Jahonda, ayniqsa, Gʻarb oʻlkalarida tez-tez yangraydigan, qalblari yaqin ikki maʼshuqni oila boʻstonida mahbub qilib, muhabbat atalmish matlub niyatlariga yetkazguvchi “Nikoh marshi”ga tasodifan boʻlsa-da bir bor quloq tutmagan inson kam topilsa kerak. Ammo ana shu baxt-iqbolni sharaflovchi olamshumul musiqani olmon yurtidan chiqqan Feliks Mendelson otligʻ ijodkor inkishof etganligini sanʼat olamida yurganlarning barchasi ham bilavermaydi. Vaholanki, nikoh sabab millionlab insonlar mehrob qarshisida Mendelson bilan gʻoyibona diydor koʻrishishadi, uning tantanavor ohanglari ogʻushida katta hayot ostonasiga qadam qoʻyishadi.
Mendelsonning hayoti, ijodi, turish-turmush tutumlariga nazar tashlasak, uning favqulodda voqealardan yiroqligi, biroq mutlaqo yakrang emasligiga amin boʻlamiz. U 1809 yilning 3 fevral kuni Gamburgda, musiqa olamiga begona boʻlgan iqtisodchi Avraam Mendelson oilasida dunyoga keladi.
Boʻlajak kompozitorning bobosi Mozes (Moisey) Mendelson mashhur yahudiy faylasufi, Xaskal donishmandlik oqimining asoschisi edi.
Falsafa, umuman fozillar ilmi notiqona soʻz, purmaʼno hikmat, jumboqli, favqulodda hodisotlar orqali insonni maʼnaviy komillik sari undovchi beqiyos vosita boʻlsa, musiqa ana shu mujdaning ohangga, kuyga koʻchgan holati, inson qalbiga tutqich bermas oʻylar, yuksak tuygʻular yordamida kirib boruvchi sanʼatdir. Shu bois, faylasuflarning aksari musiqa ilmiga ham oshno tutinganligi ayni haqiqat. Eng muhimi, falsafa ham, musiqa ham qalbning davosi boʻlishi mumkin. Abu Nasr Farobiy bobomiz aytmoqchi, “Musiqa fani shu maʼnoda foydaliki, kimning feʼl-atvori muvozanatini yoʻqotgan boʻlsa, uni tartibga keltiradi”.
Yuqoridagi bogʻliqlikdan xulosamiz shuki, bobosining falsafa ilmidagi salohiyati yosh Feliksning musiqiy fitratiga taʼsir koʻrsatgan boʻlsa ajab emas.
1811 yil Mendelsonlar oilasi Berlinga koʻchib oʻtadi. Feliks uchun zavqiyob onlar sururi boshlanadi, u boy ijodiy muhitda, zako ahlining davrasida voyaga yetadi. Mendelsonlar xonadoniga oʻz davrining maʼlum va mashhur insonlari tez-tez tashrif buyurar, ayniqsa, ulugʻ faylasuf Fridrix Gegel va tajribali pedagog, kompozitor Karlo Selterlarning ishtirokisiz oʻtadigan gurunglar kam boʻlardi. Aynan Selter yosh
Mendelsondagi musiqiy layoqatni sezib qoladi va unga musiqa nazariyasidan dars oʻta boshlaydi. Keyinchalik Feliks ustozlari Lyudvig Bergerdan fortepiano, Karla Xenning, Eduard Ritsalardan skripka chalish sir-asrorlarini oʻrganadi.
Yetuk kompozitorlarning deyarli barchasida favqulodda isteʼdod juda erta uygʻongan. Aytaylik, Motsart toʻrt yoshida Yevropaning “mana-man” degan tomoshagohlarini tirband qilib konsert berganligi yoxud Prokofyev besh yoshida mustaqil asarlar yoza boshlagani bir qadar afsonaga oʻxshaydi. Xuddi shu kabi Mendelson ham toʻqqiz yoshga yetganda butun Yevropada virtuoz pianinochi sifatida dovrugʻ qozondi. U kompozitorlik faoliyatidagi dastlabki jiddiy izlanishlarga aynan shu yoshida qoʻl uradi, skripka va fortepiano uchun sonatalar, trio, bir qator organ musiqalarini yozib tamomlaydi.
1821 yil ustozi Selter tufayli Mendelson nemis maʼrifatparvar shoiri I. Gyote bilan tanishadi, undagi zakiylik, ilm va ijoddagi teranlik endigina oʻn ikki yoshni qarshi olgan kompozitorning dunyoqarashini tubdan oʻzgartirib yuboradi.
Feliks 1825 yili otasi Avraam Mendelson bilan Parijga sayohatga yoʻl oladi. Parij bu davrda Yevropaning eng yirik madaniyat oʻchogʻi, musiqa sanʼati gurkirab rivojlangan shahar edi. Yosh Mendelson bu yerda Parij Konservatoriyasining badiiy rahbari Luidji Kerubini bilan tanishib qoladi, oʻzining tugʻma isteʼdodi, noyob ijro uslubi ila tajribali mutaxassisning nazariga tushadi. Biroq Parij musiqa maktabi Mendelson ijodiga aytarli taʼsir koʻrsatmaydi, chunki uning shaharga kelishdan maqsadi sayohat qilish edi, shu bois faranglar yurtida qolishni istasa-da, Berlinga qaytishga majbur boʻladi.
Aynan shu qaytish Mendelson ijodida yangi sahifa ochadi. U oʻz yurtiga kelgach, butun kuch-quvvati, shijoatini yangidan-yangi asarlar yaratish yoʻlida safarbar qiladi. Jumladan, Migel de Servantesning mashhur “Don Kixot” romanidagi epizod asosida “Komachoning toʻyi” nomli ikki pardali operasini yozib tamomlaydi. Mendelson ijodiga xos yumor va istehzoga moyillik, joʻshqin va tarang ruhiyat, qarama-qarshi hissiyotlar toʻqnashuvi, yengil ifoda, yakundagi ulkan haqiqat ilk bor ushbu operada toʻla yuzaga qalqib chiqqan edi.
Kompozitor ijodining keyingi davri bevosita Yevropa mamlakatlari boʻylab qilgan sayohatlari bilan bogʻliq. U 1820–30 yillar oraligʻida Italiya, Fransiya, Shveysariya, Buyuk Britaniyada yashab ijod qiladi, oʻz davrining yetuk kompozitorlari Ferens List va Friderik Shopen bilan tanishadi.
1841 yili qirol Vilgelm IV ning taklifiga binoan Mendelson Berlinga keladi. Qirol bu shaharni Germaniyaning madaniy markazi boʻlishini istardi. Shu maqsadda nemis xalqidan chiqqan jamiyki ilm-fan, sanʼat, adabiyot namoyandalarini ushbu shaharga toʻplaydi. Mendelson Berlindagi Qirollik sanʼat akademiyasini qayta tiklab, cherkovdagi xorga rahbarlik qiladi. 1842 yili esa Angliyaga borib, oʻz konsert dasturini katta muvaffaqiyat bilan namoyish etadi, natijada uncha-muncha hodisaga hayratlanavermaydigan ingliz xalqining qalbidan ham joy oladi. Ayni shu yillari “Antigona”, “Shoh Edip”, “Yoz tunidagi tush” spektakllari uchun musiqalar yozadi. Biz yuqorida tilga olgan “Nikoh marshi” “Yoz tunidagi tush” asarining bir qismi hisoblanadi va bu umrboqiy musiqa Mendelson nomini abadiy jaranglab turishiga xizmat qilmoqda.
Feliks Mendelson oʻzining serqirra ijodiy faoliyati davomida romantik simfoniya, programmali konsert uvertyurasi kabi janrlarga asos soladi. Skripka va orkestr uchun (1844), 2 ta fortepiano va orkestr uchun (1831–1837) konsertlari, “Soʻssiz qoʻshiqlar” (1832–45) fortepiano asari, “Pavel”(1836) va “Iliya” (1847) oratoriyalari jahon musiqa sanʼatining mumtoz namunalari qatoridan oʻrin olgan. Uning oʻz millati musiqa sanʼati rivojiga qoʻshgan yana bir yirik hissasi – ijro yoʻnalishi, mashhur kompozitorlari bilan dunyoga ovoza boʻlgan Leypsig konservatoriyasiga asos solishi boʻldi. Bu muhtasham koshona hanuzgacha musiqaga muhabbat qoʻygan Mendelson izdoshlariga katta sanʼat yoʻllanmasini berib kelmoqda.
Kompozitor 1847 yili Leypsigda vafot etadi. U oʻzining qisqa umri davomida asrga tatigulik ijod namunalari, xalqchil, ohangdor musiqalari, romantizm va klassitsizm anʼanalari mujassam boʻlgan asarlari bilan sanʼat muhiblari qalbidan oʻchmas joy oldi. Mendelson ijodiy uslubiga xos boʻlgan holat, uni zamondoshlaridan ajratib turuvchi yakkash hodisa bu xalq bilan mushtaraklik hissi, xalq dardi, maslagiyu maqsadiga xayrixohlik, xalqona kuy va ijro desak, xato boʻlmaydi. Ana shu fazilatlar sabab Mendelson ijodi mangulik mangulik kasb etdi.
Shohruh ABDURASULOV
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/nikohga-kuy-yozgan-bastakor/