KOMILOV Mahammadjon Komilovich (1917.12.3 – Toshkent – 2000.9.4) – koʻz kasalliklari mutaxassisi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1977), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan vrach (1967), tibbiyot fanlari d-ri (1971), prof. (1971). Toshkent tibbiyot in-tini tugatgan (1939). 2-jahon urushi qatnashchisi (1940—46). Toshkent vrachlar malakasini oshirish in-ti koʻz kasalliklari kafedrasi mudiri (1957— 88), prof.-konsultant (1988 — 90). Traxoma, oʻtkir konyunktivit, blefarit, koʻz jarohatlari, glaukoma, katarakta, koʻz qon tomiri kasalliklarini davolash va oldini olish ustida tadqiqotlar olib borgan. Oʻzbekiston oftalmologlari ilmiy jamiyati boshqaruvi raisi (1957—90). «Jasorat» medali (1994) bilan mukofotlangan.
As: Traxoma, T., 1960; Diagnosticheskiye oshibki v oftalmologii, T., 1978.