Sarsonboy ota rayon markaziga kelganda, quyosh yerdan endigina choʻgiri tilimidek koʻtarilgan edi. Kim biladi, hali erta boʻlgani uchunmi yo sovuq tushib, bozor-oʻchar qiladiganlar kamayib qolganidanmi – odam siyrak, bozor kunlari boʻladigan gʻala-gʻovur, toʻpolon yoʻq. Chol ichida xursand boʻlib qoʻydi: “Ha, tuzuk, bu gal kechikmadim. Avji bozor”.
U shunday deb, otning jilovini tortdi. Quloqlarini osiltirib tin olayotgan toʻriq, xuddi shuni kutib turgandek pastga, daryo tomonga yoʻrgʻaladi. Bu joylarni u egasi kabi yaxshi biladi. Ulgʻayib, ustiga egar urilibdiki, har yakshanba kuni butun Hisorni oshib, shu yerga keladi. Tor taxta koʻprikning yoniga omonatgina qurilgan choyxona etagida toʻxtaydi. Daryoning sel yuvib, besoʻnaqay kengaygan shu yeri urush yillaridan beri – kech kuzdan erta bahorgacha – bozor. Chor atrofdan yigʻilgan yigitlar frontga shu yerdan joʻnashgan. Ustunlari chirigan choyxona ham oʻsha sertashvish yillardan nishona…
Sarsonboy ota katta koʻzi singan deraza yoniga choʻkkaladi. Choyxona qurilibdiki, shu joy uniki. Birov oʻtirgan boʻlsa ham u kelganda boʻshatib beradi. Shu yerdan bozor maydoni yaxshi koʻrinadi, koʻprikdan oʻtayotgan biror odam ham xato ketmaydi, hammasi koʻzdan oʻtadi.
– Ha, Sarsonboy, omonmisan? – dedi choyxonachi choy keltirib qoʻyar ekan. – Yana kelibsan-da?
– Nima, senga ogʻirligim tushdimi? – toʻngʻilladi Sarsonboy ota oftob sargʻaytirgan siyrak qoshlarini chimirib.
– Jazillama. Azbaroyi achinganimdan gapiraman. Kutgandan yomon narsa yoʻq.
Sarsonboy ota javob bermadi. Uning bugun goʻyo niyatiga yetadigandek kayfi chogʻ edi, lekin oʻrtogʻining gapi bilan koʻngli buzildi. Bir: “Sening nima ishing bor? Choyingni sotsang-chi!” – demoqchi ham boʻldi, tili bormadi. Madumar akaning gapida jon bor edi. Oʻgʻlidan qoraxat kelganidan keyin bechora oʻn yil kutdi. Xatsiz, xabarsiz xotini farzand dogʻida ado boʻlay dedi. Oʻzi esa, choʻp boʻlib qoldi. Oxiri chidolmay aza ochdi. Ermagi – choyxona.
Madumar akaning gapida chindan ham jon bor edi. “Azbaroyi achinganimdan gapiraman…” Sarsonboy ota yuragini nimadir timdalab ketganday boʻldi. Lablari titrab, tuproqdek sargʻaygan soqoli tortildi. Nimadir tomogʻiga tiqildi. Boʻshashib ketayotganini sezdi-da, oʻshqirdi:
– Ahmoq, kutsam seni kutamanmi? Senga azroildan boshqasi orzumand emas! Qayoqdan mulla boʻlib qoldingki, menga oʻrgatasan?!
– Jazillama, – iljaydi Madumar aka. – Har bozor basharangni koʻrsam, koʻnglim ayniydigan boʻlib qolibdi. Qir-piringda podangni boqib yuravermaysanmi? Kerak odam oʻzi topib oladi seni. Tagʻin oʻzing bilasan. Menga desa shu yerda yotib ol. Yoʻlda yakka oʻzingsan, tagʻin oʻlib-netib qolmagin deyman-da, betamiz!
– Oʻlsam bir musulmon topilar koʻmgani, – dedi oʻzini bosib olib Sarsonboy ota. – Sendan Xudo oʻzi saqlasin. Choydan urgan – kafandan ham urib qolasan.
– Shunday demaysanmi? Mana, yangi damladim. Ich zaharingga!
Madumar aka yangi damlangan choynakdan choy quyib, oʻrtogʻiga uzatdi, odam kam boʻlgani uchun oʻzi ham yoniga oʻtirdi.
– Hech gap eshitmadingmi? – soʻradi jiddiy ohangda Sarsonboy ota.
– Eshitsam, shu zahotiyoq senga odam yuborardim, eshitmadim…
Oraga jimlik choʻkdi. Madumar aka oʻzini noqulay sezib, ichkisi kelmasa ham xoʻrillatib bir-ikki choy hoʻpladi.
– Zebi qalay? Yuribdimi?
– Tuzuk, – dedi Sarsonboy ota derazaga bir qarab qoʻyib. – Bugun zoʻrgʻa yubordi. Bu yoqqa kelishimni bilib, yarim kechada otni dalaga haydabdi.
– Soʻkmadingmi? – xavotirlanib soʻradi Madumar aka.
– Yoʻq, u shoʻrlikka ham qiyin. Endi soʻkmayman.
– Soʻkma. Bechoraning sendan boshqa kimi bor?
– Soʻkmayman. Lekin… – Sarsonboy ota birdan qiqir-qiqir kulib yubordi.
– Ha? – hayron boʻldi Madumar aka.
– Soʻkmayman-u, lekin otni haydab nima qiladi? Piyoda boʻlsa ham kelishimni biladi-ku! Buning ustiga toʻriq yoʻtalimni eshitsa, oldimga yugurib keladi. Shuni biladi, nima qiladi haydab?
– Ha, endi achinadi-da, – dedi Madumar aka ham kulishga harakat qilib.
– Men achinmaymanmi? Men ham achinaman unga. Yolgʻizlik yomon. Buni oʻzing ham bilasan. Lekin nachora? Qiyomat qarz bu. Qarz bilan goʻrga kirmoqchi emasman. Tushunishi kerak-da. Innaykeyin…
– Assalomu alaykum-m-m!..
Odamlar kirdi. Gap uzildi. Madumar aka oʻrnidan turdi.
Koʻp oʻtmay, bozorning odatdagi tashvishi, toʻpoloni boshlandi. Bolalarning qiy-chuvi, sigir-buzoqlarning maʼrashi bilan dallollarning “Bor baraka”si qoʻshilib, yaqinginada osoyishtalik hukm surgan qaqroq daryoga bahor toshqinidek jon kirdi.
Sarsonboy ota yana derazaga tikildi. Koʻprik oʻtgan-ketganning koʻpligidan xuddi tuyadek lapanglardi. Oʻshanda ham shunday lapanglab turgan edi.
…Oʻgʻlini kuzatganda ham, Haydaralini kuzatganda ham…
Lekin unda odamlar bir tomonga qarab yurgan edilar. Oʻshalardan koʻpi shu koʻprikdan qaytib oʻtmadi, biri oʻldi, biri bedarak ketdi. Oʻgʻlidan yarim yil hech qanday xabar boʻlmay, birdan qoraxat keldi. Oʻshanda u poda bilan Uzumlida edi. Qoʻylarni soyning narigi sohilidagi oʻtlari endigina nish urgan yalanglikka haydab, oʻzi nurab-nurab devorlarigina qolgan Toshqalʼa tagida oʻtirardi. Kun tik kelganda tushlik qilmoqchi boʻlib, xurjundan suzma olganini biladi, qishloq tomondan ayol kishining uvvos solib yigʻlagani eshitildi. Yigʻi togʻdan aks-sado berib, shunday qattiq jarangladiki, Sarsonboy ota choʻchib ketdi. Oʻrnidan turib, pastga qaradi. Sochlari toʻzgʻigan bir ayol soy yoqalab, yuzini yumdalab kelardi. Sarsonboy ota avval tanimadi. Pastroq tushdi. Shunda uning havo rang koʻylagidan tanidi. Tanidi-yu, yuragi shigʻ etib ketdi.
– Zebi! Men bu yoqdaman. Zebi, hoy! – deganicha pastga otildi.
Zebi xola uni koʻrib, oʻzini tutolmay, oʻkrab yubordi.
– Nega boʻkirasan?! Nima boʻldi? – Sarsonboy ota uni bilaklaridan ushlab tortqiladi.
– Gʻafur… Gʻafurjon… – Zebi xola gapirolmadi, hoʻngraganicha qoʻlidagi qogʻozni eriga uzatdi.
Sarsonboy ota kichkina koʻk qogʻoz parchasini koʻrib, hammasiga tushundi. Madumar aka ham oʻgʻlidan shunday xat olgan edi… Sarsonboy ota oʻqimadi, qoʻl-oyogʻi muz boʻlib, turgan joyida qotib qoldi. Xudo unga bir farzand bergan edi, shuni ham koʻp koʻrdi.
Haydarali esa otasidan bir oy keyin joʻnaganicha, bedarak ketdi. Oʻgʻlining oʻrtogʻini oʻzi rayongacha kuzatib bordi. Kuzatadigan uning biron kimsasi ham yoʻq edi.
Joʻnaydigan kuni Haydarali eshak aravaga ortib, ikkita qoʻy olib keldi. Shunda Gʻafurdan qoraxat kelganiga yil boʻlgan edi.
– Amaki, shular sizda tursin, – dedi iymanib. – Dadam qoʻyni yaxshi koʻrar edilar. Qaytganlarida toʻy-poʻy qilardik… Agar malol kelmasa…
– Xoʻp, boʻtam, – dedi Sarsonboy ota. – Suruvning ichiga qoʻshib yuboraman. Malol keladigan joyi yoʻq.
Koʻprik ustida xuddi oʻgʻlini kuzatayotgandek Haydarali bilan xayrlasha turib, butun vujudini titroq bosdi.
– Omon boʻl, boʻtam! – dedi-yu, yoshlangan koʻzlarini koʻrsatmaslik uchun xotini nimalardir solib bergan tugunni yuziga tutib uzatdi. – Xolang berdi, ol.
– Rahmat.
– Imkoni boʻlsa, Gʻafurning mozorini bir ziyorat qilib oʻt. Istalingradda.
Shovqin-suron ichida aytilgan bu gapni Haydarali eshitdimi, yoʻqmi, Sarsonboy ota bilmaydi, har holda, uning bosh qimirlatib, nimalardir deganini koʻrdi.
Mana, shunga yigirma yildan oshib ketdi. Haydarali na uning oʻgʻlini borib koʻrdi, na oʻzi biror xabar yubordi. Tashlab ketgan ikkita qoʻyi qirqtadan oshdi. Boshqa qoʻylarga aralashib ketmasin, kelib qolsa topish qiyin boʻladi, deb Sarsonboy ota hammasining boʻyniga qizil latta bogʻlab chiqdi. Lekin kelmadi. Tirikmi, oʻlganmi – hech kim bilmaydi. Sarsonboy otaning bormagan idorasi, surishtirmagan odami qolmadi. Familiyasi, adresini bilmagandan keyin topish oson boʻlarmidi?
– Sarsonboy, shu endi, har qayoqqa borib, oʻzingni sarson qilma, – maslahat berdi oshnalardan biri.
– Shunday jahannamdan omon qaytgan odam qachongi ikkita qoʻyni surishtirib kelarmidi?! Xudoga shukur, toʻqchilik. Qoʻy kerak boʻlsa, bozor toʻla. Sen yaxshisi, bozorga bor. Taniysan-ku, tirik boʻlsa, shu yerda boʻlsa, koʻrinish beradi.
Bu gap Sarsonboy otaga maʼqul tushdi. Shundan beri bitta ham bozorni kanda qilmay qatnaydi. Boshqa kunlari qoʻy boqib, togʻma-togʻ, darama-dara yuradi. Horib-charchab, hafta oxiri uyiga qaytadi. Rais bir necha marta: “Boʻldi, endi, ota, shuncha ishladingiz, yetar. Endi, yoshlar ishlasin!” – dedi, lekin Sarsonboy ota quloq solmadi. Qanday qilib quloq solsin. Haydaralining qoʻylarini baribir boqishi kerak-ku? Yetti yot begona odamning podasini kim boqardi? Boqsa ham qanday boqardi?
Lekin qarilik, qarilik ekan… Ilgarilari haftalab oyoqda tursa ham charchamasdi, endi yarim kunda madori quriydi, oʻtirgisi kelib qoladi. Bir kuni Uzumlining tepasida shunday horib oʻtirgan edi, soydan oʻq ovozi eshitildi. Tagʻin birorta qoʻyni otib qoʻyishmasin, deb pastga tushdi.
Archalarga chirmashib ketgan tokning tagida toʻrt-besh yigit xarsangning ustiga shisha qoʻyib otishardi. Cholni koʻrib, bittasi gap otdi.
– Boboy, bu nima, kaklikning hammasini otib, tuzlab qoʻyganmisizlar? Bittayam koʻrinmaydi-ku?
– Kaklik ovi qishda boʻladi-da, boʻtam. Ov qilgani keluvdinglarmi?
– Ha, bir bosh ogʻib keluvdik. Shu tomonda kaklik boʻladi, deyishuvdi.
– Boʻladi, koʻp boʻladi, lekin qishda boʻladi.
– Boboy! – qichqirdi archa tagida oʻtirgan bir yigit. – Qani, bu yoqqa keling. Manavidan bir ichib yuboring biz bilan.
Yigit piyolani toʻlatib, aroq uzatdi.
– Ichmayman, boʻtam, – dedi jilmayib Sarsonboy ota. – Hech ichgan emasman.
– Bir ichib koʻring. Keyin gap bor, – qistadi yigit va gandiraklab uning oldiga keldi. – Oling.
– Ichmayman, boʻtam, – dedi Sarsonboy ota piyolani itarib. – Har qancha gapingiz boʻlsa gapiring, eshitaman, lekin ichmayman.
– Mayli, zoʻrlama otani! – dedi miltiq oʻqlayotganlardan biri.
– Boʻlmasa, oʻzim oldim, – yigit piyolani sipqorib, yengiga uhladi-da, dedi. – Boboy! Ov bahona bir dam olgani chiquvdik-da. Qoʻydan bittasini soting. Shu yerda u-bu qilib ketaylik.
Sarsonboy ota boshini quyi solib, jim qoldi. Keyin xijolatlik bilan jilmaydi:
– Attang, boʻtam, sotolmayman-ku. Meniki emas. Qishloqqa oʻtsangiz, har bir xonadondan topishingiz mumkin. Men oʻzim ham beraman. Bular omonat. Boʻlmasa, qoʻy sizlardan aylansin!..
– Shunday deng?
– Ha, shunday, boʻtam.
– Hozir bittasini oʻzimiz tutib olsak-chi? – yigit iljaydi.
– Unday qilmaysiz. Omonat dedim-ku, boʻtam.
– Juda ziqna ekansiz-da! – yigit achchiqlandi. – Bitta qoʻy nima, odamdan ham azizmi? Akbar?
– Nima deysan? – dedi yigitlardan biri.
– Yur, bittasini tutib kelaylik. Raisga oʻzimiz javobini beramiz.
Yigitlar tosh qalʼa tomon yoʻl olishdi.
– Toʻxtang! – qichqirdi Sarsonboy ota. – Musulmon bolasimisizlar, meniki emas, dedim-ku! Egasi yoʻq bu qoʻylarning. Urushda bedarak ketgan, yigirma yildan beri boqib yuribman… Insof bormi?
Yigitlar toʻxtab qolishdi, keyin bitta-bitta orqaga qaytishdi.
– Kechiring, ota, bilmadik, – dedi kimdir.
Sarsonboy ota indamadi. Uning rangida rang qolmagan, lablari titrardi.
– Uzr, boboy!
Sarsonboy ota yana churq etmadi. Keyin ohista-ohista qadam tashlab, qalʼa tomon ketdi.
Shu voqeani Madumar akaga kuyunib aytib berganida, u ancha oʻylanib qoldi. Keyin dedi:
– Xafa boʻlma, bir gap aytaman.
– Xoʻsh?
– Shu qoʻylarni kolxozga ber, yaxshisi. Oʻzingni qiynama. Senda boʻldi nima-yu, kolxozda boʻldi nima. Kolxoz yeb ketarmidi? Haydaraling kelsa, qaytarib beradi.
Sarsonboy ota javob bermadi.
Mana, hozir ham u bozorga tikilib oʻtirar ekan, oʻrtogʻining shu maslahati xayolidan koʻtarilmas, lekin nima qilishini bilmasdi. Kun tikkaga kelganda bozorda odam siyraklashdi. Moli sotilmaganlar, tomoshaga chiqqanlar qoldi, xolos. Sarsonboy otaning ertalabki kayfi chogʻligʻi yoʻqoldi: Haydaraliga oʻxshagan birorta odam bu gal ham uchramadi.
“Nahotki, oʻlgan boʻlsa? – bu dahshatli fikr cholning xayoliga keldi-yu, qoʻrqib ketdi. – Yoʻq, shuncha oʻlim boʻlishi mumkin emas. Bedarak ketganlarning koʻpi keldi-ku, ajab emas, u ham kelsa. Toʻy qilmoqchi edi. Bahona bilan men ham toʻy koʻrib qolardim. Oʻzim qilib berardim toʻyini…”
U shunday xayollar bilan yana ancha oʻtirdi. Bozor tugadi. Deyarli hamma tarqaldi. Oshxona tomondan palovning hidi kela boshladi. Ammo chol joyidan qimirlamay oʻtiraverdi.
– Sarsonboy!
Sarsonboy ota oʻziga kelib, oʻgirildi. Tepasida Madumar aka turardi.
– Boʻldi endi. Men aytgan ishni qil. Choʻp boʻlib ketasan-ku, axir bunaqada.
Sarsonboy ota indamadi. Mahsisining qoʻnjidan bir soʻm chiqarib, laganchaga tashladi-da, oʻrnidan turdi.
– Ketasanmi? Osh damladim, yeb ket.
– Kelasi gal. – Sarsonboy ota karavotdan tushib, eshikka yoʻl oldi. – Xayr!
Eshikka chiqib, nimadir esiga tushdi shekilli, qaytdi.
– Nahotki, sen ham tushunmasang?! Oʻzim olib qolganman, oʻzim, oʻz qoʻlim bilan qaytarishim kerak…
Madumar aka javob qilmadi. Faqat oʻrtogʻi chiqib ketganda:
– Zebiga salom aytib qoʻy! – deb qoʻya qoldi.
Qirov bosgan toʻriq egasini koʻrib, quloqlarini chimirdi. Erkalanib, boshini bir-ikki siltadi-da, zinaga yaqinlashdi. Sarsonboy ota egarga chaqqon minib, jilovini qoʻliga oldi:
– Ketdik.
Toʻriq tanish yoʻldan ildam yoʻrgʻalab ketdi. Uning yurishida ham egasining dilidagi kabi bir umid bor edi.
Oʻlmas UMARBEKOV
“Sharq yulduzi”, 2014–1
https://saviya.uz/ijod/nasr/qiyomat-qarz/