Branislav NUSHICH
(serb yozuvchisi)
Xolavachcham Milena bilan anchadan beri koʻrishmagan edik. Erga tekkaniga ikki yildan oshdiki, u meni bir koʻrgani kelgani yoʻq.
Shunday boʻlgach, men uni juda baxtli yashayotgan, bor mehrini eriga baxshida etayotgan boʻlsa kerak, degan xayolda edim. Shuning uchun ham uning bugungi saharmardondan qilgan tashrifi, boz ustiga, xatti-harakati meni hayron qoldirdi. U menga “Xayrli kun!” deyish oʻrniga shunchaki qoʻl uzatib xoʻrsinib qoʻydi.
– Koʻrishmaganimizga ham yuz yil boʻldi-yov! – dedim iltifot bilan uni kutib ola turib. – Xoʻsh, asalim, ahvoling qalay?
Xolavachcham javob berish oʻrniga yana xoʻrsindi. Va u mening navbatdagi savollarimga, uni gapga solishga boʻlgan harakatlarimga javoban ham faqat xoʻrsinib qoʻyar edi.
– Gapirsang-chi, Milena, senga nima boʻldi? Odamni xavotirda yoqmasang-chi? Nimadan iztirob chekyapsan?
Savolim joyiga tushdimi, harqalay, jiyanim tilga kirdi.
– Iztirob ham gapmi, jonimga tegib ketdi. Maslahatingiz kerak.
– E, maslahat senginadan oʻrgilsin, ayt, nima boʻldi?
Jiyanim diydiyosini boshlab yuborarkan, xoʻrsinishini qoʻymas, dardini toʻkib solayotgan edi. Erini koʻrgani koʻzi, otgani oʻqi yoʻq emish, ajrashmoqchi boʻlayotganmish. Biroq ajrashish toʻgʻrisida ariza berishga arzigulik sabab ham yoʻq emish. Eri uni tashlab ketmabdi, ustidan kulmabdi, bevafolik ham qilmasmish.
– Boʻlmasam, bechoraning aybi nimada?
– Bechora… Oʻlguday latta.
– Nima, boʻshangmi?
– Aynan. Hech nima bilan ishi yoʻq, hech vaqo qiziqtirmaydi. Shlyapamdan hayajonga tushmaydi, shoʻrva shoʻr chiqsayam xafa boʻlmaydi. Ovqatni tagiga oldirib qoʻysam ham parvo qilmaydi, buniyam qoʻya turing, hatto rashk qilmaydi-ya! Keladi, yeydi, uyquni uradi. Borib turgani shu! Jahlini chiqarishga shuncha urinib koʻrdim, yoʻq, hech iloji yoʻq-da! Uning bunaqa loqaydligiga boshqa toqat qilolmayman. Ensam qotadi, tepa sochim tik boʻladi, asablarim adoi tamom boʻldi. Yetar! Shuncha chidaganim yetadi. Ajrashaman.
Qoʻydi-chiqdi masalalarida yetuk mutaxassis esamda, jiyanimning diydiyosidan dovdirab qoldim. Unga nima maslahat berishga ham hayronman. Eriga gap yoʻq, oʻzining barcha erlik burchlarini binoyidek bajarib turgan boʻlsa. Toʻgʻri, bitta aybi bor ekan, shoʻrvani xotini shoʻr qilib qoʻysa, jahli chiqmas ekan. Biroq bor-yoʻgʻi shu shoʻrva ajrashib ketishga asos boʻla olarmikan?
Ogʻir oʻyga tolganimni koʻrgan jiyanim betoqatlik bilan soʻradi:
– Xoʻsh, nima maslahat berasiz?
– Bir nima deyish ham qiyin. Axir, bir shoʻrvani deb ajrasha olmaysan-ku?
– Shoʻrva uchunmas, boʻshangligi uchun!
– E, ovora boʻlma, jiyan, qonunlar boʻshanglikni ajrashishga sabab sifatida inobatga olmaydi.
– Xoʻp, unda men nima qilishim kerak? – hafsalasi pir boʻldi jiyanimning.
– Ayt-chi, sen rostdan ham eringdan shunchalik ajrashadigan darajaga keldingmi?
– Oʻlsam oʻlaman, ammo u bilan boshqa yashay olmayman! – qatʼiy taʼkidladi jiyanim.
– Bundan chiqdi, ish shunchalikka borib yetibdi-da. Unda biz sen bilan ajratib yuborishga sabab boʻladigan biror asos topishimiz kerak. Sabab, tushunyapsanmi? Ha, topdim. Biror kun kechki ovqatni tayyorlab, eringning ikki doʻstini uyga taklif qilasan. Bildirmaygina aynan uning doʻstlarini! Tushunyapsanmi? Bu ularning guvohlik koʻrsatmalarining qiymatini oshiradi.
– Ular nimaga guvohlik berishlari kerak boʻladi?
– Hammasini senga tushuntiraman. Kechki ovqat payti sen nima qilib boʻlsa ham uning jahlini chiqarishing kerak boʻladi. Shunchalik chiqarishing kerakki, u senga guvohlar oldida tarsaki tortib yuborganini bilmay qolsin.
– Buning iloji yoʻq-da.
– Urinib koʻr. Ovqatiga rosa tuz sep, dasturxonga yuvilmagan idishlarni qoʻy, vinoning oʻrniga finjoniga sirkadan quy.
– Yoʻq, bunga uning jahli chiqmaydi!
– Unda, bilasanmi, nima qilish kerak? Mehmonlar oldida uni eshak deb soʻk.
– Ha, ana bu boshqa gap. Men bu usulni ishlatib koʻrganim yoʻq!
– Sen bir urinib koʻr, balki shu yoʻl bilan tarsaki yeb qolish senga nasib qilar.
– Undan keyin-chi?
– Keyin… tarsaki… tibbiy xulosa… guvohlar…
– Va men ana shu asosga koʻra ajrasha olamanmi?
– Albatta.
– Maslahat uchun rahmat. Xuddi shunday qilaman.
Qoyilmaqom maslahat olganidan boshi osmonga yetgan jiyanim uyiga ravona boʻldi. Oʻshandan beri uch haftalar oʻtdi-yov, uni koʻrganim yoʻq.
Kuni kecha jiyan yana paydo boʻldi. Unga nigohim tushdi-yu… koʻzimda yosh aylandi. Yonogʻi koʻkargan, oʻng qoʻli dokada, chap qoʻlida hassa, chunki chap oyogʻini bosa olmayotgan edi. E, shoʻrlik!
– Yo qodir egam, senga nima qildi, azizam?
– Hozir barini oqizmay-tomizmay aytib beraman! – dedi shikoyatchi jiyanim horgʻin oʻtirib olarkan.
– Xoʻsh?
– Meni oʻlgudek doʻpposladi. Hammasini xuddi siz aytganingizdek qildim. Kechki ovqatni tayyorladim, joʻralarini chaqirdim, ovqatni shoʻr qildim, uni eshak, deb atadim.
– U-chi?
– U boʻlsa, odamga oʻxshab tarsaki tortib yuborish oʻrniga menga tashlanib, yerga agʻanatib yubordi, bosib olib ura ketdi, xuddi xamir qorayotgandek. Armoni qolmaguncha savaladi. Bir hafta koʻrpa-yostiq qilib yotishga toʻgʻri keldi. Emlanmagan joyim qolmadi.
– E, ja zoʻr boʻpti-yu! Tabriklayman! – dedim men xursand boʻlib, qoʻllarimni ishtaha bilan ishqagancha. – Endi, hoziroq toʻgʻri shifokor oldiga borib maʼlumotnoma ol-da, darrov oldimga qaytib kel. Birga borib ariza beramiz.
– Qanaqa ariza? – hayron boʻlib soʻradi xolavachcham.
– Qanaqa ariza boʻlardi? Ajrashish haqida-da!
– Ha-a… Anavi gapmi, – gapni choʻza boshladi qarindoshim. – Voy, nima desam ekan… men fikrimdan qaytdim, endi ajrashmoqchi emasman.
– Nega? – hayron boʻldim.
– Qanday tushuntirsam ekan…
– Shuncha tayoqni yeb-a?
– Ha, endi men uning ham duppa-durust er ekaniga ishonch hosil qildim. U er desang er degulik ekan.
– Yoʻgʻ-e? Unda… tushunarli. Aslini olganda, jiyanim, men ham shu fikrdaman, yaxshisi, eringning oldiga qaytganing maʼqul, er degan uradi-da. Oʻzi mana shunaqa erga uchragani xotin baxtining toʻkisligi-da. Tayoq yeysan, baxt ogʻushida yuraverasan.
– Toʻgʻri, oʻzim ham shu fikrga keldim. Duppa-durust, yaxshigina tuzlaydigan erim bor ekan. Men baxtliman!
– Mayli, eringning oldiga qayta qol va mendan unga salom ayt. Ha, aytmoqchi, unga ayt, bir oldimga kirib oʻtsin.
– U bilan gaplashib qoʻymoqchimisiz?
– Yoʻq. Unga maslahat bersam degandim. Er degani mundoq xotinini hech boʻlmasa oyiga bir marta doʻpposlab turmasa, shuyam baxtli hayotmi? Axir, ayolning chinakam oilaviy baxti, er-xotinlik saodati shunda-ku…
Rus tilidan Mahmud BOʻRON tarjimasi
“Oila davrasida”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/er-xotinlik-saodati/