Visente Blasko IBANYES
(ispan yozuvchisi)
Keksa Tofol va uning qizi qullardek mashaqqatli kun kechirishardi. Ular betoʻxtov hosil beraverganidan sillasi qurigan bogʻchalarining quli edilar. Oʻzlari ham shu bir parcha, qoʻshnilarning taʼrifi bilan aytganda, dastroʻmoldan sal katta yerga ildizi bilan kirib ketgan ikkita daraxtga oʻxshashar, ota-bola pushtalarda goʻyo chuvalchangdek gʻimirlaganlari-gʻimirlagan, ayniqsa, shu zahilgina qiz mardikor singari tinmas edi.
Qoʻshnilar qizga Borda deya laqab qoʻyishgandi, chunki Tofol amakining marhuma xotini tugʻmasligi maʼlum boʻlgach, uni yetimxonadan asrab olishgandi. Borda shu bogʻchada katta boʻldi. U oʻn yetti yoshlarda boʻlsa-da, koʻrinishidan oʻn bir yashar qizaloqdan farq qilmas, ozgʻin yelkalari egik, koʻkraklari botiq, qizlarga xos zarofat koʻrinmasdi.
Borda koʻrimsizligi ustiga tinimsiz yoʻtalaverganidan qoʻshni ayollarni, ayniqsa, oʻzi bilan Valensiya bozorida yonma-yon turib savdo qiladiganlarni choʻchitib qoʻygan. Shunday boʻlsa-da, uni hamma yaxshi koʻrardi.
Qizgina biram tirishqoq ediki! Bozor rastasidan joy olishga ulgurish uchun tong otmasdanoq bogʻchaga kirar, sahargi izgʻirindan junjikib qulupnay terar yoki gullarni kesib, Valensiya shahri darvozasidan birinchi boʻlib kirar edi. Polizlariga suv olish uchun Tofol amakining navbati yetgan tunlarda qiz etaklarini lippasiga qistirardi-da, ogʻir soʻqani itoatkorona olib cholga ergashar, zovur bilan ariq tutashgan joylarga tuproq tashlab yasalgan gʻovlarni ochishga yordamlashardi. Zang rangi urgan suv ariqlarga taralishi bilanoq, chanqagan yer uni qulqullatib yutib yuborardi.
Madridga joʻnash uchun karvon toʻplana boshlasa, qiz shamoldek yelib, joʻyaklarni titib chiqar, qadoqlovchi ayol sabzavotlarni katta-katta savatlarga joylab ulgurmasdan, quchoq-quchoq atirgul, chinnigullarni kesib kelardi.
Shu qadar kichik bogʻ orqasidan tirikchilik qilish uchun bosh koʻtarmay ishlash, bir lahza boʻlsin, yerni unutmaslik kerak. Ota-bola xuddi oʻjar, xala urmasa, qimirlamaydigan xachir uchun jon kuydirgandek urinishardi. Tofol amakining ekinzori inqilob vaqtida musodara etilib, ijara yerlari sifatida taqsimlab yuborilgan keng monastir bogʻining bir qismi edi. Shahar kun sayin kengayib, atrofdagi ekinzoru bogʻlarni yutib borar, chol bogʻchasini qanchalik laʼnatlarga koʻmmasin, yer egasi bir kunmas-bir kun moʻmay pulga uchib yerni shahar uchun sotib yuborishi mumkinligi xayoliga kelib qolsa, qaltirab qolardi.
Chol oʻzining butun umrini, oltmish yillik mehnatini shu bogʻchaga koʻmgan, yerning bir qarichi ham boʻsh qolmagan. Daraxtu butalar zichligidan, bogʻchaning oʻrtasida turib har burchiga nazar solganda ham devor oʻrnidagi toʻsiqlar koʻrinmasdi.
Magnoliya, qizil mevali butazorlar, pushti yasmin butalari, chinnigul va atirgul – barining narxi bor, ularning hammasi feʼl-atvori gʻalati shaharliklar jon deb pul toʻlaydigan mol.
Chol bogʻining goʻzalligiga loqayd, faqat tushumni oʻylaydi. U gullarni xuddi maysadek, quchoq-quchoq kesib yuborishga tayyor, aravalarni meva-chevaga toʻldirib tashlashni istaydi, ochkoʻzlikka mukkasidan ketib, bechora Bordani qiynagani-qiynagan. Qiz yoʻtali tutib, bir daqiqaga toʻxtasa, qoʻpol oʻshqiriq yangligʻ, kuragiga kesak kelib tegardi.
Qoʻshni ayollarning achchigʻi chiqardi. Bu chol qizni adoyi tamom qiladi-ku! Axir boyaqishning yoʻtali kun sayin kuchayib boryapti! Lekin cholning javobi tayyor: qizcha yoʻtalayotgan boʻlsa, nima qilsin, taqdiri shu ekan, qorni toʻq, nonsiz, guruchsiz qolib ketmayapti, baʼzan hissasiga kamyob neʼmat – qonli kolbasa bilan piyoz tegib qoladi. Yakshanba kunlari qizining xursandchilik qilishiga, yaʼni xonimchalardek cherkovga joʻnashiga xalal bermaydi, yubka sotib olish uchun uch peset berganiga hali bir yil ham boʻlgani yoʻq. Qolaversa, u qizning otasimi yo yoʻqmi? Tofol amakining otalik hissi xuddi qadim rimliklar tarozisida oʻlchangandek: farzandning hayoti ham, oʻlimi ham otaning izmida, dilining qat-qatiga yashiringan mehrini uyulgan qosh-qovoqlari, gʻazabnok qarashlari, baʼzida jahllanib turtishlari bilan ifodalaydi.
Qiz boyaqish zorlanmasdi. Oʻzi ham koʻproq ishlashga urinardi, faqat bogʻlarini tortib olishmasa boʻlgani. Koʻpincha bogʻcha soʻqmoqlarida oʻzi ona deb atagan, bir vaqtlar yorilib ketgan qoʻllari bilan uni erkalagan keksa ayolning yamoq etaklari lipillab oʻtgandek tuyulardi. Bu yerda qiz sevgan hamma narsa: bolaligidan tanish daraxtlar, qizlik koʻnglida onalik muhabbatiga oʻxshash hislar uygʻotuvchi gullar bor edi. Qiz uchun gullar goʻyo farzanddek, chunki ular gʻarib bolaligining qoʻgʻirchoqlari edi. U har tong gʻunchalardan yangi gullar bunyod boʻlishini taajjub bilan kuzatar, gʻunchalar avval uyalibgina, xuddi begona nazardan yashirinmoqchi boʻlgandek, oʻz gul yaproqlarini qisib olishini, keyin birdan dadillanib, mitti rangdor mushaklardek portlab yorilishini koʻrardi.
Bogʻcha qiz uchun tuganmas qoʻshiq kuylardi, unda ranglar kuyi, yaproqlar shitiri va yashil gumbaz ostida yugurayotgan, itbaliqqa toʻla loyqa zovurdagi suvning bir tekis jildirashi bilan qoʻshilib ketardi.
Jazirama tush payti chol mizgʻigani yotganda, Borda bogʻchani kezar, bahorni qutlash uchun eng soz libosini egniga ilgan nihollarning goʻzalligiga mahliyo boʻlib tikiladi.
Oppoq liliya bal liboslariga oʻrangan qizlar misoli nafis tebranadi. Nimpushti kameliya kishi tasavvurida oʻzining koʻrkam sirlarini yashirmasdan toʻshakda osoyishta choʻzilgan goʻzalning iliq badanini jonlantirardi. Tannoz binafsha barglar orasiga yashirinib, nozik islari bilangina oʻzini oshkor qilardi. Hamisha bahor gullari oʻtlar orasida oltin soʻlkavoy singari sargʻayar, chinnigullar oqimi alvon qalpoq kiygan inqilob qoʻshinlaridek pushtalarni toʻldirib, soʻqmoqlarni qamal qilgan, ular ustida magnoliyalar fil suyagidan yasalgan ladandonga oʻxshash kosalarini tebratib, sarxush qiluvchi cherkov ladanlaridan ham xushboʻy hidlar sochar, kapalakgullar – nafarmon baxmal qalpoqcha kiygan shoʻx mittilar qizning nazarida:
– Borda, Bordeta! Muncha issiq! Xudo haqi! Suv… – deya shivirlayotgandek tuyulardi.
Ha, gullar shivirlardi, qiz buni aniq eshitardi! Horgʻinlikdan suyaklari zirqillasa-da, qiz gulchelakka suv toʻlatgani zovur sari yugurar, gulchelakdan yogʻilgan yomgʻirdan ruhlangan gullar unga minnatdorlik ila bosh tebratardi.
Nozik bandlarni kesar ekan, koʻpincha Bordaning qoʻllari titrar edi. Gullar oʻz umrini yashab oʻtishi uchun jon deb ularni pushtalarda qoldirgan boʻlardi! Lekin tirikchilik uchun savatlarni gullarga toʻldirish, ularni Madridga joʻnatishdan boshqa iloji yoʻq edi.
Uzoq safarga ketayotgan gullarga qizning havasi kelardi. Madrid! Qandoq shahar ekan u? Uning xayoliga ertaklarda tasvirlangandek shohona saroylar – devorlari chinnidek yarqiroq keng xonalar kelardi, atrof toʻla koʻzgu, ularda minglab chiroqlar, sochlariga gullar taqilgan bashang xonimlar aks etadi.
Bu tasavvur shunday jonlanar ediki, xuddi qiz bularni qachonlardir, balki hali dunyoga kelmasidan avval koʻrgandek!
Madridda xoʻjayinning oʻgʻli yashardi. Bola choqlari ular birga oʻynardilar. Oʻtgan yili u balogʻatga yetgan koʻrkam yigit boʻlib bogʻlariga kirib kelganida, Borda uyalib qochib ketdi. Hayajonli xotiralar! Qiz bir vaqtlar zovurning labida yonma-yon oʻtirganlarini, bola unga birdaniga goʻzal malikaga aylangan kambagʻal, yetim bir qiz – Zolushka haqida hikoya qilganlarini eslab, yuzlari yondi.
Unutilgan barcha bolalarning doimiy orzusi uni ham oltin qanotlari ostiga oladi. Goʻyo eshik oldiga ajoyib arava kelib toʻxtaydi, undan goʻzal bir xonim tushadi-da: “Qizalogʻim! Nihoyat, topdim seni!” – deydi.
Xuddi ertakdagidek. Keyin – bashang liboslar, saroydagi baxtli hayot, nihoyat, u haqiqiy janobga turmushga chiqishga rozi boʻladi (senga uylanishga tayyor shahzoda doim ham topilavermaydi-ku!).
U borligʻi bilan orzulariga berilgan mahal, gardaniga kesak kelib tegadi.
– Hoy, muncha anqayasan? – deya oʻshqiradi otasi.
Yana ishga beriladi, tagʻin yerni oʻyib, qiynay boshlaydi, nazarida zamin gullarga burkanayotib, ogʻriqdan ingraydi.
Quyosh bogʻchani qizdiradi, daraxtlarning poʻstlogʻi darz ketadi. Odatda salqin boʻlgan erta tongda Borda xuddi kun tikkaga kelgan paytdagidek terga botadi, yanada ozadi, kuchliroq yoʻtaladi.
Oʻzi tushunarsiz maʼyuslik bilan oʻpgan gullar uning hayotini tortib olayotgandek, yuzidagi qizillikni oʻchirib yuborayotgandek tuyuladi.
Doktorni chaqirish hech kimning esiga kelmasdi. Nega? Doktorga pul toʻlash kerak, Tofol amaki esa tibbiyotga ishonmasdi. Mana, jonzotlar, tabibsiz ham, dorisiz ham yashaydi, derdi u.
Bir kun ertalab Borda qoʻshni ayollarning achinish bilan qarab pichirlashganlarini eshitib qoldi. Qizning oʻtkir quloqlari shivirlab aytilgan gapni darrov ilgʻadi: “U kuzga, xazonrezgiga ham yetolmaydi”. Shu kundan boshlab bu xayol uni tinmay taʼqib qila boshladi.
Oʻlish! Na iloj, mayli… Faqat bechora cholga qiyin: bir oʻzi, yordamchisiz qoladi. Agar hayot bilan vidolashmoqqa toʻgʻri kelsa, juda boʻlmasa, onasi ketgandek – avji bahorda, ranglar qoʻshigʻi baxtiyor kulgu singari koʻkka oʻrlaganda ketsa! Faqat kuzda oʻlmasin, faqat bu maʼyus faslda, yer yalangʻochlanib, himoyasiz daraxtlar xuddi supurgidek shoʻppaygan, pushtalarda qish gullari hazin tebrangan pallada ketmasin!
Daraxtlar barg tashlagan kunlar! Borda kuzda xunuk ogʻochlarga aylanuvchi daraxtlarni yomon koʻrib qoldi, u xuddi oʻlim olib kelayotgandek tuyulgan daraxtlarni qoʻriqlab yurgan kezlari bundan yuz yil avval monaxlar oʻtqazib ketgan palmani – qomati raso, hilpiroq patlardan jigʻa taqqan yuksak daraxtni jon dildan sevdi. Palmaning barglari hech qachon toʻkilmas edi!
Qiz bu aqldan emasligini anglardi, lekin moʻjizaga moyillik hissi uning diliga umid baxsh etardi, bechora Borda istirohat chogʻlari Bibi Maryam oyoqlari ostidan davo izlagan baʼzi xudojoʻylar misoli oʻtkir uchli yaproqlar soyasidan panoh izlardi.
Uning soʻnggi yozi palma ostida oʻtdi. Bir kuni qiz goʻyo yer qaʼrida biqirlayotgan vulqonga yoʻl ochgandek, tuproqdan bugʻ siqib chiqarayotgan quyosh endi uning junjikkan badanini isita olmaydigan boʻlib qolganini sezdi. U xuddi shu yerda, palma ostida daraxt yaproqlarini uzib olayotgan dastlabki izgʻirinlarni kutib oldi. U odamlarning koʻz oʻngida kun sayin soʻlib, maʼyuslanib borardi, endi uning quloqlari bogʻchaning inson ilgʻamas shitirlashlarini ham eshitar edi.
Oppoq parvonalar Bordaning boshi ustida aylanarkan, uni oʻzga olamga, xush isli ajoyib gullar oʻzini parvarish qilganlarning hayotini tortib olmaydigan shafqatli dunyoga olib ketishni tilagandek, qizning nam peshonasiga astagina qanot tekkizardi.
Qish yomgʻirlari qizni bogʻchadan topa olmadilar. Ogʻir tomchilar Tofol amakining bukik beliga tushdi. Chol doimgidek soʻqani qoʻlida mahkam tutgan, koʻzlarini yerga tikkan, qismatiga tushgan yoʻldan qashshoqlikning itoatkor askariga xos bemaʼni loqaydlik bilan ketib boradi. Ishlash kerak, bir siqim guruch sotib olish, vaqtida ijara haqini toʻlash uchun ishlash, ishlash kerak!
Endi u yolgʻiz, qiz onasining ortidan ketdi.
Cholning serhosil, goʻyo oʻlim nafasi tegmagandek gullab-yashnab, muattar islar taratib yotgan, odamning umrini yemiruvchi, bir kun kelib, cholni ham adoi tamom qiluvchi mana shu diydasi qattiq yerdan boshqa hech narsasi yoʻq.
Chol yetmish yoshida ikki kishining yumushini qilishga mahkum. U yerni avvalgidan ham tirishib chopadi, atrofidagi aldoqchi goʻzallikka qaramay, bosh koʻtarmay ishlaydi. U biladiki, bu goʻzallik uning mashaqqatli mehnatlari samarasi, chol faqat bitta istakka mubtalo – oʻzi yaratgan goʻzallikni qimmatroqqa pullash. Shuning uchun chol daladagi pichanni oʻrgandek, gullarni bamaylixotir kesib boraveradi.
Rus tilidan Risolat HAYDAROVA tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2012–4
https://saviya.uz/ijod/nasr/mayus-bahor/