Maʼrifatparvar va adabiyotshunos Poʻlatjon Qayyumovning tazkirasida “Oshiq II” nomi ostida bir shoir haqida qisqacha maʼlumot beriladi. Muallif bu shoirning Oʻsh shahridan ekanligini va bir kitob muqovasida uning Muqimiy vafotiga bagʻishlangan yetti bayt sheʼri borligini taʼkidlab, undan 4 misrasinigina keltiradi[1]. Shuningdek oʻsha yerda, “Bu kishi muftiyzoda Muhammad Aʼlam boʻlishi ehtimoldur. Rojiy Margʻiloniy bu kishining oʻziga vafot tarixi yozmishdur…” degan mulohaza ham bildirilgan.
Bundan oʻzga mazkur Oshiqning tarjimai holi haqida biror bir boshqa maʼlumotga duch kelmadik. Oʻzbek adabiyoti tarixini yorituvchi manbalar va tadqiqotlarda ham u haqida hech bir ishoraga koʻzimiz tushmadi.
Sharq adabiyoti tarixida esa “Oshiq” taxallusi bilan koʻplab shoirlar ijod qilganlar. Misol uchun, yana Poʻlatjon Qayyumiyning “Tazkiratush-shuaro” asarida “Oshiq” va “Oshiqiy” taxallusli oʻn bir shoir haqida maʼlumot bor[2]. Ammo ularning barchasi temuriylar davridan to XVIII asrgacha boʻlgan davrda Xuroson, Hindiston va Afgʻonistonda yashab ijod qilgan forsigoʻy shoirlardir.
Albatta, tarix davomida u qadar tanilmagan, lekin salohiyatli ijodkorlar koʻp oʻtgan. Ushbu isteʼdodli shoir – Oshiqning kimligi, xususan, mashhur shoirimiz Muhammad Aminxoja Muqimiyga (1850–1903) bagʻishlangan sheʼrining toʻliq matni bilan qiziqib kelardik. Bu masalaga ustozimiz – adabiyotshunos Ahmadjon Madaminov bir necha yil muqaddam taqdim etgan bir qoʻlyozma ancha oydinlik kiritdi.
Avvalo, mazkur manba haqida. Qoʻlyozma alohida ikki varaq holida boʻlib, qoʻqonlik xattot Abdulmajid qori tomonidan chiroyli nastaʼliq xatida qora siyoh bilan koʻchirilgan. Unda Oshiq Maxdum Oʻshiyning Muqimiy vafoti munosabati bilan yozilgan “Qil” radifli 7 bayt gʻazali va “Xoʻqandda turgʻun oshnolarimizga” nomli 9 bandli muxammasnomasi oʻrin olgan.
Bu qoʻlyozmadagi “Qil” radifli gʻazal matni Qayyumiy domla koʻrgan va oʻz tazkirasida qayd etgan matn bilan deyarli bir xil ekanligi ikkala nusxa qiyosidan va unda keltirilgan forscha muqaddimadan ham koʻrinib turibdi. Shu jihatdan domlaning fikrlari yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi.
Biroq, Oshiqning “muftiyzoda Muhammad Aʼlam” ekanligi haqidagi “ehtimol” tasdiqlanmadi. Negaki, Rojiy Margʻiloniyning Oshiq vafotiga tarix yozganini Poʻlatjon domla aytib oʻtgan edi. Lekin, Margʻilonda uzoq yillar qozilik qilgan va ayni vaqtda isteʼdodli shoir boʻlgan Xoʻjajon Rojiy 1838-yilda tugʻilgan va 1918yilda vafot etgani maʼlum.
Oshiq Maxdumning esa 1928yilda ham hayot boʻlganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida unga qarata yozilgan ikki maktub keyingi yillarda aniqlandi. Bular sheʼriy noma boʻlib, Mulla Yoʻldoshxoʻja Dogʻiy (1880–1974) qalamiga mansubdir[3]. Ulardan esa oʻz navbatida Oshiq hayoti va shaxsiyatining baʼzi jihatlarini aniqlash mumkin.
Binobarin, yuqoridagi jihatdan “Tazkirai Qayyumiy”da taʼkidlangan “Muhammad Aʼlam” biz taʼriflayotgan oʻshlik “Oshiq” taxallusli shoir emasligi ham ayon boʻladi.
Dogʻiy, soʻz yuritilayotgan nomalarning birinchisida Oshiq shaʼnini ulugʻlab, uni mehmonga daʼvat etgan. Ikkinchisida esa Oshiqning javob maktubidan gʻoyat taʼsirlanganini va uning yuksak darajada bitilganini taʼriflaydi.
Jumladan, birinchi noma 26 bayt boʻlib, unda Oshiqqa murojaat shunday taʼrif bilan boshlanadi:
Ayo jondin aziz doʻsti qiyomat,
Erursiz bizga chun piri tariqat… (157-bet).
Bundan anglashiladiki, Oshiq, xat bituvchi Dogʻiy uchun nafaqat, “doʻsti qiyomat”, balki “piri tariqat” hamdir[4]. Yana, Yoʻldoshxoʻja Dogʻiy oʻz nomasida tirikchilik tashvishlaridan qiynalganini, tikuvchilik doʻkoni va boshiga tushgan “ming savdo-u kulfat”dan soʻzlaydi. Shundan keyin “jafojoʻ, siflaxoʻ, nopok tiynat” ulfatlardan “ikki qoʻlini yuvgan”ligini aytib, Oshiqni oʻzi yashayotgan Namanganga daʼvat etib, shunday yozadi:
…Kamina multamismankim, qayu on,
Bu taxt uzra agar aylab irodat.
Sulaymonona tashrif aylasangiz,
Bu qul soriga agar aylab karomat.
Binobar, necha yildur xotirimdin
Nariga ketmagay aksi jamolat.
Koʻrub bir-birni boʻlsak shod-u xurram,
Topibon suhbatimizdan halovat.
Ki, man bormoqqa bahri poyboʻsi
Qilolmas toʻshai rohim kifoyat.
Shuning-chun ayladim gustoxi bu nav,
Agarchi yoʻq edi haddu valoyat… (158-bet).
Fikrimizcha, Dogʻiy oʻz maktubida Oshiqqa doʻstona, juda yaqin va samimiy murojaat qiladi, Oʻshga borish uchun “toʻshai rohi kifoyat qilolmas”ligini aytib, uning oʻzini mehmonga taklif etadi. Albatta, bunday yaqin va samimiy munosabat yoshi nisbatan tengqur doʻstlar oʻrtasida boʻlishi tabiiy.
Shu oʻrinda, Oshiqning tavallud va vafot sanasi bilan bogʻliq masalaga ham oydinlik kiritishga harakat qilsak.
Agarda, Mulla Yoʻldoshxoʻjaning 1880-yilda tugʻilganini koʻzda tutib, Oshiqning undan nari borsa besh-oʻn yosh katta boʻlgan, deya faraz etilganda ham, Oshiq Maxdum 1870-yillarda tugʻilgan boʻlib chiqadi. Shunga koʻra, aytish mumkinki, Oshiq XIX asr ikkinchi yarmi (aniqrogʻi, 1870–1880-yillar orasida tugʻilgan) va 1928-yilda ham hayot boʻlgan. Balki, keyingi izlanishlar uning vafot sanasiga ham aniqlik kiritar.
Yana, yuqoridagi Dogʻiy nomalaridan xulosa qilib, aytish mumkinki, Oshiq Maxdum shariat va tariqat ilmlarini egallagan, maʼrifatli va fozil inson boʻlgan. Dogʻiy ikkinchi nomasida yozadi:
Eyki, zul ikrom fazlidin muborak bu karam,
Masnadi tadrisi irfon sizlara boʻlsin baham…
To jahon boricha boʻlsinlar salomat mustaqim,
Homiyi sharʼi nabi-yu hojiyoni du haram… (159-bet).
Shu sheʼr-xatning bir oʻrnida esa Oshiqning Dogʻiyga yozgan maktubi Boqiyxon toʻra ismli kishi orqali yetib kelgani aytiladi. Yana, Oshiq maktubining ruhni koʻtaruvchi – ruhafzo, gʻamni ketgazguvchi – gʻamzudo, halovatbaxsh tong shabbodasidek ekanligini hamda husnixat bilan yozilgan, sirli ishora – muammolarga toʻliq ekanligini taʼkidlaydi. Bu jihatlar esa oʻz navbatida Oshiq Maxdumning husnixat egasi va balogʻat ilmidan puxta bilimdon ekanligini oydinlashtiradi. Mana nomadagi oʻsha satrlar:
…Xomai mushkin shamoma birla yozgan nomangiz,
Tegdi ilgimga badasti qori Boqiyxon toʻram.
Ruhafzo, gʻamzudo, turfa halovatbaxsh ekan,
Boʻstoni jism aro goʻyo nasimi subhidam.
Boʻldi makshufim, hama boshdin ayogʻ husnixat,
Ham muammoi gʻarib-u, ham parishon muhtalam…
Demak, Oshiq Maxdum Oʻsh shahrida tugʻilib, shu yerda yashagan boʻlsa-da, vodiyning boshqa shaharlaridagi ijod ahli bilan ham aloqasi yaxshi boʻlgan. Xususan, Qoʻqon adabiy muhiti ijodkorlari bilan juda yaqin aloqa bogʻlagan koʻrinadi. Bu jihatni uning Muqimiy vafoti munosabati bilan yozilgan marsiyasidan yoki, qoʻqonlik doʻstlariga yuborgan muxammasidan va, nihoyat, Dogʻiy bilan yozishmalaridan ham bilsa boʻladi.
Shoir Oshiqning taʼbi nazmining ravonligi va oʻz ovoziga ega ijodkorligi (bizga yuqoriroqda taʼkidlangan qoʻlyozma asosida maʼlum boʻlgan) sheʼrlaridan yaqqol seziladi. Uning “Xoʻqandda turgʻun oshnolarimizga” muxammasida tilga olgan kishilar oʻsha davrda Qoʻqonda yashagan, turli toifaga mansub shaxslardir (olim, ruhoniy, savdogar, hunarmand va boshqlar). Bu esa jamiyatning turli qatlamlarida Oshiqning qadrdonlari boʻlganini koʻrsatadi. Shuningdek, sheʼrda “Eʼtibor” ismlik bir goʻzal qizni ham tilga oladiki, shoir boshidan u bilan bogʻliq muhabbat mojarolari ham kechgani anglashiladi.
U ijodda Muqimiy anʼanalariga ergashgan va uni oʻziga ustoz sifatida eʼtirof etgani ham “Qil” radifli marsiyasidan maʼlum boʻlmoqda. Oshiq Maxdumning Mavlono Muqimiyga boʻlgan samimiy ehtiromi mazkur “duo sheʼri”ning har satridan ayon boʻlib boradi. Unda chin dildan Muqimiyning oxirati obod boʻlishini Yaratgandan soʻraydi. Qoʻlyozmada ushbu marsiya-sheʼrdan avval fors tilida quyidagicha kirish soʻzi yozilgan:
“Taʼlifi marsiya dar haqqi Muqimiy marhum fursat yori nadod. Binobarin, haft bayt tartib ovarda duo namudam. Inshoalloh, bafursat nazdik marsiya va taʼrix xoham farmud”.
Tarjimasi: “Marhum Muqimiyning haqqiga marsiya yozishga fursat boʻlmadi; shunday boʻlsa-da, duo tarzidagi yetti baytni tartib qildim; inshoalloh, fursati topilsa, (Muqimiyga bagʻishlangan) marsiya va taʼrix yozaman”.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, xalq va uning ziyoli qatlami tomonidan eʼzozlangan ulkan shoir – Muqimiyga hayotlik vaqtidayoq “Qasida hozo bajihati Muhammad Amin Xoja Muqimiy” qasidasini Husaynquli Muhsiniy (1860–1917) bitgan boʻlsa, vafotiga Rojiy Xoʻqandiy (1871–1924) ikkita, Mavlaviy Yoʻldosh (1858–1922) bitta forscha taʼrix yozganlar. Keyinchalik Zufarxon Javhariy (1860–1945) ham “Guzorishi holi Muqimiy Fargʻoniy” manzumasini ijod qilgan edi.
Oshiq Maxdum Oʻshiy
Muqimiyga duo
Muqimiy turbatini oʻz tajalling birla tobon qil,
Jamoling koʻrsatib, jannat ichinda shodu xandon qil.
Hamisha xizmatida barqaror oʻlsun maloiklar,
Iloho, jannatul-firdavs ichra oni shodon qil.
Nasimi rahmating doim ravon oʻlsun boshi uzra,
Oʻshal jannoti adn ichra ani ruhini mehmon qil.
Sharobi havzi kavsardin nasib et, tashnakom etma,
Libosi sundusu istabraqingni ango ehson qil.
Bahaqqi surai “Yosin”u “Toho”, hurmati Qurʼon,
Sochib boroni rahmat ravzai pokin guliston qil.
Hamisha hamdu naʼt aytur edi, ummidi jannatda,
Koʻrarman deb jamolingni, anga husnung namoyon qil.
Duoi Oshiqingni ayla maqbuling, Xudovando,
Muqimiy hamdamin mahshar kunida shohimardon qil.
Demak, yuqoridagi shoirlar qatori Oshiq Maxdum ham sevimli va ardoqli shoir Muqimiy vafotiga chuqur qaygʻurgan. U ustozi – Muqimiyning oʻlimi xabarini Oʻshda turib eshitadi va oʻzining hamdardligini qoʻqonlik doʻstlariga tezda bildirmoq uchun ushbu sheʼrni oz fursatda yozadi. Balki, keyinchalik, u oʻz kirish soʻzida vaʼda qilgan marsiya va taʼrixni ham yozgandir. Hozircha esa, bizga marsiya-gʻazali maʼlum, xolos.
Umuman olganda, Oshiq Maxdum XX asr boshlarida ijod qilgan isteʼdodli oʻzbek shoirlaridan biri ekanligi maʼlum boʻladi va uning ijodiy merosini toʻplash hamda tadqiq etish muhim vazifalardandir. Afsuski, soʻz yuritilayotgan Oshiqning alohida devoni yoki sheʼrlar toʻplamini hozircha uchratmadik. Maʼlumot tariqasida esa, XIX asr oxirlari va XX asr boshlarida koʻchirilgan, bir necha qoʻlyozma bayoz va majmualarda[5] Oshiq taxallusi qoʻllangan ayrim sheʼrlar uchrashini ham aytishimiz kerak. Ammo, bu sheʼrlarning aynan biz soʻz yuritayotgan Oshiq Maxdumga taalluqlimi yoki yoʻqmi, kelajakda bu borada olib borilajak maxsus matniy tadqiqotlar hal qiladi, degan umiddamiz.
Otabek JOʻRABOYEV,
filologiya fanlari nomzodi
[1] Tazkirai Qayyumiy. – Toshkent, 1998. 3-kitob, 470-bet.
[2] Poʻlatjon Qayyumiy. Tazkira-tushshuaro. OʻzR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondi, 10018-raqamli qoʻlyozma. 4-daftar, 7-9 sahifalar.
[3] Mulla Yoʻldoshxoʻja Otaxoʻja oʻgʻli Dogʻiy. Dilim izhor aylayin derman. Toshkent: Movarounnahr, 2006.157-159-betlar. (Keyingi oʻrinlarda shu asarlarga murojaat etilganda sahifa raqami koʻrsatiladi.)
[4] Dogʻiy sheʼrlarining noshiri Hoshimxoʻja Yoʻldoshxoʻja oʻgʻli otasi shoir Dogʻiyni “naqshbandiya tariqi soliki” ekanligini taʼkidlaydi (oʻsha manba, 5-bet). Demakki, Dogʻiy “pir” deb ataganiga koʻra, Oshiq Maxdum Oʻshiy ham naqshbandiya-xojagon tariqatiga mansub, degan xulosaga borish oʻrinlidir – O. J.
[5] Misol uchun qarang: Sharqshunoslik instituti fondi, prof. H. Sulaymon boʻlimi, 528-, 541-, 542-, 627-, 639-, 655-, 694-, 717-, 732-, 1105-, 1017-, 2102-, 2249-, 2508-, 2758-raqamli qoʻlyozmalar.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/oshiq-maxdum-kim/