Yosh ijodkorlarning “Shuʼla” toʻgaragi oʻtgan asrning saksoninchi yillarida yosh adabiyot muxlislari orasidagina emas, poytaxt adabiy muhitida ham alohida oʻringa ega edi. Ravshan Fayz, Chori Avaz, Aʼzam Oʻktam, Zamira Egamberdiyeva, Zafar Komilov (toʻgarak yetakchisi), Faxriyor, Rauf Subhon, Hol Muhammad Hasan, Oʻktam Mirzayor, Abdumajid Azim, Zulfiya Moʻminova, Mehriniso Qurbonova, Muhabbat Yoʻldosheva kabi oʻnlab ijodkorlar ana shu toʻgarakning yadrosini tashkil qilgandi. Toʻgarakni esa saksoninchi yillar avlodiga mansub shoira Mukarrama Murodova oʻn yilga yaqin boshqardi.
* * *
Mukarrama Murodova oʻsha paytda Nizomiy nomidagi pedagogika institutining oʻzbek filologiyasi fakultetida dars berardi. Shoiraga yosh ijodkorlarning respublika miqyosidagi toʻgaragiga rahbarilik qilishi ham oson, ham murrakab edi. Oson tomoni, toʻgarakni yoʻq joydan tuzish va unga qatnashchilarni izlash koʻpam mushkul masala emasdi. Negaki, oʻsha paytda yoshlar, ayniqsa, talabalar orasida badiiy ijod bilan shugʻullanish urfga kira boshlagandi.
Toʻgarakka nom topishda Mukarrama opa tugʻishgan opasidek boʻlib qolgan ustozi Saida Zunnunovaning ijodiga murojaat qilib, “Shuʼla”ni tanlagandi:
Olislardan kelar bu daryo,
Shuʼla oʻynar uning yuzida…
… Darvoqe, Saida Zunnunova hamda Mukarrama opaning qadrdonligi haqida aytmasak boʻlmas…
Bir safar toʻgarak mashgʻulotiga opamiz oʻsha davrda Shavkat Rahmonu Usmon Azimlar kabi oʻktam sheʼrlari bilan ajralib turgan shoira Qutlibeka Rahimboyeva bilan kirib keldi. Opaning egnidagi koʻz olgudek yorqin atlas koʻylakni koʻrib, bugun qanday tantanali kun ekanligini soʻradik.
– Bugun mening tugʻilgan kunim! – dedi Mukarrama opa va bizlarni hayron qoldirgancha gapida davom etdi. – Aslida bugun mening emas, bizlarning, mana Qutlibekaning ham munis ustozi Saida opamning tugʻilgan kuni. Oʻzi boʻlganida-ku, mehmonga chaqirardik yoki oʻzimiz koʻplashib uyiga oʻtib kelardik. Egnimdagi margʻilon atlas koʻylakni Saida opam sovgʻa qilgan. Adashmasam, oʻn yillardan beri avaylab, Saida opamning tugʻilgan kunidagina kiyaman.
Bir kuni vodiyga qandaydir tadbirga borib, Toshkentga qaytib keldik. Saida opam oʻzlariga sovgʻa sifatida berilgan bir kiyimlik margʻilon xonatalasini yelkamga tashlarkan: “Endi roʻzgʻorli kelin boʻldingiz! Shuni ayamasdan, tizzangizdan bir qarich tushirib, keng-moʻlgina tiktirib, meni eslab kiyib yuring, maylimi?! Mening kelinligimda bular buyurmagan, pochchangiz atlas oberishgayam hollari boʻlmay qochib ketgan”, – degandi. Said Ahmad domla yangi kuyovligida “stalincha qatagʻon mashinasi”ga ilinib qolgancha qamalib, yoshgina kelinchak Saida opam besh-olti yil qaynonasining yonidan ketmay domlani kutib oʻtirgan. “Qanoatda Saida filcha boʻlurmi, hay-hay!” kabi baytlarni oʻz hayotidan olib yozgan.
Men ayni shunday ajoyib kunga Qutlibekani bejiz taklif qilmadim. Saida opam meni shogirdlikdan ham koʻra yurtdoshlik mehri bilan singlim degan boʻlsa, Qutlibekaning ijodini, odobini hurmat qilib, yonlariga olgandi.
Shu kecha biz Mukarrama opa va Qutlibeka Rahimboyevaning xotiralari orqali ajoyib shoira, oʻzbek xalqining munis farzandi Saida Zunnunovani oʻzimiz uchun kashf qildik (oʻsha paytlari hali oʻtgan asrning oʻttizinchi-elliginchi yillaridagi qatagʻonlar haqida oshkora gapiriladigan davrlar emasdi).
* * *
…“Shu kecha” degan soʻzning toʻgarakka toʻgʻri maʼnoda bogʻliqligi bor. Mashgʻulotlar haftaning seshanba kuni kechki soat oltiga belgilangan boʻlib, oʻqiydiganlaru ishlaydigan qatnashchilarning asosiy mashgʻulotiga xalal bermaslik nazarda tutilgandi. Kechkida oʻqiydigan talabalar esa shu kecha asosiy oʻqishidan javob olishardi. Tabiat bagʻriga yoki biror muzeyga sayrlar dam olish kunlariga belgilanib, qatnashish majburiy emas, oʻn-oʻn besh kishi shuni xohlasa bas, yoʻlga chiqilaverardi. Toʻgarakning maqomi respublika miqyosidaligining sababi, unda yurtimizning turli taraflaridan Toshkentga oʻqishga kelgan talabalarning ishtirokidan tashqari, boshqa viloyatlardagilar vaqti-vaqti bilan poytaxtga safarlarini seshanbaga toʻgʻrilab, toʻgarak mashgʻulotida qatnashib, bu vaqt oraligʻida yozgan mashqlari haqida hisobot berib ketishardi. Bunday qatnashchilar xuddi oliy oʻquv yurtining sirtqi boʻlim talabalari maqomida edi. Toʻgarak aʼzolarining boshqa viloyatlarga toʻy yoki uchrashuv safarlari koʻpincha ana shu “sirtqi”lar tashabbusi bilan amalga oshardi.
Toʻgarak mashgʻulotining boshlanish soati aniq boʻlsa-da, tugash payti har gal har xil vaqtga toʻgʻri kelardi. Mashgʻulot boshlanishida zalda oʻttiztacha qatnashchi oʻtirgan boʻlsa, biror soatdan soʻng yigirmatacha, yana biror soatdan soʻng oʻntacha kishi qolardi. Ishi zarurlar opaga imo-ishora bilan xayr-maʼzur qilgancha, zaldan kishi bilmas chiqib ketardi. Har oyda albatta biror taniqli adib bilan uchrashuv belgilanardi. Bunday kunlar, toʻgʻrirogʻi, kechalarda zaldagi oʻrindiqlar kamlik qilganidan boshqa xonalardagi kursilar ham shu zalga tashib kelinar, joy yetmaganlar uchrashuv oxirigacha eshik yaqinida tikka turgan hollar boʻlardi. Ortiqcha paydo boʻlganlar toʻgarak aʼzolari boʻlishmasa-da, mashhur adiblar bilan uchrashish imkoni tugʻilgandan foydalanib qolishar, ayrimlari kelgusida toʻgarak ishtirokchisiga aylanib ketishardi. Uchrashuv nihoyalanganidan soʻng zal deyarli boʻshab qolgach, toʻgarak oʻz mashgʻulotini davom ettirar, kechki oʻn birlarga borib tarqalishga tushardik. Bu paytda koʻchalar sanjoblashib, jamoat transporti ahyon-ahyonda qatnardi. Opa yoʻl-yoʻlakay hamrohlar boʻlsa, birgalashib taksida joʻnab ketgach, oʻntacha yigit-qiz tungi Toshkent koʻchalarida sheʼr aytishgancha ancha joygacha poyu piyoda yurardik.
* * *
Mukarrama opaga boshida toʻgarakni boshqarish biroz qiyin boʻldi. Chunki ishtirokchilar boshlangʻich sinf oʻquvchilarimaski, qattiqroq tikilsang joyida indamay oʻtirishsa. Oldi deyarli oʻzi bilan tengdosh, salkam oliy maʼlumotli talabalar, koʻpchiligining sheʼrlari markaziy nashrlarda eʼlon qilinib, “yulduzlik kasali”ga chalingan… Opa ana shundaylar bilan endigina sheʼr yozishni boshlagan havaskorlarning boshini qovushtirishi, har oyda biror nomdor shoiru adiblar, tanqidchilarni uchrashuvga koʻndirishi, markaziy nashrlar, radio-televideniyeda toʻgarak aʼzolarining chiqishini uyushtirishi kerak boʻlardi. Opaning jonkuyarligi oqibatida 1984 yili oʻtkazilgan yosh ijodkorlarning toʻrtinchi seminar-kengashida toʻgarak aʼzolarining oʻntacha toʻplami muhokamaga qoʻyildi. Bu anjuman toʻgarak miqyosida “yulduz” boʻlib yurgan bizdek “tilla baliqcha”larga “kim aslida kim”ligini koʻrsatib qoʻydi va toʻgarakdan tashqarida ham, vohayu vodiylarda ham zoʻr-zoʻr shoirlar yetishib kelayotganini bilib oldik va otni qamchilash kerakligini tushunib yetdik…
* * *
1990 yilning mart oyida bir necha yillik taqiqdan soʻng Navroʻzga bagʻishlangan ilk sumalak sayli Fanlar akademiyasi va Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida akademik yozuvchi Oybek uy-muzeyida oʻtadigan boʻldi. 1989 yili Markazqoʻmning birinchi kotibligiga Islom Karimov tayinlangan boʻlib, shu paytgacha milliy qadriyatlarga past nazar bilan qarash, tahqirlashu taqiqlashga oʻrganib qolgan hukmron toifalarning ildiziga suv keta boshlagandi. Shuning uchun Navroʻzni nishonlash tashabbusi koʻtarilganda bunga eʼtiroz bildirilmadi – tashabbus ommadan chiqishi kerak, deyildi.
Bu ovoza telefon orqali ishxonalarga tarqaldi. Ilk Sumalak sayliga borishni istaydigan tashkilotlar (oʻzlarida buni oʻtkazishga hali yuraklari betlamasdi – bilib boʻladimi…) koʻpchilik edi. Keldi-ketdilarda oʻzimizning opamiz – Mukarrama Murodova hamda u kishining umr yoʻldoshi, oʻsha paytdagi yoshlar gazetasi maʼsul kotibi Mirzakarim Pirmatov xizmatda boʻlishgandi. “Shuʼla”ning ikkinchi bosqich aʼzolari dastyorlik qilishar, oʻnlab tuzalgan stollarni tez-tez yangi mehmonlarga tayyorlash lozim boʻlardi. Uy-muzey darvozasi oʻsha kuni oqshomdan keyingi oqshomgacha ochiq boʻldi. Kelganlar yarim soatdan oshiq oʻtirisha olishmas, darvoza oldida turgan fan va madaniyat namoyandalaridan tortib oddiy xodimlargacha boʻlgan ziyoratchilar qatorining oxiri katta koʻchaga qadar choʻzilib ketgandi. Mukarrama opa ayollarni benavbat ichkariga boshlab kirardi. Sozandayu xonandalar galma-gal qoʻshiq kuylardi. Navroʻz taqiqlangan yillari bu mavzuda sheʼrlar yozilmay, qoʻshiqlar aytilmay qoʻyilgani bois ilk sumalak saylining qahramoni shoir Normurod Narzullayev boʻlib chiqdi. Shoirning sheʼriga bastalangan qoʻshiq shu kuni qayta-qayta yangradi:
Koʻkda kuldi kamalak,
Navroʻzdan u nishona!
Doshqozonda sumalak,
Oʻchoq boshida ona!
Mehmonlar dil soʻzlarini izhor qilishar, “Shu kunlarga yetkazganiga shukr!” deya toʻrtta doshqozonda qaynayotgan sumalakni kovlash uchun kapgiru choʻmichlarga navbatda turishardi… Bu sumalak sayli mamlakatdagi birinchisi boʻldi. Keyingi – 1991 yili esa bunday sayillar butun yurtimiz boʻylab oʻtkazildi, markaziy televideniyeda esa bir kecha-kunduzlik “Navroʻz marafoni” namoyish qilindi!
* * *
Sheʼriyatimiz maktabi uzoq tarixiy ildizlarga, umrboqiy anʼanalariga ega. Sheʼriyatimiz mashʼali – Mir Alisher Navoiyning toʻgarakchilik maktabi, ul zotning hovlisida oʻtadigan “majolisun nafois”da shoirlaru mashshoqlar, rassomlaru xattotlarning yillar mobaynida shakllangan toʻgaraklaridan madaniyatimiz, maʼnaviyatimizga koʻp xizmatlari singgan ustazodalar yetishib chiqqan. Xorazm xonlaridan Muhammad Rahimxon Feruz homiyligida tashkil topgan Ogahiy toʻgaragi, Qoʻqon xoni Umarxon – Amiriy homiyligidagi Uvaysiy toʻgaragi bularga misoldir.
Toʻgarak rahbarlari xuddi maktab muallimlaridek ikki-uch umrga ega kishilardir. Ularning nomlari tarbiyalagan shogirdu oʻquvchilari bilan birga yashaydi, eslanadi. Gʻayratiy domla garchi Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Habibiy domlalarga zamondosh boʻlsada, elliginchi yillar boshida tuzgan adabiyot toʻgaragidan yetishib chiqqan Erkin Vohidov, Oʻlmas Umarbekov, Oʻtkir Hoshimov, Xayriddin Saloh kabi shoir va adiblarning ustozi sifatida ularga tengdoshu zamondoshdek vaqti-vaqti bilan eslanadi.
* * *
Mukarrama opa bilan toʻgarak tahsillari tugaganidan soʻng ham yaxshi munosabatlarni saqlab qoldik. Ammo tuzilganiga oʻn yil toʻlar-toʻlmas, toʻqsoninchi yillar boshida “Shuʼla” toʻgaragi ham oʻz-oʻzidan ishini toʻxtatdi. Odamlar bozor iqtisodiyotning yangicha qadriyatlari, yangi orzu-tashvishlari bilan yashay boshladi.
Yosh shogirdlar davrasidan, muloqotidan davr taqozosiga koʻra ayrilgan shoiraga umr yoʻldoshi Mirzakarim Pirmatovning vafoti (1993 yil) qattiq taʼsir qildi. 2004 yilga kelib yolgʻiz oʻgʻli, yoshlar gazetasida ishlayotgan Muzaffardan judo boʻlgani… Bir yilning nari-berisida Mukarrama opa biror oʻn yillarga qarib qolgandek, sochlari oqarib, koʻzlaridagi quvonch shuʼlasi xiralashdi.
…Ana shu kunlarda opa bilan Matbuotchilar uyi hovlisida koʻrishib qoldim. Oʻz xayollariga andarmon boʻlgancha oʻtib ketayotgan opaning yoʻlini toʻsib chiqdim. Meni tanib, kaftlari bilan ogʻizlarini berkitgancha, tez-tez soʻrashib oʻtib ketmoqchi boʻldi. Men ularni shunday qoʻyib yuborgim kelmay, nimaga ogʻzini berkitib gapirayotganini soʻradim. “Hammasi asabdan, – dedi Mukarrama opa javoban. – Tishlarim oʻz-oʻzidan toʻkilib ketyapti. Yasama tish tayyorlatishga ulgurolmayapman. Oyma-oy toʻkilyapti…” Oradan sal oʻtmay, 2005 yilning iyulida Mukarrama Murodova qaytish qildi.
Shayxzoda domlaning quyma toʻrtliklaridan birida shunday deyiladi:
Sheʼriyat diyorin shoirlarimiz,
Har uy, har koʻngilga baytlar boʻlsin yor.
Elga dastyor boʻlsa sheʼrlarimiz,
Demakki, umrimiz oʻtmabdi bekor.
Oʻz davrida sheʼrlari bilan elning beminnat dastyoriga aylangan, mehri bilan sheʼrparastlar qalbiga shuʼla sochgan Mukarrama Murodovadan ijodga, elga oʻzi kabi dastyor shogirdlari qolganligi xalqimizning, adabiyotimizning baxtidir.
Olloyor BEGALIYEV
“Yoshlik”, 2017 yil 10-son
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/sheriyat-shulasi/