HAYRON xonim
(XVIII–XIX asr)
GʻAZALLAR
Labingni moyai jon yaratmish
Va ushshoq dardiga darmon yaratmish.
Mening jonim uchun rizqu nasiba
Oʻshul soat yana hijron yaratmish.
Firoqingda koʻzim giryon qilgay:
Labi laʼlingni na xandon yaratmish.
Agar yulduz erur jumla goʻzallar,
Seni tanho mohitobon yaratmish.
Yuzingni nuridan olmish-da zarra,
Oʻshandan xurshidi raxshon yaratmish.
Gadoyi husningga meni darbadar,
Senikim, sarvari xoʻbon yaratmish.
Meni bulbul, seni bir gul atablar,
Meni cheksin, deya, afgʻon, yaratmish.
Yetishdi maʼshuqin vasliga oshiq,
Meni bir sen uchun Hayron yaratmish.
* * *
Sabo essa sening koʻyingdan, ey shoʻx,
Qilur parvoz ruhim soʻyingga, ey shoʻx.
Gulu sunbul ajab atrin boʻlolmas
Sening chehrang, soching, boʻyingday, ey shoʻx.
Bu gulshanda bitarmi sarvu shamshod
Qading monandi, dil joʻyingday, ey shoʻx.
Na bir xush kun edi lutf aylading sen,
Kamand boʻynimga gisoʻyingdan, ey shoʻx.
Ki dushman makridan chekdim jafolar,
Judo boʻldim sening roʻyingdan, ey shoʻx.
Kishi yoʻq bilguchi atvoringi hech,
Bu Hayron fidodir xoʻyingga, ey shoʻx.
* * *
Zulfini chun oraza ul moh parishon ayladi,
Ravzai firdavs goʻyo sunbuliston ayladi.
Noz ila otdi agar novaklarini mahliqo,
Oʻldirib oshiqlarini qoni alvon ayladi.
Chun boqib ahvolima etdi tabassum noz ila,
Gʻunchai bogʻi behishtni koʻr, na xandon ayladi.
Chun tabibim ul iki yoqutni etdi durfishon,
Ruh berdi qalbima, dardima darmon ayladi.
Yor chun agʻyor ila etdi takallum lutf ila,
Koʻnglimi dardu gʻami mavj etdi, toʻfon ayladi.
Koʻrdi chun agʻyor ila dildorini sargarmu noz,
Diydai xunborimi, koʻrkim, na tugʻyon ayladi?
Qoshu koʻz, ham laʼli maygun, xoli hindu, zulfi kaj,
Sarv qaddin koʻrsatib, Hayronni hayron ayladi.
* * *
Dardimga chora yoʻqdir laʼli dutodin oʻzga,
Tutmas qoʻlimni hargiz zulfi rasodan oʻzga.
Holimni dildorimga arz aylaguvchi yoʻqdir
Borsam guzar boshida bodi sabodan oʻzga.
Kaj baxtimiz bohayrat, boiski, yor bizga
Koʻrmas ravo hech ne javru jafodan oʻzga.
Zulmu sitam boʻlibdir dildorga kasbu korlik,
Men etmadim sanamga mehru vafodan oʻzga.
Dilbarga xizmat etmak azmin tutar boʻlanda,
Yoʻqdir alimda tuhfa xayru duodan oʻzga.
Dardu alam-gʻaminda giriftor oʻldi kim ham
Yor koʻchasinda mendek baxti qarodan oʻzga.
Agʻyor taʼna urgay, hijron olov ufurgay,
Yoʻq bizga mehribone gʻamxor xudodan oʻzga.
Qismat ishi bu, Hayron, tushding yordan ayru,
Taqdirga chora yoʻqdir rozi-rizodan oʻzga.
* * *
Ochildi subh roʻying, shom zulfing ayon oʻldi,
Xijolat otashina mehr yondi, moh nihon oʻldi.
Chekib qavsi kuzah xush toqi rangin osmon uzra
Koʻrub qoshing kabi ul moh qaddi kamon oʻldi.
Du chashmai masti maxmuring olib jonlar, toʻkib qonlar.
Xadangi kirpiging, tigʻi nigohing komron oʻldi.
Giriftori kamand oʻldi dilim, aqlim uchib boshdin,
Koʻngul murgʻiga xoling dona, zulfing oshiyon oʻldi.
Koʻrib laʼli labing, ey, hurvash, laʼli Badaxshonning
Kuyib bagʻri hasaddin, diydasinda xun ravon oʻldi.
Koʻzung oldi manim jonim, labing toʻkdi uning qonin,
Bihamdillah, saning koʻyingda oxir qonga qon oʻldi.
Etib zavq birla jon qurbon anga har oshiq ey, Hayron,
Na tanho ojizu nolon oʻlarda jonfishon oʻldi.
* * *
Yorim, manga ayla bir nazzora,
Oʻldi jigarim hazor pora.
Hajringda mening hazin koʻnglum
Har lahza yonib sochar sharora.
Men oh dedim, oʻtli figʻondin
Oʻt ketdi bu dashtu koʻhsora.
Sen Layli eding, oshiqi zorlar
Majnun kibi tushdi roʻzigora.
Koʻpdir seni deb yigʻlagan ushshoq,
Yoʻq men kibi kas tolei qora.
Hayron koʻzi yoʻlingda nigoron,
Qil chora bu dardi intizora!
* * *
Gʻami yoʻqdir kishining yori mehribon boʻlsa,
Yuz taassufdir agar men kibi nolon boʻlsa.
Hijron oʻtida yondi, oʻt ichra qoldi koʻngil,
Uf tortmadim, koʻz yoshim laxta-laxta qon boʻlsa.
Meni yozgʻirmadi kim, qargʻishi ursin toshga,
Naylaram men, umidim boqchasi vayron boʻlsa?
Visoldan gumonim yoʻq, sabrdan ishonchim toʻq,
Agʻyor kasbi ne tong oh birla figʻon boʻlsa!
Gʻami hajrida toʻzgan dahrda yoʻq maningdek,
Ummedim chechak ochgay yor menga mehmon boʻlsa.
Tole irodasi shul: ranjima yordan, Hayron,
Ishqingga kim inongay, vaslating onson boʻlsa?
* * *
Bu – men sargashtayu ovora sensiz,
Gʻaribu bekasu bechora sensiz.
Necha gulshan sari qoʻydim qadamni
Qilib sarvu gula nazzora, sensiz.
Yurak hijron tigʻi, darding oʻqi-la
Boʻlibdir tilkayu yuz pora sensiz.
Bu keng dunyo koʻzimga tiyrayu tor,
Oyu oftob kuyuk sayyora sensiz.
Tunin hijron ishim, afgʻondan oʻzga
Chu yoʻq kasbim mening, mohpora, sensiz.
Senga kor etmadi Hayronning ohi,
Faqat kor ayladi toshlora, sensiz!
* * *
Bir noma yozay, bodi sabo yora yetursin,
Sharhi gʻamimni ul buti xunxora yetursin.
Hijron mani etdi yana beholu halovat,
Doruyu visoli menga bir chora yetursin.
Sabrim tugadi, yor endi jonim ola qolsin,
Yo shod aylasin vasl ila, diydora yetursin.
Men iki dunyoda koʻray: orzuga yetsin,
Har kimki, meni yori vafodora yetursin.
Toʻsma yoʻlini, ey gʻami hijron, payomim
To bodi sabo ul guli gulzora yetursin.
Yuz hasrat ila bu dili hijronga giriftor
Azm etdi, oʻzin ul guli bexora yetursin.
Yuz nish ila yoʻl bermadi ul xori sitamkor,
Qoʻymadi oʻzin ul gula bechora, yetursin.
Yorab, manga sen buncha zulm aylama izhor,
Qoʻy, yorga oʻzin bu dili ovora yetursin.
Bekasligima rahm aylasin xoliqi yakto,
Hayronni u shahbozi digarbora yetursin!
* * *
Boʻying sarvi sihi, zulfung muanbar,
Jamoling Yusufi Kanʼona oʻxshar.
Qoshing oshiqlaring qasdiga misli
Egilgan tiygʻi sarafshona oʻxshar.
Qiyo boqsa, koʻzung olgay bu jonim,
Yoʻxuda fitnai davrona oʻxshar.
Omon yoʻq, noz ila tiri nigohing
Yurakda xanjari burrona oʻxshar.
Tili bulbul, sochi sunbul, yuzi gul,
Tun magar kiprigi paykona oʻxshar.
Seni oy jamoling, ey huri jannat,
Gulistonda guli xandona oʻxshar.
Esib bodi sabo, zulfing toʻzitmish, –
Gul uzra dastai rayhona oʻxshar.
Labing kunjida xoling hinduvash bir
Oʻtirgan taxt aro sultona oʻxshar.
Saning koʻyingda oshiqlar figʻoni
Chamanda bulbuli xushxona oʻxshar.
Sharorai shoʻrangizingdan, ey oy,
Boshim ham otashi soʻzona oʻxshar.
Koʻzum yoshi firoqingdan yuzimda
Shashqator loʻluyu gʻaltona oʻxshar.
Agarchi oshiqing koʻpdir va lekin
Ishonma, qay biri Hayrona oʻxshar?
* * *
Firoqing qalbimizda kor etibdir,
Bu zulmni charxi badkirdor etibdir.
U majlisda hushim uchmish boshimdan,
Havoyi vuslating bedor etibdir.
Bu qismatga ming ehson, ming tashakkur:
Gadoni podishohga yor etibdir.
Ki gul hajrida bulbul nola etmas,
Uni har ne etibdir, xor etibdir.
Qazo Majnunni quvdi togʻu dashtga,
Qadar Mansurni dorda zor etibdir.
Chekib shamshirini dildor, misli
Raqibim qatlima shior etibdir.
Hajrdan nolima zinhor, Hayron,
Bu jabru jafoni agʻyor etibdir.
* * *
Bilursen, yoringni bir yori bordir,
Agʻyor ila ahdu qarori bordir.
Netay men faqirmen, yor – sulton,
Menga yor oʻlmogʻidan ori bordir.
Na darkordur menga sunbul va rayhon,
Aningki turrai tarrori bordir.
Koʻngil, qaygʻurmagil, dahri chamanda
Ochilgan gʻunchaning ming xori bordir.
Kel, injitma, sanga shoʻrlik bu Hayron
Bir oshiqdir, mehr iqrori bordir.
* * *
Xurshidi tobon boʻlmish namoyon,
Boʻlmish namoyon xurshidi tobon.
Zulfi parishon yuzlarda pechon,
Yuzlarda pechon zulfi parishon.
Ul chashmi fatton aqlimni oldi,
Aqlimni oldi ul chashmi fatton.
Ul tiri mujgon sanchildi qalbga,
Sanchildi qalbga ul tiri mujgon.
Ul laʼli xandon obi hayotdir,
Obi hayotdir ul laʼli xandon.
Ul koʻyi jonon ming qurbon istar,
Ming qurbon istar ul koʻyi jonon.
Shaydo bu Hayron ul oy jamolga,
Ul oy jamolga shaydo bu Hayron!
Ozarbayjon tilidan Oydin HOJIYEVA tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/bu-men-sargashtayu-ovora-sensiz/