vujudi kemasining yelkani – iymon. Yelkan boʻlsa, shamol kemani muazzam bir yerga olib boradi. Boʻlmasam-chi, soʻz havodan iboratdir.

 

* * *

Insonning aqli sozlanmagan boʻlsa, uning butun aʼzolari ishlamaydigan holga keladi. Oyogʻi tekis yoʻlda yurolmaydi, koʻzi koʻrmaydi, qulogʻi har soʻzni notoʻgʻri eshitadi. Shunday ekan, barcha ish – harakat aqlning sharofati bilan yuzaga chiqadi.

 

* * *

Tilingdan oldin qalbingni tarbiya qil. Chunki soʻz qalbdan kelib, tildan chiqadi.

 

* * *

Ming yil oʻqisamu, mendan “nimani bilding”, deb soʻrasalar, “haddimni bildim” deyman.

 

* * *

Dedilarki, koʻzdan yiroq koʻngildan yiroq. Dedimki, koʻngildagi koʻzdan yiroq boʻlsa ne naf?

 

* * *

Ishq azobi tortmagan yurak yo telbaning, yo murdaning yuragidir.

 

* * *

Ey, yor! Biz ishq uzumining shingillari edik-ku! Boshqa shishalarga sharob boʻlibmiz, boshqa xayollarda xarob boʻlibmiz.

 

* * *

Gulning goʻzalligi urugʻidan; insonning husni esa qalbidandir.

 

* * *

Odamlar suratini bezatsa, sen siyratingni beza. Odamlar boshqalar aybidan soʻz ochsa, sen oʻz qusuringni oʻyla.

 

* * *

Poktiynat kishilar suhbatidan bahramand boʻlmoq, podshohlar boshiga toj boʻlmoqdan afzaldir.

 

* * *

Oʻylaring soʻzlaringga, soʻzlaring feʼlingga, feʼling taqdiringga nuqs etadi. Goʻzal oʻyla, goʻzal yasha.

 

* * *

Har holni xayr, har kechani qadr, har kelganni Hizr bil.

 

* * *

Inson tabassumi bilan tarbiyasini, nimaga kulgani bilan saviyasini namoyon qiladi.

 

* * *

Ey, doʻst! Men Majnun emasman, ammo chaqirsang choʻli biyobonga borishga ham tayyorman.

 

* * *

Koʻngil bogʻ, koʻzlar bulutdir. Bulut yigʻlasa bogʻlar yashnagay.

 

* * *

Shamdek yosh toʻk, koʻngil uying charogʻon boʻlsin.

 

* * *

Biz sevsak gar, yer boʻlamiz, biz sevsak gar, sel boʻlamiz. Biz sevsak gar, lol boʻlamiz, biz sevsak gar, jon boʻlamiz.

 

* * *

Modomiki, hammaning gunohini bekitolmaysan, oʻz koʻzingni yumib qoʻya qol.

 

* * *

Dili va tili bir boʻlmagan inson yuz tilni bilsa ham tilsiz sanalgay.

 

* * *

Doʻst deb achchiq gapirganga emas, achchiqni shirin gapirganga aytiladi.

 

* * *

Dunyo tuzoqdir, doni hoyu-havasdir.

 

* * *

Hayot uyqudir, oʻlim-la uygʻonur inson. Sen shoshil, oʻlmasdan avval uygʻon.

 

* * *

Gʻayrating qanotingdir.

 

* * *

Adolat daraxtni sugʻormoq, zulm esa tikanga suv toʻkmoqdir.

 

Maʼrufjon Yoʻldoshev

tarjimasi

 

* * *

Sevgida quyosh kabi boʻl!

Doʻstlik va qardoshlikda oqar suv kabi boʻl!

Birovlarning xatolarini yopishda kecha kabi boʻl!

Tavozeda tuproq kabi boʻl! Gʻazab onida oʻlik kabi boʻl! Har ne boʻlsang boʻl, yo asling kabi koʻrin, yo koʻringaning kabi boʻl!

 

 

 

Dilfuza JUMAYEVA toʻpladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/shamdek-yosh-tok-kongil-uying-charogon-bolsin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x