Matbuot, madaniyat va adabiyotimizning oqsoqollari, arboblari – barcha jonkuyarlariga, xususan, Ozod Sharafiddinov, Odil Yoqubov, Ismoil Sulaymon, Maqsud Qoriyev, Azimjon Hojiyev, Shoahmad Shoabdurahmonov, Baxtiyor Nazarov, Oʻtkir Hoshimov, Islom Shogʻulomov, Nizomiddin Mahmudov hazratlariga
Ochiq xat
Tildan ayrilganing – eldan ayrilganing,
Tildan tonganing – eldan tonganing.
Sharq xalqlari hikmati
Har bir sohaning sohiblari, har jamoaning oʻz oqsoqollari, har bir kasb-korning ustalari, diniy va dunyoviy ilmlarning ustozlik martabasiga, pirlik maqomiga erishgan aziz kishilari – el suygan jonkuyar zotlar bor. Muborak mamlakatimizning, jonajon xalqimizning hayotini yoritishga – yozishga butun umrini bagʻishlagan barcha hamkasblarimizga til va talaffuz, soʻz, ibora hamda atamalarni qay yoʻsinda aytib, qay yoʻsinda ishlatish haqidagi istaklarimni, eʼtirozlarimni aynan jonkuyar zotlar orqali bildirishni maʼqul koʻrdim. Bu xayrli ishda oqsoqollarning koʻmaklari kerakka oʻxshaydi. Bu ishni xolisanlilloh ijro etish ham, ijro ettirish ham qoʻllaringizdan keladi. Sababi, mamlakatimizda chiqayotgan barcha gazeta-jurnallarning bosh muharrirlaridan tortib to radio va televideniyening masʼul xodimlarigacha – biri shogirdlarimiz boʻlsa, birlari jon ayamas inilarimiz, singil-qizlarimizdir. Shuning uchun ham bildirmoqchi boʻlayotgan eʼtirozlarimni, aytmoqchi boʻlayotgan taklif va istaklarimni matbuot xodimlari samimiy qabul qilishini xohlardim. Avvalo, Toshkent va toshkentliklar haqida gapirishdan oldin muqaddas poytaxtimizning taʼrifini aytsam:
Toshkent obodligi haddidan oshgan,
Oʻzbekiston poytaxtiga yarashgan.
Ikkilamchi, Toshkentni non shahri deb ataydilar.
Uchlamchi, Toshkentga qayqitayoq bilan borgan kishi toylik boʻlib qaytadi. Tehronga qayqi ot minib borgan odam toy bilan qaytadi. Bu qadimgilardan qolgan naql.
Toʻrtlamchi, magʻribu mashriqda Toshkentni – Sharq mashʼali deb eʼtirof etadilar.
Men Toshkentga (1958 yili) qay yoʻsinda, qay holda borgan edim? Kim boʻlib qaytdim? Toʻrva-setka bilan borib, chinakam Toʻra boʻlib qaytdim. Egnimda isqirti toʻn. Boshdagi doʻppimni doʻppi desa ham boʻladi, demasa ham boʻladi. Koʻylakning yoqasi bor-u, tanasi yoʻq. Buni boshidan oʻtganlar biladi. Oyoqda kerzovoy batinka. Batinka emas, qoʻnjisi kesib tashlangan kerzovoy etikning poyafzal qismi. “Bek”likning belgisi. Choʻntak masalasi ham shunga yarasha. Yaxshiyam oʻsha vaqtlari “Beshyogʻoch” bozoriga kirishda toʻrt tiyinlik “Uxagorlonos” degan perashka (gumma) sotilardi. Navbat deganingiz to Muqimiy teatri binosigacha borib taqalar edi. Xayriyat, menga oʻxshagan “toʻralar” kam emas ekan… Endi tunash masalasiga keling. Fargʻona emas, “Toshkent tong otguncha”… Qoʻnoq topolmay, Kirov parkining yozlik teatrining toʻrini egallab oldim. Skameykaning ikkisini tutashtirib, oʻtdan bolish, oʻt-oʻlanlardan toʻshak qilib (Mirza yotib, mirza turishning xuddi oʻzi!). Bilasiz, Toshkentning tuni Mirzagulistonning tunidan tamom farq qiladi. Saharda tursam, suyaklarim zirqiraydi: “Ikki jahon menga sigʻar, Men bu jahona sigʻmayam”, degan gap.
Shu yoʻsin Kirov parkida ikki kecha “toʻralik” qilib chiqdim. Hushyorroq, shahar koʻrgan bir bolaning sharofati bilan uchinchi kun bir beva marjaning uyiga har kun uchun bir soʻmdan toʻlab turish sharti bilan “ichkuyov” boʻlib kirib oldim. Jonim kirib qoldi. Odamga oʻxshab yotib-tura boshladim. Maktabda yaxshi oʻqiganim qoʻl kelib SAFEIga (Srednoye Aziatskiy finansovo-ekonomicheskiy institut) oʻqishga kirdim. Oʻqishdan koʻra, choʻt qoqish koʻproq mashq qilinar ekan. Nuqul raqam. Noldan trilliongacha. Qarasam, boʻladigan emas. Bor miyamdan ham ajraladiganga oʻxshayman. SAFEIdan koʻnglim sovidi. Dekanimiz: “Sen bola bekor qilyapsan. Bu juda yaxshi kasb. Bitirib olganingdan soʻng Muqimiy boʻlaman desang – Muqimiy, Furqat boʻlaman desang – Furqat boʻlasan”, deb maslahat berdi. “Muqimiy boʻlaman degunimcha borli-yoʻqli miyadan ayrilib qoladiganga oʻxshayman”, deb institutdan chiqib ketdim. Soʻng ToshDUga kirdim. Shu kirgancha kirib… Avval gazetalarda, soʻng jurnallarda joʻqiyona sheʼrlarim chiqa boshladi. Soʻng kitoblarim. Joʻqiylar safiga kirish ham peshonaga bitilgan ekan. Endi hech kimga gap bermas edim. Ogʻaynilar orttirdim. Xizrga yoʻliqdim – ulugʻ Mirtemir ogʻamlarning xizmatlarini qilishga tutindim. Avval Toʻraqul edim. Bir dumalab Toʻra Sulaymon boʻlib oldim. Odamga oʻxshab boʻyinbogʻ taqa boshladim. Shlyapa koʻpam menga oʻtirmadi. Qulogʻi katta odamga bu bosh buyum boʻlmas ekan. Bora-bora toshkentliklarga chalakuyov ham boʻlib oldim: toʻytepalik Zamiraxon ismli bir qizga koʻzni chirt yumib muhabbat izhor qildim. “Nari turib, sal nariroq yursangiz boʻlar edi”, dedi qiz. Oʻlaman, Razzoq, deb, toʻrt oyoqlab turib oldim. U yogʻidan oʻtavurib, bu yonidan oʻtavurib sal eritganday boʻldim. Qovunning yaxshisini it yeydi deganday, uylanib ham oldim.
Bir yaxshiga bir yomon har qayda bor,
Ikki yaxshi birgina “tor joyda bor…”
Qizning dugonalari: “Tanlay-tanlay topganing shu boʻldimi?” debdilar…
“Oʻtkan kunlar”ni oʻqib koʻzlarim jiqqa yoshga toʻlgan kezlari koʻp boʻlgan. Menga ham Kumushbibiga oʻxshagan qiz nasib qilarmikan, deb. Iltijolarim ijobat boʻlgan ekan. Chini bilan yigʻlasang soʻqir koʻzdan yosh chiqar, deganlari rost ekan. Men oʻqib, men orzu qilgan kitobdagi Kumush – Zamiraxonim hayotdagi Kumush edi. Toʻrt oʻgʻil, toʻrt qizli boʻldik.
Dunyoda mendan baxtli odamning oʻzi yoʻq edi… Keyin nima boʻldi, dersiz. Nima boʻlar edi. Yaxshiga yurish yoʻq degan qismat azal kotiblari tomonidan Zamiraxonimning peshonasiga bitilgan ekan. Oʻsha “Oʻtkan kunlar”dagi Usta Olimning kuni boshimga tushdi.
Oʻgʻil-qizlarim toshkentliklarning tus jiyanlari boʻladi. Men esa erka-tantiq kuyovlari. Endi oʻzingiz insof bilan ayting, endigi kunda Kirov parkida tunar ekanmanmi? Qoʻnoq topolmay Toshkent koʻchalarida kezar ekanmanmi? Yoqasi bor-u, bu yogʻi yoʻq koʻylak kiyar ekanmanmi? E-ha! Nima divossiz?! Qator-qator kitoblarim chiqdi. Men olmagan mukofot, men olmagan unvonning oʻzi qolmadi. Endigi ilinjim – Nobel mukofoti! Men sizga aytsam…
Ana, endi men aytmoqchi boʻlgan gaplarni toshkentliklar ham, jon ayamas hamkasblarim ham ham koʻngillariga ogʻir olmasa kerak. Ha, aytganday, Toshkentga tushar oldida poklanib, shaharga kirar oldida “ot”dan tushib, azim shaharda oʻtgan ne bir yaxshilar, ne bir azizlar ruhi poklariga bagʻishlab tilovat tushirib, soʻng shahar oralayman. Ishni Mirtemir ogʻamlarning qutlugʻ xonadonlarini ziyorat etib, ostonalarini tavof qilishdan boshlayman.
Endi til va nutq madaniyati haqida mulohaza hamda eʼtirozlarimizni bayon etishga oʻtsam. Butun xalqning tili ham, madaniyat-maʼrifati ham, sanʼat-adabiyoti ham butun boʻladi. Toʻgʻri, yaqingacha yarimta edik. Tanamiz shu yerda-yu, tafakkurimiz, taqdirimiz Kreml degan tomonlarda edi. Yaratganning inoyati, Yurtboshimizning tengsiz-timsolsiz jasorati bilan qon toʻkmasdan, jon berib-jon olmasdan mustabidlikdan qutulib, mustaqil bir mamlakatning, ozod bir oʻlkaning armonsiz fuqarolari boʻlish baxti nasib etdi. Avvallari erkimiz ham, boʻrkimiz ham oʻz inon-ixtiyorimizda emas deb dod solardik. Va dod deyishdan boshqa choramiz ham yoʻq edi. Dinimizdan, tilimizdan salkam ayrilib qolayozganimiz ham rost. Endi-chi? Endi oʻz tugʻi, oʻz tugʻrosiga, oʻz taxt-tojiga, poytaxtiga, oʻz rahnamosiga ega boʻlgan xalqmiz. Qozonimiz ham, xirmonimiz ham, dasturxonimiz ham oʻrtada deb aytsak yarashadi. Endi dod degan kishining qoʻliga kishan, oyogʻiga gʻul solib dodhoga topshirmoq kerak! Hamma jabhalarda kechayotgan goʻzal jarayonlar qatorida ona tilimiz kun sayin, yil sayin tiniqlasha borishi kerak. Bu tilni tiniqlashtirib, choʻpu xaslardan, kurmak-abaslardan tozalay borish birgina tilshunoslarning emas, hammamizning ishimiz, burchimiz.
Odatda, kichik nuqsonlar yigʻila-yigʻila qusurga, koʻz ilgʻamas illatlar bora-bora jarohatga, mayda ayblar toʻplana-toʻplana gunohi azimga aylanadi.
Oʻzi nima gap, dersizlar? Gap zangori ekran bilan radioda, gazeta-jurnallarda ayrim soʻz, ayrim atama va ayrim iboralarning nojoiz, nooʻrin ishlatilayotgani, nojoʻya qoʻllanilayotgani xususida. Shevabozlikning bolalab ketayotgani borasida. Gapning keti-koʻlami, borliq imkoniyatlari cheksiz boʻlgan, tashviqot-targʻibotimizni qon tomiri hisoblangan, necha minglab kishilarning minbariga, “Oʻqir kitoblari”ga aylana ketgan respublika televideniyesi – zangori ekranidan boshlasam. Mamlakatimizning har bir viloyati, har bir goʻshasida yashovchi turli kasb-kor egalari bu minbarga chiqib olib oʻz sheva, oʻz lahjalarida “kevotti-ketvotti”lab, “kelutti-ketutti”lab, “kelsan-a-ketsan-a”lab, “boraydi-kelaydi”lab, “kelajatir-ketajatir”lab tursalar nima boʻladi? Oynai jahonimiz Oloy bozoriga aylanadi-qoʻyadi. Oddiy dehqon, bogʻbon, qoʻychibon, yilqichi, ishchi, chilangar, ovchi misoli suyaklari mehnatda qotib, tanglaylari oʻzimiz paydo boʻlib, oʻzimiz qayta borar yerimiz – tuproq bilan koʻtarilgan kishilar oʻz shevalarida gapirsa, bu sifat u kishilarga yarasha tushadi. Biroq oliy maʼlumotli shifokor, yo mudarris, yo biror-bir korxona rahbari ekranda “votti-votti”lab yo “kelagʻay-boragʻay”lab sayrab tursa, nima boʻladi? Ayb boʻladi! Tilga, elga nisbatan hurmatsizlik boʻladi. Befahm-befarosatlik boʻladi. Tilga eʼtibor – elga eʼtibor deb bekorga aytilar ekanmi!
Ming afsuski, zangori ekranda gapiruvchilarning koʻpchiligi Toshkent shevasini oʻzlashtirib olgan koʻrinadi.
Kuz oylari edi (24. IX. 2001 yil). Toshkent televideniyesining bir muxbiri (jurnalist singillarimizdan biri) Toshkent Agrar universitetining Oʻrta Chirchiq tumanidagi tajriba xoʻjaligida paxta terayotgan talabalar davrasida suhbat olib bordi:
“ – Oʻrtangizda yuz kilodan oshirib paxta terayotganlar bomi?
– Shuncha paxtani terishda qoʻlila necha marta chanoqqa boradi?”
Savolni qarang, savolni! Talabalar paxta tersinlarmi, qoʻllarining necha marta chanoqqa borib-kelishini sanasinmi?!
Talabalar esa sof adabiy tilda javob berar edi.
“Oltin dala”, “Qishloq hayoti”ni olib boruvchi singlimiz Mohiniso Kamolovaning koʻrsatuvlarini koʻrgan kishi rohatlanadi, zavqlanadi. U suhbatlar, u hazil-mutoyibalar, shoirona lutflar! Ajoyib lavhalar! Shirali tillar!
“Tayyorgarlik koʻrvoppiza. Qizgʻin ish olib borvoppiza… Ja oshirvordiyiz” (Pedagogika fanlari doktorining gaplaridan).
– Dadamla rasomla. Oʻrgatar edila. Katta-katta ishlaga qoʻl urvoppan… (Rassom qizning gapidan)
“Ishonchiyizi oqlashga harakat qivoppiza…” (Kap-katta rahbarning gapi)
“Yosh tovuqlarni alohida, tuxum beradigan ona tovuqlarni alohida parvarish qivoppiza…” (Parrandachilik fermasi rahbarining gapi)
“Jahon afgor ommasi…” (“Siyosat olamida” koʻrsatuvini olib boruvchi siyosatdonning gapi)
“Afgor” degani jarohatlangan, majruh, xasta degani. Endi yuqoridagi afgor soʻzi oʻrniga “jarohatlangan”ni qoʻyib, soʻng uning maʼnosini chaqib koʻring.
Bunday misollarni zerikmay keltirar boʻlsak bormi? Kitob boʻladi, kitob!
Endi oʻzimizning sof oʻzbekona iboralarimiz, atamalarimiz oʻrniga gʻaliz, qoʻpol, haqoratomuz birikmalarning aytilayotganiga, yozilayotganiga eʼtibor bersangiz bormi?! Bir yerda gazeta yozilsa, bir yerda jarida, bir yerda roʻznoma, bir yerda uchoq yo tayyora yozilsa, bir yerda samolyot yoziladi. Hozirgacha biz gazeta-jurnallarda xizmat qilib kelayotgan hamkasblarimizni jurnalist deya atab keldik. Roʻznoma yo jarida deb aytar boʻlsak, unda roʻznomachi yo jaridachi deymizmi? Hozirgacha men yoshlar tugul qariyalarimizning roʻznoma, jarida, uchoq deganlarini eshitganimcha yoʻq. Uningsiz ham, roʻznoma, jarida, tayyora sof oʻzbek tiliga daxldor ekanmi?
Kompyuter, magnitofon, mikrofon, traktor, vertolyot, metropoliten, teplovoz, benzin, kostyum, shlyapalarni qanday oʻzbekchalashtiramiz? Qanday oʻzlashtiramiz? Xorijlik doʻstlarimiz palov, toʻn, tumoq, qaynatma shoʻrva, qimiz, qimron, gʻilmindi, qovurdoq singari soʻzlarimizni oʻz tillariga qay yoʻsinda ogʻdarib oladi? Bizningcha, yuqorida qayd etilgan atamalar qaysi millatda ijod etilgan boʻlsa, oʻsha millat tilida qabul qilinadi. Bu tilning xalqaro mezonlariga ham mos tushadi. Xalqimiz tabiiy holda tamomi oʻrganib-oʻzlashtirib boʻlgan almanax, albom, jurnal, gazeta, obuna, pochta singari soʻzlarni hech ikkilanmay ishlataversak, Hitler qayta tirilib kelar ekanmi?! Stalin SSSRni qayta tiklar ekanmi?! Ekanmi?!
Endi zangori ekranning shanba kuni beriladigan “Assalom, Oʻzbekiston!” koʻrsatuvini olib boruvchining uy bekalariga bergan bir maslahatiga eʼtiboringizni tortib, soʻng asosiy aytar gaplarimga oʻtsam. “Tong azonda magnitofonni baland qoʻyib, raqsga tushsangiz, ham jismoniy jihatdan, ham ruhiy jihatdan baquvvat boʻlasiz!” Shubhasiz, bu koʻrsatuvni mamlakatimizning uzoq goʻsha, kent, qishloq va ovullarida yashovchi kishilar koʻradi. Viloyat, tuman va qishloqlarda yashovchi uy bekalari magnitofon eshitib raqsga tushsinlarmi? Oʻgʻil-qizlarini yedirib, kiydirib ishga yo oʻqishga kuzatsinlarmi? Unda sigirni kim sogʻib, sutni kim pishiradi? Uy ichi bilan hovlini kim supurib-sidiradi? Kir-chirni kim yuvadi? Nonushtani kim tayyorlaydi? Boz ustiga, birlari ishga borishlari kerak. Birlari… Shuncha ishni yigʻishtirib chetga surib qoʻyib, raqsga tushib tursalar-a!
Bu maslahat oʻzlarini toshoynaga bir solib-bir oluvchi oqbilak oyimlarga juda mos tushadi. Vaholanki, bu koʻrsatuvni, yuqorida aytganimizday, butun xalq koʻradi, eshitadi.
Yana iqtiboslar keltirishga oʻtaman:
“Galina Blanka”ni birinchi qoshiqdanoq sevib qolasiz.
Kishi ovqatni ham sevib qolar ekanmi?
“Quyon boʻlmay desangiz,
Yomon boʻlmay desangiz,
Qani keling, kep qoling,
Yaxshisidan op qoling!”
Bir oylik metro chiptasini olmaganlar (qunt qilmagan) quyon boʻlar ekanmi? Chiptaning ham yaxshi-yomoni boʻlar ekanmi?
Endi iqtibos keltirishning tanobini tortmasam, gapimiz och ichakday choʻzilib ketadi, shekilli. Yaxshisi, siz bilan biz oʻzimizni chorvador yoki turli kasb egalari davrasida qatnashayotibmiz deb tasavvur etaylik-da, televizor yoki radioda koʻrsatilib, eshittiriladigan, gazeta yoki jurnallarda, ayrim adabiy asarlarda yozilayotgan quyidagi arosatda qolgan soʻz, jumla hamda atamalarga eʼtibor bersak:
“Sut va sut mahsulotlari.
Sanoat mahsulotlari.
Non va non mahsulotlari.
Sabzavot mahsulotlari.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari…”
“Ayrim mahsulotlarni tikib chet elga joʻnatyapmiz.”
“Ilonlar turli mahsulotlar bilan ovqatlanadi. Ilonlardan olinadigan mahsulotlar meditsinada qoʻllaniladi” (“Gʻaroyibot” eshittirishidan). Bu “mahsulot”da insof bormi oʻzi? “Mahsulot” tumshugʻini tiqmagan yer bormi? Ilondan zahar olinadi deb eshitar edik. Lekin mahsulot deb… Mahsulotni ham tikib boʻlar ekanmi? Yo tavba! Yo Rahmon!
Ayniqsa, chorvachilikka bagʻishlangan eshittirish yoki maqolalarda ishlatilayotgan: “Yirik shoxli mollar”, “mayda shoxli mollar”, “ona sigir”, “erkak qoʻy”, “ona sovliq”, “echki bolasi”, “bir yoki ikki tuyoqli mollar”, “ota boʻri”, “yilqi podasi”, “ot suti”, “otchilik”, “yirik va mayda mollar toʻdasi”, “tuya bolasi”, “tuya suti”, “itimiz tugʻdi”, “hayvon bozori” singari “oʻynashdan boʻlgan” iboralarni bir boshidan sanar boʻlsangiz bormi?
Xalqimiz hech qachon “Mol bozori”ni “Hayvon bozori” demagan. Demaydi ham. Sababi, qoʻy bilan echki odatda hayvon deyilmaydi. Shu oʻrinda bir muddat toʻxtalamiz, shekilli. Yuqoridagi “yirik va mayda mollar toʻdasi”ga eʼtibor bersangiz. Chorvachilik dunyosida bunday birikmaning oʻzi yoʻq. Bizningcha, bu jumlada toʻrt toʻlik haqida gapirilayotir.
Toʻrt toʻlik:
a) qora mol,
b) jonliq,
v) yilqichilik va
g) tuyachilik.
Toy, qulun, gʻunon, doʻnan, toʻlan, biya, baytaldan tortib to argʻumoqqacha boʻlgan yilqi turlari yilqichilikka kiradi. Choʻbir, yobi, ot, aygʻirlar ham. Ot suti deyish ham ayb sanaladi. Buning oʻrniga birgina soʻz – qimiz deyilsa bas.
Qoʻy bilan echkining borliq turlari – jonliq. Uloq, chivich, serka, taka, qoʻchqor, qoʻy, sovliq, chori, panji, shish…
Boʻtaloq, toyloq, moya, loʻkcha, nor, bular – tuyachilik.
Tuya suti deyilmay, qimron deyilsa bas.
Buzoqdan tortib buqagacha – qora mol. Tana, novvos, sigir, sogʻin sigir…
Yilqining toʻp-toʻdasi – uyur.
Yobon, choʻl, sahroda yurgan tuya toʻdasi – gala. Oʻnlab-yuzlab qoʻy-qoʻzilarni qoʻra yo qoʻton deb aytilsa bas. Qoʻra-qoʻra qoʻylarimiz yo qoʻton-qoʻton qoʻy-qoʻzilarimiz.
Toʻrt toʻlikning har birining yoshiga, jinsiga, yuk koʻtarishiga, sogʻ-nosogʻiga qarab nomlarini aytar boʻlsak bormi, e-ha-a! Sayhon yo qir toʻla yilqilar yilqi uyuri deyiladi. Yoki uyur deyilsa bas. Parrandachilik haqida gap ketganda erkak tovuq, urgʻochi kurka deyish ayb sanaladi. Erkagini xoʻroz, urgʻochisini esa makiyon deyilsa boʻlgani. Uningsiz ham urgʻochi, chibich, gʻunajin, megajin, qanjiq, mokiyon, mochaxar, moda, normoda, baytal singari soʻzlarni oʻrinsiz ishlatish odobsizlik sanaladi. Hammamiz ham osmondan tushmaganmiz, yerdan ham chiqmaganmiz. Ota-onamiz sabab dunyoga kelganmiz. Paydo boʻlganmiz. Birda-birda falonchi tugʻdi yo Xolbibi boʻgʻoz degan soʻzlarni eshitib qolamiz yo biron-bir yerda oʻqib qolamiz. Tugʻdi, boʻgʻoz! Qanday ayb! Qanchalik haqoratomuz. Nechogʻlik qoʻpol. Boʻgʻoz soʻzini uyalmasdan aytish oʻrniga boʻyida bor, ogʻiroyoq, suyagida bor, yukli deb aytish qanchalik pardali. “Tugʻdi” deyish kishining shaxsiyatiga, nafsoniyatiga tegadigan gap. Uning oʻrniga koʻzi yoridi, omon-eson qutulib oldi deyish odobdan boʻladi. Uningsiz ham qiz boʻlsa, ming qoʻyli boʻldi, oʻgʻil boʻlsa, ot bogʻlar degan iboralar yoʻq emas. Odatda, boʻgʻoz yo qisir yoxud tugʻdi soʻzlari molga nisbatan ishlatiladi. Hatto qoʻyni qoʻziladi, biyani qulunladi, itni kuchukladi yoki bolaladi deyiladi. Tovuqni tugʻdi deb boʻlarmi ekan? Qaysi bir yozuvchining hikoyasidan: “Sotiboldining sigiri bezovta boʻlar, yotib-turar, oʻzini qoʻygani joy topmas – pana bir joy qidirar edi”. Molning tugʻish oldidagi bunday holatini chorvadorlar birgina soʻz bilan ifoda etadi – boʻrchaladi. Bu ketishda aygʻirimiz “oy koʻrib”, tovugʻimiz “bosh qorongʻi” boʻlib yuribdi deyishgacha borib yetamiz, shekilli!
Koʻcha-kuylarda, davralarda yana shunday iboralar quloqqa chalinib qolardi: “Bu kishi mening xotinim boʻladi. Bu kishi mening erim boʻladi”. Bizda azal-azaldan er-xotin bir-birini qanday chaqirib, qanday atashlari ham odob sanala kelingan. Ayol kishi – “bizning xoʻjayin”, “bizning boy”, “dadalari” desa, er kishilar – “bizning xonim”, “bizning oila”, “bizning beka” deydi. Bir-birlarini chaqirar, chorlar boʻlsa, er ayolini – “qayoqdasan?” yo biron qizining ismi bilan – “Oyqizning onasi” yoki onasi, oyisi; ayol kishi xoʻjasini biron oʻgʻlining ismi bilan – “Alisherning dadasi” (buni oilaviy ism – kunya deydilar) deydi.
Tomlarni qor bosib eruv boshlangandan soʻng tomning boʻgʻot-ziylarida besh panja shaklida paydo boʻladigan muzlarni chumak deydilar. Bu haqda bolalar qoʻshigʻi ham bor:
Bosh barmoq,
Koʻrsa kerak (koʻrsatkich barmoq),
Oʻrta terak,
Bolali buyrak (suq, uzuk taqadigan barmoq),
Chuldur chumak (chinchaloq).
Yoki:
Muz muzdan taygʻon ekan,
Oyogʻi singʻon ekan,
Tom ziyida chumaklar
Yigʻlashib turgʻon ekan.
Yolgʻiz qolgʻon chumakni
Xudoyim urgʻon ekan…
Chumak soʻzi esa hali-hamon sumalak tarzida ishlatilmoqda.
Hatto bir shoirning “Sumalak” sarlavhali sheʼri ham bor. Kerak boʻlsa, 1-sinf “Oʻqish kitob”ida ham sumalak deb bitilibdi.
Bahor paytlarida togʻlardan koʻchadigan qorni terma deydilar. Vaholanki, hamma yerda koʻchki tarzida yozilmoqda. Qor shu qadar shiddat bilan enishga qarab ketadiki, yoʻl-yoʻlakay duch kelgan dov-daraxtlarni, toshlarni, qoyalarni terib ketadi. Shuning uchun ham terma deb ataydilar: “Togʻlarda terma boshlandi, hozir avji terma payti, termaga yoʻliqqan tek qolmas”.
Daryo, soylardan piyoda, otliqlarning oʻtadigan joylarini kechik emas, kechuv deydilar. Togʻlarning kun tushmas – shimol tomoni terskay, kun boʻyi kun tushar – janub tomoni betkay deyiladi. Bizda esa togʻoldi, togʻ orqasi deb yozib kelinmoqda.
Buyuk siymolar haqida bitilgan tazkira hamda xotiralarda shunday jumla, shunday gaplarga koʻzimiz tushadi: “U oʻz davrining ulugʻ siymolaridan edi”. U degani sen degani. “Uni chaqirib kel” degani ham chaqiriluvchini sensirash bilan barobar. Chaqiruvchi kishi chaqiriluvchidan katta boʻlsagina, uni aytib kel, deyish odobsizlik sanalmaydi. Hatto manaman degan olimlar oʻtgan ulugʻ kishilarimiz haqlarida yozgan xotira yo esdaliklarida yuqorida aytganimizday, u kishi shunday donishmand edilar, deyish oʻrniga, u shunday donishmand edi, deb yozadi. Bir qaraganda, bunday gaplarning qanday tuzilib, qanday buzilganiga koʻpam eʼtibor bermaymiz.
Bir olim akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulom haqidagi “Yodnoma”sida “U tugʻma talant egasi edi” deb yozadi. Oʻsha olimning yoshi ham, darajasi bilan martabasi ham Gʻafur Gʻulomdan katta boʻlsagina yuqoridagiday yozsa kishiga erish tuyulmaydi. “Omad kulib boqdi”, “iliq soʻz”, “bir nafar kishi”, “oliy jazo” singari jumlalar ham koʻp ishlatiladi. Omad ham kulib boqar ekanmi? Falonchining omadi keldi yo ketdi deb eshitar edik. Soʻzning ham iligʻi boʻladimi? Samimiy soʻz, yaxshi gap, yaxshi soʻz, oʻrinli gap, oʻrinli soʻz, yolgʻon gap, yolgʻon soʻz der edik. Maʼqul gap, maʼqul soʻz deb eshitar edik. Forsiylarda yak nafar mardum, se nafar mardum degan ibora bor. Bu “nafar” qayoqdan suqila keldi. Bundan koʻra bir kishi deb aytganimiz, yozganimiz maʼqul va oʻrinli emasmi? Jazoning ham oliysi boʻladimi? Oliy – oliy. Oliy oʻquv yurti. Oliy maʼlumotli. Undan koʻra, eng ogʻir, eng soʻnggi jazo deyish mantiqan maʼqul emasmi?
Xullas, u qildik-bu qildik, oddiy odamlarni ham oʻzimizga oʻxshab gapirishga, oʻzimizga oʻxshab muomala qilishga oʻrgatib oldik. Shunga ulgurdik ham. Bu “nafasimiz” uzoq qishloqlarda yashovchi kishilargacha borib yetdi. Koʻpdan beri koʻrib-koʻrishmagan qarindoshlarimiz kelib hol-ahvol soʻrashgan boʻladi:
– Toʻraqul, qanday, ishlar muvaffaqiyatli ketajatip-pa?
Men ham gapiga yarasha javob bergan boʻlaman:
– Ha, muvaffaqiyatli boʻlganda qanday! Javlon urib, keksalik gashtini surib yuribman. Oʻzingiz qalay, Tovboy Jumanovich?
– Ha, endi biz…
Soddagina, samimiygina bir kishi shunday soʻrashib turgandan soʻng boshqalardan nima umid! U shoʻrlik qarindoshimiz bizni ham kitobiy yashab, ham gaplashsa kerak deb oʻylaydi, shekilli.
Mamlakatimizda hozirda chiqib turgan gazetalarning soni 700 dan oshib ketdi. Kim nima deb yozsa, yozib yotibdi. Qozon bitta-yu, choʻmich koʻtargan koʻp. Qoʻrimiz bitta-yu, kulni oʻziga qarata tortib, koʻmach koʻtargan undan koʻp. Qoʻra, qoʻtonimiz bitta-yu, qoʻy bilan qoʻzi egalarining sanogʻiga yetib boʻlsa koshki!
Birgina “sart” soʻzining nooʻrin, nojoʻya ishlatilganini “hazm” qilolmay Mahmudxoʻja Behbudiy hazratlari kimlar bilan tortishmagan edi, kimlar bilan aytishmagan edi (Mahmudxoʻja Behbudiy. “Cart” soʻzi maʼlum boʻlmadi”. “Oyna” jurnali, 1914 yil, 39-son). Biz esa qancha soʻzlar haqida bahs yuritdik. Oʻzbekiston xalq shoiri, Guliston Davlat universitetining professori sifatida men ham, qoʻy-e-e, menga nima deb chillaxonaga kirib ketib, koʻzoynakni yopishtirib, toʻrtkoʻz boʻlib olib boʻlar-boʻlmas joʻqiyona shigʻirlarni yozib, yo ilmiy ishlar bilan shugʻullanib (sadagʻasi ketay oʻsha shigʻirlaring bilan palagʻda ilmiy ishlaringni deydigan odam boʻlsa koshki), koʻkragimni zaxga berib yotsam boʻlar edi. Gap ana shu menga nim-a-a-ya deyishda! Bu ketishda tilimizning ahvoli nima kechadi deb men oʻylamasam, siz qaygʻurmasangiz, u esa qilar ishni bir chekkaga yigʻishtirib qoʻyib tijoratchilikka urib ketsa (xijolat boʻlmasdan), alaloqibat nima boʻladi?! Hali yuqorida aytib oʻtilganday tilimiz ot bozoriga aylanadi-qoʻyadi. Vaholanki, Atama qoʻmitasi ishlab turgan boʻlsa, Til xaqida farmon chiqib turgan boʻlsa! Hamma gap oʻsha, “Men-g-a-a ni-m-a-ya”-da! Sir emas, koʻpchilik hamkasblarimiz ona tilimizdan koʻra rus tilini yaxshi biladi. Bu yaxshi. Biroq bu oʻz tilingni yantoqqa sudra degani emas. Bizningcha, “yirik shoxli mol”, “ot suti”, “tovuq qichqirdi”, “erkak qoʻy” kabi soʻzlarning kamayish oʻrniga kun-bakun bolalab, urchib borayotganining sababi havoyi boʻlib, yerdan yiroqlashib, borliq urf-odatlarimizdan mosuvolashib qolganimizda.
Qani oʻsha Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Mirtemirlarning quymali va suymali tillari! Shirali iboralari! Aql-hushingni olib qoʻyar sof, samimiy, salmoqli tilda bitilgan asarlari. Shu oʻrinda er-xotinning bir-biriga qanday muomala qilib, qanday gaplashishlarini chiroyli ifodalab, chiroyli bitib bergan, chavandozning chavandozlarcha, choʻponning choʻponlarcha soʻzlashishlarini qoyilmaqom qilib oʻz asarlarida aks ettira olgan, nomlari yuqorida zikr etilgan ulugʻ zotlarimizning chiroqlarini qayta boshdan munavvar etib yoqishni niyat qilgan inimiz Togʻay Murod biz tengi yozuvchilarni sal uyaltirib qoʻydi, chamamda. Qishloq odamlari mana bunaqa gaplashadi, deb. Shunaqa tiniq, tugal tilimiz turib oʻzimizni “aqqa-baqa” urish shart ekanmi, deb. Xalqimiz azaldan ana shunday gapira kelgan, deb.
Latifa
Bir zamonlarda bir shahar dorugʻosining tashabbusi bilan bir necha tunqotar shamini koʻtarib, shahar koʻchalarini qiy-chuvga qoʻptirib, ovozlari boricha baqirib chiqar edi:
– Xaloyiq! Farmon dorugʻadan! Uni ijro etish bizdan! Tinch va osuda orom olish esa sizlardan! Xavfu xatardan darak yoʻq! Betoqat va bezovta boʻlishga hojat ham yoʻq! Sizlarga tinch tun! Tiniq uyqu! Rahmoniy tush!..
Shu yoʻsin tinchgina yotgan shahar ahlining oromini tun boʻyi buzib chiqar ekanlar.
Shu shekilli, urra-urrachilik bilan, quruq shiorlar bilan, farmonlar bilan tilimizni tozalab, tiniqlashtirib, avvalgi holiga keltirib boʻlmaydi. Bu hamma-hammamiz – butun ijodkor “tilimiz”ni tinimsiz koʻz qorachigʻimizday asrashimiz, guruchni kurmakdan tozalashdek mashaqqatli mehnatimiz, igna bilan quduq qazishdek xayrli ishlarimiz bilan amalga oshadigan ish. Tilni millatning koʻzgusi deydilar. Bu koʻzguni gard-gʻuborlardan, chang-toʻzonlardan soniya sayin tozalay borish har birimizning farzandlik, fuqarolik burchimiz. Va yana til – oʻzagimizning, oʻzligimizning, oʻziga bekligimizning bosh belgisi.
Yuqorida odamlarga aql oʻrgatganday, tildan bir oz xabarimiz bor deganday boʻlsam, shu xatga koʻzi tushgan va tushmagan kishilarning hamma-hammasidan qoʻlimni koʻksimga qoʻyib kechirim soʻrayman. Til masalasida bahs ketadigan boʻlsa, bizni maʼzur tutasizlar. Sababi, kamina ham oʻsha sizlar oʻqigan sovet maktabida oʻqiganlardan. Oliy oʻquv yurtida tahsil olganlardan. “Maymundan tarqaganmiz” degan manfur nazariya quloqlariga qoʻrgʻoshin boʻlib quyulganlardar. Undan koʻra, itdan tarqaganmiz desak, yaxshiroq boʻlar edi. Sababi, itning oʻndan ortiq fazilati bor. Maymunning “ketidan” boshqa nesi bor? “Bismilloh” bilan paydo boʻlgan-boʻlmaganimizni ayta olmaydiganlardan. Oʻzimiz yozib, oʻzimiz aytgan, bir aravada oʻtirib, “Kim edik tarixda bizlar? Nomi qul, qashshoq, gado”, deb jirlanganlardan.
Estoniya degan mamlakatda davlat tili boʻyicha maxsus inspeksiya tashkil etilgan boʻlib, uning xodimlari davlat tili haqidagi qonunning bajarilishini nazorat qilib borar ekan. Ular eston tilini bilmagan yoki yaxshi bilmagan, bu tilda gapirolmaganlarni uchratsa (ish joylarida) yoki eston boʻlaturib oʻz lahjalarida (rasmiy yigʻinlarda, ekranda) gapirsalar katta miqdorda jarima solishar ekan. Birgina 2001 yilning yanvar oyidan avgust oyigacha yetmish ikki kishiga (ular orasida fuqarolar, savdo xodimlari, turli toifadagi amaldorlar) oʻn besh ming krona miqdorida jarima solishibdi va undirib olishibdi. Qanday yaxshi!
Bizda ham shunday qilinsa qanday boʻlar ekan? Bizda ham hukumatimizning til boʻyicha qarorlari chiqqanmi? Chiqqan. Nima uchun endi biz shu qonunga amal qilmaymiz? Undan tashqari, atamalardan, yangi va eski arxaik soʻzlardan qanday foydalanish, ularni qanday qoʻllash kerakligini nazorat qilib boruvchi maxsus Atamalar qoʻmitasi ishlab turibdimi? Turibdi. Shunga qaramay, shunga qaramay…
Bizningcha, shu qonunni bizda ham qoʻllash, shu qoidani bizda ham joriy etish kerakka oʻxshab koʻrinadi. Sabab deysizmi? Sababi, N. A. Aristov, V. V. Reshetov, V. V. Bartold, N. A. Baskakov, A. Yu. Yakubovskiy, V. V. Radlov singari mashhur sharqshunoslar, atoqli olimlar birgina oʻzbek tili emas, hatto turkiy tillar boʻyicha professorlik darajasiga, birlari esa akademiklik martabasiga ega boʻlib tursalar-u, biz esa, biz esa jismu jonimizga ona suti bilan kirgan jonajon tilimizni tilmoch orqali oʻrganib tursak! Xomtalash qilib yantoqzorga sudrab tursak! Tamshanib tursak! Chaynalib tursak! “Turkiy bekorast” deya bashorat qilganlarning tillarini uzundan-uzun qiliblar tursak! Koʻngillarini koʻk boʻyi koʻtariblar tursak! Tagirmonlariga suvlar quyib tursak!” (Bu koʻhna kalimani hali-hamon saqich misoli ezib chaynovchilar yoʻqmidir?)
Oʻz til sandigʻimizni oʻzimiz ocholmay, oʻz uyimizga oʻzimiz kirolmay tursak! Oʻzimizni oʻzimiz masxara qilib tursak! Qorin qaygʻusi qozongacha, qadr qaygʻusi qabrgacha! Ota-bobolarimizning, buyuk siymolarimizning yigʻlay-yigʻlay qazigan ariqlaridan toʻlib-toshib kelib turgan suvning – ulugʻ Istiqlolning, shu Istiqlol bergan ulugʻ neʼmatning – qadr-qiymatimizning qadriga yetmay tursak!
Tursak! Oʻz tilimizga oʻzimiz ajnabiylik qilib tursak! Tursak!
Taklif. Oltmishinchi yillarda “otaxon” gazetamizda navbatdagi songa tushiriladigan materiallarni bir marta koʻzdan kechirib, elakdan oʻtkazib beradigan, oʻzbek tilini puxta-pishiq biladigan oʻrin (shtat) boʻlar edi. U kishi arosatda qolgan, ixtilofga sababchi boʻladigan soʻz, atama va iboralarni tutib qolardi. Shu oʻrin qayta tiklanib gazeta-jurnallarda radio va televideniyeda joriy etilsa. Bu lavozimga “Toʻgʻonbegi” maqomi berilsa. “Toʻgʻonbegi” toʻgʻonboshida turib suvni xas-xashaklardan tozalash bilan mashgʻul boʻlsa. Misol uchun, yirik shoxli molni qoramol, mayda shoxli molni jonliq, ona sigirni sogʻin sigir, ona qoʻyni sovliq, erkak qoʻyni qoʻchqor tarzida tuzatib, tozalab tursalar. Shunda quruq gap soʻqishdan, quruq vaʼzxonlikdan, umumiy gapdan qutulib amaliy ishga oʻtgan boʻlar edik.
Xayrli ishning kechi yoʻq deydilar. Bu xayrli ishimiz, albatta, bir hafta, bir oy yoki bir yilda emas, muttasil nazorat qilib, muttasil shugʻullanib borish bilan amalga oshadigan ish. Va hamma-hammamizning vazifamiz. Bu ishda jonkuyar zotlar bosh-qosh boʻlishiga umid bogʻlab qolamiz.
Toʻra SULAYMON
https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/til-ozagimizning-ozligimizning-oziga-bekligimizning-bosh-belgisi/