“Jondin seni koʻp sevarmen…”

Navoiy ruboiylarini ingliz tiliga tarjima qilish ishlari tashabbuskorlaridan biri isteʼdodli tarjimon Qosim Maʼmurovdir. Albatta, ruboiy shakliy xususiyatlari va ichki qofiyalanishi jihatidan gʻazaldan farq qilib, vazn qoʻllanishi jihatidan soddaroqdir. Shu maʼnoda Qosim Maʼmurov uning ohangini tarjimaga aniq koʻchira olish, turkiy ruboiylar jarangini inglizcha yangratish imkoniyatini topgan.

 

Jondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz,

Sondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.

Har neniki sevmak ondin ortuq boʻlmas,

Ondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.

 

Tarjima:

 

I love you more than my soul, oh, my dear,

I love you more than all numbers, oh, my dear,

Loving anything can not be more than that,

I love you much more than that, oh, my dear.

 

Ruboiyning inglizcha jarangi ham aynan sharqona ohangga egaki, bunday sheʼrlar ingliz lirikasida uchramaydi. Ammo mazkur ruboiydagi “Sondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz” misrasida shoir “son” deganda aynan sanoq sonlarni nazarda tutmagan, balki “sanalishi mumkin boʻlgan har qanday mavjudotdan-da kuchliroq sevaman” demoqchi. Bu esa cheksizlikni anglatadi. Shu oʻrinda tarjimon son soʻzini soddagina qilib – numbers (raqamlar, sonlar) soʻzi bilan tarjima qilib jiddiy xatoga yoʻl qoʻygan:

 

I love you more than all numbers, oh, my dear

 

Soʻzma-soʻz tarjimasi:

 

Men seni hamma raqamlardanda koʻra kuchliroq sevaman, azizim.

Ingliz tilida “hamma raqamlardan koʻra kuchli sevmoq” degan ibora yoʻq. Binobarin, chet tilida oʻta joʻn chiqqan bu iborani Navoiy ham qoʻllayotgani yoʻq. Agar tarjimon “sondin” soʻzining baytdagi maʼnosi sanab adogʻiga yetib boʻlmas cheksizlik ekanligini tushunganida ingliz tilida bu soʻzni – infinity (cheksizlik) deb bergan boʻlar edi.

Koʻrib turganimizdek, bu soʻzning 1-maʼnosi cheksizlik, chegara bilmas masofa, 2-maʼnosi juda katta sanoqqa ega boʻlgan real va mavhum predmetlar, katta sanoq sonlar. Baʼzan arab raqamlarini ham anglatadi: Arabic numeral, arithmetic progression, base, coefficient, common factor, common multiple, computation, constant, cube, cube root…

Demak, bu soʻz aynan sanab boʻlmaydigan cheksizlikni bildiradi. Ingliz badiiy adabiyotida mazkur bayt tarjimasiga aynan mos keluvchi: Love more than infinity – cheksizlikdan-da koʻproq sevmoq degan iborasi mavjud. Shu misrani mutarjim:

 

I love you more than infinity, oh, my dear,

 

deb tarjima qilganda edi, ingliz tilida asliyatning bor maʼnosi va badiiyligi toʻliq ifodalab berilar edi.

Alisher Navoiy ruboiylari orasida qofiyalar toʻrt boʻlakka boʻlingan holda yaratilganlari ham bor. Dastlabki uch boʻlakda bir xil qofiyali soʻzlar keltiriladi. Sheʼrda bunday usul qoʻllanilganda ichki qofiya sanʼati hosil boʻladi. Bunga quyidagi ruboiy misol boʻladi:

 

Koʻz birla qoshing yaxshi, qabogʻing yaxshi,

Yuz birla soʻzing yaxshi, dudogʻing yaxshi.

Eng birla menging yaxshi, saqogʻing yaxshi,

Bir-bir ne deyin, boshdin-ayogʻing yaxshi.

 

Navoiy mazkur ruboiysida tavziʼ[1] sanʼatidan ham ustalik bilan foydalanib suyuklining “boshdin-ayogʻ” goʻzal qiyofasini mohirlik bilan tasvirlagan.

 

Tarjimasi:

 

Your eyes and brows are good, eyelids are good,

Your appearance and words are good, your lips are good,

Your cheeks with marks are good, chins are good,

Shall I name one by one, you are good from head to foot.

 

Asliyatdagi otlarning uyushib kelishi tarjimaga ham koʻchgan. Tarjimon radifdan oldin kelgan qofiyadosh “qabogʻing, dudogʻing, saqogʻing, ayogʻing” soʻzlarini ingliz tilida eyelids, lips, chins soʻzlari bilan berib, til imkoniyatidan kelib chiqqan, natijada oʻzaro ohangdoshlik hosil qilishga intilgan va bunga erishgan. Tarjimada ruboiy ohangi toʻliq saqlab qolingan va inglizcha boʻyoqdorlikdan xoli. Ingliz poeziyasida aruz boʻlmaganidek, oʻzbek sheʼriyatida ham yamb yoʻq. Bunday qaraganda, yamb bilan aruz oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor. Bir-biridan yiroq boʻlgan ikki sheʼriy sistema va anʼanani “omixta” qilishda tarjimon jurʼat bilan qalam surgan. U ingliz yambiga asl nusxadagi ixchamlik va emotsionallikni saqlay oladigan, yangi ohang beruvchi radifli qofiya kiritgan. Natijada esa qandaydir uchinchi – ona tili va boʻlak tildagi sheʼriy unsurlar omixtasidan iborat nazmiy mushtaraklik barpo etilgan. Eng qizigʻi shundaki, asliyatdagi tavziʼ sanʼati tarjimada qayta yaratilgan.

Alisher Navoiy yorni yanada jozibaliroq tasvirlash maqsadida tashbeh sanʼatidan va uning turlaridan ham keng foydalanadi:

 

 

Dedim zaqaning tutub, saqogʻingni oʻpay,

Koʻzqoshingga surtubon qabogʻingni oʻpay,

Guldek yuzung islabon dudogʻingni oʻpay,

Yoʻq, yoʻq, yoʻq, agar desang ayogʻingni oʻpay.

 

Alisher Navoiy bu tashbehda “-dek” qoʻshimchasidan foydalanib tashbehi mutlaq (aniq oʻxshatish) xilini hosil qilmoqda. “Oʻpay” radifli ruboiy tarjimasiga ham ohang va jarangdorligi jihatidan sharqona uslubning gʻarbcha jarangi, deya baho berish mumkin.

 

Tarjima:

 

I said, holding by your chin your cheeks I kiss,

Licking your eyes with eyelids your brows I kiss,

Smelling your rosy cheeks your lips I kiss,

If you say: No, No, No, your foot I kiss.

 

Tarjima shu darajada aniq va tushunarli chiqqanki, inglizcha matndanoq Navoiy ohangi sezilib turadi. Oshiqning yor labi, yonoqlari, koʻzu qoshlaridan oʻpish orzusi va bu orzuga erisholmasa, yaʼni maʼnan balandda turgan maʼshuqa ruxsat bermasa, hech boʻlmasa, oyogʻidan oʻpish va yor vasliga yetish ilohiy va majoziy ishq savdosi dardiga malham boʻlishi ikkala matnda (asliyat va tarjimada) birdek tushunarli va chiroyli ifoda etilgan. Ruboiyda qoʻllangan savolu javob sanʼati ham tarjimada qayta yaratilgan. Inglizcha tarjimaga Navoiy ruboiylarining ohangi va ruhiyatining koʻchganligiga va bu ohang tarjimonning shuuriga singib ketganidan tarjimon bu qadar muvaffaqiyatga erishgan boʻlishi mumkin.

Albatta, tarjimada ohang muhim. Oʻziga xos jarangga ega lirik janr chet el kitobxonida koʻproq qiziqish uygʻotadi. Qoʻshiq misolida aytadigan boʻlsak, uning matnidan koʻra birinchi navbatda yoqimli ohangi eʼtiborni tortadi. Navoiy ijodini ingliz tiliga tarjima qilishda maʼno bilan bir qatorda ohang birinchi oʻringa qoʻyilishi zarur deb oʻylaymiz. Keyingi ruboiyda ham Alisher Navoiy tashbehning tashbehi mutlaq (aniq oʻxshatish) xilini hosil qilmoqda:

 

Gʻurbatda gʻarib shodumon boʻlmas emush,

El anga shafiqu mehribon boʻlmas emush.

Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,

Bulbulgʻa tikandek oshiyon boʻlmas emush.

 

Tarjimasi:

A poor is said to be not happy in a strange land,

People are said not to treat him friendly and kindly,

Should there grows a red rose in the cage,

Is said not to make a company like a prickle for a nightingale

 

Bu ruboiy tarjimasida asliyatdagi maʼno va mazmun toʻla saqlab qolingan, ammo ruboiyning betakror ohangini hosil qiluvchi o tovushli alliteratsion qofiyalanish (shodumon, mehribon, oshiyon kabi) ingliz tilida qayta yaratilmagan. Til imkoniyatlaridan kelib chiqib, “boʻlmas emush” radifi ham misra oxirida emas, balki boshida “Is said not to” tarzida keltiriladi. Natijada asliyat ohangi tarjimada biroz sezilmay qolgan. Ammo didaktik aforistik ruhiyat toʻliq saqlangan.

Qachonki oʻxshatish faqat mushabbih va mushabbihun bihdan tashkil topsa, bunday usul tashbehi muyaqqad[2] deb ataladi. Tashbehning bu turi Alisher Navoiyning ayrim ruboiylarida, ayniqsa, katta mahorat bilan qoʻllangan:

 

Ey sharbati laʼling obi hayvondin alaz,

Hayvon suyini qoʻyki, chuchuk jondin alaz.

Ne jondin alaz, ne obi hayvondin alaz,

Kim har neki yoʻq ondin alaz, ondin alaz.

 

Tarjimasi:

 

Oh, the juice of your lips is sweeter than alive water,

Don’t say alive water, it is sweeter than soul,

Is not better than soul, better than alive water,

If there is nothing better than that it is much dearest than alive water.

 

Soʻzma-soʻz:

 

Labing sharbati tiriklik suvidan-da shirin,

Tiriklik suvi emas jondan-da shirin,

Jondan emas tiriklik suvidan shirin,

Agar undan azizroq bir narsa boʻlmasa, tiriklik suvidan azizroq.

 

“Chuchuk jon” – iborasi shirin jon maʼnosida qoʻllanmoqda, ammo jon – muqoyasada tiriklik suvi, yaʼni “obi hayvon”dan ortiqroq ekanligi aytilmoqda. Lekin shoir qilinayotgan muqoyasalar suyuqlik, yaʼni “lab sharbati” atrofida borayotganligi uchun jonni “chuchuk” deb ataydi. “Chuchuk” suvga nisbatan qoʻllaniladigan sifat, yaʼni ichsa boʻladigan suv, keyinchalik bu soʻz “shirin suv” deb qoʻllab kelingan. Tarjimon qoʻllagan “sweeter than soul” qalbdan koʻra shirinroq iborasi ingliz badiiy tilida uchramadi. Agar suvga nisbatan ishlatiladigan va Navoiy jonga nisbatan qoʻllagan “chuchuk” soʻzining inglizcha maʼnodoshi “pure” – tiniq, shaffof, toza (suvga nisbatan) soʻzi qoʻllanganda nur ustiga nur boʻlur edi. Binobarin, “pure than soul” – qalbdan koʻra tiniqroq, tozaroq iborasi ingliz sheʼriyatida uchraydi:

 

I represent a word that has no definition

Authentic, genuine pure than a soul of a chrsitian…

 

Navoiy gʻazaliyoti misli bir ummon, bu ummonda durni olib chiqish uchun katta mahorat talab etiladi. Ruboiydagi “chuchuk” suvga nisbatan qoʻllanganmi yoki jongami – muallif dahosigagina ayon. Ammo ingliz tilida “pure than a soul” iborasi qoʻllanganda misradagi ikki maʼnoni ham ochib bera oladi. Zulqofiyatayn sanʼati Navoiy sheʼrlarida eng koʻp qoʻllanilgan badiiy usullardan hisoblanadi. Bunda sheʼr misralarida juft ohangdosh soʻzlar qofiya boʻladi. Sheʼr misralaridagi soʻzlar ikki yoki undan ortiq marotaba takrorlanib kelsa takrir sanʼatini hosil qiladi. Agar bayt misralarida yondosh juft soʻzlar takrorlanib kelsa, mukarrar badiiy sanʼati qoʻllanilgan boʻladi. Eʼtibor berilsa, yuqorida keltirilgan barcha ruboiylarda keltirib oʻtilayotgan badiiy sanʼatlar ishlatilgan.

 

Is not better than soul, better than alive water,

If there is nothing better than that it is much dearest than alive water.

 

Soʻzma-soʻz tarjimasi:

 

Jondan emas tiriklik suvidan shirin,

Agar undan azizroq bir narsa boʻlmasa, tiriklik suvidan azizroq.

 

Koʻrib turganimizdek, shoir aytmoqchi boʻlgan labing sharbati oldida “jon nima”, “tiriklik suvi nima” degan kuchli his-hayajonga yoʻgʻrilgan oʻz fikridan qaytish sanʼati oʻrniga, tarjimada yana orttirma nisbat berish koʻzga yaqqol tashlanmoqda.

Shu misra quyidagicha tarjima qilinsa, maqsadga muvofiq boʻlardi:

 

No compare better or not than soul and alive water

If there is the dearest its more better.

 

Tiriklik suvi yoki jondan yaxshiroq ekanligini muqoyasa qilib boʻlmaydi,

Nimaki eng aziz boʻlsa, oʻshandan-da azizroq.

Alisher Navoiy sheʼriyatida koʻplab badiiy sanʼatlar qoʻllanilgan boʻlib, biz ulardan ayrim namunalarni keltirdik. Umuman olganda, Alisher Navoiy mumtoz sheʼriyatning badiiy mahorat sirlarini puxta egallagan shoir. Shu sababli uning sheʼriyatida turfa xil badiiy sanʼatlar uchraydiki, ularni kengroq tadqiq qilish orqali shoir poetikasiga oid muayyan xulosalarga kelish mumkin. Navoiy ruboiylarida qoʻllangan badiiy sanʼatlar palitrasini chet tilida bor rangida qayta yaratish mushkul. Ammo shoir qoʻllagan soʻz va iboralarning tarjima tilida oʻqishli va jarangdor ekvivalentlarini topib oʻgirilishida tarjimonlar masʼuldirlar. Zero, asliyatdagi purmaʼno soʻz tarjima tilida joʻn, soxta birikma koʻrinishini olishi hech gap emas. Bu kabi kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik uchun Navoiy asarlaridagi soʻzlarning ikki tillik izohli lugʻatlarini yaratish lozim koʻrinadi.

 

Shuhrat SIROJIDDINOV,

filologiya fanlari doktori,

Gulnoza ODILOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6


 

[1] Tavziʼ – oydinlashtirish, ochib berish, maydalab tushuntirish sanʼati.

[2] Mushabbih va mushabbihun bih sanʼatlari tashbeh sanʼatining asosiy usullari, juzvidan boʻlib, mushabbihda nima oʻxshatilgan boʻlsa, oʻsha narsa yo tushuncha, mushabbihun bihda nimaga oʻxshatilgan boʻlsa, oʻsha narsa yoki tushuncha anglashiladi (Bu haqda qarang: A. Hojiahmedov. Sheʼriy sanʼatlar va mumtoz qofiya. Toshkent, «Sharq» NMAK, 1998, 14-15 bet)

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/jondin-seni-kop-sevarmen/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x