Orziqul Ergash 1953 yil 14 yanvarda Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidagi Darxon qishlogʻida tugʻildi. Samarqand Davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakulteti sirtqi boʻlimida tahsil oldi (1969–1975). Qisqa muddatli buxgalteriya kursida oʻqib (1970–1971), jamoa xoʻjaligi buxgalteriyasida ishladi (1971–1977), oʻrta maktabda ona tili va adabiyotidan dars berdi (1977–1979). Shundan soʻng Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasida, hozirgi “Yangi asr avlodi”, “Adolat” nashriyotlarida, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, “Sharq yulduzi” jurnalida turli vazifalarda ishladi. 2016 yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qiladi.
“Poyandoz” nomli birinchi hikoyasi “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida 1981 yilda, “Soyboʻyi qizlari” nomli birinchi qissasi “Sharq yulduzi” jurnalida 1983 yilda bosilib chiqdi. Shundan soʻng yozuvchining “Toʻy” (1983), “Dunyoning bir chekkasi” (1984), “Bolaligim koʻchalarida” (1986), “Shohsanam” (1988), “Darxon qissalari” (1990), “Olis yulduzlar” (2016) kabi qissalar va hikoyalar kitoblari nashr etildi.
Orziqul Ergash “Dala oʻrtasidagi daraxt”, “Oqibat”, “Yaxshi odamlar”, “Qarz”, “Tazarruʼ” kabi televizion badiiy film va koʻpqismli videofilmlar, “Qalb gavhari”, “Odami ersang”, “Ishqnoma”, “Ruhiyat manzaralari”, “Oʻzbekiston adiblari” nomli maʼnaviy-maʼrifiy mavzudagi turkum koʻrsatuvlar ssenariylari muallifidir. Shuningdek, “Koʻngil koʻchalari”, “Tutash taqdirlar”, “Gulxan atrofidagi odamlar” kabi milliy teleseriallar, “Imom Buxoriy”, “Abu Hafs Kabir”, “Jaloliddin Xorazmshoh” kabi koʻplab tarixiy videofilmlar uning muharrirligida tasvirga olindi.
Orziqul Ergash tarjimon sifatida qoraqalpoq, rus, belorus yozuvchilari hikoyalarini oʻzbekchaga oʻgirdi. Shuningdek, oʻzining ham ayrim asarlari turk, qozoq, tojik, rus tillariga tarjima qilindi.
U 1999 yil “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/orziqul-ergash-1953/