“Arbaʼini jomiy”ning tarjimonlari

Buyuk soʻz sanʼatkori Jomiyning “Chihl hadis”, “Tarjumai arbaʼin hadis”, “Arbaʼin hadis”, “Arbaʼini Jomiy” kabi turli nomlar bilan yuritilgan asari oʻz davrida nafaqat fors-tojik adabiyoti ixlosmandlari orasida, balki turkiy adabiyot muhiblari oʻrtasida ham juda mashhur boʻlgan. Shu boisdan, bu asar kotiblar tomonidan juda koʻplab nusxalarda koʻchirilgan. Hatto, baʼzi kutubxonadan Jomiy “Arbaʼin”ining yuzdan ortiq qoʻlyozma nusxasi topilgan.

Asar forscha qisqa nasriy muqaddima bilan boshlangan. Jomiy ham fors adabiyotidagi boshqa koʻplab qirq hadis tarjimonlari kabi debochani arab tilida yozishni xohlamaganligi manbalarda aytiladi. Shundan soʻng, hadislar tarjimasiga oʻtilgan. “Arbaʼini Jomiy” turli davrlarda koʻplab nusxalarda koʻchirilganligi bois, qoʻlyozmalarda hadislarning berilish tartibi bir-biridan farq qiladi. Bu xattotlar, kotiblar va hatto muzahhib (kitoblarni zarhal hoshiyalar bilan bezovchi)larning fantaziyalari sabablidir. Ularning asarni koʻchirish ishlariga erkin yondashuvlari natijasida, hadislarning berilish tartibi asliyatdagiga nisbatan ancha oʻzgarishlarga uchragan.

Mazkur asarning turkiy tilga birinchi tarjimoni sifatida Navoiy eʼtirof etiladi. “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida Navoiy Jomiy qirqta hadisni tanlab olib arabchadan fors tiliga tarjima qilganini va hammadan oldin qoralamasini unga berganini, mutolaa qilib chiqqandan soʻng, bu “Arbaʼin”ni turkiy tilga tarjima qilish orzusi koʻngliga tushganini yozadi. Tarjimani bir-ikki kun ichida amalga oshirganini ham debochada taʼkidlaydi. “Arbaʼini Jomiy”da hadislarning qaysi buyuk muhaddislarning asarlaridan olinganligi aytilmagan. Navoiy “Arbaʼin”idagi yigirma uch baytli sheʼriy muqaddimada Jomiyning bu hadislarni eng sahih hadislarni toʻplagan buyuk muhaddislar Imom Buxoriy va Muslim ibn Xajjojdan olganini aytib, jumladan, shunday yozadi: Oʻqugʻanda Buxori-u Muslim Qirq soʻz borcha shubhadin solim.

Barcha shubhalardan xoli qirq hadisni oʻzida jamlagan “Arbaʼini Jomiy”ning turkiy tilga Navoiydan boshqa tarjimonlari ham boʻlganmi? Shu paytga qadar Navoiy asarlari tadqiqi bilan shugʻullangan adabiyotshunoslarning ilmiy risola va kitoblarida ushbu asar haqida ham batafsil soʻz yuritilgan boʻlsa-da, ammo Jomiy “Arbaʼin”ining Navoiydan boshqa tarjimonlari ham boʻlganligi haqida bir soʻz deyilmagan. Aslida, fors-tojik va turkiy adabiyot olamida mashhur boʻlgan “Arbaʼini Jomiy”ning Navoiydan boshqa tarjimonlari ham boʻlishgan. Bu borada ulugʻ mutafakkir bobomizdan keyin ozarbayjon adabiyotining yirik namoyandasi Fuzuliy nomini tilga olish joiz. Fuzuliy Navoiydan farqli oʻlaroq, oʻz “Arbaʼin”ini nasriy muqaddima bilan boshlagan. Yaʼni, bu borada, u Jomiy yoʻlini tutgan. Shuningdek, Navoiy ham, Fuzuliy ham vazn va janr bobida Jomiy uslubini saqlashgan. Professor Abdulqodir Qoraxon “Jomiyning “Arbaʼin”i va turkcha tarjimalari” kitobida bu asarning Navoiy va Fuzuliydan boshqa tarjimonlari ham boʻlishganini yozadi. Xususan, XVI-XVII asrlar usmonli turk adabiyotida “Arbaʼini Jomiy”ning Rixlatiy, Nabiy va Munif kabi shoirlar tomonidan ham tarjima qilinganini qayd etadi. Bundan tashqari, olim “Arbaʼini Jomiy”ning nomaʼlum bir muallif tomonidan ham tarjima qilingani haqida maʼlumot beradi. Qiziq tomoni shundaki, nomaʼlum muallif qoʻliga tushgan qirq hadis tarjimasining Jomiyga tegishli ekanini ham hatto bilmagan. Ehtimol, shuning uchundir, balki oʻzi istamaganligi bois yoki boshqa nomaʼlum sabablarga koʻra, tarjimon oʻz ismining sir tutilishini xohlagan. Tadqiqotchilar “Arbaʼini Jomiy”ning boshqa yana koʻplab tarjimonlari ham oʻz ismlarini maʼlum qilmaslikni afzal bilishganliklarini taʼkidlashadi.

“Arbaʼini Jomiy”ning barcha tarjimonlari Jomiy qoʻllagan vazn va nazm shaklini qabul qilishgan. Yaʼni, tarjima ishini aruzning “foilotun mafoilun foilun” bahrida, qitʼa janrida amalga oshirishgan. Faqat Navoiy va Nabiy “Arbaʼin”i sheʼriy muqaddima bilan boshlangan. Boshqalarda esa Jomiydagi kabi muqaddima nasriy uslubda bitilgan.

“Arbaʼini Jomiy” koʻpgina qoʻlyozma nusxalarda Paygʻambar alayhissalomning: “La: yoʻminu ahadukum hatta ya hibbu li-axihi ma: ya hibbu li-nafsih(i)” – “Qaysi biringiz toki oʻziga ravo koʻrmaganni birodariga ravo koʻrar ekan, imonli boʻlmagʻay” hadisining sheʼriy tarjimasi bilan boshlangan. Jomiy tarjimasi quyidagicha:

 

Har kasi ro laqab maʼkun moʻmin,

Garchi az saʼi jonu tan kohad.

To noxohad barodari xudro

Onchi az bahri xeyshtan xohad.

 

Endi, Jomiyning ushbu tarjimasi Navoiy, Fuzuliy, Rixlatiy, Nabiy, Munif va nomaʼlum muallif tomonidan qay tarzda turkiy tilga oʻgirilganligiga eʼtibor qaratamiz.

Navoiy tarjimasi:

 

Moʻmin ermastur ulki, iymondin

Roʻzgʻorida yuz safo koʻrgay.

Toki, qardoshigʻa ravo koʻrmas –

Nekim, oʻz nafsigʻa ravo koʻrgay.

 

Fuzuliy tarjimasi:

 

Moʻmin oʻlmas kishi haqiqat ila

Tutmaguncha tariqi tarki havo.

Har ne, oʻz nafsigʻa ravo koʻrsa,

Yoru qardoshgʻa koʻrmaguncha ravo.

 

Rixlatiy tarjimasi:

 

Moʻmini komil oʻlmagʻay hargiz,

Sevmagan joni kabi qardoshini.

Doʻst koʻrinar, lek, dushman boʻlar

Soz qilmasa ichi ila toshini.

 

Nabiy tarjimasi:

 

Dedi faxri rusul, emastur moʻmin,

Ul kesgankim ziroʻyi sidqu safo.

Oʻz nafsigʻa koʻrganni loyiq

Koʻrmasa to birodarigʻa ravo.

 

Munif tarjimasi:

 

Moʻmin oʻlmas ul kimsa har na qadar,

Topsa husni amalda umru fano.

Har ne istarsa nafsigʻa, tokim,

Uni ixvonga dagʻi koʻrsa sazo.

 

Nomaʼlum muallif tarjimasi:

 

Moʻmin oʻlmas ul kimsa olamda,

Jismu jonin baxsh etar har na qadar.

To qarindoshi moʻmingʻa tilamas

Ani kim, oʻzin nafsigʻa istar.

 

Mazkur tarjimalar orasida Jomiy qitʼasiga eng yaqin keladigani nomaʼlum muallifniki hisoblanadi. Agar boshqalarniki bilan solishtirilsa, Navoiy ham, Fuzuliy ham, usmonli turk shoirlari ham “Arbaʼini Jomiy”ni ancha erkin tarjima qilganliklari koʻzga tashlanadi.

Maʼlumki, Jomiy qirq hadis tarjimasiga qoʻl urgan paytda, yetmish yoshni qoralab qolgan edi. Baʼzi Gʻarb tadqiqotchilari “Arbaʼini Jomiy”ni badiiyat nuqtai nazaridan shoirning boshqa asarlari bilan solishtirganda, u qadar yuqori saviyadagi asar emasligini aytar ekan, bunga Jomiyning keksayib qolganligini ham sabab qilib koʻrsatishadi. Bizningcha, bunga Jomiyning keksayib qolganligini sabab qilib koʻrsatilishi koʻp ham toʻgʻri boʻlmasa kerak. Avvalo, shoirning “Arbaʼini Jomiy”ga qoʻl urishdan koʻzlagan maqsadi yuksak badiiyat namunasini yaratish boʻlmagan. Jomiy hadislar odamlarga gʻoyatda tushunarli va yodlash oson boʻlishi uchun bu ishni amalga oshirgan. Ayni harakati bilan esa, oʻzidan keyingi tarjimonlarga saboq ham bergan. Yaʼni, hadislarning mazmuni qalbga tez oʻrnashib qoladigan darajada tarjima sodda va qulay tarzda amalga oshirilishi kerakligini oʻzi amalda isbotlab koʻrsatgan. Qolaversa, hadislar, avvalo, Paygʻambarimizning koʻrsatmalaridir. Ularni tarjima qilayotganda, xayolot va ilhom qushlarini koʻp ham erkin qoʻyib boʻlmaydi. Tarjimada sheʼr tilini murakkablashtirish esa shoirning savob umidini yoʻqqa chiqaradi. Ayniqsa, qirq hadis tarjimonlari bu narsaga juda eʼtiborli boʻlishgan. Ular nozik soʻz oʻyinlari, koʻp qatlamli badiiy tasvir vositalarini arbaʼin turkumidagi asarlarda koʻp qoʻllayvermaganlar. Lekin, shunday boʻlsa-da, fransuz olimi Bloshe Jomiyning baʼzan oʻzi bilgan va xohlagan tarzda hadislarning maʼno chegaralaridan oshganligini ham taʼkidlaydi. Xususan, bu “Arbaʼini Jomiy”da “Utlubul-xayra ʼinda hisonil-vujuh” – “Yaxshilikni ochiq, xushroʻy yuzli kishilardan kutinglar” hadisining tarjimasida kuzatilishini qayd etadi.

Aytish mumkinki, shaxsi nuroniy va ilmiy-irfoniy, ruhoniy kamolotda benazir boʻlgan Jomiyning ushbu asari hadislarning sheʼriy izohi ham hisoblanadi.

Bularning barchasi esa azal-azaldan Sharq zaminida insonni maʼnan yuksaltiruvchi, unga saodat yoʻllarini koʻrsatuvchi xayrli amallarga hamma vaqt katta eʼtibor qaratilganligini koʻrsatadi. Garchi, bizning nazarimizda, qirq hadis tarjimasi, ayniqsa, Jomiy va Navoiydek ulkan isteʼdod va tafakkur sohiblariga arzimagan ishdek tuyulsa ham, ammo, buyuk bobokalonlarimiz aslo bunday deb oʻylamaganlar. Aksincha, buni xalqqa yana bir sharafli xizmat deb bilganlar.

 

Alimardon HAYITOV

 

“Sharq yulduzi”, 2012–5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/arbaini-jomiy-ning-tarjimonlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x