Koʻhna Shosh bagʻridagi javohir

Koʻhna Shosh bagʻrida tarixning necha ming yillik sirlari yashirinib yotibdi. Bugungi yorugʻ kunlarga yetguncha uning qanchadan-qancha xalqparvar, vatanparvar farzandlari, ulugʻ allomalari mehnati, ularning buyuk xizmatlari ham ana shu tarix qatida edi. Xalqimiz oʻz erki, istiqloliga erishgach, ajdodlardan qolgan madaniy-maʼrifiy merosni tiklash, yuzaga chiqarish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Maʼnaviy qadriyatlarimiz tiklanib borayotganiga jahon afkor ommasi, butun musulmon olami ham guvoh boʻldi va buni eʼtirof etdi. Islom Konferentsiyasi Tashkilotining taʼlim, fan va madaniyat boʻyicha muassasasi – AYSESKO 2007 yilda Toshkentni Islom madaniyati poytaxti deb eʼlon qilgani ana shu eʼtirofning tasdigʻidir. Bunday maqomga erishguncha yuzlab ezgu gʻoyalar amalga oshirildi, qanchadan-qancha bunyodkorlik ishlari olib borildi, ulugʻ ajdodlar, aziz avliyolarning nomlari qayta tiklanib, ular mangu qoʻnim topgan muborak qadamjolar obod qilindi.

Ming yillardan buyon yashab kelayotgan Hazrati Imom majmuasi ham ana shunday osori-atiqalardan biridir. Keksalarning gapiga qaraganda, yaqin oʻtmishda ushbu dahadagi masjid-madrasalar va boshqa tarixiy yodgorliklar avaylab-asralmagan, tor, egri-bugri koʻchalar koʻpda tozalanmas, chiqindi uyumlari toʻplanadigan qarovsiz ahvolda boʻlgan. Hazrati Imom maqbarasi atrofi avval mol bozori, somon bozori boʻlgan, keyinchalik bu yerda, chayqov bozori ochilgan. Baroqxon madrasasi hujralarida ovrupalik nogiron va soʻqqaboshlar yashagan. Boshqa meʼmoriy yodgorliklar, qadamjolarning holati ham bundan yaxshi boʻlmagan, albatta.

2007 yil boshida Oʻzbekiston Prezidentining farmoni bilan Hazrati Imom jamoatchilik jamgʻarmasi tashkil etilib, majmuaning asl tarixiy qiyofasini tiklash uchun keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash va obodonchilik ishlari olib borildi.

– Majmuada uchta qadimiy inshoot bor. Bular – XVI asrda qurilgan Baroqxon va Moʻyi Muborak madrasalari va Hazrat Qaffol ash-Shoshiyning maqbarasi. Ushbu maqbaraning yer qismi XI, tepa qismi XIV asrda qurilgan, – deydi Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining muzey-kutubxonasi bosh mutaxassisi Murod oʻulomov. – Prezident farmoni eʼlon qilingach, olti oy mobaynida majmua yangicha qiyofada qad koʻtardi. Dastlab toʻrt oy ichida Hazrati Imom jome masjidi barpo etildi. Soʻng Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining yangi binosi, keyin 1969 yilda ochilgan Imom Buxoriy nomidagi oliy maʼhad, yaʼni islom instituti binosi qayta taʼmirlandi, atroflari obodonlashtirilib, talabalar uchun yotoqxonalar qurildi. Bundan tashqari, shu uchta inshoot va “Tilla Shayx”, “Namozgoh” masjidlari ham qayta taʼmirlandi, yangi maydonlar, yoʻllar barpo etildi. Ushbu inshootlarning barchasi mazkur majmuaga kiradi. Uning yangi koʻrinishi qadimiy anʼanalar asosida yaratilgan.

 

HAZRATI IMOM JOME MASJIDI

Masjidning ikki tomonida koʻkka boʻy choʻzib turgan minoralarning balandligi 57 metrni tashkil qiladi. Bular oʻz maktabiga ega minorasozlarning mumtoz uslubi uygʻunlashgan holda tiklangan boʻlib, oʻng tomondagisi xorazmlik, chap tomondagisi esa samarqandlik ustalarning ijod mahsuli ekan. Masjid hovlisiga kirishingiz bilan uzunligi sakkiz metrdan ziyod naqshinkor ustunlar koʻzni quvontiradi. Bular Hindistondan keltirilgan sandal daraxtidan yasalgan. Jami yigirmata ustunning shakli sakkiz qirrali boʻlib, ularda Toshkent hunarmandlari uslubi namoyon.

Masjid xonaqohining uzunligi 77, eni esa 22, mehrobi bilan 24 metrni tashkil qiladi. Buni qarangki, shunday katta xonaqoh ustunsiz qurilgan va arxitekturasi jihatdan Oʻrta Osiyoda yagona inshoot hisoblanadi. Bu yerda, ayvoni bilan qoʻshib hisoblaganda, birvarakayiga besh mingdan ziyod kishi namoz oʻqishi mumkin. Binoning moviy gumbazlari ichki qismi Samarqanddagi “Tillakori” madrasasidan andoza qilib olingan. Faqat farqli va afzallik tomoni gumbazlarga oʻn ikkita deraza qoʻyilgan, yoritkichlar oʻrnatilgan. Qoʻsh gumbaz ichidagi naqshlar, ziynatlar qoʻli gul ustalar mahoratidan darak berib turibdi.

QAFFOL ASH-ShOSHIY MAQBARASI

Abubakr Muhammad ibn Ali Ismoil al-Qaffol ash-Shoshiy 903 yilda Toshkentda tugʻilgan. U Buxoro, Samarqand, Termiz madrasalarida tahsil olgan va islom ilohiyoti ustunlaridan boʻlgan Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziyning maʼnaviy izdoshi hisoblanadi. Qaffol ash-Shoshiy bir necha bor haj safariga borgan, Damashq, Bagʻdod va Hijozda boʻlgan. Sayohatlari mobaynida zamonasining yirik musulmon allomalari bilan bahslarda qatnashib, ilohiyot boʻyicha chuqur bilimini namoyish qilgan. Manbalarga qaraganda, uning obroʻsi shunchalik baland boʻlganki, islom dunyosida uni “Buyuk imom” deb atashgan. Vatanga qaytgach, u butun kuchini islomni targʻib qilish va shariat asoslarini mustahkamlashga sarflagan. U fiqh, hadis, usul, tilshunoslik fanlari va sheʼr sanʼati boʻyicha Movarounnahrda tengsiz edi, deyiladi manbalarda.

Rivoyatlarga qaraganda, Shoshiy qulf yasashga juda usta boʻlib, vazni chorak kumush tanga ogʻirligidek jajji qulf yasagan ekan. Uning ismiga “Qaffol” (arabcha qulf) soʻzi qoʻshib aytilishiga sabab ham shu. 1541 yilda uning qabri ustiga maqbara qurilgan. Maqbaraning asosiy kiraverishidagi eshik ustida qurilishda qatnashgan oʻulom-Husayn hamda hattot Qudratning ismlari sheʼriy tarzda bitilgan yozuv saqlanib qolgan (1541–42 yillarda nurab qolgan dastlabki maqbara oʻrniga hozirgi maqbara Toshkent hokimi Baroqxon taxallusli Navroʻz Ahmadxon topshirigʻi bilan saroy meʼmori oʻulom Husayn loyihasi asosida qayta qurilgan).

Avliyo xilxonasi oʻzining ajoyib shakli bilan diqqatni tortadi. Qaffol ash-Shoshiy mozori ziyoratgoh boʻlgani uchun maqbaraga sayohatchilar uchun qoʻnoq shakli berilgan. Katta zaldan tashqari ziyoratchilar uchun qurilgan uch qavatli hujra – burchak ustunli xonalardan iborat. Ushbu xilxonada yana bir necha moʻtabar zotlar qabrlari ham bor. Hozirgacha koʻplab ziyoratchilar Qaffol ash-Shoshiy maqbarasiga kelib, undan maʼnaviy yordam va duo oladilar.

Ayni paytda “Xastimom” deb ataladigan joy shu moʻtabar zotga nisbat berib aytiladigan “Hazrati Imom” soʻzining qisqargan shaklidir.

 

BAROQXON MADRASASI

Toshkentning keyingi besh yuz yillik tarixiga guvoh ushbu madrasa qadimiy ilm-fan, madaniyat oʻchogʻi sanaladi.

1554 yili Shayboniylar davlati Movarounnahr xoni boʻlgan Navroʻz Ahmadxonning umri harbiy yurishlarda oʻtganiga qaramay, xalqqa muruvvatli, muloyim tabiatli kishi boʻlgan. Shu bois uni “Baroqxon” deb ham atashgan. Baroqxon madrasasi 1502–1770 yillar oraligʻida bosqichma-bosqich qurilgan. 1917 yilga kelib, madrasani yotoqxonaga aylantirishgan va uning tarixiy koʻrinishiga oʻzgartirishlar kiritilgan. 1936 yildan boshlab esa koʻrlar jamiyati va omborxonasi sifatida foydalanilgan. XX asrning 50-yillarida madrasa Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi ixtiyoriga berilgan. 2007 yilda esa butkul qayta taʼmirlandi.

MOʻYI MUBORAK MADRASASI

Yangi jome masjidining shimoli-gʻarbida moʻjazgina tarixiy bino bor. Ushbu inshoot oʻn beshinchi asrda Baroqxon madrasasi qarshisida qurilgan. 1856–57 yillari esa Qoʻqon xoni tayinlagan Toshkent hokimi Mirzo Ahmad qushbegi amri bilan mazkur madrasa pishiq gʻishtdan qayta taʼmirlangan. Tarixchilarning maʼlumotiga koʻra, ushbu qadamjoda paygʻambarimizning soch tolalari saqlangan. Majmuadagi katta qurilish-taʼmirlash ishlaridan soʻng Moʻyi Muborak madrasasi ham yangicha qiyofa kasb etdi va mushafi Usmon muzey-kutubxonasiga aylantirildi. Ushbu muborak Qurʼon uchinchi xalifa Usmon ibn Affon buyrugʻiga asosan yettinchi asrda kiyik terisiga koʻchirtirilgan. Oʻsha davrda jami olti nusxa mushaf boʻlgan. Shulardan yer yuzida mavjud kitob shaklidagi yagona nusxa shu yerda saqlanadi. Xalqaro YUNYeSKO tashkiloti 2000 yilda ushbu mushafning asl nusxa ekanini tasdiqlovchi hujjat – sertifikat bergan.

Muzey-kutubxonada mamlakatimizga tashrif buyurgan yuksak martabali mehmonlarning fikrlari, tilaklari yozilgan uchta katta kitob bor. Ulardan birida Malayziya davlati Bosh vaziri Abdulla Badaviy yozib qoldirgan fikrlar diqqatimizni tortdi:

– Mazkur majmuani qayta tiklash ishlaridagi Prezident janobiy oliylari Islom Karimovning saʼy-harakatlari menda katta taassurot qoldirdi. Madrasa va masjidlar goʻzallik va salobatga yoʻgʻrilgan. Musulmonlar esa bunga katta baho beradi. Xalifa Usmon mushafini saqlab qolishni taʼminlagan Oʻzbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildiraman.

Poytaxtning eski shahar qismiga koʻrk bagʻishlab turgan mazkur majmua yil oʻn ikki oy sayyohlar va respublikamizning turli burchaklaridan kelgan ziyoratchilar bilan gavjum. Biz u yerda Gretsiya, Malayziya, Hindistondan kelgan mehmonlarni uchratdik. Ulardan taassurotlari bilan oʻrtoqlashishni soʻraganimizda, deyarli bir xil fikr bildirishdi: insoniyat tsivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ zotlar yurti boʻlgan tinch, osoyishta mamlakatga kelganim, koʻrganlarimdan baxtiyorman.

Ha, aziz avliyolar ruhi poklari qoʻllab turgan ushbu zaminda ezgu ishlar hali davom etajak.

 

X. FAYZIYEVA tayyorladi.

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/kohna-shosh-bagridagi-javohir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x