Dilga naqsh etdim jamoling

 Inson tili

 

Inson tili, avvalo, salom uchun yaralgan,

Ruhiyatga halovat paygʻom uchun yaralgan.

 

Til ganji bedaxldir, shohu fakir bahramand,

Nainki, xos uchun yo avom uchun yaralgan.

 

Dillarni bir-biriga lutf ila boylagay til,

Ozor emas, yurakka orom uchun yaralgan.

 

Til bolu til ogʻudir, zahrini etma shoyon,

Asali yoru doʻstga inʼom uchun yaralgan.

 

Soʻzlovchining siyrati suvratida Huvaydo,

Til suvratu siyratga marom uchun yaralgan.

 

Hikmati boʻlmagan til hurmatidan judodir,

Hikmati gullagan til ikrom uchun yaralgan.

 

Soʻz zar esa, zargari – til, deydi, ahli donish.

Demakki, til tillorang kalom uchun yaralgan.

 

Pok soʻz-la pokla tilni, erta javobi bordir,

Til iymon, eʼtiqodga maqom uchun yaralgan.

 

Soʻz soʻzlasang, Samandar, meʼyoru mezonni bil,

Shoir tili sharhi dil – ilhom uchun yaralgan.

 

 

Ayol

 

Ayol – insoniyat tojin bezatgan duru gavharsan,

Sadoqatdan saodat qasrini etding munavvarsan.

Hayo senda, ibo senda, malaklar pokligi senda,

Mehrda shamsi anvarsan, latofatda sumanbarsan.

 

Sening sabringga togʻ timsol, sening bagʻringga bogʻ timsol,

Baayni togʻ muqarrarsan, baayni bogʻ muattarsan.

 

Kimki bilmagay qadring, malomat aylagay “makring”,

Sening “makring” – raso fikring, aql mulkida sarvarsan.

 

Muhabbat tuygʻusi qay kun inoyat boʻldi Ollohdan,

Bu tuygʻuga boʻlib homiy, vafoing birla asrarsan.

 

Samandar singari yuz ming qalamkash yozsa yuz ming yil,

Sening vasfingni yuz mingdan birin bitsa unga ahsan.

 

 

Qaytmagay

 

Qaytmagay ketgan bahoring, lolazoring qaytmagay,

Yoshliging – umringda fasli begʻuboring qaytmagay.

 

Qoʻl uzatsang yetgudek, ammo, ufqlardan yiroq,

Shoʻx goʻdaklik damlaring – oydin nahoring qaytmagay.

 

Bogʻi ishqning gullari kuz yellariga xomtalash,

Na guling qaytar u bogʻdan, naki, xoring qaytmagay.

 

Sarxush erding bir zamon, diydorimas, xumoridan,

Yoʻq-ku diydordan umid, hatto, xumoring qaytmagay.

 

Deydilar: “Qaytar bu dunyo”, lof ekan qaytarligi,

Bazmi armon avjdayu azmu qaroring qaytmagay.

 

Ketdi qancha doʻst-birodar dilda dogʻlar qoldirib,

Yetmagaymu yo ularga ohu zoring, qaytmagay.

 

Ey, Samandar, qaytmaganga kaygʻurishning nafi yoʻq,

Borini qadr etki, ketsa-ushbu boring qaytmagay.

 

 

Men soʻylagan afsonalar

 

Senga sevgi qissasin coʻylar emish begonalar,

Darbadar yurgan emish men soʻylagan afsonalar.

 

Yuzlaringda muhri tole, koʻzlaringda naqshi ishq –

Chaqnar ermish ishq vafodan ursa lof hamxonalar.

Xotirang koʻzgusiday singan emish, men bir zamon –

Lablaringga tutganim gulkosalar, paymonalar.

 

Kelmagay ermish esingga sheʼr bitib dil qonidan,

Koʻcha bogʻda izlaringni izlagan hayronalar.

 

Gar faromush aylay olsang begʻubor kechmishlaring,

Sen, demak, baxt shohisan, qismatga qil shukronalar.

 

Ne ajab, asli sadafning qoʻynida paydo boʻlib,

Soʻng, birovlar boʻynini quchgay ekan durdonalar.

 

Bagʻrida asrab-avaylab, husn ato etgay, vale,

Gulni uzgay oʻzgalar, bebahradir gulxonalar.

 

Bevafolardan vafo kutgan Samandardan kulib,

Oʻz safiga lutf ila olmish qoʻshib devonalar.

 

 

Vasfi husning

 

Labmi, bu lab, gʻunchami, gul bargimi gulgun dudoq,

Oydan andozami yo oyga andoza bu yanoq?

 

Koʻz, desam, haqqi ketar koʻzingni menda, ey sanam,

Koʻz, agar, koʻz boʻlsa, esu hushga qoʻygaymi tuzoq?

 

Men Eram bogʻin rivoyatda eshitgan soddaman,

Qoʻlmi bu yoki Eram bogʻida ungan gul butoq.

 

Tun desam soching qarosin, tun uyatdan boʻzrayar,

Sochlaringga shoʻngʻisa yogʻdulanib qaytgay taroq.

 

Dil oʻtingdan oʻt olib, oftob uzaytar umrini,

Yoʻqsa, soʻngay erdi u misli yogʻsiz shamchiroq.

 

Koʻrsa raftoring agar tovus tamannodan topar,

Koʻrsa guftoring agar bulbul qilar koʻksini choq.

 

Vasfi husning aylayin, desam, qalam choʻgʻ boʻldiyu

Yondi qogʻoz, qolipidan kechdi voz vaznu turoq.

 

Dilga naqsh etdim jamoling oʻzga koʻzdan yoshurib,

Zarni-yer, durni-sadaf tutgan kabi koʻzdan yiroq.

 

Buxoro

 

Samandar VOHIDOV

 

“Sharq yulduzi”, 2012–5

https://saviya.uz/ijod/nazm/dilga-naqsh-etdim-jamoling/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x