Ruhimda chalinar zangila

 Bir alfozda

 

Bir alfozda ming yillar

Turaolur xarsang tosh.

Bir alfozda chinor ham

Yashashga topar bardosh.

 

Indamasang yoʻllar ham

Oʻzgarmaydi ming yillar.

Minorlar ham tunu kun

Charchamas koʻkka qarab.

 

Bir alfozda kechadi

Qishu bahor, yozu kuz.

Bir alfozda nega men

Turaolmayman, afsus?

 

Ovozsiz dunyo

 

Ovozsiz koʻraman dunyoni,

Tafakkur etaman bir yoʻla.

Angla deb zulmat va ziyoni

Ruhimda chalinar zangila.

 

Kuyiga boqaman har sahar:

Mahzunmi yoki shoʻx yangragay.

Shu ohang izmida har safar

Koʻnglim ham bulbulday sayragay.

 

Siz uni tuysangiz qaniydi,

Bir sogʻinch tilardim jon nafas.

Tafakkur etmoqqa arziydi

Ovozsiz turgan har xoru xas.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Fargʻonaga ketgim keladi

 

Yurak yutib yorugʻ dunyoda

Bir kun jazm etgim keladi.

Bitta oʻzim poyu piyoda

Fargʻonaga ketgim keladi.

 

Otabek ot solgan yoʻllardan,

Kumush boqib tolgan yoʻllardan,

Muhabbatim qolgan yoʻlardan

Fargʻonaga ketgim keladi.

 

Vodilida yashar u dildor,

Qirmizi lablari naq anor,

Sogʻinaman tunlari bedor

Fargʻonaga ketgim keladi.

 

Fargʻonaning yoʻllari olis,

Qalbni yomon qiynaydi bir his,

Balki meni kutar oʻsha qiz,

Fargʻonaga ketgim keladi.

 

Toʻrt unsur falsafasi

 

Sokin hayot yoqmaydi menga,

Yasholmayman tuproqqa oʻxshab.

Intilaman hamisha koʻkka,

Qolmagayman bir yerda toʻxtab.

 

Havo kerak, musaffo havo,

Simirganda yayraydi tanim.

Faqatgina havolab ketmoq

Balosidan asrasin Tangrim.

 

Chiqishmayman suv bilan sira,

Nam vujudni xarob etadi.

Koʻpni koʻrdim, suyulgan hamon

Jarliklarga oqib ketadi.

 

Zarra uchqun yetadi menga

Va paytida topilgan qalov.

Ruhim – jonim yayraydi shunda,

Axir, mening unsurim olov.

 

* * *

Popukli qushchani tomosha qilib,

Onam turardilar hovlida yolgʻiz.

Goho kulardilar quvonchga toʻlib,

Goho qolardilar oʻychan va maʼyus.

 

Shu maʼyus nigohlar choʻkdi yodimga,

Judolik azobi behad oʻrtadi.

Faqat Oʻzi yetdi mening dodimga,

Odamzod degani sira yetmadi.

 

 

 

Qushlar, parrandalar ila doʻstlashib,

Ularning tilini oʻrganar boʻldim.

Garchi, soʻzlashmoqqa hali imkon yoʻq,

Harqalay nimadir angladim, bildim.

 

Endi men turaman hovlida yolgʻiz,

Onam turgan joyda xayolga toʻlib.

Va goho koʻzimga yoshlar qalqiydi

Popukli qushchani tomosho qilib.

 

* * *

Koshki edi, yigʻlay olsaydim,

Boʻshatardim koʻnglimni toʻyib.

Ketar edim uzoq-uzoqqa,

Hamma, hamma, hammasin qoʻyib.

 

Koshki edi, kula olsaydim,

Boʻshatardim koʻnglimni toʻyib.

Ketar edim, yana uzoqqa,

Hamma, hamma, hammasin qoʻyib.

 

Arosatda oʻrtanaman jim,

Hur hayotni sogʻinib chunon.

Qanday mahzun, qanchalar gʻamgin,

Sevgisini yoʻqotgan inson.

 

* * *

Bu qiz muncha goʻzal, muncha orasta,

Soatday yuradi, qushday turadi.

Hammayoq saranjom boʻlar bir pasda,

Torgina hovlida jannat quradi.

 

Keyin, zimdan boqib, soʻzlaydi nozli,

Vujuding yondirib ketadi bu sas.

Shunchalar sirliki, shunchalar nurli,

Uni sevmasliging sira mumkinmas.

 

* * *

Tabiatan gʻamgin odamman,

Xudo loyim shundayin qorgan.

Bolalikdan feʼlim toblanib,

Qoʻrgʻoshinday qotganu qolgan.

 

Uni tubdan oʻzgartiray deb,

Koʻp urindim, sira boʻlmadi.

Qancha tuygʻu, tafakkur soʻldi,

Ammo sabil odat oʻlmadi.

 

Shunday yashab oʻtarman, endi,

Oʻzgarishlar koʻp boʻlmas tayin.

Biroq… inson tabiatidan

Har narsani kutmoqlik mumkin.

 

ChORSHAMʼ

 

“Sharq yulduzi”, 2014–2

https://saviya.uz/ijod/nazm/ruhimda-chalinar-zangila/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x