Markesning yakka-yolgʻiz qahramonlari

Jahon adabiyotida shunday asarlar borki, ular shunchaki saboq bermaydi, balki odamzodni ertadan – kelajakdan ogoh etuvchi daʼvatga oʻxshaydi. Ularni mutolaa qilish jarayonida koʻz oldingizda insoniyatning ertangi kuni gavdalanadi, beixtiyor sergak tortasiz, atrofingizga boshqacharoq nazar bilan qarab, kecha, bugun va erta haqida mushohada yurita boshlaysiz. Gabriel Garsia Markes asarlari haqida shunday deyish mumkin. Markesning baʼzi asarlarini, garchi afsonaga oʻxshabroq ketsa hamki, sergaklikka undovchi ertak, deb atagan boʻlardim. Masalan, “Yolgʻizlikning yuz yili” romanini.

 

TANHOLIK GIRIFTORLARI

Bir qarashda, roman shunchaki maishiy asarday koʻrinsa, yana bir qarashda, goʻyo erotikani targʻib qilayotganday koʻrinadi. Sinchiklab, adib maqsadini anglashga urinib mutolaa qilinganidagina uning asosiy mohiyati yuz koʻrsatadi. Avvalo asarni oʻqishga kirishgan kitobxon oldida ilk savol koʻndalang boʻladi: “Nega asar nomi “Yol-gʻizlikning yuz yili” deb nomlangan?” Bu savol oʻz ortidan keyingilarini yetaklab kelaveradi. Bir sulolaning yuz yillik hayotini bu qadar batafsil tasvirlashdan maqsad nima? Markes oʻz qahramonlarini yolgʻizlik, tanholik girdobiga gʻarq qilar ekan, bu bilan nima demoqchi boʻladi? Takrorlanib kelaveradigan Xose Arkadio, Aureliano, Xose Aureliano va Xose Arkadiolar, bulardan tashqari, Aureliano Ikkinchi, Arkadio Ikkinchilar, Amaranta, Ursula, Rebeka, Amaranta-Ursulalar taqdirida hamisha bir jihat takror va takror koʻzga tashlanadi – bu qahramonlarning bari yolgʻizlik shaydolari, tanholik giriftorlari. Ular garchi gavjum dunyoda, gavjum shaharda, gavjum uyda yashasalar-da, oʻzlarini yolgʻiz his qilishadi va shu tanholik ogʻushida oʻlim topadilar.

Markes asarni boshdan-oxir hikoya usuliga qurgan, u oʻzining xulosa va qarashlarini, gʻoyalarini uzundan-uzoq falsafiy gap-iboralar orqali asariga singdirishga urinmaydi, faqat qahramonlar hayotini hikoya qiladi, shu asosda achchiq qismatlarning, baʼzida odamda shafqat, baʼzida esa hazar qilish tuygʻusini paydo qiladigan voqealarning roviysi boʻlishni maqbul topib, xulosani kitobxonning oʻziga qoldiradi. Adibga xos biroz kinoyaviy boʻlsa-da, xolisona uslub baʼzan sizni chalgʻitadi, Markes oʻz qahramonlarini gohida oqlayotganday, ularning hayot tarzini targʻib qilayotganday ham tuyuladi. Lekin uning tasvir uslubi beshafqatlik darajasida real: ayniqsa, insoniy ojizlik, hissiy munosabatlarni yoritishda u odam bolasiga ancha yuqoridan turib qaraydi va uning eng arzimasday tuyulgan, bir zumlik hissiyot iskanjasida yoʻl qoʻygan xatolarini rahmsizlarcha sovuqqonlik bilan, hatto birmuncha jirkantiradigan tarzda tasvirlaydi. Markes uchun inson – tabiatning eng nozik xilqati va u shu nomga loyiq boʻlmogʻi kerak. Hislariga haddan ortiq erk bergan, ayniqsa, betiyiq ehtiroslar ogʻushida qolgan va ularga tobe boʻlgan odam uning nazdida eng tuban maxluq. Buendialar avlodining eng soʻnggisi choʻchqa dumi bilan tugʻilishini ham u shunga bogʻlaydi. Inson chin maʼnoda inson atalmogʻi uchun dilida iymoni, eʼtiqodi but boʻlishi, shunga koʻra yuksak darajada axloq-maʼnaviyat sohibi sifatida shakllanishi kerak.

Buendialar sulolasining avvali – Xose Arkadio Buendia va uning rafiqasi, oilaning asosiy ustuni boʻlgan Ursula obrazlari asarning boshidan to oxiriga qadar ishtirok etganini koʻrish mumkin. Oʻzlari haqida aytilgan yomon karomatlarga qaramasdan sevganiga uylangan Xose Arkadio ham, muhabbatida sobit, ammo bir umr avlodida dumli maxluq tugʻilishidan qoʻrqqan Ursula ham, garchi roman voqealari davomida hayotdan koʻz yumishgan boʻlsa-da, aslida sulolaning har bir vakilida mujassamday: takror-takror ularning nomi oilada tugʻilgan oʻgʻillar, qizlarga berilaveradi va ular tuygan yolgʻizlik hissini avlodlari ruhiga olib oʻtaveradi. Daraxtga bogʻlanganicha qolgan Xose Arkadio, qartayganida borib-borib bolalarga tirik qoʻgʻirchoq boʻlgan Ursula oʻzlarini qanchalik yakka-yolgʻiz his qilishsa, qolganlar ham xuddi shu his ogʻushida jon berishga mahkum etiladilar. Ursulaning bu girdob ichidagi holatini adib shunday tasvirlaydi:

“Ammo shunchalik matonatiga qaramay, Ursula xoli qolgan paytlarida oʻz toleyidan yigʻlardi. U oʻzini shu qadar yolgʻiz his qilardiki, oxiri kashtan ostida esdan chiqayozgan erining suhbatidan taskin izlay boshladi…”        

Keyinchalik bu momo sezgan yolgʻizlik hissiga oʻgʻli Aureliano, qizi Amaranta, tutingan akasiga turmushga chiqqan Rebeka ham mubtalo boʻladi. Buendia asos solgan shahar – Makondoda bir paytlar tarqalgan uyqusizlik kasali singari bu hissiyot avlodning barchasida vaqti-zamoni bilan bosh koʻtaraveradi.

 

ISHORA, BELGI VA RAMZLAR TILI

Darvoqe, adib oʻz asarida real voqea-hodisalarni ramzlar, ishoralar, belgilar yordamida ifodalab boradi. Xuddi shu qoida asosida shaharda yaxshi zamonlar kechayotgan bir paytda Rebeka boshlab kelgan uyqusizlik kasali va uning oqibati – xotirasizlik tarqalgani ham bejiz emasday. Zero, xotira – inson maʼnaviyati asosi, uning oʻtmishi va kelajagiyu bugunidan oʻtadigan qizil ip. U yoʻqolsa, inson oʻzligidan mosuvo boʻladi. Xuddi shu kabi ishoralar romanda anchagina. Tutingan akaga koʻngil qoʻygan Rebekaning oxir borib topgani yolgʻizlik; betiyiq ehtiroslar ogʻushida qovrilgan avlodlarning topgani ham shu; dunyodan uzilib chiqqan bir guruh odamlar qurgan shahar – Makondo ham aslida ramzday tuyuladi, yoʻq yerdan boshlangan, Buendialarni oʻz domiga tortgan urush ham bir ishora, kechayu kunduz toʻxtovsiz yoqqan yomgʻiru bir zamonlar Ursulaning saʼy-harakatlari bilan qurilib, asar soʻngida nurab tushgan uy ham belgi.

Makondo qanday shahar edi? Asar boshida Xose Arkadio Buendia oʻz tugʻilgan makonidan bosh olib ketadi. Unga bir guruh doʻstlari ergashadi. Ular tark etgan koʻhna shahar – Oʻzlik emasmikin? Bu odamlar yangicha hayot barpo etish uchun harakat qilib, aslida oʻzlikdan yiroqlashmadilarmi? Yoki urushni olsak. Urush qahramonlardan birining taʼrifiga koʻra, “oʻzining matonatsizligi vajidan” yuzaga kelgan boʻlsa, yana birovi unga shunday taʼrif beradi:

“Axir, biz nega poplarga qarshi kurashayapmiz? Kimki, istasa, oʻz onasiga ham uylanishi uchun kurashayapmiz-da!..”

Xullas, bu urush aslida odamlarning parokanda boʻlgan maʼnaviyati, tanazzulga yuz tutgan oʻzligi tufayli kelib chiqqanini shu bemaʼni va dahshatli hukmdan ham payqash mumkin.

Tinimsiz yoqqan yomgʻir Buendialardan birining bor yiqqan sarvatiyu mol-holini chiritib bitiradi. Avvaliga oʻz mahbubasining unga omad keltirishiga ishonib, nikohidagi rafiqasiyu oilasini tark etgan bu qahramonga bora-bora oʻsha sohibjamolning omad tilsimi ham yordam bermaydi. Koʻkdan yogʻdirilgan yomgʻir uning mollarini oqizib ketadi, zavolga boshlaydi. Shu oʻrinlarni oʻqiyotganda kishi beixtiyor koʻhna va muqaddas rivoyat – Nuh toʻfonini yodga oladi. Oʻsha toʻfon kabi Makondodagi yomgʻir ham ilohiy jazo, koʻkning gʻazabi edi…

Bir paytlar odamlar bilan gavjum boʻlgan Ursulaning uyi asar soʻngida butunlay nurab, vayronaga aylanadi. Avlodning soʻnggisiga ota boʻlmish va bu goʻdakni oʻzining yaqin qarindoshi – xolasidan koʻrgan baxtsiz va yakka Buendia bu paytda oilaga aloqador bor sirdan, yaʼniki haqiqatdan ogoh boʻlgan edi. Bu haqiqat esa shu qadar achchiq, shunchalik shafqatsiz ediki, uning adolatiga uy, yaʼni sulola dosh bera olmaydi – butunlay quriydi, zavolga yuz tutadi. Chunki uning endi yashamoqqa, umr kechirmoqqa maʼnaviy haqqi ham qolmagandi: bor muqaddas qonunlari yer bilan yakson boʻlgan, bu moʻtabar qoidalar yuziga tupurilgan, oyoq bosilgan edi…

 

ULAR NEGA YOLGʻIZ?

Faylasuflar inson mohiyatini uning ikki koʻrinishi – surat va siyrat orqali anglashga urinadilar. Surat va siyrat uygʻun boʻlsa, ayniqsa, har ikkisi goʻzal boʻlsa, bir-birini inkor etmasa, inson bir butun va mukammal xilqatga aylanadi. Sharq falsafasiga koʻra, siyrat shunday gizli xazinaki, uning tajallisi suratda aks etadi, surat, yaʼni jism siyrat, yaʼni ruhning moddiylikda jam boʻlishi hisoblanadi. Ertaklarda ezgu qahramonlarning goʻzal yuzli, xushqad, yovuzlik elchilarining esa bahaybat, kelishmagan kepatada tasvirlanishi bejiz emas.

Agar ruh qashshoqlashsa, quruq jismning oʻzi qoladi, siyrat suratdan ayriladi, demakki, surat yolgʻiz qoladi. Odam tanho oʻzi kimsasiz orolda qolib ketsa, jamiyatdan uzilib qolsa, bu qoʻrqinchli emas. Agar u ruhan yakkalanib qolsa, bu endi uning intihosi, degani. “Yolgʻizlikning yuz yili” romani mutolaasi davomida ruhi qashshoqlashgan, faqat jism mayllari, ehtiyojlari yetovida yashayotgan, iymoni, eʼtiqodidan ayro tushgan odamlarning soʻnggi manzili intiho, tanazzul boʻlishini anglaganday boʻladi kishi…

2006 yilda Markes tugʻilgan shahar hokimi shu yerga asardagi shahar – Makondo nomini berishni taklif qilgan, ammo oʻtkazilgan soʻrov natijalari bunga monelik qilgandi. Adibning oʻzi esa bu taklifga biror bir munosabat bildirmagan. Zero, Makondo – aslida biz hozirga kelib “ommaviy madaniyat” deb ataydigan maʼnaviy xatar oʻchogʻi edi…

 

Xurshida ABDULLAYEVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/markesning-yakka-yolgiz-qahramonlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x