Yurt himoyasiga otlangan ayollar

Ular matonatiga tarix guvoh

 

Yurt himoyasi – muqaddas vazifa. Bu – oliy burchki, uning daʼvatiga nafaqat erkaklar, balki nozik xilqat sohiblari – ayollar ham “labbay” deya javob beradi, kerak boʻlsa, millat ori, Vatan himoyasi uchun mardlarcha kurashga otlanadi. Bizning millat tarixi bunday jasur ayollarni koʻp koʻrgan. Va ularni doimo eʼzozlaydi, matonati oldida bosh egadi.

Yurtimizning qadim tarixiga boʻylasak, Amudaryo boʻylarida makon tutgan massaget va sak qabilalari, ularning nomdor boshchilari koʻzga tashlanadi. Yunon tarixchisi Gerodot asarlarida bayoni keltirilgan massagetlar va forslar oʻrtasidagi jang, shu jangda chinakam mardlik, jasorat namunasini koʻrsatgan ayol – Toʻmaris voqeasi yodga tushadi. Turonzamin yerlari qadimdanoq tuprogʻi zar, tabiati, iqlimi hayot kechirish uchun qulay boʻlgan hudud edi. Amu va Sir suvlari oraligʻidagi keng dashtliklarda manzil qurgan koʻchmanchi qabilalar – sak va massagetlar haqidagi yozma manbalarda ularning asosan chorvachilik bilan kun koʻrganiyu otda chopish, kamondan oʻq uzishga mohir boʻlganliklari qayd etiladi. Shuning barobarida ular tabiatiga jasurlik, magʻrurlik va tantilik xosligi, tinchliksevar, qoʻshnisining moliyu yeriga koʻz olaytirmaydigan, ammo oʻzining hududiga kimdir besoʻroq kirishiga ham yoʻl bermaydigan koʻziyu koʻngli toʻq kishilar boʻlgani haqida ham aytiladi. Ular mohir jangchi ham edi: hatto qiz-ayollari chavandozlik va tirandozlikda erkaklardan aslo kam boʻlmagan. Toʻmaris ham shu xislatlarni oʻzida jamlagan shaxs boʻlgan.

Gerodotning “Tarix” kitobida keltirilgan va hammaga maʼlum-mashhur rivoyatni eslang: fors shohi Kir (Krez yoki Kurush tarzida ham beriladi)ning bir hiylasiga uchmagan Toʻmaris ayyor shohning keyingi hiylasi sabab oʻgʻlidan ayriladi. Kurash avvalidayoq Kirni massagetlar yeriga koʻz olaytirmaslikka, oʻz hududida tinch yashashga daʼvat qilgan massagetlar malikasi halollik va adolat mezoni asosida ish koʻradi. Halol jang qoidalariga amal qilgan holda fors shohiga oʻz taklifini bildiradi. Ammo oʻz kuchiga haddan ziyod ishongan Kir uning bu gaplarini oʻz qarashi bilan oʻlchaydi. Toʻmarisning oʻgʻli Sparganizni hiyla bilan qoʻlga tushiradi. Massagetlarga xos mardlik, halollik bilan tarbiyalangan yosh yigit dushman makriga uchgani uchun oʻzini ayblab, nomusidan oʻz joniga qasd qiladi. Endi ortga yoʻl yoʻq, birdan-bir chora jang qilish edi. Ammo Toʻmaris va uning odamlari shunda ham gʻazabga, jahlga erk bermaydi. Balki aqlu tajribakorlik bilan ish koʻradilar. Shu bilan birga, asl polvonlarga xos ravishda halollik, adolatga tayanib, Kirga elchi yuboradilar. Yaʼni agar u istasa, daryodan bemalol massagetlar yeriga oʻtib olishi, buning uchun oʻzlari sahro ichkarisiga – uch kunlik yoʻlga borib turishlari mumkinligi va yuzma-yuz, ochiq dashtda halol jang qilishlarini aytadilar. Kir bu taklifni qabul qiladi va uning lashkari Amudaryodan oʻtishi hamono oʻrtada shiddatli jang boshlanadi. Bu jangda massagetlar qoʻli baland keladi va Toʻmaris magʻlub boʻlgan shohning boshini qon toʻldirilgan meshga soladi…

Bu rivoyatnamo voqeani har gal oʻqiganimda Toʻmarisni oʻzimcha ham qabila sardori, jangchi, ham ayol, ham ona sifatida tasavvur qilib koʻrgim keladi. Qaysi ona farzandining oʻlimini koʻrgisi keladi? Ona uchun bu eng katta baxtsizlik, yeru osmonning larzaga kelishiday taʼsir koʻrsatadigan, butun jon tomirini uzib yuborguday dahshatli xabar emasmi? Olis ajdodimiz, millatimiz momosi bu musibatga qanday dosh berdi ekan? Shunday fojia qarshisida mardonavor turish, qabiladoshlariga bosh boʻlib, jangga kirish oson boʻlganmikan? Ehtimol, uning qalbidagi yurt mehri, biz bugun “vatanparvarlik” deb ataydigan yuksak, oʻz tuprogʻiga tomgan kindik qoni bilan bogʻlangan ilohiy bir his Toʻmaris qalbidagi farzand dogʻidan ustun kelgandir? Yurt qaygʻusi, tugʻilgan zamin himoyasi uning bor sabotu matonatini bir yerga toʻplab, gʻalaba qozonmogʻiga bois boʻlgandir?

Qolaversa, u nafaqat ona, ayol ham edi. Ayol zoti borki, shirin soʻz gadosi, uning tabiati jangu jadaldan koʻra koʻproq zeb-ziynat, farovon, osuda hayotga moyil. Biroq fors shohining turmush qurishu toʻkin hayot taʼminotiga bogʻliq vaʼdalarining tub sababini yaxshi anglagan oqila ayol Toʻmaris qiyin yoʻlni – jang-jadalni afzal koʻradi. Xalqining taqdirini oʻz taqdiri deb biladi.

Tariximizning keyingi sahifalarida yana bir siymo yodi yorishib koʻrinadi bizga. Bu rus bosqinchilariga qarshi tura olgan, mardonalik, botirlikda ancha-muncha erkakni yoʻlda qoldiradigan, ruslarni oʻzi bilan murosa qilishga majbur eta bilgan azmi qatʼiy ayol – Oloy malikasi Qurbonjon dodxohdir. Toʻmarisdan farqli oʻlaroq, tarixiy manbalarda u haqidagi maʼlumotlar anchagina. Shu manbalardan bizga maʼlum boʻladiki, Qurbonjon dodxoh 1811–1907 yillarda yashagan. U Qoʻqon xonligida vazir boʻlgan Olimboy dodxoh Hasanboy oʻgʻlining rafiqasi va 5 oʻgʻil, 2 qizning onasi edi. Olimboy dodxoh unga uylangach, Qoʻqonga – xon saroyiga olib keladi va oʻsha davrning oqilayu fozila ayollari, saroy xonimlari Nodirabegim va Uvaysiylar davrasiga tanishtiradi. Shu nafosat muhitida Qurbonjonning qarashlari shakllanadi, oʻsha davrning eng oqila ayollari safidan oʻrin olibgina qolmay, siyosiy-ijtimoiy hayotda faol ishtirok eta boshlaydi. Olimboy dodxoh Andijonga hokim etib tayinlanadi. Oradan maʼlum vaqt oʻtgach, u siyosiy fitna qurboni sifatida halok boʻladi. Qurbonjonni erining oʻrniga Andijonga hokim etib tayinlaydilar. Bir muddat shu vazifada yurt soʻragan ayol keyinroq farzandlari bilan birga oʻzi tugʻilgan ovulga – Oʻsh yaqinidagi Modi qishlogʻiga joʻnab ketadi. Bu jasur va dovyurak ayolni Buxoro amiri Muzaffarxon qattiq hurmat qilgan va unga dodxoh unvonini bergan. Qoʻqon xoni Xudoyorxon esa Oloy muzofoti boshqaruvini Qurbonjon dodxohga ishonib topshiradi.

Markaziy Osiyoga ruslar bosqini boshlangan davrda Qurbonjon dodxoh yurt himoyachisi sifatida maydonga tushadi. U va oʻgʻillari mashhur Poʻlatxon qoʻzgʻolonida faol ishtirok etganlari, bu qoʻzgʻolon shafqatsizlarcha bostirilgach esa ozodlik harakati tarafdorlari Qurbonjon dodxoh atrofida birlashganlari tarixdan maʼlum. Oʻsha shiddatli davrda bu ayolning nomi shu qadar mashhur boʻlib ketadiki, hatto rus imperatori saroyigacha yetib boradi. Qurbonjon dodxoh tabiatan shaddod, oʻz qadrini biladigan magʻrur, jasoratli, botir ayol boʻlgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishlaricha, rus generallari ham u bilan murosa qilishga, sulh tuzishga majbur boʻlganlar. Aytishlaricha, Qurbonjon dodxoh bilan gaplashib, uni murosaga keltirish uchun rus generali Skobelev uning oldiga mayor Ionovni yuboradi. Ammo dodxoh mayorni qabul qilmaydi va u faqat oʻzi bilan unvoni teng boʻlgan odam kelsagina muzokaraga kirishishini aytib, joʻnatib yuboradi. Buni kutmagan va chorasiz ahvolda qolgan general Skobelevning oʻzi dodxoh bilan gaplashishga va uni “Oloy malikasi” deb tan olishga majbur boʻladi. Va keyinchalik ham rus generallari u bilan hisoblashib ish koʻrganlari, hatto rus imperatritsasining oʻzi Qurbonjonga atab sovgʻa yuborgani ham manbalarda qayd etilgan.

Qurbonjon dodxoh ham Toʻmaris singari farzand dogʻini koʻrgan va bu judolikka mardonavor dosh bergan ona edi. Uning oʻgʻillaridan biri Qamchibek qatl qilinadi. Bu voqeani hikoya qila turib, akademik shoir Gʻafur Gʻulom Qurbonjon dodxohga shunday baho bergandi:

“Oloy malikasi – Qurbonjon dodxoh 1865 yildan to 1880 yilgacha Pomirda bir sarkarda sifatida xalqni oʻz atrofiga toʻplab, qoʻlida yalang qilich bilan fon Kaufmanga qarshi kurashdi. U shu darajada jasoratli bir xotin ediki, oʻgʻli Qamchibek Kaufman tomonidan asir qilinib, dorga osilayotganda, dor tagiga kelib, oʻgʻliga xitoban:

– Xayr, oʻgʻlim, ota-bobolaring ham dushman qoʻlida halok boʻldi, shahid oʻlmoq bizga meros. Senga bergan sutim oq boʻlsin! – deya olgan va otining jilovini ters burib, oʻgʻlining tortayotgan azob – uqubatlaridan shartta yuz oʻgirib keta olgan xotindir”.

Keyinroq – 1898 yilda ruslarga qarshi koʻtarilgan milliy ozodlik qoʻzgʻolonida Qurbonjon dodxohning nabiralari faol ishtirok etadi. Va momolari boshlagan qutlugʻ ish – yurt himoyasida qattiq turadilar. Dodxohning oʻzi esa uzoq yosh yashab, 96 yoshida vafot etadi. Uning tarix zarvaraqlarida oltin harflar bilan bitilgan jasoratli hayoti hali-hamon hayrat va havas, faxru iftixor bilan qayta-qayta oʻqiladi…

Xullas, moziy roviylari sizu bizga maroq bilan soʻzlab beruvchi bu kabi yuragida oʻti bor momolarimiz haqidagi hikoyalar bir haqiqatdan darak: jasorat, mardlik va qahramonlik joy, millat tanlamagani kabi jinsga bogʻliq emas. Xalq doston va ertaklarida tasvirlangan Oybarchinu Oysuluvlar, malika Husnobodlar singari qadamidan oʻt chaqnagan jasur qizlar timsoli esa bejiz yaralmagan…

 

Xurshida ABDULLAYEVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/yurt-himoyasiga-otlangan-ayollar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x