Millatimiz mashʼali, oʻzbek davlatchiligi tarixida muhim oʻrin tutgan shaxs, jahon tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan nodir siymo – Sohibqiron Amir Temur Koʻragon nomi tilga olinganida dunyoning nufuzli olimlari uning saltanatdorlik qudrati, sarkardalik isteʼdodiyu buyuk sulola asoschisi ekanligini alohida eʼtirof etadilar.
Darhaqiqat, bu siymo turkiy xalqlarning gʻurur-iftixoriga aylangan. Oʻzbeklar esa buyuk Sohibqiron avlodidan ekanligi bilan cheksiz faxrlanadi. Moʻgʻul istibdodidan elini xalos qilib, ulkan saltanat tuzgan, umr boʻyi el-ulus dardi bilan yashagan, mamlakati chegaralarini mustahkam saqlash, yurtini tashqi dushmanlardan himoya qilishga intilgan, turkiylar nomini sharafu shon-shavkat bilan baland tutgan Amir Temur odil hukmdor, adolatli tojdor sifatida nom qoldirdi. Avlodlariga ham shuni vasiyat qildi. Sarkardaning munosib izdoshlari boʻlgan koʻpgina temuriyzodalar uning tuzuklariga amal qilib, xalqimiz tarixida oʻchmas iz qoldirdilar.
“Temur tuzuklari” – Sohibqiron hayoti, faoliyati haqida bizga hikoya qiluvchi nodir manba. Qolaversa, buyuk bobokalonimiz hayoti, saltanati haqida yana boshqa koʻplab tarixiy asarlarda ham qimmatli maʼlumotlar keltiriladiki, ular bizga Amir Temurning xalq dardi bilan yashagan, raiyat holidan mudom ogoh boʻlgan davlatpanoh boʻlganidan dalolat beradi. “Kuch – adolatdadir” shiori bilan siyosat yuritgan Sohibqiron hamisha har ishda haqiqat mezoniga tayanib ish koʻrgan. Ayniqsa, oddiy xalq, fuqaro undan rozi boʻlishiga, hayotidan mamnun yashashini taʼminlashga uringan. Davlat ishlarida oqilu dono, maʼrifatparvar kishilar maslahatiga tayangan. Mamlakat aholisining ahvolidan doimo xabardor boʻlgan, oddiy odamlarning koʻnglini olishga tirishgan. “Temur tuzuklari”da oʻqiymiz:
“Raiyat ahvolidan ogoh boʻldim, ulugʻlarini ogʻa qatorida, kichiklarini farzand oʻrnida koʻrdim…”
Amir Temur bu qoidaga oʻzi birdek amal qilgani holda qoʻl ostidagi masʼul shaxslardan ham shuni talab etgan. Ayniqsa, hukmdorning oʻng qoʻli, eng ishongani sanalgan vazirlarga qoʻygan talabi qatʼiy edi.
Yaʼni “Vazirlar ushbu toʻrt sifatga ega boʻlgan kishilardan boʻlishlari lozim: birinchisi — asillik, toza nasllilik; ikkinchisi — aql-farosatlilik, uchinchisi — sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalada boʻlish; toʻrtinchisi — sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik. Kimki shu toʻrt sifatga ega boʻlsa, unday odamni vazirlik martabasiga loyiq kishi deb bilsinlar. Uni vazir yoki maslahatchi etib tayinlasinlar. Bunday vazirga toʻrt imtiyoz: ishonch, eʼtibor, ixtiyor va iqtidor berilsin…”
Sohibqiron davri haqida tarixiy manbalarda keltirilgan koʻpgina maʼlumotlar uning hamisha oddiy xalq bilan muloqotda, ulus ahvolidan xabardor boʻlib turganidan dalolat beradi. Jumladan, arab tarixchisi Ibn Arabshoh Temur zamonida xalq ommasi Sohibqiron amri bilan oʻtkazilgan barcha katta bayram va ziyofatlarda ishtirok etganini qayd etadi. Temur saroylaridagi katta bogʻlarga Samarqand aholisi bemalol kiravergani, hukmdor oilasidagi katta bayramlar sharafiga Samarqand xalqi har xil toʻlovlardan ozod qilingani ham Ibn Arabshoh asarida keltirilgan. Buyuk taxt sohibi oʻz tuzuklarida taʼkidlagani kabi adolat va insof bilan ish tutish lozimligini uqtirgan, raiyatparvarlikni yoqlagan. Ayniqsa, har bir fath etilgan oʻlka yo shahar aholisini oʻziga qaratishda koʻrgan tadbiri haqida “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi:
“Har bir oʻlka va shahar aholisining ashrof-ulugʻlari va buzruklari bilan oshna tutindim. Ularning mijozlariga, tabiatiga toʻgʻri kelgan, oʻzlari tilagan odamlarini ularga hokim qilib tayinladim…”
Bu usul esa oʻsha yurtda tinchlik-xotirjamlik hukm surishini, odamlar saltanatdan rozi boʻlishini taʼminlagan. Yuqorida aytilgani kabi Amir Temur oʻz qoʻl ostidagi masʼul shaxslardan doimo adolatli boʻlishni, oddiy fuqaroga nisbatan mehrli va insofli boʻlishni talab qilgan. Bu talabga xilof ish tutgan mansabdorlar esa jazolangan. “Hokimlar, sipoh va raiyatdan qaysi birining xalqqa jabr-zulm yetkazganini eshitsam, ularga nisbatan darhol adolatu insof yuzasidan chora koʻrdim”, deyiladi “Tuzuklar”da.
Hukmdor – xalq uchun adolat timsoli boʻlmogʻi lozim. Zero, odamlar hamma vaqt oʻz boshchisidan adolat kutgan, unga ishongan. Buni yaxshi anglagan Amir Temur xalq, el-ulus koʻnglini olmoqqa tirishgan, har ishda xolis va adolat bilan hukm chiqarishga intilgan:
“Adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini oʻzimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlar koʻnglidan joy oldim…”
Yoki yana bir oʻrinda quyidagi soʻzlarni oʻqiymiz:
“Zolimlardan mazlumlar haqqini oldim. Zolimlar yetkazgan ashyoviy va jismoniy zararlarni isbotlaganimdan keyin, ularni shariatga muvofiq odamlar oʻrtasida muhokama qildim va bir gunohkorning oʻrniga boshqasiga jabr-zulm oʻtkazmadim…”
Albatta, bu kabi tadbirlar Temur saltanatining shariatpanohu adolatpesha saltanat sifatida nom taratishiga bois boʻlgani shubhasiz. Fuqaroning arzini tinglash va unga koʻmak berish Sohibqiron davrida alohida eʼtibordagi masala hisoblanib, davlat tomonidan buning uchun lozim chora-tadbirlar koʻrilgan. “Sarmoyasi qoʻlidan ketib qolgan savdogarga oʻz sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berilsin. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan boʻlsa, unga ekin-tikin uchun zarur urugʻ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalarni yetkazib berib, unga yordam berilsin”, deyiladi “Temur tuzuklari”da. Sohibqiron bu ishlarni qilinishi shart boʻlgan, yurt egasi zimmasida turgan muqaddas vazifa deb bilgan. U davlatdorlik yuzasidan oʻzi amal qilgan qoidalarni saltanat mustahkamligini taʼminlovchi omil deb bilgan. Bu “Tuzuklar”da shunday izohlanadi:
“Davlat agar dinu oyin asosida qurilmas ekan, toʻra-tuzukka bogʻlanmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tartibi yoʻqoladi. Bunday saltanat yalangʻoch odamga oʻxsharkim, uni koʻrgan har kimsa, nazarini olib qochadi. Yoxud kasu nokas tap tortmay kirib chiqadigan tomsiz, eshigi-toʻsigʻi yoʻq uyga oʻxshaydi…”
Xullas, millatimiz mashʼali raiyatparvar, elparvar hukmdor, xalq dardi, el manfaatini har narsadan ustun deb bilgan. Farzandu nabiralariga ham shuni uqtirgan, adolat va insof bilan ish tutishga, oddiy xalq dardi-tashvishini his qilib yashashga daʼvat qilganki, uning bu qarashlari hamisha avlodlar uchun ibrat, namuna boʻlib qolaveradi.
Xurshida ABDULLAYEVA tayyorladi.
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/raiyat-ahvolidan-ogoh-boldim/