Bu galgi suhbatdoshimiz “Boqiy darbadar”, “Ozod” kabi romanlari va bir qator hikoyalari bilan nafaqat oʻzbek, balki boshqa millat kitobxonlari koʻnglidan joy olgan isteʼdodli yozuvchi Isajon Sulton boʻldi.
– Isajon aka, bugun nega kitobxonlar orasida tafakkurni charxlaydigan asarlardan koʻra, qoʻl uchida yozilgan “engil” asarlarning bozori chaqqonroq? Bugungi oʻquvchiga qanday kitob kerak oʻzi?
– Maktabda fizika fani oʻqituvchisi barcha bolaga umumiy taʼlim beradi. Ammo boshida hech kim ular orasida chindan fizikada kashfiyot qiladigani bormi yo yoʻq – bilmaydi. Koʻpchilik fizika haqida umumiy narsalarni oʻrganadi, fizik olimlar esa bu fanning tafakkur chegarasigacha yetib borishadi. Chegaradan naryogʻi – kashfiyot. Adabiyotda ham xuddi shunday. Umumiy omma bor: ular kun boʻyi ishlab, hayot tashvishlari bilan charchashadi. Boʻsh vaqtida qoʻshiq eshitgisi, komediya koʻrgisi yoki muhabbat qissalarini oʻqigisi keladi. Bu – uning ehtiyoji. Fizikada oddiy suv formulasini yaratgan odam “ogʻir suv”, yaʼni deyteriy formulasini yaratgandan koʻra mashhur. Holbuki, ikkinchi kashfiyot olamshumulroq. Ana sizga paradoks!
Aslida adabiyot va tabiat qonunlari birday ishlaydi. Shu sabab qanday qilib hammaga bir xilda kashfiyot-asar yarat, deyish mumkin? Yaqinda Londonda chiqadigan “Daily Telegraph” gazetasi dunyo adabiyotining kishilar ongida burilish yasagan oʻnta asarini taqdim qildi. Unday asarlarni oʻqish uchun maʼlum tayyorgarlik kerak. Masalan, sakkizinchi sinf oʻquvchisiga “Telba” yoki “Tirilish”ni oʻqi deyish toʻgʻri emas. Har kim tafakkuri yetgan asarni oʻqiydi. Bizning eng katta nuqsonimiz – hammadan birday dohiyona asar talab qilaveramiz. Kichkina bola nimadir qoralasa, “isteʼdoding bor, ammo zoʻr asar yozishing kerak” deymiz. Yoki adabiyotimizni ajoyib bir asar bilan boyitgan ijodkorga qachonlardir yaratilgan asarni aytib, “oʻxshab qolibdi”, deb jar solamiz. Menimcha, bagʻrikengroq boʻlaverish kerak.
– Asarlarning bahosini faqat adabiyotshunoslar berishi kerakmi?
– Sanʼat jihatdan olib qaraganda – shunday. Aslida yozuvchi ham olim, ham faylasuf, ham ijodkordir. Turli bilimlarni toʻplamaguncha, isteʼdodini yuzaga chiqarolmaydi. Yozuvchi boʻlib shakllangach, yengilroq asarni koʻrsa, tepa sochi tikka boʻlib ketadi. “Bizga haqiqatdan ruhan baland, til jilvalariga boy, tafakkurni charxlaydigan asar kerak”, deydi. Chunki uning darajasi shunday. Ammo oddiy oʻquvchining istaklari ham bor. Ular orasidagi adabiyotni chindan sevadigan kishi bora-bora bilgichga aylanadi. Ammo ilk pogʻonada turgan oʻquvchi charchab uyiga kelganida, “kitob oʻqib, dam olsam”, deydi. Uni ham toʻgʻri tushunish kerak.
– Gohida ayrim yoshlarga “ilojini topsang – yozma”, deyishadi. Siz bu maslahatga qanday qaraysiz?
– Bu kimdir “olim boʻlaman” desa, “Yaxshisi, shu fikringdan qaytaqol, bolam”, deganday gap-ku! Bittasi “Ota, uchuvchi boʻlmoqchiman”, desa, “Undan koʻra, qoʻyingni boqib yuraver”, degan javob olsa… Gʻalati emasmi? Xorazmiyga onasi “Qoʻy, bolam, boshingni qotirib nima qilasan?” deganida bugungi dunyo algoritmsiz, “nol” raqamisiz qolmasmidi?! Shuning uchun bolalarning cheklanishiga mutlaqo qarshiman. Chunki har bolada layoqat, qobiliyat bor. Yozuvchilik ham shunday. Faqat qalbdan quvvat oladigan hodisa bu! Bilasizmi, tep-tekis joylarda gohida oltin yombilar oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qoladi. Ular qattiq chaqmoq urishidan yuzaga kelarkan. Xuddi shunday: xalq tafakkurida chaqmoqlar chaqnasa, oltin yombiday isteʼdodlar paydo boʻlaveradi.
– Ammo bizda negadir boy odamlar sheʼr yozmaydi, degan fikr bor. Garchi Tolstoy katta yer egasi yoki Navoiy vaziri aʼzam boʻlsa ham…
– Nega? Shoirlar bugun ham yomon yashayotgani yoʻq. Gohida boshqa soha vakillari yashirib sheʼr yozayotganini eshitib qolamiz. Oʻzim nechtasiga guvohman. Badavlat bir tadbirkor sheʼriyatga juda oʻchligini, chiroyli sheʼrlar yozishini bilaman.
Yozuvchilar uyushmasi tadbirlari bois turli hududlarni kezamiz. Odamlarda adabiyotga ishtiyoq kuchli ekanini koʻryapmiz. Bir qarashda oddiyligicha qolganday tuyulsa-da, odamlarning dunyoqarashi kechagidan tubdan farq qiladi. Hozirgi insonlar dunyoning istalgan hududidan axborot olish imkoniga ega.
– Adabiyotga yondashuv mezonlari oʻzgarishi insoniyatni boshqa oʻzanga burib yuborishi mumkinmi? Bugun insonlarni nima birlashtira oladi?
– Insonlarni kun kechirish dardi emas, bunyodkorlik ishtiyoqi, el-yurt taqdiri birlashtiradi-jipslashtiradi. Asli insonni ushlab turadigan asos – vataniga, ajdodlari xoki yotgan zaminga muhabbat. Shaxsiyatning yemirilishi muqaddaslik tuygʻularini yoʻqqa chiqaradi. Hozir dunyoning turli chekkalarida non va tinchlik istagan xalqlarning koʻchishiga guvoh boʻlyapmiz: barcha muqaddas narsasidan kechib ketishyapti. Shu voz kechishlar oqibatida inson shaxsida yemirilish yuz beryapti. Ayni shunday paytda adabiyot himoya vositasi boʻlib yuzaga chiqishi kerak.
Aslida bugun adabiyotda ham haddan tashqari individuallashuv, oʻziga xoslashuv yuz beryapti. Yangi oqimlar paydo boʻlib, yana yoʻqolib ketyapti. Adabiyot shu tarzda parchalanishga yuz buryapti. Shukrki, milliy adabiyotimiz bu voqelikdan uzoq. Chunki adabiyotimizda xalqning oʻtmishi va kelajagini jipslashtirib turuvchi oʻzak bor: bu – muhtasham maʼnaviy xazinamizdir.
– Bugun adabiyotimizda katta-katta kitoblar yozilyapti. Ammo ular chindan ham bugungi kun mohiyatini ochib bera olyaptimi?
– Yoʻq, ochib bermayapti. Yigirma yil oldingi va bugungi odamlar butunlay boshqacha. Oldingisi qishlogʻidan nari chiqsa, dunyoni koʻrdim deb quvonardi. Hozir koʻp insonlar dunyo kezib, boshqa xalqlar vakillari bilan oʻzini taqqoslab, xulosa ham chiqarib ulgurdi. Bugungi kun qahramoni oʻzining gʻururi tiklanganini his qildi. Hozir kimdir oʻzicha “qaytamiz oldinga paytga” desa, kulgiga va nafratga qolishi tayin. Chunki insonlar, qarashlar, ruhiyat oʻzgardi. Bu ruhiyatdagi oʻzgarishlar adabiyotda tadqiq etilmadi.
– Nima uchun bugun oʻzbek adabiyoti jahon miqyosiga chiqa olmayapti?
– Chiqa olmayapti?! Savolingizdan “Chiqishga urinyapti-yu, chiqa olmayapti” degan maʼnoni uqyapman.
– Masalan, Paulo Koeloning “Alkimyogar” asari juda ommabop. U Jaloliddin Rumiydan taʼsirlanib yozilgan, deyishadi. Olis braziliyalik Koelo oʻz adabiyotimizni oʻzimizga qaytarib, bizda mashhur boʻlyapti-yu, bizning yozuvchilar…
– Buning sababi chuqur. Sobiq tuzum davrida chetga faqat rus tili orqaligina chiqardik. U vaqtlarda yozuvchilarning oʻzi dunyoga chiqishga intilmagan. Chunki biz uchun dunyo “imperialistik toʻsiq”ning ortida edi.
Mustaqil boʻlgach, dunyoga nazar tashlab, yana oʻzimizga qaradik – hayron qoldik. Bu olam biz oʻylagandan koʻra boshqacha ekan. Hamma ham bizday sodda-samimiy emasligini bildik. Turli manfaatparast, qarashlar va gʻoyalar orasida dunyoga koʻz-koʻz qilishga arziydigan juda koʻp maʼnaviy boyligimiz bor.
“Sharq yaratuvchi, Gʻarb ijrochi” degan gap yuradi. Paulo Koeloga kelsak, uning juda katta targʻibotchilari – marketing ustalari bor. Ular shuning hisobidan kun koʻradi.
Dunyo adabiyotiga taqdim qilib, ularning diqqatini tortadigan asarlarimiz oz emas. Faqat bizda boyagidek marketing mexanizmi ishlamaydi. Sababi til bilmaslik, qolaversa, mablagʻ masalasi…
– Oʻzbek tilidagi asarlarni boshqa tilga tarjima qilib boʻlmaydi, deyishadi. Deylik, Togʻay Murodni faqat oʻzbek tilida oʻqish mumkinday…
– Bu gap toʻgʻri, lekin tilimizga boshqa tildan tarjima qilingan adabiyotlar haqida nima deymiz? Ularda ham oʻsha xalqlar tillarining shirali, turfa maʼno tashiydigan xususiyatlari bor-ku. Masalan, yapon iyerogliflarida tongni ifodalaydigan uchta belgi bor. Ieroglifning har bittasi bitta soʻz, kayfiyatni aks ettiradi. Shunga qaramasdan, tarjima boʻldi-ku. Bu – bahona boʻlolmaydi. Oʻzbek tilining oʻziga xosligi uni boshqa tilga tarjima qilishi uchun toʻsiq hisoblanmaydi. Bu tarjimonning mahoratiga bogʻliq.
– Asarlaringizdan sheʼriyatni sevishingiz yaqqol seziladi…
– Nasr uddalay olmagan maʼnoni sheʼriyat gohida ikki misra bilan ifodalab qoʻyadi. Sheʼriy tuygʻuga oshnolik oʻzbek nosirlarida boʻlgani kabi, nasriy yoʻnalishga oshnolik shoirlarda ham bor.
– Oʻzingiz ham shoir boʻlishni orzu qilganmisiz?
– Havas qilganman. Haligacha havas qilaman.
– Mashq qilib koʻrmaganmisiz?
– Yoshlik paytlarimda boʻlgan. Sheʼr yoza olmasligimni bilganman. Chunki u juda yuksak sanʼat.
– Bugun nafaqat poytaxtimizda, balki chekka tumanlarda ham kitob doʻkonlari ochilyapti. Chin maʼnoda kitobga qaytish boʻladimi?
– Albatta, shu paytgacha bolalarimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, kitobxonlikni kuchaytirish uchun targʻibotlar olib borilayotgan edi. Endi amaliy ishlarga oʻtildi. Bu quvonarli. Dunyoning hech qaysi davlati oʻz xalqi maʼnaviyati, shaxsan, kitobxonlik haqida qaygʻurayotganini hech qayerda eshitmadim. Bu ishlarga davlatimiz bosh-qosh ekanining qadriga yetishimiz kerak.
– Minglab oʻquvchilaringiz bor. Ular orasida farzandlaringiz ham bormi? Kitoblaringizni oʻqishadimi?
– Oʻqishadi. Oʻqimay koʻrishsin-chi? (kuladi).
– Ularni oʻqishga majburlaysizmi?
– Yoʻgʻ-e, ruhiyat istamagan narsani majburlab oʻqitib boʻlmaydi. Ammo farzand otasining kimligini bilishi kerak. Bolalarim yaqin-yaqingacha yozuvchiligimni bilishmagan. Chunki ular hali yosh edi. Asarlarimni oʻqishi uchun ularga tajriba, bilim, vaqt kerak boʻldi. Endi oʻqishyapti.
Bugunning yoshlari ozod va hur boʻlib voyaga yetdi. Hurriyat bolalari bu yil yigirma besh yoshga kirdi. Ongida cheklovlardan asar yoʻq, zulm nimaligini tarix kitoblaridan biladigan yosh avlod voyaga yetdi. Bu – ozod davlat bayrogʻi ostidagi bahamjihatlik, yurt taqdiri haqidagi jonkuyarlik. Aslida ham ana shunday jipslik bor joyda taraqqiyot boʻladi.
Goʻzaloy MATYOQUBOVA suhbatlashdi.
“Oila davrasida”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/tafakkurda-chaqmoqlar-chaqnasa/