Bahorni intiqib, zoriqib kutamiz.
Qahraton qish bagʻrini yorib chiqqan boychechakni, ariq boʻylarida, oftob shuvoqlarda nish urgan ilk maysalarni, qoqi gulini bahor elchisi deb koʻzlarimizga surtamiz. Sevimli shoirimiz aytganidek,
…Bahor tetapoya goʻdakday shirin…
Tashbehning goʻzalligini qarang, atak-chechak qadam tashlayotgan boladan ham shirin va beozor narsa bormikan bu olamda?!
Bolaning hayotga ilk qadamidek bahor yasharishga, yangilanishga boshlovchi qadam emasmi?
1967 yil. Bahorning ilk kunlaridan birida domlamiz Ozod Sharafiddinov va Umarali Normatov auditoriyaga boshiga doʻppi kiygan, qotmadan kelgan yigitni boshlab kirishdi. Ozod Sharofiddinov uni har doimgidek koʻtarinki kayfiyatda bizga tanishtirdi.
– Bu yigitni taniysizlarmi? Tanimasanglar tanib qoʻyinglar, yosh shoir Abdulla Oripov, – dedilar.
Hamma qarsak chalib, oʻrnidan turib ketdi. (Men shoirni tanir edim. Oʻquvchilik paytimizda talabalik davridayoq ilk kitobini nashrdan chiqargan Abdulla Oripov bilan maktabimizda uchrashuv oʻtkazilgan edi. Mening adabiyotga havas qoʻyishimga ham ana shu uchrashuv sabab boʻlgandi).
Shoir minbar yoniga keldi-da, “Onajon” degan sheʼrini oʻqiy boshladi. Sheʼr yangi yozilgan, hech joyda bosilmagan edi. Keyin “Bahor”, “Sen bahorni sogʻinmadingmi?” sheʼrlarini oʻqidi, oʻqidi-yu, biror soʻz demay auditoriyadan chiqib ketdi. Biz shoirning sheʼrlariga toʻymay qoldik. Shu-shu uning izidan ergashib yuradigan boʻldik. Qayerda u bilan uchrashuv boʻlsa yoki yangi kitobi taqdimoti oʻtkazilsa, yetib borardik. Yetmishinchi yillarda kitobxonlar, ayniqsa, yoshlar orasida shoirning obroʻsi, qadri shu qadar baland ediki, yangi bosmadan chiqqan kitoblari bir kunda sotilib ketardi. Ularni talashib-tortishib oʻqirdik. Ayrimlaridan bir nechtalab xarid qilib, olib qoʻyardik. Albatta, biz filolog, jurnalistlar kitobdagi hamma sheʼrni yod olardik. Shoirning “Koʻzlarim yoʻlingda”, “Onajon”, “Ruhim”, “Najot qalʼasi” singari toʻplamlaridagi sheʼrlarni qanchalik mehr bilan yodlaganimni, ular hamon koʻngil qatida mavjlanib turganini faxr bilan ayta olaman.
Shoirning har bir satridan ezgulik, goʻzallik toʻkilib turadi, oʻqigan sari oʻqigingiz kelaveradi. Yuragingizdagi eng inja tuygʻular junbishga keladi. Ular hech qanday tahlil talab qilmay, qalbingizga oʻzi yoʻl topib, kirib boraveradi.
Keldim qoshingizga chopib entikib,
Maysaga burkangan togʻ etaklari
Uch oy yoʻlingizda yotdim koʻz tikib,
Ey, bahor bekasi – may chechaklari.
Biz shoir Abdulla Oripovni benihoya sevardik. U yaratgan sheʼriyat keksayu yosh uchun birdek ardoqli edi va hozir ham shunday. Bir voqea sira esimdan chiqmaydi. Qish payti edi, zarur ish bilan Gʻuzor choʻlidagi bir choʻponning otariga bordik. Qish kuni qisqa emasmi, bir pasda qorongʻi tushdi. Uyga qolamiz deb aytmaganmiz, qaytish kerak, yoʻlgacha chiqarib qoʻyadigan ulov yoʻq. Nihoyat, tepalikdan tushib kelayotgan mashina chirogʻini koʻrib sevinib ketdik. Haydovchi yigit kimligimizni soʻradi. Jurnalistligimizni eshitgach, mashinadan tushib, qaytadan choʻponning uyiga taklif qildi.
– Mening ham bitta iltimosim bor, – dedi u koʻrpachaga joylashib oʻtirarkan.
Hamrohim bilan ikkalamiz birdaniga “har qanday iltimosga rozimiz”, dedik.
– Abdulla akadan bir juftdan sheʼr aytib bersangizlar boʻldi, aytgan joylaringizga eltib qoʻyaman, – dedi.
Oddiy haydovchi yigit qalbida ham shu qadar buyuk muhabbat uygʻotolgan shoirdan baxtliroq inson bormikan bu olamda?! Oʻshanda choʻpon yigit ham shoirning yaqinda chop etilgan yangi kitobini yetkazishimizni iltimos qilgan edi.
Ayni chogʻda shoir ham oʻzining haqiqiy muxlislarini ardoqlar va ularga qulluq qilardi. Ijodkorning “Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq”, – deb boshlanuvchi sheʼri ayni shuni ifodalagan.
Abdulla Oripovning keyingi yillarda yozgan sheʼrlarini jamlagan “Umr manzillari” deb nomlanuvchi kitobini oʻqir ekanman, buyuk hikmatlarni, donishmand insonning teran nigohini his qilaman. Yoshlikdagi oʻtli shijoat, qaynoq tuygʻular keksalik durdonalariga aylanganini koʻramiz:
Nochorning ustidan kulma hech qachon.
Bilmasdan kamsitma, boyvachcha oʻgʻlon.
Topgan aqchasiga non olgaydir u,
Keksa onasiga yo dori-darmon.
Shoirning eng sara sheʼrlari Vatan va xalqqa bagʻishlangan. U, oʻzi yozganidek, butun borligʻini, jonu tanini ham yurtiga, ona xalqiga bagʻishlaydi.
Agar bola boʻlsang, bagʻrimga bosib,
Yelkamda koʻtarib yurarman, xalqim.
Agar ota boʻlsang, senga munosib,
Tayanch aso boʻlib turarman, xalqim.
Yurtini, ona xalqini bu qadar sadoqat bilan joʻshib kuylagan zavol bilmas bu dilbar sheʼriyat abadul-abad sevimli boʻlib qolishi shubhasiz.
Boʻston RAHMONOVA,
Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bahordek-sevimli-shoir/