Oʻshanda hali jurnalistlikka oʻqib yurgan Aʼzam Oʻktam sheʼrlarini “Yoshlik” jurnaliga bersa, bosh muharrir Erkin aka ularni oʻqib koʻrib, muallifni huzuriga chaqiribdi, juda goʻzal narsalar yozibsiz, deb qizgʻin tabriklabdi. Soʻng sheʼriy turkumni unga tutqazib, eng zoʻrlarini “plyus” bilan belgilab qoʻydim, bularga yangilaridan yana bir-ikkita qoʻshing, koʻzga koʻrinadiganroq qilib bosaylik, debdi.
Aʼzamjon belgi qoʻyilgan sheʼrlarga koʻz tashlab chiqib, aynan Anvar Obidjon u yer-bu yeriga qalam tekkizganlarini tanlabsiz, desa, Erkin aka darhol mutoyiba qilibdi:
– Qarang-a! Demak, Anvarjon sizni haddan ziyod hurmat qilarkan. Meni “ustoz” deydi-yu, kitobimga muharrir boʻlganida, andakkina jon tortishib, sheʼrlarimning biron-bir joyini, loaqal, koʻnglim uchun tahrir qilib qoʻymadi-ya!
Anvar OBIDJON
“Yoshlik”, 2017 yil 10-son
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/tahrirning-tagida-gap-kop/