Ensiklopediya – insoniyat yiqqan bilimlar xazinasi

 Ensiklopediya lotinchadan “dunyoni oʻrganish”, “inson bilimlari xazinasi” yoki “dunyo tartibotlarini bilish” maʼnolarini bildiradi. Coʻzlik shaklida u “ilmiy qomusiy qoʻllanma”, “fanlar va qoidalar sharhi”, keng maʼnoda esa “ilmiy maʼlumotlar toʻplami” demakdir. Deni Didroning fikricha, “ ensiklopediya maqsadi – dunyoga tarqalgan barcha bilimlarni toʻplash, odamlar tushunadigan tilda bir tizimga keltirish va keyingi zurriyodlariga bu oʻta foydali merosni eson-omon qoldirishdir”.

Maʼlumki, “ ensiklopediya” tushunchasi ilmiy taomilga XVIII asrda kiritilgan, bu borada ilk urinish taxminan miloddan avvalgi 350 yillarda amalga oshirilgan. Miloddan avvalgi 239 yilda “Janob Lyuning bahor va kuz kundaligi”ni tuzib tugallagan xitoylik Lyuy Buvey oʻziga qattiq ishonganidan: “kimki ushbu  ensiklopediyaga birgina soʻz qoʻshsa yoki eʼtiroz bildirsa, unga bir kilogramm oltinni mukofotga beraman”, degan edi. Qadimgi davrlardagi  ensiklopediyalar ichida “Katta Pliniyning Tabiiy tarixi” alohida ajralib turadi, milodning 77 yilida tayyorlangan bu kitob 2500 bob va 37 jildni tashkil etardi.

Oʻrta asrlarda qomus yaratish “musobaqasi”da baribir xitoyliklar gʻoliblikni qoʻlga kiritdilar. 1403 yilda imperator Chju Di buyrugʻiga binoan, tuzib chiqilgan “Yunle  ensiklopediyasi” hozirgi kungacha yaratilgan dunyodagi eng katta majmua hisoblanadi. Imperator kutubxonasidagi jamiki kitoblar, qoʻlyozmalarni, qonunlar, tarix, falsafa va badiiy asarlarni oʻziga jamlagan  ensiklopediyani tuzishga 2 ming odam jalb etilgan edi.

Xitoyliklar yaratgan ulkan  ensiklopediya 11 ming 95 jildni hammasi boʻlib 510 ming betni, 300 million iyeroglifni qamrab olgan edi. Hozirgi paytda, noyob bu maʼnaviy xazinaning 4 foizigina saqlangan, aslida shuning oʻzi ham 443 jildga tengdir!

Yevropada bunday miqyosdagi ilmiy-maʼrifiy tadbirlarga oʻrta asrlarda kirishildi. Jumladan, 1751–1772 yillarda Frantsiyada Didro va d, Alambero tahriri ostida 28 jildlik  ensiklopediya yaratilgan, soʻngra unga 7 jild ilova qoʻshilgan. “Britaniya  ensiklopediyasi yoki qisqacha Britannikani 1768–1771 yillarda Shotlandiyada tayyorlashga kirishilganda, u 3 jilddan oshmagan edi. Ammo 1797 yilda uchinchi nashrini bitirganda, u 18 jildga yetgandi. 1732–1754 yillarda I. G. Sedler tomonidan nemislarning 68 jildlik  ensiklopediyasi, 1890–1907 yillarda nemis olimlari F. A. Brokgauz va I. A. Yefronning 86 jildlik “Entsiklopedik lugʻati” bosildi.

Bugungi murakkab globallashuv va axborot texnologiyasi asrida kitobga nisbatan munosabat birmuncha oʻzgardi. Yoshlarimiz oʻz qoʻlida ham bosma, ham elektron shakldagi nusxalar boʻlishini istashadi. Eng muhimi, internet tarmoqlarida entsiklopedik nashrlarga talab yildan-yilga oshib bormoqda. Bu yosh, navqiron avlodning dunyoqarashi va tafakkur tarziga ijobiy taʼsir etuvchi kuchli omil boʻlmoqda. Katta va kichik yoshdagi zukko kitobxon oʻzi qiziqib topishga qiynalgan mavzuga (masalan, dunyodagi diniy oqimlar, mazhablar, siyosiy qarashlar yoki salb yurishlari, inqiloblar, davlatlarning siyosiy modellari va boshqalar) oid maʼlumotlarni ilmiy asoslangan nufuzli manbadan, xususan, milliy  ensiklopediyadan qidirmoqda. Deylik, Rossiyada 2000 yilda ochilgan “Rubrikon” portalida hozirda rus tilida 62 ta  ensiklopediya va lugʻatlarning matni va suratlari bilan bemalol tanishish imkoniyati mavjud. Homiylar koʻmagida ishga tushirilgan bu loyihaning koʻplab materiallari pullik boʻlgani esa axiyri, MDH mamlakatlarida intellektual mulk yana qadr topa boshlaganidan dalolat beradi.

Oʻzbekistonda qomus yaratish tarixiga qisqacha murojaat etsak, zulm, zoʻravonlik ustiga qurilgan sovet tuzumi sharoitida bu borada siljishga erishish ogʻir edi. Qatagʻon, urushlarni koʻrgan jafokash xalqimiz 1960 yillarga kelib, ozgina nafasini rostlay boshlaganda Fanlar akademiyasidagi yurtparvar olimlarimiz, vatanparvar ziyolilarimiz Imom Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Farobiy, Xorazmiy singari fozilu allomalarimiz ulkan merosining koʻpchilik ilgʻamagan qirralari aks etgan yaxlit kitobni yaratishni oʻylardilar va bunga zimdan harakat ham qilishardi.

Taniqli adabiyotshunos olim, rahmatli Gʻaybulla as-Salom jarayonni ichdan kuzatgan kishi sifatida 1976 yilda “Guliston” jurnalida, 1996 yilda esa “Tafakkur” jurnalida (qarang.: “Ibrohim Moʻminovning temuriy jasorati”, 3-son) oʻz esdaliklarini yozib qoldirgan edi. Ustoz Oʻzbekistonda, Fanlar akademiyasida qomusni birinchi marta nashr etishga oʻn yil tayyorgarlik koʻrilgani, 1966 yilda akademik I. Moʻminov unga bosh muharrir etib tayinlangani, soʻng tez surʼatda  ensiklopediyaning 96 bosma taboqdan iborat 1-jildi tayyorlanib, u 1967 yil 18 oktyabrda bosmadan chiqqani, kitobga tarixiy, adabiy, maʼnaviy boyligimizni yaratishga hissa qoʻshgan deyarli barcha fan-adabiyot namoyandalarining hatto eng kichik asarlari ham kiritilgani haqida zavq-shavq bilan hikoya qilgan edi. Biroq, oʻsha yillarda siyosiy-ijtimoiy, maʼrifiy-adabiy kitoblarga ham maxsus nazorat organlari tahlilidan keyin ruxsat berilardi. Katta-kichik tazyiqlar qoʻyila boshlangach, entsiklopedik kitoblarning ilmiy-badiiy qimmati ham tushib ketgandi.

1991 yilda ota-bobolarimiz va bugungi avlodning asriy orzulari ushaldi: mustaqillikka erishdik. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1997 yil 20 martda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston milliy  ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori chiqdi. Oʻsha yilning oʻzidayoq, soha  ensiklopediyalari, izohli va koʻp tilli lugʻatlar, maʼlumotnomalarni chop etish baravarida, yangi qomusimizni yaratishga kirishildi. 2000 yilda Oʻzbekiston milliy  ensiklopediyasi (OʻzME)ning birinchi jildi bosmadan chiqdi. Kitobning dastlabki sahifasidan oʻrin olgan Yurtboshimiz Islom Karimovning tabrigida shunday soʻzlarni oʻqiymiz: “Milliy qomusimiz har qaysi inson uchun, xalqimiz hayotiga qiziqadigan olimlar va ziyolilar, turli soha mutaxassislari uchun muhim ilmiy manba, bebaho xazina sifatida xizmat qiladi.  ensiklopediyani tayyorlash jarayonida shuni ham unutmasligimiz kerakki, milliy qomus – ming yillik tariximizni oʻzida mujassamlashtirib, asrlar davomida oʻz oʻquvchilariga xizmat qiladi”. Darhaqiqat, 2000–2006 yillarda OʻzMEning 12 jildi dunyo yuzini koʻrdi, u keng jamoatchilik, chet ellik olimlar nigohida yaxshi bahoga sazovor boʻldi. OʻzMEning umumiy hajmi 1600 nashriyot hisob tabogʻini tashkil etib, qariyb 60 ming maqolani oʻz ichiga olgan edi.

Ammo bugungi kunda oʻzbek qomusining 3-nashri (1-nashri 1966–1975,2-nashri 2000–2006 yillarda bosildi)ni chiqarishga katta ehtiyoj tugʻilganini, negaki boʻlajak nashr bilan oldingisi orasida yigirma yil vaqt oʻtib ketganini qayd etishga toʻgʻri keladi. Yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek, OʻzME asrlar davomida millatimizga xizmat etajagi lozim. Boʻlgʻusi nashrda 2000–2016 yillarda mamlakatimiz hayotida roʻy bergan jamiki eng muhim voqealar, jumladan, iqtisodiyot va siyosatdagi islohotlar, gʻaroyib ixtirolar, ilm-fan, adabiyot va sanʼat, sport, meʼmorchilik, transport, sanoat, kichik biznes va tadbirkorlik, xalqaro aloqalar, rivojlanish modelimiz afzalliklarini, umuman, shaxs va jamiyat munosabatlari oʻzgargani haqida toʻlaqonli, pishiq-puxta maʼlumotlar unda mustahkam oʻrin egallashi lozim. Aniqroq aytadigan boʻlsak, 2005–2015 yillarda ulkan siyosiy voqea – prezident va parlament saylovlari boʻlib oʻtdi, viloyat markazlari zamonaviy shaharlarning tusiga kirdi, meʼmoriy obidalar, ziyoratgohlar qayta taʼmirlandi, eng chekka qishloqlarda namunaviy uylar kollejlar, chet el investitsiyalari jalb etilgan ishlab chiqarish korxonalari qurildi, taʼlim, fan va madaniy hayotimizda misli koʻrilmagan yangiliklar amalga oshdi. Shu bilan birga, OʻzMEga jahon ilm-fani va madaniyati bobida olamshumul voqeaga aylangan materiallar ham kiritiladi. Yoshlarimizning bugungi talab-ehtiyojlarini koʻzlab, u yangi oʻzbek alifbosida chop etilishi maqsadga muvofiq boʻlardi, albatta.

Soha mutaxassislarining fikricha, istiqbolda 12 jildlikda chop etilgan 60 ming maqolani qayta ishlash, yana shuncha miqdorda yangilarini qoʻshish, 10 mingdan ziyod bezaklar, suratlar, xaritalarni butunlay qayta ishlashdek aqliy, ijodiy mehnat talab qilinadi. Mazkur ishga 5 mingta muallif jalb etiladi. Bu, aslida qamrovi kengligi va koʻlamdorligi jihatidan davlat ahamiyatiga molik katta maʼnaviy tadbir boʻlib, u millatimizning yuzi, qiyofasi, madaniyatini dunyoga namoyon etishga yordam beradi.

 Ensiklopediya – insoniyat yiqqan bilimlar xazinasidir. Zero, xalqimizni maʼnaviy-maʼrifiy uygʻotib, milliy salohiyatini oshiruvchi OʻzME yangi nashri oldingilaridan ham hajman, ham mazmunan, ham matbaa sifati jihatidan yuqori saviyada chop etilishi, shubhasiz. Sababi, soʻnggi yillarda respublikamizda nashriyot-matbaa tizimi ancha zamonaviylashib, yuqori bosqichga koʻtarilganini soha xodimlarining amaldagi noshirlik faoliyati koʻrsatib turibdi.

Ayni paytda ana shunday ezgu-niyatlarni rejalashtirgan ijodiy jamoa moddiy va maʼnaviy manbaalarni shakllantirish ustida izlanmoqdalar. Bu ulkan ishda ularga kuch-quvvat, gʻayrat va shijoat tilab qolamiz.

 

Baxtiyor OMONOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ensiklopediya-insoniyat-yiqqan-bilimlar-xazinasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x