Berdaq turkiy xalqlar sheʼriyatining yirik namoyandasi, qoraqalpoq mumtoz adabiyotining asoschilardan biri, tarixchi, jamoat arbobi hisoblanadi. Boʻlgʻusi shoir, dastlab, ovul maktabida, keyin “Qoraqum eshon” madrasasida va boshqa joylarda taʼlim oladi. Taʼlim mobaynida yosh Berdimurod Sharq mumtoz adabiyotining Hofiz, Saʼdiy, Xayyom, Navoiy, Fuzuliy, Maxtumquli va oʻz zamondoshi ulkan qoraqalpoq shoiri Kunxoʻja asarlarini mutolaa qilgan, ulardan ijod qirralarini chuqur oʻrgangan.
Berdaq chindan ham xalq ogʻzaki ijodini, adabiyotni, falsafani, tarixni yaxshi oʻzlashtirgan ijodkor edi. Uning insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan teran siyosiy lirikasida, keng qamrovli dostonlarida qoraqalpoq xalqining XVIII-XIX asrlardagi ijtimoiy hayoti rangin tuygʻular vositasida, tabiiy realistik boʻyoqlarda tasvirlangan. U oʻz davrining murakkab voqealariga, mavjud ijtimoiy munosabatlarga faylasuf shoir, xolis tarixchi sifatida baho beraolgan. Barcha asarlaridan ijtimoiy tenglik, vatanparvarlik, adolat va insonparvarlik gʻoyalari bosh leytmotiv boʻlib oʻtadi. Berdaq oʻz ijodiga mehnatkash xalqning ijtimoiy ahvolini asosiy mavzu qilib olganligini “Boʻlgan emas”, “Soliq”, “Bu yil”, “Umrim” singari sheʼrlari yaqqol namoyon etadi. “Xalq uchun”, “Menga kerak” sheʼrlari shoir ijodi uchun adolat va haqiqat asosiy mezon ekanligini koʻrsatib turibdi. Ayniqsa, “Xalq uchun” sheʼri, nainki, qoraqalpoq poeziyasi, balki jahon sheʼriyatida grajdanlik lirikasining yuksak namunalari qatoriga kiradi. Unda inson hayotining bosh mazmuni aniq, ravon, quyma satrlarda ifodalangan:
Berdimurod, oʻylab aytgin soʻzingni,
Lof urib, koʻtarma quruq oʻzingni,
Qizartmagay xalqing sening yuzingni,
Qoʻldan kelsa, xizmat ayla xalq uchun.
Tarixiy mavzudagi “Avlodlar”, “Omongeldi”, “Aydosbiy”, “Ernazarbiy” asarlari xalq hayotining oʻziga xos manzaralaridir. Berdaqning “Avlodlar”, yaʼni, “Shajara” asari tarixiy voqealar solnomasi sifatida, nainki, qoraqalpoq xalqi, balki boshqa turkiy xalqlar uchun ham mushtarak mazmunga ega. “Yaxshiroq”, “Shekilli” va boshqa ayrim sheʼrlarida u baʼzi taʼmagirlarning kirdikorlarini fosh etsa, “Oʻgʻlimga”, “Ahmoq” sheʼrlarida ojiza ayollarning huquqlarini himoya qiladi, yoshlarni Vatanni sevishga, maʼrifat choʻqqilarini egallashga chaqiradi. “Yordam ber”, “Izladim”, “Kerak” va boshqa sheʼrlarida esa shoir oʻz davrining muhim muammolarini qalamga oladi.
Berdaqning adabiy merosi qoraqalpoq adabiyoti tarixida sahro soʻfitoʻrgʻayi boʻlib, markaziy mavqeni egallab qolaveradi.
Yangiboy QOʻChQOROV
“Sharq yulduzi”, 2012–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sahro-sofitorgayi/