Maʼlumki, XX asr boshlarida ustuvor yoʻnalishni egallagan jadid adabiyoti vakillari xalqimizni oʻzini anglash, maʼrifatli boʻlish, erkin va ozod yashashga daʼvat etgan edi. Ularning taʼsirchan soʻzi va amaliy faoliyatidan choʻchigan Shoʻro davlati jadidlarni qirib tashlab, ijod ahlini uzoq vaqt qoʻrquv va tahlika ostida yashashga majbur qildi.
Ammo erk va ozodlik uchun kurashuvchilarning gʻoyasi oʻlmagan, ovozi oʻchmagan edi. Oʻtgan asrning 60-yillarida adabiyotga kirib kelgan avlod oʻzbek adabiyotida erk va ozodlik mavzusining qayta tiklanishi hamda yangilanishida katta jasorat koʻrsatdi.
Oʻzbek sheʼriyatining ham shaklan, ham mazmunan tubdan yangilanishida alohida rol oʻynagan bu avlodning oldingi safida Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Maʼruf Jalil singari shoirlar bordi. Bular orasida ayniqsa, E. Vohidov ijodi mavzusi, ramziy timsollarining oʻziga xosligi va jasoratli ohangi bilan ajralib turadi.
Aynan shu yillarda qoʻliga qalam olgan shoiru yozuvchilar yuragi ozodlik, erk tuygʻusi bilan toʻlib-toshgan edi. Ular ozodlikka chiqish niyati armonga aylangan jadid bobolarining anʼanalarini davom ettirishga, yangicha sharoitda yangi usullar va ramziy obrazlar orqali mudragan xalqni uygʻotishga ahd qildilar. Hurriyatga, erkka intilgan bu ijod ahli oʻz asarlari ruhiga eng avvalo, millatning qadr-qimmatini ulugʻlashni, milliy iftixor tuygʻusini singdirishni istadi va bu maqsadini amalga oshirishga dadil kirishdi. Natijada bu avlodning ilk sheʼrlariyoq oʻsha paytdagi jamiyatda chuqur tomir otgan yolgʻonga, soxtalikka, balandparvozlikka qarshi isyon sifatida jarangladi. Ammo bu isyonni ochiq-oshkora bayon etish mumkin emasdi. Chunki kommunistik mafkura zaharli tishlarini qayrab turardi. Xayriyatki, sheʼriyatda fikrni ramziy timsollar orqali ifodalash, tikonni gulga oʻrab “tortiq” qilishning turli usullari va vositalari bor. 60-yillar ijodkorlari ana shu usul va vositalardan unumli foydalanib, odamlar yuragiga kirib bordilar. Zero, “Hurriyat – millatning qadr-qimmati, milliy iftixor tuygʻusi bilan tutash tushuncha. Bizning ilk sheʼrlarimiz jamiyatda chuqur tomir otgan yolgʻonga qarshi isyon boʻldi. Mening ham oʻsha yillarga mansub sheʼrlarimning har uchtadan bittasida jamiyatdagi yolgʻonu aldovlarga qarshi isyon tuygʻusi bor edi” deydi bu haqda E. Vohidov.
Otashnafas shoir Erkin Vohidov oʻzining butun ijodi davomida millatning koʻzini ochish, unga oʻzligini anglatish, oʻz shaʼni, or-nomusi, erku ozodligi uchun kurashga chorlash yoʻlidan bordi. U ijodning asosiy mohiyati, pafosi shunda deb bildi va eng ogʻir vaziyatlarda ham bu yoʻldan chekinmadi. Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, mustaqillik uchun kurash mavzusini XX asrning 60-yillarida oʻzbek sheʼriyatiga Erkin Vohidov olib kirdi. Shoʻro davrida oʻsib, tarbiyalanib voyaga yetgan avlod xalq irodasi, oʻziga xos tarixi, millatning shaʼni, qadr-qimmati, jismoniy va maʼnaviy kuch-qudrati ifodalangan, ajdodlarining shon-shavkati ulugʻlangan sheʼrlarni ishtiyoq bilan oʻqishi, oʻqiganda ham toʻgʻri qabul qilishi (yaʼni uqishi) biroz qiyin edi. Shu bois oʻsha paytda Erkin Vohidov tomonidan yaratilgan “Oʻzbegim” qasidasi odamlarning ongi-shuuriga chaqmoqdek urildi. Ayrimlarni kuydirdi, baʼzilarni karaxt qilib qoʻydi. Lekin bu chaqmoq juda koʻpchilikning qalbidagi zulmatni yoritib yubordi. Buning sababi “Oʻzbegim” qasidasi oʻz davrida millatning maʼnaviy ehtiyoji tarzida dunyoga kelgan va xalqning ayni paytdagi oʻzligini anglash uchun yangilanayotgan xohish-istagini ifodalagan edi. Qasida 60-yillar boshlarida millatning biqiq koʻnglida burqsib turgan milliy or-nomus, milliy iftixor tuygʻusi darchasini ochib yubordi. Natijada bu sheʼr odamlarda oʻziga ishonch, qatʼiyat, milliy gʻurur paydo qildi. Oradan ozgina vaqt oʻtib yaratilgan “Inson”, “Bu qoʻllardir” kabi qasidalari, ayniqsa, tom maʼnoda mustamlakachilikka qarshi nafrat uygʻotuvchi “Ruhlar isyoni” dostoni xalqimizning yorishayotgan ruhiyatini ishonchli kurash yoʻliga olib chiqdi. Shu jihatdan 80-yillar oʻrtalarida istiqlol uchun boshlangan ommaviy harakatda ana shu sheʼrlarning, ular muallifi Erkin Vohidovning katta hissasi borligi shubhasizdir.
Shoir chinakam sanʼatkor sifatida xalq dardini anglash, bu dardu tashvishlarni yengillatish uchun unga hamkoru hamdast boʻlish anʼanasiga mustaqillikka erishilgandan keyin ham sodiq qoldi. Yaʼni shoir ayrimlarga oʻxshab, bosh maqsadi – Vatani ozodlikka erishganidan keyin niyatiga yetgan fuqaro singari oʻzini chetga olmadi. Balki mustaqillikni yanada mustahkamlash, uni asrab qolish yoʻlida sobitqadamlik bilan ham ijodiy, ham amaliy faoliyatda namuna koʻrsatdi. Zero, mustaqillikka erishgan boʻlsak-da, hali-hanuzgacha oyogʻimizda oʻtmishdan ilashib kelayotgan kishanlardan, ongimizdagi qullik psixologiyasidan, maʼnaviyatimizdagi jaholatdan toʻla xalos boʻlganimiz yoʻq. Shunday ekan, shoirning taʼkidlashicha, chinakam vijdonli inson, millatparvar shaxs hurriyatning mohiyatini quyidagicha tushunib, uni asrab-avaylash uchun kurashishi shart:
Hurriyat – nomus-or, nafsoniyatdir,
Qadrin bilgan elga mangu niyatdir.
Hurriyatning oʻzi tayyor baxt emas,
Baxt uchun eng buyuk imkoniyatdir.
Hurriyatga ishonch, saboting kerak,
Jurʼating, parvozing, qanoting kerak.
Vatan hurriyati uchun hamisha
Fidolikka tayyor hayoting kerak.
E. Vohidov ijodi inson qalbiga bevosita yoʻnaltirilgan, uning shaʼni-shavkati, oʻz milliy gʻururi uchun astoydil kurashadigan inson shaxsiga nisbatan mehr bilan sugʻorilgan sheʼriyatdir. Uning sheʼrlari, dostonlari, dramalari, hajviyoti vujudidan ana shu nido baland ohangda jaranglaydi va kitobxon qalbida aks-sado berib, uni mudom hushyorlikka chorlab turadi.
Yoʻldosh SOLIJONOV,
professor
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/istiqlolning-tolmas-kuychisi/