Tarix Vatan uchun jonini ham ayamagan chinakam jasorat egalari nomini oʻz sahifalariga abadiy muhrlab qoʻyadi. Toki ularning timsoli, boshqalarga ibrat boʻlsin.
Maʼrifatli, tafakkur bobida oʻtkir, karomatguy ana shunday buyuk bobokalonlarimizdan biri Najmiddin Kubrodir.
Shayx 1145 yilda Xiva shahrida dunyoga kelgan. Uning toʻliq ismi Ahmad ibn Umar Abuljanob Najmiddin al-Kubro al-Xevoqiydir. U Shayx Kubro, Tomat ul-Kubro, Najmiddin, Abuljannob, Valiytarosh sifatlari bilan ulugʻlangan. Ularning har biri oʻziga xos maʼnoga ega. Jumladan, Xurshid Davronning “Shahidlar shohi yoxud Najmiddin Kubro tushlari” asarida yozilishicha: “Shogirdlari ichida Shayx Najmuddin Roziy, Shayx Saʼduddin Hamaviy, Shayx Majdiddin Bagʻdodiy, Shayx Bahovuddin Valad, Shayx Sayfiddin Boxarziy, Bobo Kamol Jandiy, Shayx Raziuddin Ali Lolo, Shayx Jamoliddin Geyliylarning shuhrati islom olamida mashhur boʻldi. Shunday ulugʻ zotlarga ustozlik qilgani uchun u “Shayxi Valitarosh” – “Avliyolar yaratuvchi shayx” degan muborak nom oldi”. Albatta, ustoz uchun ilm bermoq va shogirdlarining kamolini koʻrmoqdan ortiq baxt boʻlmasa kerak.
Abdurahmon Jomiy “Nafahot ul-uns” asarida taʼkidlashicha, Najmiddin Kubro yoshligidan ilmu hikmatga qiziqqan, yuksak iqtidor sohibi boʻlgan. U madrasani tugatgach, oʻn olti yoshlarida ilm istab oʻsha davrda ilm-maʼrifat markaziga aylangan Arab xalifaligi, Misr va Eronda hadis va fiqh bilimdonlari suhbatida boʻladi. Bagʻdod, Tabriz, Nishopur, Tus, Dizful shaharlarida oʻz davrining allomalaridan shariat ilmi, hadis va tafsirni chuqur oʻzlashtiradi. (Misrda Ruzbihon Vazzon al-Misriy dargohida taʼlim oladi. Olim uni oʻz oʻgʻlidek yaxshi koʻrib, qiziga uylantirib qoʻyadi).
U shariat ilmlarini oʻrganish barobarida tariqatdan xabardor boʻlishga intilib yashaydi va tasavvufga ishtiyoqi balandligidan qator shayx, darveshlar suhbatidan oʻtadi. Zamira Ishoqovaning “Najmiddin Kubro” asarida yozilishicha: “Najmiddin Kubroga ustozlik qilgan uch piri komil – Ruzbehon Misriy, Ammor Yosir va Ismoil Qasriy qalb saxovati bilan birga murid tarbiyasida qattiqqoʻl boʻlish, botiniy koʻz bilan muridning xayollari, ruhiyatini oʻqib olish va ruhiy taʼsir oʻtkazishga qobiliyatli ilmi hol egalari boʻlganlar”. Insonning kamoloti uchun ustozlarning oʻrni beqiyos. Manzilimiz qanchalik nurafshon boʻlishi yoʻlchi yulduzimizni toʻgʻri tanlashimizga bogʻliq.
Shayxlar tarbiyasini olgach Najmiddinning isteʼdod-ilhom chashmalari bir-bir koʻz ocha boshladi. U endi kitoblardagi fikrlarni takrorlamas, oʻz soʻziga ega, islomning botiniy mohiyatini teran idrok etadigan allomaga aylangandi. Shayx Ismoil Najmiddinda valiylik alomatlarini koʻrgach, Xorazmga qaytishni va u yerda tariqatni joriy etishni buyuradi. Tomat ul-Kubro 1185 yilda oilasi bilan vataniga qaytadi. Bu vaqtda u 40 yoshlarda boʻlib, 25 yildan ortiq umrini ilm tahsiliga bagʻishlagan, ogʻir va mashaqqatli yetuklik va komillik yoʻlini bosib oʻtgan edi. U vatanida xonaqoh qurdirdi va tariqatda yangi yoʻnalishga asos soldi. Kishilar qalbidan nafsni quvib chiqarish, ruhiy-maʼnaviy kamolotga daʼvat etish, koʻngilga mardlik, poklik gʻoyalarini singdirish, ilohiy maʼrifat nuridan bahramand etishni maqsad qilgan Kubroviylik tariqatini Xorazm ahli ixlos bilan qabul qildi. Abuljannob endi ahli avom tarbiyasi bilan shugʻullanib, koʻplab donishmandu avliyolarni yetishtirdi.
Tomat ul-Kubro oʻta nozik didli, kayfiyati tez oʻzgaruvchan, har qanday bahsda gʻolib chiqish, har qanday mushkul masalani osonlikcha hal qilish, hodisotlarni oldindan koʻra olish qobiliyatiga ega, nazari oʻtkir donishmand boʻlgan. U aksar kunlar uxlamasdan ibodat qilgan va surunkali roʻza tutishni odat qilgan. Shayx gʻoyatda kamtarin boʻlgan va manman insonlarni xush koʻrmagan. Tariqat ahlining boshqalar oldida toat-ibodatni bezab koʻrsatishi, oʻz ishiga katta baho berishi, qoʻlini oʻptirishi, oʻzini tabarruk sanashini keskin qoralagan.
Najmiddin oʻz qarashlarini arab tilida yozgan bir necha risolalarida bayon etgan. Jumladan, “Favoih al-jamol va favotih al-jalol” (“Jamol xushboʻyliklari va jalolning kashfi”), “Al-usul al-ashara” (“Oʻnta usul”), “Risolat al-xoif al-hoim min lavm alloim” (“Malomatchining malomatidan hazar qiluvchi haqida risola”), fors tilida yozgan “Fi odobus solikin” (“Soliklar odobi haqida”) kabi risolasi ham bor. Taqdir taqozosi bilan u Qurʼonni mutasavvuflar nuqtai nazaridan tafsir qilishni oxiriga yetkaza olmagan. Shayxning fors tilidagi ruboiylarida juvonmardlik, pok axloq gʻoyalari oʻz aksini topgan.
Kubroning asarlarini oʻqisangiz, uning pok qalb qurini koʻrishingiz mumkin. Bu adabiy meros sizga dunyoning mohiyatini anglashni oʻrgatadi. Jumladan, Shayx “Koʻngil koʻzim bilan koʻrganlarim” asarida shunday yozadi: “Dunyoning bir qismini kezib, ishlarni sinovdan oʻtkazdim, turli amallar bilan shugʻullanib, maʼlum kishilar bilan muloqotda boʻldim. Buyuk ishlarni amalga oshirib, barcha narsalarning achchiq-chuchugini tatib koʻrdim. Kitoblarni tekshirib chiqib, olimlar xizmatida boʻldim. Dunyo istab umrimni bekorga oʻtkazdim. Koʻp ajoyib narsalarni koʻzdan kechirib bildimki, eng tez oʻtib, eng tez zavol topadigan narsa umr va dunyo ekan. Hech bir narsani oʻlim va oxiratdan yaqinroq, hech bir narsani umid-istakdan uzoqroq va hech bir narsani taʼanniy (ogʻirlik va matonat)dan yaxshiroq koʻrmadim”.
Najmiddin Kubro insonning nafsini tarbiyalash yoʻli bilan uni maʼrifatga olib chiqish va komil inson darajasiga yetkazishni maqsad qilib, oʻz tarbiya usuli jamlangan “Odob uz-zokirin” (“Zikr etuvchilar odobi”) asarini yozadi va unda shunday fikrlarni bayon qiladi: “Kamtarlik eng yaxshi bezak va baxillik eng yomon narsa deb ishondim. Barcha yaxshiliklarni qamrab olgan sifatlar ichida eng yaxshisi xulq goʻzalligi va barcha yomonliklarni qamrab olgan sifatlar ichida yomoni hasad ekan”.
Kindik qoning toʻkilgan zamin, tugʻilib oʻsgan elingni sevish, uni himoya qilishdan ortiq saodat boʻlmasa kerak. Har birimizning qalbimizga vatanparvarlik hislari jo boʻlsa, yurtimizga hech qanday yogʻiy qadam bosa olmaydi. “Ona Vatan yoʻlida, Vatanni himoya qilayotib shahobat jomini noʻsh aylash – Alloh visoliga yetishmoq bilan barobardir” – bu Najmiddin Kubroning oʻlimi oldidan aytgan soʻzlari edi. Moʻgʻullar Xorazmga chang solish arafasida Najmiddin Kubro 75 yoshda edi. Xorazm shohi moʻgʻullar vajohatidan choʻchib shaharni tashlab ketdi. Biroq, alloma butun xalqni dushmanga qarshi turishga daʼvat eta oldi. Yogʻiy unga besh yuz muridi bilan shaharni tark etish imkoniyatini berdi. Ammo u qoʻshinga bosh boʻlib, moʻgʻul bosqiniga tik boqdi. Moʻgʻullar Xorazmni bosib olgan boʻlsa-da, xorazmliklar qalbiga Kubro ekib ketgan ilmu urfon urugʻini yoʻq qila olgani yoʻq. Najmiddin sochib ketgan bu nur moʻgʻullarning qalbida ham islom diniga muhabbat uygʻotdi. Jangda Chingizxon emas, buyuk alloma gʻalaba qozondi. Moʻgʻullar Shayxni jismonan tilka-pora qilib tashlagan boʻlsa-da, u kishi asos solgan tariqat insonlar qalbida abadiy muhrlandi.
Alloma taʼlimotini shogirdlari davom ettirib, Markaziy Osiyoda Kubroviylik maktabini yaratishdi va u butun Islom dunyosiga mashhur boʻldi.
Sobiq ittifoq davrida Shayx Kubro hayoti va faoliyati, merosini oʻrganishga eʼtibor berilmadi. U kishi dafn etilgan makon qarovsiz holga kelib qolgan edi. Mustaqillik nasimlari esishi bilan Najmiddin Kubro taʼlimotiga eʼtibor qaratildi. Koʻhna Urganchdagi xilxonalari va u yerda qurilgan xonaqoh butunlay qayta qurilib obod goʻshaga aylantirildi. Ayni paytda ushbu maskandan sayyohlar va ziyoratchilarning qadami uzilmaydi. Alloma asarlari, tariqat yoʻli, tasavvufiy qarashlari olimlar tomonidan oʻrganilmoqda. Koʻchalar, maydonlarga u zotning tabarruk nomi qoʻyildi. 1995 yilda yurtimizda alloma tavalludining 850 yilligi nishonlandi. Hamon keksa donishmand koʻrsatgan jasorat, u ekkan ilm-maʼrifatga muhabbat urugʻi qalblarda yashamoqda.
Shohsanam KOMILOVA,
“Hurriyat” muxbiri
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/shayxning-galabasi/