Tarixiy jumoq ishqibozlariga koʻplab yozuvlar, xatlar maʼlum boʻlib, ular siri hanuzgacha eng zoʻr mutaxassislar tomonidan ham yechilmagan. Bular orasida aslida hech qachon boʻlmagan va kinematograf tomonidan mashhur qilingan “Da Vinchi jumbogʻi”dan tortib, Voynich Manuskripti va Fest gardishiga tushirilgan sirli yozuvlargacha bor. Adolat yuzasidan taʼkidlash kerak: bunday qadimgi yozuvlarning aksariyati yuqorida sanalganlari kabi u qadar oshirib-toshirib maqtalmagan, ammo ularning topilishi bilan bogʻliq gʻalati holatlar kino va adabiyotdan abadiy joy olishga arziydi.
“TAMAM ShUD” SIRI
1948 yil oxirlarida Adelaida (Avstraliya) dagi Somerton plyajida oʻrta yoshlardagi yaxshi kiyingan bir kimsaning jasadi topildi. Avstraliyalik kriminalistlar uning oʻlimi sababini, xuddi uning shaxsini bilib boʻlmagani kabi, oʻsha paytda ham, yarim asr keyin ham aniqlashning uddasidan chiqa olmadilar. Uning kostyumidagi yashirin choʻntakdan topilgan qogʻoz parchasi esa oʻlim sababidan ham sirliroq edi. Parchada shunday yozuv bor edi: “Tamam Shud”. Izquvarlar bu bir parcha qogʻoz qachonlardir noyob nashr sanalgan Umar Xayyom “Ruboiyyot”ining bir qismi boʻlganini aniqlashga muvaffaq boʻldilar. Tez orada bu nodir kitobning sohibi ham topildi. Oʻsha odamning tushuntirishiga koʻra, u kitobni oʻz mashinasining orqa oʻrindigʻidan topib olgan, bu esa, keyinroq maʼlum boʻlishicha, Somerton plyajida jasad topilgan kundan bir kun oldin yuz bergan. “Ruboiyyot”ning orqa sahifasida qoʻlda yozilgan tushunarsiz yozuvlar bor edi. Ularni oʻqishning uddasidan na urushdan keyingi yillarning eng zoʻr mutaxassislari chiqa olishdi, na zamonaviy kriptografiya sohasining mutaxassislari. Koʻplab taxminlar ilgari surildi. Shulardan biri – sirli jasad nomaʼlum davlatning aygʻoqchisi boʻlganmish. Shunisi qiziqki, “Tamam Shud” jumlasi “oxir”, “soʻng” maʼnolarini anglatadi, Avstarliya voqeasi esa matbuotda “Taman Shud ishi” nomi bilan mashhur. Oʻsha davrdan hozirgacha ham jumboq: “Tamam” soʻzidagi oxirgi “m” harfi qanday qilib “n” bilan oʻrin almashib qolgan?
Nima ham derdik, bu holatda gʻalati bir javob bor: maxsus xizmatlardan sirli jasad haqidagi xabarni olgan birinchi jurnalist oʻz maqolasini avstraliyalik agent soʻzlariga asoslanib yozgan, u mazkur yozuv tushirilgan qogʻoz parchasini koʻrmagan. Boshqa muxbirlar ham adabiy manbalarga qarab koʻrmasdan, faqatgina voqeaga uydirmalarni qoʻshib yozishgan.
“MAKKENI OLTINI” HAMON IZLANADI
Kam sonli kishilargagina maʼlumki, “Makkeni oltini” filmi – tagzamirida shama, ishora yotgan ertaklar sirasiga kiradi. Bu yerda gap Virginiya shtatidagi Bedford okrugining xilvat joylariga yashirilgan Amerika tarixidagi eng yirik va to hanuz topilmagan xazina – yuz, balki minglab kilogrammga teng oltin, kumush va boshqa qimmatbaho ashyolar haqida borayapti. Qachonlardir hindularga tegishli boʻlgan behisob boylik va u yashirilgan taxminiy joy haqida xazina izlovchilar hozircha faqat uchdan bir qismigina oʻqishga muvaffaq boʻlingan Beyl kriptogrammasi orqali xabar topgan. Agar rasmiy xulosaga ishonilsa, bu jumboqli roʻyxatni allaqanday Tomas Djefferson Beyl ism-sharifli sirli bir odam tuzgan: u mavhum bir suratda mahalliy hindular qabilasiga tegishli boʻlgan xazinani “meros” sifatida olgan va uni berkitgan, 1818 yilda esa sirli belgilar yordamida oʻz avlodlari uchun eslatma yozgan, ammo, afsuski, unda bu avlodlarning oʻzi yoʻq edi. Bu ishda faqatgina uchta sirli matndagi raqamlar emas, balki eslatma uchun kalit vazifasini hindular xazinasi “merosxoʻri”ning adashi yaratgan Mustaqillik deklaratsiyasi oʻtashi haqidagi dalil ham bir jumboqdir. Sirli janob Beyl haqidagi rasmiy xabarda oʻzaro bogʻlanmagan jihatlar moʻl: masalan, qanday qilib, bugunga qadar birorta surati ham yetib kelmagan bu professional izlovchi shunday behisob boylikka yolgʻiz oʻzi egalik qilgani, hech kimning yordamisiz, birontaning koʻziga chalinmasdan turib, uni boshqa bir yerga keltirgani va yashirgani tushunarsiz bir hol.
Yana bir taxmin bu voqea aslida hindularning milliy boyligini tortib olishga qaratilgan hukumat operatsiyasi ham boʻlishi mumkinligini ilgari suradi. Bu operatsiyaga esa Mustaqillik deklaratsiyasini tuzganlar ham aloqador boʻlishlari mumkin. Agar shunday boʻlsa, sirli kriptogramma tuzilgan 1818 yil sanasi soxta sana boʻlib chiqadi, zeroki, AQSHning Mustaqillik deklaratsiyasi 1776 yilda qabul qilingan. Beyl kriptogrammasining uchdan ikki qismini ochish ishlari hozirga qadar ham tezlatilmagan – bu holat ham gʻalati va demak, kimgadir bu sirning ochqichi maʼlum boʻlishi mumkin.
Ayrimlarning taʼkidlashlaricha, bir jurnal sahifasidan boshqasiga sakrab oʻtayotgan bu sirli belgilar “Amerikaning yashirin hukumati” tomonidan soxtalashtirilgan, ilk manba esa allaqachon oʻqib boʻlingan. Bu taxminga Bedfordda hali-hamon “Makkeni oltini”ni qidirib yurgan aksariyat xazina izlovchilar ishonishmaydi. Va shu oʻrinda ham XXI asrning jumboqlaridan biri boʻy koʻrsatadi: 2012-2014 yillar davomida qidirish ishlari uchun tegishli ruxsatga ega boʻlgan 32 nafar xazina izlovchining 11 tasi izsiz gʻoyib boʻlgan. Ularni qidirish ishlaridan naf chiqmadi…
Xullas, oʻquvchilarimiz amin boʻlishdiki, bu hodisalarning har biri zamirida faqat maxfiy sirlar emas, balki “Da Vinchi jumbogʻi” kabi asarlarga asos boʻladigan syujet ham bor.
Muallif: Viktor SINOBIN
Rus tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi.
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/turfa-olam/qadimiy-maxfiy-bitiklar/