Erkin Usmonov 1952 yili Toshkentning Eski shahar qismidagi Kallaxona mahallasida ziyoli oilada tugʻildi. Bobosi mashhur sozgar, xalq ustasi ‒ Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Usta Usmon, otasi esa Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mirsoat Usmonov edi.
Bolalik chogʻlaridan hozirgi “Tong yulduzi” gazetasi qoshidagi “Yosh qalamkashlar” toʻgaragiga qatnashdi. “K. K.” nomli birinchi fantastik hikoyasi 1966 yili chop etildi, 1967 yili Respublika yosh ijodkorlar tanlovida gʻolib deb topildi.
U hozirgi Toshkent davlat Jahon tillari institutining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil oldi. Qurilishda, yoshlar teatrida, “Oʻzbektelefilm” studiyasida ishladi.
Qariyb oʻttiz yil Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi Adabiy-dramatik eshittirishlar Bosh tahririyatida, “Oʻzbektelefilm” studiyasida, “Teatr” jurnalida turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatdi.
Erkin Usmonovning “Gunafsha” nomli birinchi kitobi 1981 yilda chop etildi. Shundan soʻng “Olam nurga toʻladi” (1987), “Tush kinoga oʻxshaydi” (1990), “Kulishgani keldik” (2000), “Bekinmachoq” (2005), “Qatortol tomonlarda”, “Har kimning oʻz daraxti bor” (2006), “Hayratga toʻla dunyo”, “Yostiqdek kitobdan uch sahifa” (2007), “Ertak kabi goʻzal bir olam”, “Ajal xiyoboni”, “Oshifta koʻngil” (2009), “Siz u yondan, biz bu yondan” (2010), “Marhum kech soat 8 da keladi”, “Birov boʻlib yashash osonmi” (2011), “Kitoblar haqida hikoyalar” (2012) singari qator qissa va hikoyalar toʻplamlari chop etildi.
Mashhur “Otalar soʻzi ‒ aqlning koʻzi” koʻrsatuvlarining 30 dan ziyod soni Erkin Usmonov ssenariysi asosida tasvirga olindi. Adibning “Koʻrmaganning koʻrganlari” (2007), “Dutor” (2010), “Odam boʻlish qiyin” (Oʻlmas Umarbekov romani asosida, 2010), “Ertakning davomi” (2011), “Baxt kaliti qayerda”, “Vasvasa” singari pyesalari respublika teatrlarida sahnaga qoʻyildi.
Adib tarjimon sifatida Karel Chapek, Konan Doyl, Aleksandr Grin, K. Paustovskiy, Anor kabi adiblarning qissa va hikoyalarini oʻzbek tiliga oʻgirdi.
Erkin Usmonov 2013 yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/erkin-usmonov-1952-2016/