Bir kuni kechqurun Afandi quduqdan suv olish uchun engashib, suvda oyning aksini koʻrib qolibdi. “Oy osmondan quduqqa tushib ketibdi”, deb oʻylab, xotinini chaqiribdi-da, tezda uzunroq arqon keltirishni buyuribdi. Keyin arqonni quduqqa tashlab, oyni ilib olishga urina boshlabdi. Axiyri, arqonning uchi quduqdan chiqib turgan ildizga ilinibdi va Afandi oyni ilib oldim, deb bor kuchi bilan arqonni torta boshlabdi. Ip uzilib, Afandi chalqanchasiga yiqilibdi. Shunda osmonda nur sochib turgan oyni koʻribdi-da, “Xayriyat, oyni chiqarib olibman-a!” deb oʻylabdi…
Bu singari koʻplab latifalarni eshitgan yo oʻqigan odamning yuziga darrov tabassum yuguradi. “Bir kuni Afandi…” deb boshlanadigan, odamni qotib-qotib kulishga, soʻng esa maʼnosini chaqishga majbur qiladigan hajman kichik, ammo mazmuni ummon qadar teran asarlar – oʻzbek xalq latifalari nomoddiy madaniy merosimizning qimmatli manbasi: ularda birgina obraz orqali xalq xarakteriga xos zukkolik, hozirjavoblik, soddalik aksini topgan. Latifalarning bosh qahramoni yetti yoshdan yetmish yoshgacha har bir oʻzbekka yaxshi tanish va qadrdon boʻlgan Xoʻja Nasriddin.
– Bu umri uzoq qahramonning xalq orasidagi nomlari xilma-xil, – deydi Qarshi davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti katta oʻqituvchisi, folklorshunos Shahnoza Qahhorova. – Uni ayrim joylarda “mulla Nasriddin”, “Xoʻja Nasriddin” deb atashsa, yana boshqa hududlarda “Nasriddin Afandi” yoki “Afandi” degan nom bilan yuritishadi. Ular orasida ayniqsa “Afandi” degan soʻz xalqimizning shuuriga shu qadar singib ketganki, latifalarni baʼzida “afandi” deb ataydi va hayotda uchraydigan soddaroq yo quvnoq, gapga chechan kishiga shu nom bilan taʼrif beradi.
Darhaqiqat, latifa aytishuv boshlansa, koʻpchilik yoshi ulugʻlarimiz “endi afandi aytib beraman”, deya gap boshlashadi va mangu tirik Xoʻja Nasriddinning qiziqarli sarguzashtlaridan parchalarni eshitishga chogʻlanamiz. Bu hikoyalarning taʼsiri shundaki, goh sodda-bayov, goh oʻta mugʻambir va ayyor, gohida esa hozirjavob shaxs qiyofasida gavdalanadigan Nasriddin Afandini sira yengib, mot qilib boʻlmaydi. Aksincha, u hamisha gʻolib kelaveradi: xoh shoh boʻlsin, xoh gado – hammaning tabiatidagi qusurlarini ustalik bilan fosh etadi, jamiyatdagi illatlarga qarshi oʻtkir soʻzi, zukko aqli bilan zarba beradi. Unga xalq oʻz donishmandligini, oʻtkir zakovatini baxsh etganki, bunday teran maʼnaviyat har qanday vaziyatda ham bu oʻlmas qahramonga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadi. Afandining yagona quroli – kulgi. Atrofidagilarning tiynatiga oyna tutish uchun u shu qurolidan gʻoyatda samarali foydalanadi. Uni mot qilish uchun aytilgan har qanday oʻtkir maʼnoli gapga zukkolik bilan aytilgan javob esa raqibni goʻyo yer bilan yakson qiladi, nafsiga qul, koʻngil koʻzi berk odamlarning asl basharasi shu birgina javob orqali ham yaqqol ochib beriladi. Mana, shunday latifalardan biri:
Kunlardan bir kuni Afandi katta bir amaldorni “Siz ahmoqsiz!” deb ranjitibdi. Amaldor uni qoziga boshlab boribdi. Qozi amaldorning xizmatlarini Afandiga yaxshilab tushuntiribdi. Nasihat qilibdi. Soʻzining oxirida Afandiga amaldorga qarab “Siz ahmoq odam emassiz”, – deyishni buyuribdi. Afandi shu zahoti qozining buyrugʻini bajarib: “Siz, ahmoq, odam emassiz!” – degan ekan…
Bu latifada Afandining birgina ohang bilan butun bir gap maʼnosini oʻz maqsadi sari bura olishi kishida kulgi uygʻotadi. Shu bilan birga, soʻz qudratini anglatadi. Yana boshqa bir latifada esa oʻzini davrada sharmanda qilmoqchi boʻlgan podshoning gapini maʼqullay turib, Afandi ustalik bilan uni mot qiladi. Bularni oʻqish yo tinglash jarayonida kishi kulgi degan sehrli kuchning taʼsiriga borgan sari amin boʻlaveradi. Darhaqiqat, kulgi – yengib boʻlmas bir kuch, u dardlarga davo, ozor bermay tuzatadigan shifobaxsh vosita.
Afandi obrazining hayotdagi prototipi bor-yoʻqligi olimlarni azaldan nihoyatda qiziqtirib kelgan. Baʼzi manbalarda Nasriddin ismli shaxs Turkiyaning Akshehir shahrida yashagani, 1208 yilda vafot etgani, uning qabriga hijriy yil hisobi bilan “386 yilda tugʻilgan” deb yozilgani, yil raqamlarining oʻrni atayin teskari tartibda berilgani haqida maʼlumotlar bor. Albatta, nomi Markaziy Osiyodan tortib, Bolqon yarimoroli, Kavkazorti, Oʻrta Yer dengizi havzasi, Qrim, Hindistongacha maʼlumu mashhur boʻlgan bu qahramonning shaxsiyati barchani qiziqtirishi tayin. Biroq olimlar uning hayotiy shaxs yoki butunlay toʻqima obraz ekani haqida bir toʻxtamga kelishmagan. Xalq yaratgan koʻpgina qahramonlar singari Afandi ham umumlashma bir timsol boʻlib, kulgisevarlar koʻnglini asrlar osha xushnud qilib kelayotgani esa bor gap.
Eng qizigʻi, Afandiga oʻxshash komik qahramon deyarli barcha xalqlar ogʻzaki ijodida uchraydi. Yevropa va Amerika xalqlari kulgi qahramonlaridan farqli ravishda sharqona obrazlar oʻzining maʼno ichida maʼno yashirgan gap-soʻzi, “qogʻozga oʻralgan”, odob doirasidan tashqariga koʻpam chiqavermaydigan xatti-harakatlari va albatta, Sharq xalqlariga xos vazminlik, chuqur mushohada, goʻzal muomala yoʻsini bilan ajralib turadi. Zero, bizda azaldan hatto kulgida ham chegara, meʼyor boʻlgan. Ayniqsa, sharqona kulgi oʻtkir, ammo nihoyatda zakiylik bilan hosil qilinadi. Buni Afandi kabi obrazlar misolida koʻrish, kuzatish mumkin.
Qozoqlar Aldarkoʻsani, turkmanlar Miralini, qoraqalpoqlar Umirbek laqqini, tojiklar Mushfiqiyni, turklar Karagoʻzni, ozarbayjonlar esa Bahlulni biz Nasriddin afandini eʼzozlaganimiz qadar sevadi, ardoqlaydi. Afandining bu birodarlari ham uning oʻzi kabi nihoyatda hozirjavob, zukko, topqir va soʻzga chechan. Goh soddadillik, goh kinoya va istehzo bilan, yana boshqa vaziyatda zukkolik bilan qarshisidagini mot qilib ketadigan bu qahramonlarni xalqlar shunchalik mehru muhabbat bilan yaratganki, ularni sira magʻlub holda koʻrmaysiz. Hatto oʻz hol-ahvolini ham yengil kulgi, sezilmasgina mazax bilan ifodalay biladigan Umirbek laqqi haqidagi latifalarni oʻqir ekanmiz, uning koʻp jihatdan Nasriddinga “xesh”ligini sezamiz:
Bir kuni ochlik-bechoralikdan toʻygan xotini Umirbek laqqidan soʻrabdi:
– Ayt-chi, xoʻjam, sen juda aqlli odamsan, bu kambagʻallik bizni biron kun tark etarmikin oʻzi?
– E! – debdi Umirbek laqqi. – U bunday yaxshi uyni yana qayerdanam topardi? Qaragin, uy bekasi yuvosh, men ham unaqa janjalkash yo ochkoʻz odam emasman, tinch-totuv yashaymiz, uyda baqir-chaqir boʻlmasa. U bu yerdan qanday qilib ketsin?
Turkmanlarning sevimli afandisi Mirali latifalariga eʼtibor qaratgan kishi esa darhol xalqimiz orasida keng tarqalgan Alisher Navoiy toʻgʻrisidagi ibratli hikoyalarni eslaydi. Mutaxassislar ham Mirali obrazi uchun buyuk shoir shaxsi prototip vazifasini oʻtagan, degan fikrda. Ayniqsa, Mirali va Sulton Suyun haqidagi koʻplab latifalar buni tasdiqlaydi:
Bir kuni Sulton Suyun oʻringa yotib, vazirlariga buyuribdi:
– Koʻrpani ustimga shunday yopinglarki, boshim ham, oyogʻim ham ochilib qolmasin!
Vazirlar rosa urinishibdi, ammo har gal sultonning yo boshi, yo oyogʻi ochilib qolaveribdi. Shunda sulton Miralidan bu ishni bajarishni soʻrabdi. Shohdan gʻazablanmaslik toʻgʻrisida qatʼiy vaʼda olgan Mirali gavron keltiribdi-da, kutilmaganda sultonning oyogʻiga tushirib qolibdi. Ogʻriqdan beixtiyor tizzasini bukkan sultonning boshi ham, oyogʻi ham koʻrpa tagida qolibdi.
Shunda Mirali:
– Mana, sultonim, buyrugʻingiz bajo boʻldi! – deya uni mot qilgan ekan.
Bu latifadagi voqea Sulton Husayn Boyqaro va Navoiy oʻrtasida ham boʻlgani, soʻngida ulugʻ shoir doʻstiga:
– Shohim, koʻrpangizga qarab oyoq uzating-da, – deya dakki bergani manbalarda yozib qoldirilganini hisobga olsak, Mirali va Navoiy oʻrtasidagi oʻxshashlik oʻz tasdigʻini topadi.
Qozoq xalq qahramoni Aldarkoʻsa tabiatida koʻproq ayyorlik, mugʻombirlik ustunligini koʻrish mumkin. Ammo u ham xuddi Nasriddin kabi oʻz nafsidan ozod, dunyo tashvishlaridan yuksakda turguvchi shaxs. Uning aldamchiligi esa atrofidagi nafs bandalari boʻlgan, dimogʻi shishgan, oʻz manfaatidan boshqasini oʻylamaydigan kishilarning taʼzirini berish uchungina ishlatiladi. Goh bir bechoraning haqiga koʻz olaytirgan qozini boplab laqillatib ketsa, gohida boylikdan koʻzi koʻr boʻlgan boyni devor suyatib qochadigan Aldarkoʻsa Afandining zakovati inisidir.
Xullas, bu qahramonlar kulgi va hazil nishoni sifatida jamiyatdagi illatlarni moʻljalga olgani, asrlar osha xalq orasida yurib, haqiqat, adolat tantanasiga hissa qoʻshgani bilan qadrli. Ular tufayli yuzaga keladigan samimiy kulgi esa tuxum quvvatini baxsh etib, sizu bizni mudom soz va koʻtarinki kayfiyatda yurishga undayveradi.
Xurshida ABDULLAYEVA
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/afandi-va-uning-dostlari/