Qaytish

Karlos MURSIANO

(Ispaniya)

 

Yoʻlovchi qaragʻay daraxtlari orasidan oʻtgan yolgʻizoyoq yoʻlda tuproqqa botib borardi. Daraxtlarning bir-biriga chirmashib ketgan shox-shabbalari orasidan botayotgan quyoshning toliqqan nurlari arang oʻtib turibdi.

Kishi qoya ustiga qurilgan, ortida dengiz yastanib yotgan va shu topda botayotgan quyoshning qizgʻish nurlarida charaqlab turgan kichkina, pastqam uyga yaqinlashgani sayin tuproq tubsiz hamda yopishqoqdek tuyula boshlagandi. Oyoqlari yerga tayanch izlagancha chuqur kirib ketar, tobora qadam olishi ogʻirlashib oldga siljiyotgan edi. Daraxtlar siyraklashgach, yurish biroz yengillashdi. Endi ishonch bilan erkinroq va tezroq odimlash mumkin. Uydan bir necha qadam narida yoʻlovchi toʻxtadi: shundoq roʻparasida uyning quyosh nuri yoritib turgan tomonida qurib-chatnab ketgan qayiq turardi, eshkaklari boʻlsa yonida bir-biriga chalkashib yotibdi, eski uzun oʻtirgʻich yangi boʻyoqdan chiqarilgan. Pastda esa – dengiz, hadsiz-hududsiz, beorom, kumushrang koʻpiklarga belangan toʻlqinlarning shovqini eshitiladi. Ana qarang, baliqchi qushning qanotlari quyosh nurida yaltillab ketdi, u tumshugʻida baliqcha yiltillab ketmaguncha bir necha bor shoʻngʻidi. Ufq tepasida paydo boʻlgan, arang koʻz ilgʻaguli tuman tutuni rosa pishib yetilgan sargʻimtir quyoshni sekin chulgʻab ola boshladi. Tun tashrif buyurayotgan edi.

Yoʻlovchi uy eshigining oldiga keldi-da, toʻxtab qoldi. Ochiq eshikdan u xotinini koʻrdi. Ayoli pechka oldida tiz choʻkib olgancha olov yoqayotgandi. Ammo u ortidan kimdir kuzatib turganini xayoliga ham keltirmasdi. Kishi tez koʻz yugurtirib, tanish uy anjomlariga bir-bir qarab chiqdi: ana, oq yorqin gulli emal kastryul, mana, eski yil taqvimidan yirtib olingan surat, pech ustidagi qozon qaynab turibdi, qumgʻondagi suv ham hushtak chalishga hozirlik koʻrib bigʻillay boshladi… Mana, ularning taxtasi uniqib ketgan yotoqlari, u har bir buyumni bittayam qoldirmay nigohidan oʻtkazishda davom etdi – bu usti plastmassadan qilingan stol, uchta toʻqima stul, eski karavot. U shundagina tilga kirdi:

– Xotin…

Ayol xuddi bir joyini kuydirib olgandek sapchib tushdi. U shundoq oʻgirilgandi, koʻz oldida nomozshomning boʻzraygan alvonrang shafagʻida erkak kishining qaddi namoyon boʻldi. Ayol qoʻllarini tutma etagiga artgancha eshikka sekin yaqinlashdi. Erkak uning yelkalaridan quchoqlab oldi, ayolning pattaygan quyuq sochlari yelkalariga toʻshalib turar edi. Ikkisining nigohlari bir zum bir-biriga qadaldi. Ayol erkakning koʻzlarida gʻambodalik sasini va hadsiz charchoqni angladi. Er esa ayolining koʻzlari tubida yashirin ogʻriqni koʻrdi, biroq ojizaning koʻzida quyosh nurlari akslandi chogʻi, ogʻriq soʻnganga oʻxshadi. Erkak oʻzini stulga horgʻin tashladi, suyanib oldi, ayol esa taraddudlangan kuyi pech tomon oʻgirildi, tutib olgan etagini yechdi, bir shisha vino va stakanni oldi. Karavot ustida turgan toʻqima savatchani oldi va sekin erining oldiga – stolga qoʻydi. Erkakning nigohi pishillagancha maza qilib uxlab yotgan chaqaloqqa tushdi. U ehtiyotkorlik bilan bola tomonga egildi, u bolaga tegib ketish yoxud unga chang yuqtirishdan choʻchiyotganday edi. Boshqa qoʻli xuddi oldidan roʻyoni haydamoqchi boʻlgandek sermanib ketdi, tomogʻi xippa boʻgʻilganday boʻldi va xirildoq ovozda dedi:

– Qizmi?

– Oʻgʻil, – javob qildi ayol. Ona dastlab bolasiga, soʻng eriga nigoh tashlab qoʻydi, eri titroq lablari bilan chaqaloqning peshonasidan ohista oʻpdi.

– U seni opketishgandan olti oy oʻtgach tugʻildi, – dedi ayol savatni joyiga qoʻyar ekan.

Erkak qop-qora quyuq soqollarini silab biroz turdi-da, shishani oldi.

– Hademay ikki yil boʻladi, – dedi ayol gʻamgin va sokin ovozda. – Sengayam oson boʻlmagandir?

Erkak xuddi soʻqir koʻzdek boʻshliqqa nigoh tashlagan kuyi, savolni eshitmagandek dedi:

– Senga buni tushuntirib boʻlarmikan, hech nima haqida, hech nima bilmaslik. Hech nima! Batamom! Na mensiz oʻzingni uddalyapsanmi va na bolamiz tugʻildimi, yoʻqmi. Uch yil oʻtirasanmi, kamroqmi. Dengizni koʻrmaslik. Qamoqxona devori-yu, soqchilarning miltiqlaridan boshqa hech vaqo, faqat bir xil basharalar. Har kuni, doim – jazirama yozmi, qahratonmi, yomgʻir urib turibdimi. Baʼzan soʻroqqa chaqirib qolishadi. Hammasi mendan xufiyona mollar toʻgʻrisida soʻrashadi. Yashirincha ish qilguvchi olchoqlar bilan qay yoʻsin bogʻliqligimni soʻrashadi. Sistoga duch kelgan kunimga ming laʼnat. Soʻroqda unga men aytar edim: “Xudo xayringizni bersin, gapimga quloq…” U boʻlsa: “Menga xudo xayringizni demagin!” Men esam: “Quloq soling axir, men xufiya ish bilan shugʻullanuvchilardan emasman, men baliqchiman, xolos. Mendan ul-bul narsalarni yetkazib qoʻyishni iltimos qilishgandi, xolos”. Baraka topgur boʻlsa: “Sen yalangoyoqlar hamisha oʻzlaringni oppoqqina qilib koʻrsatasanlar”, deydi. Men boʻlsam, yalinaman: “Biroq marhamatli janob, xotinim bir oʻzi qolib ketdi, buning ustiga, ogʻiroyoq”. U boʻlsa, pisanda qiladi: “Parvo qilma, oʻziga boshqa doya topib oladi. Sen valangsalang yaxshisi, hamtovoqlaringning ism-shariflarini ayt, tushundingmi? Ism-shariflarini!” Men deyman: “Men Sistodan boshqa biror kishini tanimasam, uning oʻzi esa mendan avval oʻtirgan boʻlsa”. Bilsang edi, bunday joyda abadiy qolib ketish qanaqaligini, avvaliga seni bu yerga qachon olib kelishganini unutasan, soʻng bugun qaysi kunligini bilolmaysan, keyin mart yoki yigirma sakkizinchisi degan luqmalar qulogʻingga chalinadi-yu, biroq buning senga farqi qolmaydi. Meni hamma ovutish payida: “Buncha qisinmasang, muhlating koʻz ochib-yumguncha oʻtadi-ketadi! Ikki-uch yil ham gapmi!” Xoʻsh, ikki yoki uch yil kutish nima ekanini tasavvur qila olasanmi?

Erkak majolsiz bir alfozda bukchayib, jim boʻlib qoldi. Ayol gapira boshladi:

– Tushunaman, – ayol erkakning qoʻlidan shishani olib stakanga vino quydi. Erkak qizil vinoni sipqorib ichdi-da, huzur qilib ogʻzini chapillatib qoʻydi. Soʻng soʻradi:

– Xoʻsh, oʻzing bu yerda mensiz qiynalib qolmadingmi?

– Ukang Teo yordamlashdi. Baliq keltirib turdi. Jazirama kunlarda uydagi ishlar ham yetarli edi. Balki, yana icharsan?

Er xotini oldiga qoʻygan tovoqchadagi ovqatdan bir necha qoshiq ichdi, xoʻrsinib dedi:

– Ertaga dengizga chiqaman…

– Hali dengizga yoʻl boʻlsin! Qayiqni boʻyashing kerak, toʻring ham ilma-teshik boʻp yotibdi. Teo bilan bir maslahatlashib koʻr.

Erkak stakandagini bir koʻtarib boʻshatdi-da, oʻringa choʻzildi.

– Ha, maslahatlashish kerak, – dedi uyqusirab va oʻringa choʻzilib birpasda dong qotib uxlab qoldi.

Ayol oyoq sasini ham chiqarmaslik uchun xona boʻylab ohista odimlagancha oʻz ishlariga unnay boshladi. U avvaliga erining oldiga boya qoʻygan tovoqdagi ovqatdan totingan boʻldi, oʻziga vinodan quydi, ichdi. Idishlarni yigʻib pechkani yoqdi. Chaqaloq uyqusida nimalardir degandek gʻingshinib qoʻydi-da, yana tin oldi. Ayol uxlab yotgan erining horgʻin yuziga termilib oʻtirardi. U goʻyo erining barcha gʻam-anduhlariga sadagʻa boʻlmoqqa shaydek mehrga yoʻgʻrilib oʻtirardi. U devordagi koʻzguni olib tashqariga chiqdi. Quyosh allaqachon botgan va oltin barkashdek oy osmonda yaltillab, dengizda akslanib, qaragʻaylarning tepasiga kelgandi. Hov, narida, koʻz ilgʻar-ilgʻamas masofada iniga kechikkan oʻrdaklar osmonni tilimlab uchib borardi. Ayol koʻzguga nazar tashladi, qadoq boʻlgan barmoqlari bilan dagʻal tusga kirgan yuzini, gʻira-shirada zoʻrgʻa koʻrib turgan yonoqlari va qovoqlarini siladi, lablariga zehn soldi, barmoqlarini labida hoʻllab, quyulib tushgan sochlarini toʻgʻrilagan boʻldi.

Bola gʻingshidi. Ayol uyga kirib uni koʻtarib oldi-da, yana tashqariga chiqdi. Bola yaltiroq oyning soʻlim nurlarida koʻzlarini pirpiratib yana jim boʻldi. Dengizning silliq sathida sohil tomon bir qayiq intilmoqda, oqshom nurlarida baliqchining qaddi koʻzga tashlanib ham qoladi. U eshkaklarining maromida tebranib kelyapti. Qayerdadir qayinlar orasida allaqanday qushning sayrashi eshitildi. Ayol bolasini bagʻriga bosib turarkan, ha, bu hayot baribir yashashga arziydi, degan xayolga bordi. Uni baxt shuuri allalayotganday edi. Mana, yori keldi, endi u har oqshom uni erkalaydi, sochlarini silaydi, tongda esa yana u qayigʻini dengiz tomonga surgaydi. Qoʻlini baxtiga toʻymaydigan oshiqdek silkitgancha ufqqa singib ketadi va qosh qoraya boshlaganda boyagi baliqchidek oftobda qoraygancha, charchagan va baxtiyorona bir qiyofada ov bilan sohilga oyoq bosadi. Ayol bolasini qoʻlida koʻtargancha, uyning oldida sohilga qaratib qoʻyilgan oʻrindiqqa oʻtirdi, qaragʻayzorda yana beorom, yolgʻizlanib qolgan sayroqi qushchaning yoqimli sasi kela boshladi.

 

1971 yil

 

Rus tilidan Mahmud BOʻRON tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/qaytish/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x