Tarixiy badiiyatda makon va zamon

Jahon adabiyoti taraqqiyotida tarixiy roman alohida oʻrin tutadi. Chunki, tarixiy voqea-hodisalarni haqqoniy, izchil hujjat va manbalar asosida tasvirlash yozuvchidan katta mahorat talab etadi. Shu bois ham, tarixchilar bilan ijodkorlarning tarixiy fakt va materiallarga munosabatlari turlicha boʻladi. Toʻgʻri, tarixiy makon va zamondagi voqea-hodisalarni fakt hamda materiallar asosida sinchiklab, batafsil oʻrganish borasida tarixchi ham birday mashaqqat chekadi, koʻp mehnat sarflaydi. Ammo, ijodkor mehnati tarixchinikiga nisbatan ogʻirroq va masʼuliyatliroqdir. Chunki, agar tarixchini, asosan, muhim tarixiy voqeaning mohiyati, mazmuni qiziqtirsa, ijodkor har bir kichik detalning haqqoniyligi borasida ham koʻp tashvish chekadi. Tarixchi koʻrganlarini, bilganlarini xolis, haqqoniylik bilan aks ettiradi. Ijodkor esa tarixiy faktlarga tayansa ham, baribir, asarda yangi bir olam yaratadi, bu olam ijodkor badiiy tafakkuri mahsuli boʻlib, unga oʻz bahosini beradi.

Ijodkorning oʻtmishga munosabati oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Uning tarixiy manbalarni oʻqishi, oʻrganishi, oʻtmishning makon va zamon manzaralarini chuqur his qilishi, anglashi, idrok etishi tufayli yuzaga keladi. Tarix haqiqati badiiy asarga shundayligicha kirib kelmaydi. U yozuvchi fantaziyasi bilan toʻldiriladi, muayyan gʻoyaviy maqsadga boʻysundirilishi barobarida, avvalo, koʻz oʻngimizda tirik odamday gavdalanishi kerak.

Yozuvchi Odil Yoqubov ham tarixiy voqea-hodisalarni tirik odamday gavdalantirib, badiiy makon va zamon konsepsiyasida tasvirlash, anglash, idrok etish borasida oʻziga xos uslubni qoʻllaydi. U “Ulugʻbek xazinasi” romanida XV asrning birinchi yarmidagi tarixiy makonu zamondagi voqealarni badiiy makon va zamonda tasvirlaydi. Roman syujeti voqealarining makoni, asosan, Samarqand shahridir. Roman syujeti Ulugʻbekning shogirdi va eng yaqin doʻsti Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchini tun zamoni (vaqti)da mikromakon (yaʼni rasadxona)dagi xatti-harakatlarini tasvirlash bilan boshlanadi. “Vaqt tun yarmidan oshgan. Rasadxona teran sukutda. Odatdagiday, kechasi samoviy holatlarni kuzatib oʻtirgan Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi bir payt vujudida xiyol noxushlik sezib, oʻrnidan turdi.

Mavlono sergaklanib yuqori oshyonning darchadan kichik oʻymakor eshigiga tikildi, nim qorongʻi rasadxonada yoʻgʻon va oʻktam ovoz yangradi”. Modomiki, badiiy asarda inson qismati bilan bogʻliq voqea-hodisalar aks etar ekan, oʻsha voqea-hodisalarni yuzaga chiqaruvchi makon hamda zamonni ham yoddan chiqarmasligimiz lozim. Chunki, inson borliqning, olamning, tabiatning aqlli mavjudotidir.

U oʻzi yashayotgan makondagi narsalarning koʻlamini, oʻzaro joylashish tartibini yoki uzlikli yoki uzlikliksizligini, zamon voqea-hodisalarining ketma-ketligi jarayonining davomiyligini bilishga, anglashga yordam beradi. Uning bunday niyat-maqsadlarini amalga oshirishda badiiy asar muhim ahamiyat kasb etadi. Badiiy asar inson uchun makon va zamonni aniq va ravshanroq koʻrish borasida koʻzgu vazifasini oʻtaydi. Bu koʻzgu yordamida inson onggi, tafakkurida real hayot voqealigidagi makon va zamon manzarasidagi narsa-hodisalar jarayonini obrazlar orqali hayotiy modelini yaratadi.

Qayd etilgan roman matnidagi makon, shu jumladan, mikromakon tasvirida, tabiiyki, yozuvchining yetakchi badiiy-gʻoyaviy konsepsiyasi, estetik ideallari bilan bir qatorda, milliy zaminimiz allomalarining dunyoqarashi, tafakkuri, ilm-fan borasidagi oʻsha zamon (vaqt)dagi xatti-harakatlari aks etadi. Tarixiy fakt va materiallar, tarixiy shaxs va toʻqima obrazlarning talqini, ruhiy kechinmalari romanning makoniy-zamoniy manzaralarida yorqin namoyon boʻladi. Tarixiy manbalardan bizga maʼlumki, Ulugʻbek eʼzozlovchi, obodonlashtirishni yaxshi koʻruvchi hukmdorlardan hisoblanadi. U bobosi Amir Temur ishlarini davom ettirib, “Chihl ustun” (“Qirq ustun”), “Bogʻi maydon” kabi bir necha bogʻ barpo etadi. Atrofiga ilm ahllarini yigʻib, shular bilan birga muntazam ish olib boradi. Ulugʻbek ana shu olimlarning yordami bilan Samarqandda Obirahmat suvi yonidagi tepalikda 1424 yilda rasadxona quradi. Mazkur rasadxona uch qavatdan iborat boʻlib, bu xususda Bobur oʻzining “Boburnoma” asarida shunday maʼlumot beradi:

“Yana bir oliy imorati Pushtai Kuxak domanasida rasoddurkim, zich bitmakning olatidur. U oshyonlikdur. Ulugʻbek Mirzo bu rasad bila zich Koʻragoniyni bitibdurkim, olamda xolo bu zich mustaʼmaldur. Oʻzga zich bila kam amal qilurlar.” Romanda Markaziy Osiyo xalqlarning XV asrdagi ijtimoiy hayoti muayyan ramziy makoniy-zamoniy manzarasi badiiy obraz vositasida tasvirlanadi. Hayotning bor murakkabliklari, ziddiyatlari va jumboqlari badiiy makon hamda badiiy zamonda aks ettiriladi.

Ulugʻbek rasadxonada ertayu kech kuzatishlar olib borib, koinot, sayyoralar olami sirlarini aniqlab, 1018 yulduzning holat va harakatini oʻrganadi. Yozuvchi roman syujeti voqeasini, Ulugʻbekning ilmiy faoliyati muhim rasadxona – makon (joyi)ni, oʻsha zamon (vaqt) voqea-hodisalar jarayonini tasvirlashdan boshlaydi.

Badiiy makon va zamon poetikaning muhim kategoriyasi hisoblanib, voqealikni nafaqat koʻlamdorligini, kengligini taʼminlaydi, balki ularning tarixan aniqligi, badiiy-estetik jihatdan dalillanganligi, syujet tarmoqlariga bogʻlanish – aloqadorlik dunyosining koʻp qatlamliligi, fikr, tuygʻular oqimi, harakatlari romanni yirik epik shakl sifatida koʻrsatib, belgilab turadi… “Ulugʻbek xazinasi” – makon va zamonning badiiy estetik koʻlamdorligi, vertikal (tik) va gorizontal (toʻgʻri) jihatidan serqirra va keng romandir. Syujet tizimi maydoni doirasida harakat qilayotgan obrazlarning erkin faoliyati, xatti-harakatlarini koʻrsatishga, ularning xarakter xususiyatlarini aniqroq, batafsilroq hamda psixologik jihatdan mukammal, toʻla va jonli tasvirlashga imkon yaratib bergan.

Rus adabiyotshunosi M. Baxtinning taʼkidlashicha, har qanday asardagi badiiy makon va zamon konsepsiyasida dunyoning ramziy qiyofasi aks etadi.

Zamon (vaqt) badiiy harakatni yuzaga chiqaruvchi va taʼminlovchi asosiy vositadir. Har makon va zamondagi harakatlanuvchi inson va narsa-predmet majoziy-ramziy xarakterga ega boʻladi. Zamoniy mantiq bu vertikal (tik) holatdagi dunyo samimiy, joziba har qanday voqea-hodisalar jarayoniga bir xil munosabatda boʻladigan narsadir. Shuningdek, zaminda vaqt (zamon) har xil turlarga ajratilgan, adabiy toza, his qiluvchi tushunchadir. Bu boʻlinish (erta) va (kech) kabi zamon (vaqt) tushunchasi orqali dunyoni anglashga harakat qilinadi. Romanda badiiy makon va zamon birinchi navbatda, uyushtiruvchi va boshlanuvchi kategoriyasi sifatida muallifning asardagi oʻrni, harakati, idrok etish sifatida namoyon boʻladi. Ikkinchidan, badiiy makon va zamon manzarasini badiiy asarda tutgan oʻrni tabiiy koʻlami bilan baholanadi. Uchinchidan, badiiy asardagi qahramon, obrazlarning ruhiy olami, ichki kechinmalari makon va zamon aspektida birgalikda tahlil qilinadi.

“Ulugʻbek xazinasi” romanida yozuvchi badiiy makon va zamon manzarasida syujetning epik koʻlamdorligi va vertikalligi orqali XV asr siyosiy-madaniy-maishiy hayotini tasvirlar ekan, Ulugʻbekning tarjimai holiga daxldor voqea bilan emas, balki roman syujeti “rasadxonaning teran sukunati”dan boshlanishi, u yaratgan ilmiy merosning abadiyligi, uni saqlab qolish uchun kurash harakatlariga asoslanadi. Romanning mazmun mundarijasi, niyat-maqsadi badiiy-falsafiy gʻoyasi qahramon xarakteri, obrazning ruhiy olami, syujet va kompozitsiyasi kabilarning har biri alohida-alohida unsur hisoblansa, ularni ichki jihatdan bogʻlab turadigan vosita makon va zamon obrazidir. Romanda badiiy obraz oʻz vaqtida shakliy ahamiyatga ega boʻlsa-da, oʻzining mazmun-mundarijasi makon va zamon orqali dunyoning manzarasi ramziylikda namoyon boʻladi.

Romanda tarixiy shaxs obrazlaridan tashqari muallifning badiiy mahoratini koʻrsatuvchi mezonlardan biri – badiiy toʻqima va uning voqea-hodisalarga kiritilishidir. “Ulugʻbek xazinasi” romanidagi badiiy makon va zamon harakat qilayotgan tarixiy shaxs obrazi ham, badiiy toʻqima ham yozuvchi gʻoyasi, maqsad-niyatiga xizmat qiladi. Romandagi Ali Qushchi obrazi tarixiy shaxs hisoblanib, buyuk matematik olimdir. U haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlarni oʻqish mumkin.

Romanning markaziy qahramoni – Ulugʻbekning diyonatli va isteʼdodli shogirdi – Ali Qushchini syujet yoʻnalishida harakat qilishi yozuvchi badiiy konsepsiyasini belgilaydi. Romandagi syujet vaqti bilan bir qatorda muallif koʻzlagan gʻoyaviy-badiiy niyat, asar mavzusi, janr xususiyati ham oʻziga xos tarzda ifodalanadi. Tarixiy romanning asosiy va muhim belgilaridan biri shundan iboratki, yozuvchi badiiy makon va zamon manzaralari orqali kitobxon koʻz oʻngida oʻsha davr ruhiyatini jonlantira olishi kerak. Buning uchun u eʼtiborni oʻsha makon va zamon harakat qilgan tarixiy shaxslar taqdiriga qaratadimi yoki ijtimoiy hayotdagi suronli qarashlar manzarasini chizadimi, yo boʻlmasa qahramonlar tiliga yoʻnaltiradimi, nima boʻlganda ham bu harakatlar yozuvchining bosh maqsadiga – niyatiga uygʻunlashgan boʻlishi va xizmat qilishi lozim. “Ulugʻbek xazinasi” romanida davrning suronli qarashlari, Ulugʻbekning sultonlik taxtidan ketish fojiasi, oʻz farzandi – Abdulatif tufayli darbadarlikka yuz tutgan ota-shohning murakkab ruhiy holatlari, uning ilm yoʻlida qilgan ishlarini saqlab qolib, shogirdlari davom ettirish istagidagi harakatlari tasvirlanadi. Yozuvchi badiiy makon va zamon orqali real oʻtmish voqealarini quyuqlashtiradi, zichlashtiradi, ixchamlashtiradi. Syujet vaqti (zamon)da oʻtgan kunu tunlar, soatu daqiqa voqealari tarixiy fakt hamda materiallar asosida tasvirlanadi. Bu esa, tarixiy haqiqatni yuzaga chiqishidagi badiiy makon va zamonning vazifasidir.

 

Abdusamad TOʻYCHIYEV

 

“Sharq yulduzi”, 2012–5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tarixiy-badiiyatda-makon-va-zamon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x