Qadimdan boy kutubxonalarga ega boʻlgan yurtlarda fan va madaniyat rivojlangan, buyuk zotlar yetishib chiqqan. Mahalliy hukmdorlar orasida sulolaviy kutubxonalar tashkil qilish va kitob xazinasini toʻplash anʼana tusini olgan. Ayniqsa, kitob mutolaasi, kitobxonlik va kutubxonachilik ishi rivojida Sohibqiron Amir Temur va temuriy hukmdorlarning ulkan hissasi bor.
Amir Temur Movarounnahrning koʻplab shaharlarida boʻlgani kabi oʻz saroyida ham kutubxona tashkil qiladi. Ushbu kutubxona uchun butun mamlakat boʻylab mashhur mualliflarning bejirim bezatilgan kitob nusxalari sotib olinadi. Kutubxonada qoʻlyozma koʻchirish, kitoblarni bezatish ishlarini milliy kitob sanʼatining mohir ustalari olib borgan. Samarqand shahrida arab, fors, turk, sanskrit, yunon, lotin, arman tilidagi koʻplab bebaho qoʻlyozmalar Eron, Turkiya, Hindiston, Iroq, Armaniston kabi davlatlardan, Istanbul, Bruss, Isfaxon, Hamadon, Sheroz, Bagʻdod, Basra, Damashq kabi qadimiy madaniyat oʻchogʻi boʻlgan shaharlardan olib kelinadi.
Sohibqiron Amir Temur kitobxonlikni benihoya sevgan. Buni uning quyidagi fikrida ham koʻrish mumkin:
“Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir”.
U yoshlik davrlaridan kitobga mehr qoʻygandi. Tarixiy manbalarda Temur yoshligida xat-savod chiqarib, oʻz davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, meʼmorchilik va tarix ilmlarini puxta oʻrgangani aytiladi, u bilan suhbatlashish sharafiga muyassar boʻlgan arab faylasufi Ibn Xaldun Amir Temur turk, arab, fors xalqlari tarixi, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi oʻzlashtirganini taʼkidlaydi.
Amir Temur Movarounnahrga oʻzga yurtlardan hunarmandlar, olimlar, ilm-maʼrifat allomalari, sanʼatkor, muhandislarni jalb qilib, ulardan oʻz marhamatini ayamadi. Natijada Samarqand va Hirotda koʻplab madrasa, kutubxona, rasadxonalar qurildi. Tibbiyot, handasa, riyoziyot, falakiyot, joʻgʻrofiya, tarix, adabiyot, falsafaga oid betakror asarlar yaratildi. Tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur olimlarga mehribon, sayyidu shariflarni oʻziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga toʻla izzat-hurmat koʻrsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam koʻrardi. Ularning har birini oʻz martabasiga qoʻyib, izzatu ikromini unga izhor qilardi”.
Shuningdek, Temurning koʻplab sohalar ravnaqiga yuksak eʼtibor bergani haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini koʻrgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda isteʼdodli boʻlgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun koʻpincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur bu sohalarga gʻamxoʻrlik qilishga asosiy eʼtiborini berardi”.
Navoiy taʼrifi bilan aytganda esa, u nafaqat buyuk bunyodkor, buyuk hukmdor, balki ilm-fan homiysi, jahon tarixi va adabiyotini mukammal bilgan ulugʻ shaxs edi.
Shu tariqa, Amir Temur oʻz saroyida ulkan kutubxona yaratib, u yerga jahonning turli joylaridan noyob bitiklar, bebaho qoʻlyozmalar va nodir kitoblarni toʻplaydi. Eʼtiborlisi, kutubxonadan faqat saroy ahli emas, balki barcha kitobxonlar foydalangan. Oʻz navbatida, oʻsha davrda Samarqandda yashab, faoliyat koʻrsatgan allomalarning asarlari ham bu kutubxonani boyitgan.
Amir Temur devonida mavlono shayx Muhammad ibn xoja Bandkor Termiziy, Yoʻl Qutlugʻ, Amir Muhammad Badriddin, Xoja Abdullo Keshiy kabi ajoyib xattotlar ham faoliyat koʻrsatishgan. Buyuk sarkarda kitoblar xazinasining ayrimlarini safar va yurish vaqtlarida oʻzi bilan birga olib yurgan, yaʼni koʻchma kutubxona tashkil etgan. U hukmronligi davrida Samarqand shahridan kitob olib chiqishni qatʼiy man etgan, chunki kitoblar tengsiz boylik sifatida qoʻriqlangan.
Tarixiy manbalardan maʼlumki, Temur Kesh madrasasida tahsil olgan yillarida ozarbayjon shoiri Mahmud Shabistariy ijodiga mahliyo boʻlgan. Oradan koʻp yillar oʻtib, Ozarbayjonni himoya etish uchun qoʻshin tortib borganida, Shabistar qishlogʻidan oʻtayotib, beixtiyor shoirni eslaydi va uning qabri shu yerda xarob ahvolda ekanini bilib, ziyoratga chogʻlanadi. Ulugʻ sarkarda qishloq ahliga boylik taqdim qilib, Mahmud Shabistariy qabri uzra maqbara koʻtarish va bu yerni ziyoratgohga aylantirish haqida farmon beradi.
Bilamizki, Amir Temur avlodi ichidan olimu fuzalolar yetishib chiqishini orzu qilgan. Shu maqsadda nabiralarining yetuk shaxs boʻlib kamol topishiga katta ahamiyat bergan. Xususan, Sohibqiron noyob kutubxonasining boʻlajak egasi, nabirasi Ulugʻbek chuqur bilim olishi uchun Hirotdan Qozizoda Rumiydek yirik falakshunos olimni Samarqandga olib kelgani tarixdan yaxshi maʼlum. Shuningdek, Ulugʻbek bobosining koʻplab harbiy yurishlarida qatnashadi. Shunday safarlarda ilmga chanqoq yosh shahzoda koʻchma kutubxonadan foydalangan. Yana “jonli kutubxona” – tarixchilar, shoirlar, olimlar suhbatidan bahra olardi.
Taxminlarga qaraganda, Mirzo Ulugʻbek toʻplagan kitoblar xazinasi Pergam qoʻlyozmalaridan boshlangan, Amir Temur Pergam shahrini bosib olganida qoʻlyozmalarni ham karvon bilan Samarqandga olib kelgan. Uning kutubxonasi nabirasi Ulugʻbek davrida yanada boyib borgan. Ulugʻbek bu kutubxonada soatlab oʻtirib mutolaa qilardi. Bu dargohda Platon, Gippokrat, Ptolemey, Aristotel singari buyuk zotlarning asarlari toʻplanib, yaxshi saqlangandi. Shu bilan birga, kutubxonada Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning algebraga doir mashhur risolasi, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Astronomiya kaliti” nomli asarlari, Al-Battoniyning astronomik jadvallari, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” risolasi boʻlgan.
Shohrux Mirzoning yana bir oʻgʻli Mirzo Boysungʻur ham zehnli boʻlib voyaga yetadi, oʻqish va yozishni juda barvaqt oʻrganadi. Ulugʻbek kabi Boysungʻur ham maʼrifatparvarligi bilan taniladi. U ham Hirotda ulkan kutubxona tashkil etadi. Taʼkidlash joiz, Mirzo Boysungʻur kutubxonasida oʻz davrining eng oldi naqqosh, xattot va musavvirlari, xususan, Mavlono Shams Boysungʻuriy, olti nav yozuvini mukammal bilgan yetuk xattot Xalil Haraviy kabi ijodkorlar faoliyat yuritishgan. Aynan Xalil Haraviy chizgan Amir Temur surati bizning davrga qadar yetib kelgan.
Nafaqat ilm-fan homiysi, balki mohir ijodkor sifatida dong taratgan Mirzo Boysungʻur koʻplab safdoshlari bilan birga Abulqosim Firdavsiy qalamiga mansub “Shohnoma” asarining turli qoʻlyozma nusxalarini toʻplab, ilk bor toʻliq va mukammal nusxada koʻchirishadi. Bu qoʻlyozma Jaʼfar Tabriziy tomonidan 1425–1430 yillari koʻchirilib, musavvirlar uni yigirma surat bilan bezab tasvirlashadi.
Xulosa oʻrnida aytganda, Temur va temuriylar kutubxonalar maʼnaviyat va maʼrifat oʻchogʻi boʻlgani, ular jamiyat hayotining ajralmas qismi ekani va inson zoti har doim kitoblarga intilib yashaganini chuqur anglashgan. Shu bois ham ilm-fan, adabiyot va boshqa sanʼat turlariga homiylik qilishgan, ularni asrab-avaylab, boyitib borishgan.
Azizbek NOROV
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/amir-temur-kitob-barcha-bunyodkorlik-yaratuvchilik-va-aql-idrokning-ilmu-donishning-asosidir-hayotni-yaratuvchi-murabbiydir/