Jahon sheʼriyatining yirik namoyandasi, taniqli rus shoiri Andrey Voznesenskiyning oʻlimi haqidagi nogahoniy xabar oʻsha kungi dunyo voqealari orasida zudlik bilan tarqalgan xabarlardan eng noxushi va kutilmagani boʻldi. Jahonda roʻy berayotgan shuncha urush-nizolar, yongʻinlaru suv toshqinlari, halokatlaru olamshumul sport musobaqalari ham shoirning oʻlimi oldida goʻyo koʻrimsizday boʻlib qoldi. Oʻsha kungi jami voqea-hodisalar oʻz ahamiyatini yoʻqotib qoʻyganday edi. Hayotligida shuncha payt lom-mim demasdan kelgan barcha tele-radiokanallar biri olib, biri qoʻyib yoppasiga “buyuk va betakror shoir”ni alqashga tushdi, Internet ham bir zum boʻlsa-da, shoirning hayoti bilan oʻlimini sharhlashdan toʻxtamadi.
Oʻsha – 2010 yilning birinchi iyun kuni kechki payt Rossiya kanalida shoir haqida gapirar ekan, uning ashaddiy muxlislaridan biri oʻkinch va armon bilan “Rus sheʼriyati Aleksandr Pushkindan boshlanib, Andrey Voznesenskiyda tamom boʻldi”, deya chuqur iztirob chekdi. Bu ayni paytda shoirni sevgan, uning sheʼrlari bilan nafas olib yashagan oʻn minglab, yuz minglab muxlislarning ham oʻkinch va iztirobi edi.
XX asrda dunyoning biron-bir shoiri Andrey Voznesenskiychalik mashhur boʻlolmagan, jahonga uning singari dong taratolmagan. Mustabid zamonlarning dohiylari bilan tikka olishgan, qattol tuzumlarning temir-beton devorlarini sheʼri bilan larzaga solgan shoir. Koʻpming kishilik stadionlarni, Amerika, Angliya, Italiya, Fransiya, Olmoniya, Bulgʻoriya singari oʻnlab mamlakatlarning dunyoga mashhur muhtasham saroylariyu zallarini sheʼriyat havosi ila toʻldirolgan, olam ahli qalbiga sheʼr ishqini sololgan olamshumul ijodkor, jahondagi eng nufuzli sanʼat, adabiyot, sheʼriyat akademiyalarining aʼzosi. U oʻzi, oʻzining avlodi haqida “Biz dunyoda mikrofonlarini gʻajib sheʼr oʻqimagan biron-bir mamlakat qolmadi”, deb yozganida mutlaqo haq gapni aytgan edi. Dunyoni chin maʼnoda sheʼrlari bilan titratgan shoir aynan Andrey Voznesenskiydir.
Uni sheʼri, shoirligi uchun shoʻro rahnamolari jazavaga tushib dahanaki kaltaklagan. Xorijiy davlatlar rahbarlari boʻlsa, huzuriga chorlab mehrini izhor qilgan. Robert Kennedi, Ronald Reygan singari taniqli davlat arboblarining qabuli bu – azbaroyi gʻoya yo mafkura yuzasidan emas, balki bir shoirga, uning nomi va ijodiga boʻlgan insoniy munosabat, eʼtirof va ehtiromni bildirgan.
Jahon adabiyoti va sanʼatining Boris Pasternakdan boshlab Dmitriy Shostakovich, Nozim Hikmat, Pablo Pikasso, Salvador Dali, Pablo Neruda, Mark Shagal, Genri Mur, Lui Aragon, Gyunter Grass, Gabriel Garsia Markes singari yirik namoyandalari nazariga tushgan, ular bilan muntazam muloqotda boʻlgan shoirning ijodiy jugʻrofiyasi haqiqatan dunyo xaritasi bilan ham boʻylasha, ham enlasha oladi.
Abadiyat, jon Faust,
Oddiy gapdir azaldan.
Dildan qancha koʻp yulsang,
Shuncha uzoq yashaysan.
Talabalik paytlarimdanoq, aniqrogʻi 1975 yilning qish pallasidan aka-uka tutinganimiz – Voznesenskiy sheʼriyati, mana bugun, javonimdagi uning qator asarlari, oʻtgan XX asrning 80-yillarida “metafora qiroli”ning oʻzi dastxat qoʻyib bergan toʻplamlari – men uchun eng qadrli va aziz kitoblardir. Ularning mutolaasi jarayonida oʻzimga yoqqan eng yaxshi satrlaru parchalarga qoʻyib chiqqanlarim koʻk, qizil rangli belgilar bilan chiziqlar – Vaqtu zamonlardan, sogʻinchu orziqishlar, diydor va ayriliqlardan darak beradi.
Yillar va yoʻllar. Fasllar va asrlar.
Bu koʻk-qizil chiziqlardan ikkitasi ikki tomoniga rangin gullar ekilgan bahoriy yoʻlaklarga aylanib, meni 1987 yilning koʻklamiga, Moskva viloyatining Peredelkinodagi koʻrkam qayinzorlar bagʻriga, mavjlanib, jimirlab turgan suvi Yesenin sheʼrlari misol tiniq va toza koʻl sohiliga olib boradi…
Sheʼriyatga “metaforaning oq tulporini minib kirgan shoir” bilan ikki marotaba koʻrishib, gurunglashish sharafiga muyassar boʻlganman. Yana bir marta esa, chamasi 1986 yil boʻlsa kerak, Toshkentdagi “Bilimlar uyi”, hozirgi Rus drama teatri binosida boʻlib oʻtgan ijodiy kechasida ham ishtirok etganmiz. Rassom doʻstimiz Odilbek Bobojonov chizgan Boris Pasternak portretini sahnaga, shoirga uzatganimizda, astoydil xursand boʻlib, liq toʻla zalga qarata minnatdorlik izhor qilgan edi.
Birinchi safarimga “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” haftaligining oʻsha paytdagi bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev sabab boʻlgan. Oʻshanda gazeta uchun Andrey Voznesenskiyning suhbatini olish niyatida borgan edim.
Egnimda Sariosiyo aeroportidagi tijorat doʻkonidan olganim Pokistonning oʻsha davrda mashhur boʻlgan “Toboniy” firmasining yengilgina mallarang kalta yomgʻirpoʻshi, chap yelkamda poʻrim qoracharm sumka. Peredelkinodagi bogʻhovliga, ikki qavatli yogʻoch bino roʻparasiga yaqinlashganimda, ochiq eshik oldida choʻnqayib oʻtirib olgan ajabtovur jonzotni koʻrib taqqa toʻxtab qoldim. It desa it emas, echki yo qoʻy desa, junlari echkiniga oʻxshash uzun, silliq boʻlgani bilan hech birisiga mutlaqo oʻxshamaydi. Tumshugʻi oq-qora, choʻzinchoq, quloqlari qoʻynikidek uzun va shalviragan, koʻzlari esa maʼyus edi. Angrayib qolganimni sezdi shekilli, bu gʻaroyib hayvon menga qarab dabdurustdan rosmanasiga jilmayib yubordi. Hangu mang boʻlib qoldim. Meni masxara qilganday, shu alfoz burildiyu ochiq eshikdan koʻrinib turgan dumini sudragancha, zinapoyadan tepaga, ikkinchi qavatga chiqib gʻoyib boʻldi.
Eshik qoʻngʻirogʻini bosganimdan soʻng, qadam tovushlari asta yaqinlasha boshladi. Darrov tanidim: bu kishi oʻsha paytlarda ancha mashhur boʻlgan adabiy jurnal “Drujba narodov”ning bosh muharriri Sergey Baruzdin edi. Salom-alikdan soʻng, kimni izlab kelganimni eshitgach, avzoyi battar oʻzgardi. “Orqa tomondan borasiz”, deya toʻngʻilladi-da, tez burilib kirib ketdi. Oradan, mana, chorak asrdan koʻproq vaqt oʻtibdiki, oʻsha kuchukning gʻalati jilmayishi bilan egasining yuz va koʻz ifodasini hech esimdan chiqarib yuborolmayman. Andrey Andreevich rosa gerdaygan va kalondimogʻ kishi boʻlsa kerak, bu zotning qarshisida dovdirab qolamanmi, deya ikkilanishlarim Peredelkino koʻlining tonggi hovurlari misol tezda tarqab ketdi. Shuncha shon-shuhrat, dovrugʻu dabdaba, jahonshumul obroʻ-eʼtiborni koʻtarib yurgan taniqli inson bir samimiy iliq tabassum, bir ogʻiz “Ochen rad” degan muloyim soʻziyu ochiq yuzi, chaqnab turgan xayrixoh koʻzlari bilan oʻrtadagi begonalik pardasini darrov sidirib tashladi. U oʻshanda ellik toʻrt yoshda, yetti iqlimga maʼlum va mashhur shoir, men boʻlsam yigirma toʻqqiz yashar, endigina ikkinchi kitobi chiqqan tajribasiz qalamkash, unga mening qatʼiyatim, Toshkentdan turib qoʻngʻiroq qilishlarimu va nihoyat, mana, huzuriga kirib kelishimdagi jurʼatim va, albatta, bu benazir insonga, uning sheʼriyatiga nisbatan ixlosim bilan shaydoligim xush yoqqani Andrey ogʻaning qiyofasidan shundoqqina bilinib turardi…
Bu uchrashuv va suhbat tafsilotlari Toshkentga kelganimdan keyin avval “Adabiyot” gazetamizda, soʻngra kitoblarimda bir necha marotaba chop etilgani uchun bu yerda toʻxtalib oʻtirmayman.
Oʻsha ilk koʻrishganimizda tuhfa qilgani suratlariyu “Nigoh” (“Vzglyad”), “Ruh meʼmorlari” (“Prorabiʼ duxa”) kitoblari qatori 1984 yilda Moskvadagi “Xudojestvennaya literatura” nashriyoti tomonidan chiqarilgan uch jildlik “Tanlangan asarlar”ining koʻrkam zangor muqovali uchinchi jildiga “… Birinchi, ikkinchi jildlarni ham sovgʻa qilish niyatiyu intizorligi ila”, deya oʻzini juda yaqin olib dastxat qoʻyib berishi, kitoblariyu dil soʻzlari, bu umidlaru bu quvonchlardan oʻzimda yoʻq shod edim.
Ushbu sheʼrlar, bu sheʼriyat bilan ilk bor oʻn uch yil avval avji oʻsmirlik chogʻlarimda tanishib hayajonga tushgan boʻlsam, ularning ijodkori boʻlmish zabardast shoir, oʻzi lutf etganday “yarim tuproq, yarim samoviy” inson bilan yuzma-yuz koʻrishib, gaplashib turganimning oʻzi ayni damda men uchun gʻoyat hayajonli edi. Oʻshanda Moskvadan olib qaytganim yangi tashbehlaru oʻxshatishlar, satrlar bilan sogʻinchlar keyin necha yillar davomida menga uyqu bermay, oromimni oʻgʻirlagan.
“Toshkent” deyishim bilan “samoviy” suhbatdoshimning koʻzlari porlab, yuzlariga iliq bir yorugʻlik yoyiladi.
U Toshkentni alohida mehr, oʻzgacha bir sogʻinch bilan yaxshi koʻrardi. 1966 yili mudhish Toshkent zilzilasi roʻy bergan paytda hech qanday topshiriqlaru buyruqsiz, oʻz xohish-irodasi, qalb amri bilan tonggi birinchi samolyotdayoq Toshkentga uchib kelgan, oʻn kunlardan koʻproq boshiga kulfat tushgan odamlarning yonida yurib, hech boʻlmaganda soʻziyu sheʼri bilan ularning dardi, tashvishiga hamdard va sherik boʻlgan, hozirjavoblik bilan “Toshkentdan reportaj doston” nomli juda dolzarb asarini yozgan. Oʻsha kecha-kunduzdayoq mashhur matbuot nashri boʻlmish “Komsomolskaya pravda” gazetasining butun boshli bir sahifasida “Toshkentga yordam bering!” degan sarlavha ostida bu asar eʼlon qilingan edi.
Bir kundayoq millionlab odamlarni birlashtirib, bir-biriga qondoshu jondosh qilgan zilzilani shoir Yerning bemisl toʻlgʻoq dardiga qiyoslaydi va insonlarning matonati, irodasiyu ishonchi bois, bu toʻlgʻoq dardidan soʻng vayronalaru chaldevorlar oʻrniga goʻzal mavzelar, chinniday oq binolar qad rostlashini, Toshkent afsonaday koʻrkam va fusunkor shaharga aylanishini bashorat qilganday boʻladi. Bu umidlar millionlab oʻzbeklarning orzu-oʻylari yangligʻ chorak asrlardan keyin, bu yogʻi XXI asrning tongotarlarida bor boʻy-basti bilan roʻyobga chiqishini “Mening Toshkentim – mening hayotim”, deya qalbini bagʻishlagan shoir ham hali bilmas edi.
Keyingi asrning, yaʼni 2006 yilning hamal pallasi Oʻzbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tarjimasida “Trud” gazetasida rus tilida chop etilgan mening sheʼrlarimga yozgan kirish soʻzida Andrey Andreevich sogʻinchu orziqishlari shahri boʻlmish Toshkentni oʻsha qoʻmsov va mehr bilan yana bir karra yodga oladi: “Toshkent – shunchaki oddiy bir shahar emas. Men uchun behad tabarruk va tasavvur qilib boʻlmas darajada qadrli va aziz boʻlib qolgan bu shaharni hech qanday kuch, hech qandayin dunyoviy oʻzgarishlar yuragimdan sugʻurib tashlolmaydi… Shu sababli, qismatimning bir boʻlagiga aylanib qolgan bu shahardan boʻladigan har bir telefon qoʻngʻirogʻi menga olam-olam quvonch baxsh etadi. Toshkent shoirlari Vaqtning qaltis sinovlaridan oʻtgan shoirlardir. Bizga oʻzimizni, oʻzligimizni topishda yordam bergan Toshkentga taʼzim va tashakkurlarim boʻlsin!”
Ikkinchi uchrashuvimiz bir yarim yildan keyin, oltin kuz faslida, ruslar “babye leto” – “ayollar yozi” deydigan kuzning iliq va tarovatli pallasiga toʻgʻri keldi. Peredelkinodagi xazonrezgi, quyosh nurida yarqirab charaqlab yotgan qayinzorlar, sargʻaygan tillarang barglarda oʻynayotgan jilvagar oftob nurlari tom maʼnoda kuzning oltinligini koʻz-koʻz qilib turar, bu maʼvolarning kuzagi koʻklamidan koʻra jozib va goʻzalroq edi.
Oʻshanda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotining direktori, ustoz Erkin Vohidovning xayrixohligiyu rizoligi bilan tayyorlayotganim Andrey Voznesenskiyning oʻzbek tilida chiqadigan kitobi uchun nashriyot shartnomasini muallifga eltishim, uning imzosini olishim kerak edi. Bu palla rasmiy taomil boʻyicha Yozuvchilar uyushmasining xizmat safari qogʻozi bilan yoʻlga otlandim. “Literaturnaya gazeta”ning oʻsha paytdagi Oʻzbekiston boʻyicha maxsus muxbiri, yozuvchi akamiz Murod Muhammad Doʻstning yordami, gazetaning Moskvadagi boʻlim mudiri, taniqli jurnalist Vladimir Sokolovning tavsiyasi bilan shahar markazidagi “Moskva” mehmonxonasiga joylashdim.
Borgan kunim “Literaturnaya gazeta”da Andrey Andreevichning bir sahifa yangi sheʼrlari eʼlon qilingan ekan. Tahririyatda Sokolov tuhfa qilgan gazetani ham oʻzim bilan olib, Peredelkino sari ravona boʻldim.
Aziz mezbon bir yarim yil avval qanday jilmayish bilan meni kutib-kuzatgan boʻlsa, zarra oʻzgarishsiz, xuddi oʻshandoq muloyim tabassum, ochiq yuz, iliq nigohlari ila menga peshvoz chiqdi. Zum oʻtmay shodon soʻzlanib xonaga shoirning rafiqasi Zoya Borisovna Boguslavskaya kirib keladi. Taniqli adiba, shoirning hayotiyu qismati, sheʼru dostonlari, quvonchlari bilan iztiroblarining bir umrlik vafodor malikasi, “Oza” dostonining bosh qahramoni Zoya Borisovna… U iltifot ila meni oʻtirishga taklif etdi. Soʻngra narigi uyga oʻtib har xil koʻrkam, antiqa shishalar qator terilgan nafis mis patnisni koʻtarib kirdi. Viskidan tortib, farang, gurji vinolariyu, konyak va aroqlarning uch-toʻrt xili, shishalarining shakli ham gʻaroyib va koʻzni qamashtirguvchi bu sharobi noblarni tutib turarkan, Oza opaning “Nima ichasiz?” degan savoliga “Choy” deb javob berdim. Xonim ichkariga kirib ketdi. Birpasdan soʻng xuddi oʻsha patnisda did bilan bir tekis terilgan oʻn xildan ziyod choy qutilarini koʻtarib chiqdi. Bu ajoyib va chiroyli qutilarning orasida “Toshkent oqshomi”da odatlanganim, sirtiga “Hind choyi” yozuvli, fil rasmi tushirilgan sargʻish tusli oddiygina quti koʻzimga issiq koʻrinib ketgani bois shuni tanladim.
Erkin akaning maslahati bilan oʻzbek tilida chiqayotgan “Mangu rizq” kitobi uchun shoirdan soʻzboshi ham olishim kerak edi. “Oʻzbek kitobxoniga murojaat” deb sarlavha qoʻyilgan bu muqaddima ikki varaq ham chiqmasa-da, unda shoirning Oʻzbekistonga, oʻzbek xalqiyu madaniyatimizga boʻlgan katta hurmat va ehtiromi har bir iboradan ufurib turardi. “Baykal haqidagi sheʼr oʻzbek kitobxoni qalbida aks sado beradi, degan umiddaman, chunki, ayni paytda Orol dardi mening bagʻrimni ham oʻrtaydi”, deb yozgandi shoir.
Bu safar ikki soatlardan koʻproq qolib ketdim. Soʻzboshini, suratlari bilan yangi kitoblarini olgach, shartnomalarga ham imzo qoʻydirib boʻlgandan soʻng ketmoqqa izn soʻradim. Zoya Borisovna ham oʻzining “Bekat” nomli qissa va hikoyalar kitobiga menga baxt va omadlar tilab, imzo chekarkan, biroz oʻylanib turdi-da, “Keling, mendan sizga bir gul ham esdalik boʻlib qolsin”, deya dastxatning tepasiga nazokat bilan nozikkina bir chechak shaklini chizib qoʻydi. Sana 1988 yilning beshinchi oktyabr kuni edi.
“Mangu rizq” kitobi bir yillardan soʻng rahmatli shoirlarimiz Shavkat Rahmon va Muhammad Yusuf muharrirligi ostida kattagina nusxada chop etildi.
Yuqorida aytilganidek, A. Voznesenskiyning yurtimizga, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm singari shaharlarimizga mehru muhabbati boʻlakcha edi. Oʻzi tabiatan ham, maʼlumoti-bilimi jihatidan ham meʼmor boʻlgan shoir, qadimiy kentlarimizni Sharq va bashariyat tamaddunining buyuk va mangu obidalari deb bilardi.
Chunonchi, “Mangu rizq” dostonida 1941 yilda Samarqanddagi “Goʻri Amir” maqbarasining ochib koʻrilishi juda katta tarixiy xato boʻlganini, jahongirlarning qabrlarini buzish yomon oqibatlarga olib kelishini, buning natijasida umumjahoniy ofat, yaʼni Ikkinchi jahon urushi boshlanganini nadomat va iztirob bilan tilga oladi.
Oddiy dastxatida ham, misol uchun, Toshkentga kelayotgan rejissyor doʻstiga kitobini hadya etarkan, “Ot imeni vsex uzbekov jelayu Vam uspexov!” deb “oʻzbek” soʻziga topqirlik bilan omad, muvaffaqiyatni qofiya qilgani, shu oddiygina tilakda ham katta hurmat, koʻngil kengligini izhor qila olganiga tan bermasdan ilojingiz yoʻq.
Shoʻro tuzumi, uning yolgʻonga qurilgan mafkurasiyu bu mafkuraning oʻsha davrdagi rahnamolari XX asr adabiyotida “oltmishinchilar” deb nom chiqargan avloddan, jumladan, bu avlodning eng peshqadam vakili boʻlmish Andrey Voznesenskiydan, uning sheʼrlariyu millionlarni jam va jalb qila olgan sheʼriy chiqishlaridan chinakamiga qoʻrqqan, hayiqqan. U umr boʻyi rost yozdi, rost gapni aytdi. Taʼlim-tarbiyasi, qalb nizomi, imon-eʼtiqodi oldida, hayotu tiriklikning koʻziga tik qarab rost yashay bildi. “Adabiyot”, “Inson”, “Vatan” degan tabarruk tushunchalar uning muqaddas maslagi, umriy qismatiga aylangan edi. “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” uchinchi darajali ordeni boʻlishi mumkin, lekin uchinchi darajali Vatan boʻlmaydi. Vatan bebahodir!” deb yozgandi u bir sheʼrida.
Umr boʻyi bulbuligoʻyoday joʻshib sayrab kelgan shoir umrining oxirlarida tildan qoldi. Yaqin insonlari, qadrdon doʻstlarining izidan yangroq tovushi, sheʼrlariga baland parvozlar bergan ovozi ham uni tark eta boshladi. “Shoir yashagan umr, kunlar, iztiroblaru alamlar nazm edimi, nasr edimi – kim aytib beroladi?..”. Uning oʻzidan, asarlaridan boshqa hech kimsa buni uddalolmaydi.
Oxirgi turkumlarida xayrlashuv sheʼrlar, vido satrlar, ayniqsa, yaqqol koʻzga tashlanadi: “Kitob bilan xayrlashuv”, “Sahna bilan vidolashuv”, “Ovozimni yoʻqotmoqdaman”, “Chap qoʻlimga qasida”, “Mikrofon bilan xayrlashuv…”
Xayrlashuv. Xayrlashuv. Xayrlashuvlar…
Butun umr, ikki asr – bir hayot boshdan adoq goʻyo faqat xayrlashuv misol, yaxlit vidolashuv yangligʻ kechganday:
“Men sahnadan ketayapman. Men sahnani tark etmoqdaman. Men – mikrofon-odam, butun asr, yuz yildan ortiq siz uchun kuyladim, sizga sheʼrlar aytdim. Endi sizni tark etayapman. Shaharlar, stereotuzumlar men bilan birga ketmoqdalar. Oʻzim bilan sahnani ham olib ketaman. Dohiylar “Ketgin!” deb oʻshqirgan mashaqqatli zamonlarda men sahnaga chiqqandim. Havo yetishmagan dim, biqiq tuzumlar aro tozarish epkinlari bizlar sheʼr aytgan shu sahnalardan esgandi. Biz sheʼrlarimiz bilan stadionlarni ulkan maʼnaviy oʻpkalarga aylantiroldik. Endi… Men sahnani sahna bilan birga tark etmoqdaman. Mening bilan sahna ham sahnadan ketayotir. Menga sahnalar berganing, barcha bilan bab-barobar ogʻushingga olganing uchun senga tashakkurlar aytaman Hayot!”
Unsiz aytilgan bu sheʼrdagi chinqiriq-faryodni ilgʻagandirsiz, aziz oʻquvchi!
Koʻp umumbashariy qadriyatlar, insoniy fazilatlar bilan olijanob tuygʻular oʻz oʻrnini yoppasiga pul va manfaatga boʻshatib berayotgan sertahlika va qalqib turgan bu dunyoda Soʻz va adabiyotning qadru qimmati tushib ketganday tuyulsa-da, uning azaliy va abadiy vazifasiyu mohiyati oʻz kuchini yoʻqotganicha yoʻq hali. “Ommaviy madaniyat nima?” – deya savol qoʻyadi shoir. Va oʻzi javob beradi: – “Ommaviy madaniyat degani ommaviy madaniyatsizlikdir”. Adabiyot, sheʼriyat kishilikni ana shunday halokatdan, jaholat va razolat changalidan qutqara olguvchi qudratli xaloskordir.
Voznesenskiy – tom maʼnoda insoniylik kuychisi, insoniyat shoiri. Nyu-York shahrining tun-kun gurillab yotgan uygʻoq va sershovqin aeroportini u bir paytlar oʻz avtoportretiga qiyoslagan edi. Xotirot ham kechasiyu kunduzi guvlab yotgan bedor-behalovat aeroportga oʻxshaydi. Shoirning tashbehlari bilan metaforalari samolyotlarga, dunyo boʻylab turli manzilu makonlarga uchayotgan uygʻoq yoʻlovchilarga, ularning xayollariyu orzu-umidlariga oʻxshab ketadi. “Samo boʻylab samolyot qoldirib ketayotgan oppoq iz – tovushning soyasidir”, degandi metaforaning oq tulporida mangulikka otlangan tashbehlar qiroli. “Bizlar, bu dunyoga kelgan va oʻzini topmaganlar – ruhning jismoniy soyalarimiz, xolos”, deb yozganida ham qisqagina ikki satr zamiriga odamzod hayotining cheksiz-chegarasiz ranju mashaqqatlari mazmunini joylay olgan edi. Adib oʻlimidan uch-toʻrt oy oʻtgach, hol-ahvol soʻrash maqsadida uning umr yoʻldoshiga qoʻngʻiroq qildim. “Biz uning ovozini bir borgina eshitishga zormiz!..” (“Kak nam ne xvatayet yego golosa!”) – deya armon qildi Zoya Borisovna…
Hamma gap goʻyo aytib boʻlinganday tuyulsa-da, ayni paytda, hech narsa aytilmaganday, koʻp gaplar xuddi qolib ketayotgandek, hozir qogʻozga raqam qilinmasa, izsiz yoʻqolib ketadiganday. Shoirning kitoblarga, asarlarga raqam qilingan hayoti esa “Sheʼriyat – bor-yoʻgʻi bir soniyalik tovush, tilsiz va tiyra Yoʻqlik bilan Abadiyat aro bir lahzalik chinqiriqdir, xolos”, debon uzluksiz sado berib yotibdi.
Bir uchrashuvda ustoz Abdulla Oripovga “Chingiz Aytmatov bilan shuncha hamsuhbat boʻlgansiz, safarlarda birga yurgansiz, birga boʻlgansiz, nima uchun xotiralaringizni yozib chiqarmaysiz?”, deb savol berishganida, ustoz: “Buni qarang, Aytmatovning otiga mingashib olibdi”, deya oʻylashmasmikin, degan andishada hech qoʻlim bormaydi”, deb javob bergan edi.
Men ham esdaliklarim, taassurotlarimni Voznesenskiyning oq tulporiga mingashib olish niyatida qogʻozga tushirmadim. Talabalik, yoshligimning eng joʻshqin, porloq pallalari, hayotimning saodatli, munavvar oqshomlariyu tonglari shu toshqin sheʼriyat diydori, suhbatlaridan bahramand boʻlganim, shu sevimli shoirimning kitoblari bilan yanada fayzli va tarovatli boʻlgani uchun, shoirlik qismatimning shakllanishida, bir nimaga erishgan boʻlsam – shunday aziz ustozlarim bois, azbaroyi shu inson, shu nom oldidagi qarzim, qarzdorligim uchun ham koʻnglimdagilarni bitmoqqa jurʼat qildim.
Bir paytlar, yoshlik chogʻlarida Vaqtning shiddatiyu beomonligini aytarkan, Andrey Voznesenskiy: “Shu mangu olovda biz yonib ketdik”, “Toki soʻz navbati mendadir, toki senga soʻz bermasman, meni qiynagil, ey Vaqt!” degan satrlarni bitgandi.
Soʻz navbati endi Vaqtga tegdi. Fasllar, asrlar umumlashdi. Ikki asr – bir hayot deymizmi, bir umr – ikki asr deb ataymizmi, Abadiyat oldida endi buning ahamiyati yoʻqday goʻyo…
Tan bilan ruh boʻlindi,
Bulutlarga belandi.
Hayot-ku etar davom,
Umr yashab boʻlindi.
Naf yoʻq davru zamondan,
Qoldim endi zabondan.
Shudring ham soʻz tilandi,
Umr yashab boʻlindi.
Uchding buncha jonhalak.
Lahza oʻtdi, oʻl endi,
Umr yashab boʻlindi.
Bor-yoʻgʻim – ikki yetti,
Yetti yettiga yetdi.
Falak, qil qabul endi,
Umr yashab boʻlindi.
Dardu gʻamdan iborat
Yemrildi bu imorat.
Darz ketganim bilindi –
Umr yashab boʻlindi.
Ikki asr – bir hayot,
Sabru bardoshu sabot.
Teng ikkiga boʻlindi,
Umr yashab boʻlindi.
Doʻkoningda, yo Rabbim,
Endi qolmadi haqqim.
Bor toʻlovlar toʻlandi,
Umr yashab boʻlindi.
Sirojiddin SAYYID,
Oʻzbekiston xalq shoiri
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ikki-asr-bir-hayot/