“Kitob men uchun sirli simfoniya”

Oʻzbekiston xalq artisti Farrux ZOKIROV:

Kitobxon oilada katta boʻlganim kelajagimga, ijodimga katta taʼsir oʻtkazgan. Otam kitobni sevadigan, eʼzozlaydigan, ziyoli insonlarga mehr qoʻygan kishi edi. Koʻp hollarda boshdan kechirgan ogʻir damlari haqida soʻzlab berar, biz esa bir qiziq kitob oʻqiyotganday tinglardik. Padari buzrukvorim hayotidan, koʻrgan kunlaridan saboq chiqarishga, onam aytgan oʻgitlarni bajarishga harakat qilardik. Shu tariqa menda ham kitobga muhabbat uygʻongan.

Yoshligimda oʻqigan kitoblarim orasida oʻzbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asari kaminada katta taassurot qoldirgan. Undagi oʻzbekona ifodalar, mehr-muhabbat, goʻzallikka yoʻgʻrilgan munosabatlar qalbimda shirin tuygʻular barq urishiga sababchi boʻlgan. Romandan haqiqiy muhabbatni, uning uchun kurashishni, qadriga yetishni, Vatanni sevishni oʻrganganman. Mard va jasur inson doim haq boʻlishini anglaganman.

Odatda, biror narsadan xafa boʻlsam yoki juda sevinsam, qoʻlimga kitob olaman. Ichimdagi tugʻyonlarni kitob sahifalariga sochaman. Shu bois ularda oʻzgacha bir navo his qilaman. Bilim oʻchogʻi sanalmish kutubxonani esa betakror, qaytarilmas, sogʻinchli simfoniyaga qiyoslayman.

Koʻp hollarda mutolaa qilgan asarim haqida rahmatli akam Botir Zokirov bilan fikr almashardik. Chunki u men oʻqigan kitobni allaqachon xatm qilib boʻlgan boʻlardi. Oʻzbekcha, ruscha asarlarni berilib, taʼsirlanib mutolaa qilar va taassurotlari bilan oʻrtoqlashardi. Uning asosiy doʻstlari shoirlar, yozuvchilar, rassomlar, adabiyotshunoslar hisoblangan. Shu bois akamga doim havas qilganman. Botir Zokirov chinakam sanʼatkor, betakror ovoz egasi va samimiy inson edi. Uning kitobga, sanʼatga eʼtiqodini soʻz bilan taʼriflash qiyin.

Aslida sanʼatkor yuragini uning oʻzidan boʻlak toʻlaqonli tushunadigan inson boʻlmasa kerak. Men akamning qoʻshiqlari butun dunyoga mashhur boʻlishida uning qalbi, ovozi bilan birga, tinimsiz mutolaa qilib, tafakkurini boyitib borgani ham sabab boʻlgan, deb bilaman. Chunki kitob oʻqigan insongina yangilik qilishga, insonlarni ortidan ergashtirishga qodir. U tinim bilmay oʻqirdi, izlanardi, ijod qilardi. Oʻzini sira oʻylamasdi.

Umuman olganda, oilada kimdir kitob oʻqisa, oʻsha xonadonda tarbiya topayotgan bola ham mutolaaga mehr qoʻyadi. Shuning uchun ota-onam, ayniqsa, akam ortidan borib, men ham koʻp kitob oʻqiydigan, sheʼrlar yodlaydigan, hatto, ularga oʻzimcha musiqa bastalab, asta-sekin qoʻshiq kuylaydigan boʻldim.

Hozir qayerga borsam, oʻsha joydan kitob xarid qilib, shaxsiy kutubxonamni boyitishga harakat qilaman. Ularning sehri meni doim oʻziga chorlab turadi. Kitoblar menga bir olam, hali oʻqilmagan kitob esa sirli bir kuyday tuyuladi.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga kelsam, koʻnglim yorishib, qalbim quvnab ketadi. Bu yerda yoshlar bilan uchrashib, ularga oz boʻlsa-da, oʻz tajribamdan oʻtkazgan xulosalarim, fikrlarimni aytaman. Bundan behad baxtiyorman. Chunki kelajak kitob oʻqiydigan yoshlar qoʻlida! Kutubxonalar men uchun yuqorida aytganimday, sirli simfoniya, hali hech kim tinglamagan navolar. Niyatim bu simfoniyalar doim yurtimiz qalbida yangrayversin.

 

Javlon JOVLIYEV yozib oldi.

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/kitob-men-uchun-sirli-simfoniya/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x