Najib FOZIL QISAKURAK
GʻUSSA
Gʻoyibdan bir sado keldi: bu – odam,
Boʻshliqni gardanda tutib tursin shan.
Dafʼatan tepamdan qulab tushdi tom,
Koʻk quladi… kishan ustiga kishan.
Ayvon tomon qochdim – qizil qiyomat!
Bashorating toʻgʻri chiqdi, momom, dod!
Soʻngsizlik… Egnidada moviy bir xilʼat –
Falakdan boshimga oʻq uzdi sayyod.
Zahrini chekdim-ku bul otash-oʻqining,
Bir onda kul etdi jon-joʻyagimni.
Goʻyo burnim tegdi burniga “Yoʻq”ning,
Qusdim oʻz ogʻzimdan bosh suyagimni.
Bir bordoq suv kabi chayqaldi dunyo,
Soʻndi istiqomat, yiqildi boʻshliq.
Ol – senga haqiqat, ol – senga roʻyo,
Hushyorlik mana shu, shudir sarxushlik.
Temir choʻkich tushgan ensam – bir sandon,
Bekindim yotoqqa soʻng chora deya.
Bir qonli shafaqda chil xoʻroz bu tong
Yap-yangi bir dunyo etdi hadiya.
Bu dunyo goh rostu gohida yolgʻon,
Makoni – bir sathu zamoni – vahm.
Butun bir koinot – yelim dasturxon,
Butun bir insonlik riyoga taslim.
2
Nedursan, haqiqat boʻlsang-da chekil,
Koʻr boʻlay, koʻzoynak emasdir lozim.
Oʻrnin egallasin har mazmun, shakl –
Vatanim, sevgilim, doʻstim, ustozim!
Oylarcha kezindim yiqiq va shoshqin,
Oʻzligim – bir qozon, aqlim – bir kapkir.
Koʻngil, sen telbalik koʻyinda ol tin,
Har fikr ichimda bir juft kishandir.
Nechun kichrayadir ashyo uzoqda,
Koʻzsiz men koʻrurman roʻyoda qandoq?
Zamonning oʻyini – dumalamoq-da!
Koʻrganim undogʻ-u aslida bundoq.
Bir oʻyki – yaraga bosilgan kazzob,
Bir oʻyki – miyamga yopishgan zuluk.
Salom, salom senga, hashamat azob,
Salom, yongan sari erigan ilik.
Yolvordim: koʻrsatgin men soʻqirga yoʻl,
Ey sen, arshi aʼlo, asroringni och.
Onamning duosi, menga panoh boʻl,
Bir aso ber menga, nuroniy ogʻoch.
Uyqu – qotillarning suyangan togʻi,
Koʻrpa – xudosizga yolgʻiz boshpanoh.
Tasalli chashmasi, sabr bulogʻi,
Sizga sharbat, menga qum toʻla chanoq.
3
Shumi roʻyolarda ichganim jinnat,
Sirrin axtararkan, otilgan bir oʻq.
Yashil havozada zilzila, vahshat,
Chumoli saroyi, kalla qup-quruq…
Chayon qayta-qayta ruhimni chaqmish,
Mavsumdan mavsumga kirdim men shitob.
Na otash, na otashkurakda yoʻqmish
Fikrat gʻussasidan ogʻirroq azob.
* * *
Har narsa, evohki, ruhimda tugun,
Har oʻlim terlarin toʻkdim, ne ajab.
Tubi yoʻq koʻklardan qoʻrqmayman bugun,
Yetar olislardan chekkanim azob.
Ufq bir tulki erur – qochqin va ayyor,
Yoʻllar – koptok ipdir, uzun chuvalgan.
Har kecha roʻyomni yozgan sehrgar
Oldimga moviy bir shuʼlalar solgan.
Jodugar, ayt, menda bordir ne oʻching,
Ogʻuli bir tuman tushdi bu damda…
Shishadek keskirdir qilday qiliching,
Fikrimni kesgancha kezar miyamda.
Lugʻat, bir ism ber menga holimdan,
Har kimsa tushungan tilda bir ism.
Qadim liboslarim, tuting qoʻlimdan,
Koʻzgular, ayting-chi, kimman men oʻzim?
4
Aytingiz, menmasmi har kun, har zamon
Arzni shoxlarida koʻtargan hoʻkiz?
Baloning meʼmori tanlagan maydon,
Hayotdan quvilgan, yurtida oʻksiz?
Oʻzim bir kapalak kabi shomilman,
Shu mitti yelkamda ulkan Qof togʻi.
Bir zarra boʻlsam ham, Arshga homilman,
Toʻlgʻoqlar, dardlarning shudir qaynogʻi.
Bordir na yolgʻonda, na haqiqatda –
Koʻzimni yumganda koʻrganim yonish.
Behuda kezmishman, yoʻq tabiatda
Ichimdagi kabi yuksalish, enish.
* * *
Xandaq zinasidan bir kechasida
Nogoh quchogʻiga tushdim men haqning.
Goʻyo tentir edim berkkoʻchasida
Ham kechmish zamonning, ham kelajakning.
Sim-sim, och eshiging!.. Ochildi eshik,
Atlas toʻshaklarda yotgan ey dada,
Yondi shisha saroy, Ilohiy beshik,
Ming bir jilo bergan yumruq moddada.
Atomlarda jumbush, evrilish, shanlik,
Va xalqa-halqa nur, halqa-halqa nur.
Ichi – naqshin erur, ichida – menlik,
Bildim seni, yo Rab, pinhoniy mashhur.
5
Nizom koʻpirmoqda, Mis davri – dengiz,
Nizom koʻpirmoqda, boʻgʻzimgacha suv.
Suvda bir pinhon yoʻl, yaltiragan iz,
Suvda azal fikri, abad tuygʻusi.
Opqoch meni, ohang, ol meni, vahdat,
Ortiq turolmayman koʻlka borliqda.
Barcha mayiblarga boʻlsin sheʼriyat,
Niyatim – buyuk bir sanʼatkorlikda.
Qolgani, qolgani gʻoyamning mulki,
Masofa – ekinim, zamon – maʼdanim.
Koʻkda Somon yoʻli boʻlgay meniki,
Tubi yoʻq koʻllarda injular – manim.
Tiz choʻk, ey olgʻir nafs, qarshimda tiz choʻk,
Xumlarim hayotga toʻlugʻ bir qaymoq.
Sen, butun shajarni birlashtirgan koʻk,
Yagona maqsadim – soʻngsizga qaytmoq…
SANʼAT
Angladim shuni: sanʼat Ollohni izlash erur,
Mohiyat shu, qolgani shunchaki gʻimir-simir.
VASIYAT
Soʻng kun boʻlmasin doʻstim, gulchambaru zoʻr hasham,
Eltsin soʻnggi manzilga eng ishonchli toʻrt odam.
OʻTTIZ UCH YIL
Oʻttiz uch yil soatim yurdi, men toʻxtab turdim,
Samolardan xabarsiz qogʻoz qushlar uchirdim.
ShOIR
Men shoirman – gʻoyibni kavlagan usta, axir,
Tirik murdalar boshi ustinda Munkir-Nakir.
OLLOHNING DOʻSTI
Olloh doʻstini koʻrdim bundan olti yil avval,
Bir oqshom edi, zamon evrilajakday goʻzal…
PAYGʻAMBAR
Oʻylaymanki, undan ham avval zamon bormidi?
Haqiqatlar boʻshliqqa boqqan oynalarmidi?
NARVON
Menga derlar, yozmagil sheʼrlar koyitib jonni,
Sen izla koʻkka olib chiqadigan narvonni.
NAFS
Kechalar zaminga men bilan inmish,
Toʻfonlar men bois qoʻpmish dengizda.
Vaboli qoʻllarim goʻyo kezinmish
Chirigan ogʻochda, zaʼfaron yuzda.
Telba shubha, qoʻrquv bilan sobitman,
Issiq bagʻringizda quribon yurt man,
Ich-ichdan kemirib borguvchi qurtman,
Har kun kezgum sizning libosingizda.
OʻRGIMCHAK TOʻRI
Devorda bir titroq oʻrgimchak kabi
Inja dardlarimdan toʻr soldim goʻyo.
Ruhim tong otguncha soʻnajak kabi
Hozirdan aytmoqda hayotga vido.
Qalbim uzilmoqda har nafasinda,
Qulogʻim ruhimning qanot sasinda.
Titrayman devorning kunj goʻshasinda,
Chiqmagay koʻksimdan biron-bir sado…
AZOB
Azob sochlarimga oq,
Yuzga ajin naqsh etdi.
Uryon ruhim soʻyiboq
Tortdi, chormixga tortdi.
Bagʻrim laxta-laxta qon;
Menga termuldi hayron,
Bir ayol boʻlib bu on
Oʻzin menga baxsh etdi…
SUKUTDAGI DENGIZ
Yuraverdim olmay tin,
Dengiz boʻyiga bordim.
Holing menga ham oʻtsin! –
Deya unga yolvordim.
Bir telba talvasada
Ichim it tirnasa-da,
Shu dengizdek gʻussada
Jim tursaydim, Xudoyim…
OYOQ SASLARI
Oh, bu oyoq saslari, oh, bu oyoq saslari,
Tinmaydi tashqarida quyosh botgandan beri.
Bu saslar sanchiladi eng ogʻriqli yerimga,
Sizlogʻichday toʻqinar mening jon tomirimga.
Hozirgina shum xabar kabi men tomon shoshgan,
Soʻngra saodat boʻlib yonimdan uzoqlashgan
Saslar, oyoq saslari, ehtimol hordi ular,
Menga kelgan mujdani burib yubordi ular!
Shunday odim otarlar ayrilganlar eshidan,
Shunday yurar yurganlar bir tobutning peshidan.
Kimsasiz kechalarim shu tovush bilan toʻldi,
Duk-duk urgan yuragim oyoq saslari boʻldi.
Bir kun jonsiz koʻksimga osilib tushsa boshim,
Mendan judo boʻlgandek jon doʻstim, jon yoʻldoshim,
Uzoqlab borayotgan bu sasni tinglab tugal,
Asta-sekin tolaman men abadiy uyquga.
NAQORAT
Kichraydi dardim, kichraydi,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi.
Ulgʻaydim, qarib-qartaydim,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi.
Ur teshangni toqqa, Farhod,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi.
Kishnayvergil, ey burul ot,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi.
Tugʻar bir kun mening kunim,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi.
Toʻyda oʻtdi qirq kun-tunim,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi.
Ekdik, ekdik, unar-ketar,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi.
Barcha yoʻllar tugar-bitar,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi.
Sheʼr ham bir kun anglashinar,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi.
Non singari aziz boʻlar,
Koʻpi ketdi, ozi qoldi…
OYNALAR YOʻLIMNI TOʻSDI
Oynalar, yuzimga boqmangiz tushdek,
Mana, qoʻlga tushdik, kishanga tushdik!
Chiqdingiz qoʻqqisdan mening qarshimga,
Boshimning choʻqmori tushdi boshimga.
Suratimda har ayb ayri bir sazo,
Men oʻzim oʻzimga eng ogʻir jazo.
Ey cheksiz shaffoflik, oliy mahkama!
Evohkim, band solding shoʻrlik koʻlkama.
Shuʼlavor kunlarni ayamay qirdim,
Qudsiy omonatni yedim, bitirdim.
Chiqmas quyoshlarga bogʻlandi vaʼda,
It nafsning ogʻzida bu kun iroda.
Gunohu hasadlar uchun shuhrat-shon,
Ishqning gunohidan omonlik, omon!
Kofiymi dunyodan yuz bursam agar,
Koʻz yoshi toʻksam Nuh toʻfoni qadar?
Chiqolmam, oynalar, oynalar zindon,
Boqolmam, oynada, oynada vijdon;
Meni kutmang endi, bir toʻsiq oʻsdi,
Borolmam, oynalar yoʻlimni toʻsdi!..
SADO
Har tomon jimir-jimir,
Toʻz yomgʻiri – osmondan.
Roʻyo ostinda qoldim,
Sado kelur oʻrmondan…
Ezilgandan ezilmish
Soʻnggi soʻz tegirmondan.
Oltindan bir kalitdir,
Sado kelur oʻrmondan.
Bitta topishmogʻim bor –
Qolgan qadim zamondan.
Sim-sim, och eshigingni!
Sado kelur oʻrmondan.
Orqalarda shaharlar
Uchqunlardan, tumondan.
Hasratdan ham iliqroq
Sado kelur oʻrmondan.
Qoching, qoching ovloqqa
Oh-nolayu figʻondan.
Qof togʻiga ketar yoʻl,
Sado kelur oʻrmondan.
Bir toq-tanho yulduzdan,
Bir sohilsiz ummondan
Gʻariblarga bir xabar,
Sado kelur oʻrmondan.
TOGʻLARGA QOʻShIQ SOʻYLA
Qoʻlingga ol bir tayoq,
Tirmash, togʻlarni boʻyla.
Shaharning hech farqi yoʻq
Qogʻoz uylardan oʻyla!
Yuksal koʻkdan olib ruh,
Yurma shaharda majruh,
Topayin desang shukuh,
Togʻlarga qoʻshiq soʻyla.
YULDUZLI BIR KEChADA
Samo bizga, qolma, der,
Gʻam degan iskanjada.
Ruhimiz abadiydir
Olam otligʻ ganjada.
Umrki, tap-taqir choʻl,
Manzili – besh kunlik yoʻl.
Shabnam kabi tugʻil, oʻl
Yulduzli bir kechada!..
NUR
Sen boʻl dersan va boʻlur!
Shuʼlalar toʻla billur,
Chinnilar figʻon qilur.
Moziydan kelur bir rang
Va qadimiy bir ohang:
Nur yogʻdir, Ollohim, nur!
Buyuk soʻroq va huzur…
Kutar qabristonni Sur.
Soʻngsizlik, jovidonlik;
Tuganmas bepoyonlik:
Nur yogʻdir, Ollohim, nur!
Quyosh – misoli koʻmir,
Olmos – mahjur[1], mum – magʻrur.
Yoqing qandilni, yoqing,
Bu ne evrilish, yongʻin;
Nur yogʻdir, Ollohim, nur!
Sen boʻl dersan va boʻlur!
SEN
Sen xayol qadar goʻzal,
Va toqsan, birdan ham toq.
Atrini sochgan Azal,
Sen – bol, chaman hamma yoq.
Sensan ajalga sarhad,
Qolgani yolgʻon faqat…
Bagʻringga ol, yoʻl koʻrsat,
Boshla bizni, sen – mayoq!
NAFSI LAVVOMA
Itdan qoʻrqqan kabi qoʻrqdim oʻlimdan,
Oʻlimdan oʻlimni farqlay olmadim.
Ne quyoshlar chiqib botdi ustimdan,
Bir kunni biriga bogʻlay olmadim.
Hirsimni qondirdi na shuhrat, na shon,
Mendagi har nuqta dunyodan nishon…
Nafsimning ortidan chopdim parishon,
Undan hatto bir tuk saqlay olmadim.
ChAQALOQ
Malaklar charx urar bu ovloq yerda,
Uxla, shirin bolam, qoʻygil shov-shuvni.
Bir kun hasratlardan iching titrar-da,
Eslarsan bu chuqur, shirin uyquni.
Uxlagin, kunduzlar suv kabi tinsin,
Binafsha koʻzingga kipriklar insin,
Erta tong mahali ruhingga singsin
Quyosh-la uygʻongan qushlar qiy-chuvi.
Uxla, bagʻrim, oqshom sekin kezmoqda,
Mana, koʻzlaringga uyqu suzmoqda,
Uyquning qoʻlida boshing yuzmoqda
Dolgʻalantirmayin bu turgʻun suvni…
Turk tilidan Usmon QOʻChQOR tarjimalari
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1
[1] Mahjur – ayrilgan, hijronda qolgan.
https://saviya.uz/ijod/nazm/toglarga-qoshiq-soyla/