Koʻzga tanish manzaralar

U tong yorishib, oftob yoyilganida uyqudan zoʻrgʻa boshini koʻtardi. Koʻzlarini ishqagancha yostigʻi yonida turgan telefonga qoʻl choʻzdi. Yoqish uchun bosiladigan tugmachani harchand bosmasin, matoh ekrani yonmadi. “Eh, kecha “zaryadka”ga qoʻymabman, quvvati tugabdi-ku!”

Kechasi allamahalgacha chatda qizlar bilan yozishgani, biri-biridan “qiziqarli” saytlarga kirganiyu ulardagi “alomat” suratlarni tomosha qilaverib, almoyi-aljoyi gaplarni oʻqiyverib, telefonning quvvatini tugatganini esladi. Ammo qay vaqt, qanday uxlab qolganini sira eslolmadi. Oʻziyam zoʻr narsa-da bu internet deganlari. Istagan narsangni birpasda topib beradi. Ijtimoiy tarmoqlar esa uning jonu dili. Ayniqsa, qizlar bilan gaplashish, biryoʻla bir nechtasini “aylantirish” unga gʻurur, huzur bagʻishlaydi. Bitta tarmoqda bir emas, naq 4 ta sahifasi bor: birida “Qora shahzoda” nomi ostida roʻyxatdan oʻtgan, boshqasida esa u “Skorpion”. Uchinchisida “Mahmud ibn Maqsud”. Mana shunisiga qizlar koʻproq mahliyo boʻlishadi. Bu sahifada zoʻr hiyla ishlatgan: dadasining harbiy xizmatda tushgan suratini sayqal berib, oʻzgartiradigan maxsus dastur yordamida qayta ishlab, oʻziniki qilib joylashtirgan. Rosa zoʻr chiqqan “ijod”i: egnida zamonaviy harbiy libos, qosh-koʻzlari kelishgan yigit. Qizlardan darrov xabar kela boshlaydi: “harbiymisiz”, “qayerda xizmat qilasiz” va hokazo. U xuddi shuni kutib turadi va savollarga bajonidil javob qaytara boshlaydi. Qarabsizki, bir-ikki shirin gapdan keyin “qadrdon”ga aylanishadi… Faqat bu qizlar uning yoshi sahifasidagi maʼlumotlar boʻlimida yozilganidek 24 da emas, bor-yoʻgʻi oʻn beshdaligini, suratdagidek boʻydor, jussador yigit emas, ozgʻin, oʻrta boʻyli oʻsmir ekanligini bilishmaydi-da! “Nima boʻpti, oʻzlariyam, balki mendan kichikdiru yoshini atayin katta yozishgandir”, oʻylaydi u beparvo. Xullas, zerikmasa boʻlgani.

Erinibgina oʻrnidan qoʻzgʻalar ekan, boshi ogʻriyotganini sezdi. Oʻringa choʻzilib, yana birpas mizgʻigisi keldi, ammo shu onda xona eshigi taqillab, onasi ichkariga bosh suqdi:

– Turdingmi, oʻgʻlim, necha marta uygʻotib ketdim, hech uyqudan bosh koʻtarolmading. Kecha ertaga mashgʻulotim bor, ertaroq turishim kerak, deyayotganding, nima boʻldi?

Lop etib esiga trenerining “Ertaga tonggi soat 6 da maxsus mashgʻulot oʻtkazamiz, kelganlar yaqinda boʻladigan musobaqa uchun saralanadi, kechikmanglar!” degani tushdi. Savol nazari bilan qarab turgan onasiga esa yolgʻonladi:

– Yoʻq, ayajon, mashgʻulotni qoldirishibdi, kechqurun telegramdan yozib yuborishuvdi…

– Shunaqami? Azamatni koʻrgandim, soat 5 larda sport kiyimida darvozamiz yonidan yugurganicha oʻtib ketuvdi, kimgadir telefondan “tezroq kel, mashgʻulot 6 da boshlanadi”, deganiniyam eshitdim, – hayron boʻldi onasi.

Oʻsmir yerga qaradi…

* * *

– Bunaqa kalta kiyish yaxshi emas, qizim, boʻlmaydi bu kiyiming! – savdogar qoʻshnisinikidan oʻziga bir emas, besh xil kiyim tanlab kelgan qiziga tanbeh bera boshladi ona. – Na mana bu koʻylak uzunroq, na bu yubka. Hech boʻlmaganda, tizzani yopib turmaydimi kiyim jonivor! Bunisiga qara, yelkasida bir parcha ochiq joyi nimasi? Kofta-chi?! Buning qorniga nima deb yozilgan, oʻqiy olasanmi oʻzi?! Qoʻlingni tepaga koʻtarsang, beling ochilib qoladi, kaltaligini ayt yana…

Qiz tumshaydi.

– Hamma dugonalarim shunaqa kiyim kiyishadi, faqat siz ruxsat bermaysiz! Modani bilmaysiz, aya, zamonaviymassiz! Boshqalarning ayasi hech nima demaydi-ku!

Ona nima deyishini bilmay qoldi. Shu zamonaviylik ekanmi hali?! Ochiq-sochiq, kalta-kulta kiyingan odam zamonaviy boʻlaverarkan-da! Keyin jahlini biroz jilovlab, dilbandiga tushuntirishga harakat qildi:

– Yoʻq, qizim, bu gaping notoʻgʻri! Moda nimaligini men ham bilaman, bilishimni esa sen bilasan, axir, talabalik yillarimda tushgan suratlarimni doim havas bilan tomosha qilarding, chiroyli kiyingansiz, derding-ku! Oʻzingga yarashgan, atrofdagilarniyam, oʻzingniyam xijolatga qoʻymaydigan kiyim eng chiroyli kiyim boʻladi. Agar sen aytganingdek, ochiq-sochiq, kalta-kulta kiyim kiygan odam zamonaviy sanalsa, demak, Afrika yo Avstraliyaning olis hududlarida yashaydigan, yarim yalangʻoch yuradigan ibtidoiy qabila odamlari zamonning oldi boʻlganlar ekan-da! Shundaymi?

Qiz yelkasini qisib qoʻydi-da, javob bermadi.

– Tasavvur qil: men ruxsat berdim, deylik, lekin dadang bilan akangning oldiga shu kalta, ochiq kiyim bilan chiqa olasanmi? Xoʻp, ular ham indamadi, deylik. Koʻchada kalta koʻylakda ketayapsan, qattiq shamol tursa-da, etaging ochilib ketsa, oʻgʻil bolalar oldida sharmanda boʻlmaysanmi oʻzing? Avtobusning tutqichidan ushlash uchun qoʻl koʻtarganingda beling, qorning koʻrinib qolsa-chi, odamlar boshqacha qaramaydimi senga? Manavi yozuvning-ku maʼnosini menga tushuntirib berolmayapsan, biror til biladigan odam oʻqisa-da, yomon, qoʻpolroq soʻz yozilgan boʻlsa, ustingdan kulmaydimi, oʻzi shunday chiroyli qiz ekanu ammo didsiz, bilimsiz, farosatsiz ekan, deb?!

Qizning yuzlari duv qizardi. Ona buni koʻrib, nishonga tekkanini payqadi. Endi biroz yumshab, qiziga buyurdi:

– Bularni oʻzim egasiga qaytarib berib kelaman. Sen esa mana bu koftaning yozuvini koʻchirib olgin-da, men qaytganimcha lugʻatdan maʼnosini top, bilib qoʻysak, zarar qilmaydi…

Qiz yozuvni bir parcha qogʻozga koʻchirishga tutindi…

* * *

Xontaxta ustida turgan yostiqdek keladigan noutbuk shundoqqina koʻz oʻngida birdan kattalasha boshladi. Oʻzining boʻyi esa tobora pasayib, qoʻl-oyoqlari kichrayib borayotgandek. Shipga tekkulik darajada kattalashgan noutbuk monitorida toʻsatdan darcha ochildi-da, shaffof bir qoʻl chiqib keldi. Ogʻzini ochganicha, bu hodisotga anqayib qarab qolganidan oʻsha qoʻl choʻzilib kelib qachon oʻziga yetganiyu qay payt yoqasidan gʻijimlab olib, ichkariga tortib ketganini anglamay qoldi. Ichkari!..

Qoʻlning iskanjasidan xalos boʻliboq qoqilib yiqildi. Bir amallab oʻrnidan turayotib, koʻzi qoqilgan narsasiga tushdi: bu internetda kunda ming-million martalab koʻzi tushadigan, hamma “kuchukcha” deb ataydigan belgi edi. Ichida ishlab chiqaruvchilarni soʻkdi: “Qiziq. Buni kuchukchaga oʻxshatib yasasak, sotib olaverishadi, deb oʻylashganmi, nimaga kerak oʻzi bu? Nimada foydalanib boʻladi?” Bu oʻy yakuniga yetib ulgurdimi-yoʻqmi, qaddini rostlayotib, boshi tepadan osilib turgan allanimaga tegib ketdi. Tepaga sekin qaradi-yu yuragi orqasiga tortdi. Ulkan chorburchak, silliq xonaning shifti qalindan qalin oʻrgimchak toʻri bilan qoplangandi. Toʻrning orasidan elas-elas osmonga oʻxshash bir nima koʻrinardi, xolos. Shu asnoda biratoʻla nigohlari xona boʻylab keza boshladi. Ehhe, bu yerda nimalar, kimlar yoʻq! Bir xoʻppa semiz kishi qoʻlida ushlab turgan allambalo dorini qappaygan qorniga hadeb surtadi. Nariroqda bir olifta xonim qoʻlidagi shampun bilan sochlariga ishora qilib jilva bilan turibdi. Sal narida yana birov zoʻr berib, qandaydir dorini peshkash qiladi. Boshqa tarafda esa bolalar tagliklari, sport anjomlaridan tortib, quvvatni oshiruvchi, terini tozalovchi, silliqlashtiruvchi allambalo surtmalarni tiqishtirayotgan, oʻzlari ham shunga monand kiyinib olgan yoki yarim yalangʻoch kishilar. Hammasi bir gapni takrorlaydi: oling, oling, onlayn buyurtma bering…

Yuragi siqildi, havo yetishmayotgandek tuyuldi. U yoq-bu yoqqa alanglab, yoʻl qidirdi: qayerda qoldi boyagi darcha? Oldinga qarab qadam tashladi. Shu paytgacha payqamagan ekan, u yurishi bilan oyogʻi tagida turli-tuman yozuvlar yonib-oʻcha boshladi: gugl, yandeks, mayl, xrom, mozilla… Ularga qoqilib-suqilib, zoʻrgʻa oʻn qadamcha ilgarilay oldi. Biriga bilmasdan tegib ketdimi, lop etib qarshisida bir toʻda olomon paydo boʻldi: olaquroq bu odamlarning ayrimlari uzun-uzun, qop-qora libos kiyib olgan, qoʻllarida allaqanday kitoblarmiyey, belgilarmiyey. Boshqalarining sochlari hurpaygan, yuziga boʻyoqlar chaplab tashlangan. Yana bir-ikkitasining tanasida turli tatuirovkalar. Oʻziga qarab, qoʻllarini choʻzgancha, nimalardir deb baravar shangʻillayotgan bu toʻdadan qanday qutulishni bilolmay talmovsirab qoldi. Oxiri yon tomonga qarab yurmoqchi boʻldi. Uning qochish payiga tushgani, oʻzlariga eʼtibor bermayotganini koʻrgan toʻda endi yon tomonda turib olganicha, battarroq uvvos sola boshladi. Imo-ishoralaridan oʻzidan ularga qoʻshilishlarini talab qilishayotganini tushundi-da, yuragi ortiga tortib ketdi.

Nima qilish kerak? U boshqa tarafga oʻgirilmayoq bu odamlarga qarab turaverdi, bildiki, agar hozir biror tarafga salgina burilsa ham bu sirli toʻda darrov oʻsha yerga oʻtib oladi… Uvvos, shovqin aralash ovozlar tinay demaydi. U koʻzlarini yumib, boshini changalladi. Sabr kosasi toʻldi. Turgan yerida depsinib, jazavaga tushib bor ovozda qichqirdi:

– Kerak emas!!! Tinch qoʻyinglar meni!!!

Xuddi shu qichqiriqni kutib turgandek xona shiftidagi oʻrgimchak toʻri birdan oʻralib, yigʻilib kela boshladi. Atrofini oʻrab, torayib kelayotgan doirada hamma narsa baravar aylanayotgani, boyagi olomonu matohini tiqishtirayotganlar va turli-tuman yozuvlar ustiga yopirilib kelayotganini koʻrdi. Nafasi boʻgʻilib, ovozi chiqmay qoldi…

…“Gurs” etgan ovozdan choʻchib uygʻongan odam koʻzlarini ochdi-yu qayerda yotganini eslashga urindi. Tashvish, xavotir hissi balqib turgan yuzi atrofga birma-bir qarab chiqqach, osoyishta qiyofaga kirdi. “Xayriyat, tushim ekan!”

Xontaxta ustida yoniq qolgan noutbuk monitorida yozuv koʻrinib turardi: “Sohibim, meni oʻchiring! Soat tungi 2 boʻldi”…

 

Xurshida ABDULLAYEVA

https://saviya.uz/hayot/nigoh/kozga-tanish-manzaralar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x