Togʻay Murodning betakror qissa va romanlari ming-minglab kitobxonlar yuragidan joy oldi, qalbini larzaga soldi. Ularni yigʻlab-yigʻlab oʻqidik, kulib-kulib oʻqidik. Chuqur insoniy dard bor edi bu asarlarda, kulgu aralash iztiroblar bor edi… Mutolaa davomida oʻquvchi oʻzida qandaydir ruhiy tozarishni his etadi, koʻnglida chin insoniy tuygʻular uygʻonadi.
Adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yoʻldoshev bilan bugungi suhbatimiz Togʻay Murod asarlarining yosh avlod taʼlim-tarbiyasida tutgan oʻrni haqida boʻldi.
– Bir koʻrgan tanish, deydilar, ikki koʻrgan bilish. Togʻay Murod bilan qachon tanishdingiz-u, uni qachon kashf etdingiz? Oʻsha paytlarga nima kechdi xayolingizdan, ilk taassurotlaringiz aldamadimi sizni?
– Togʻay Murod bilan deyarli tengdoshmiz. Hayotning qiziqligini qarang, bir yurtda, bir shaharda yashab yursak-da, shaxsan tanishish baxtga muyassar boʻlmaganman. Buning ham oʻziga yarasha sabablari bor, albatta. Ayrim oshnalarim: “Togʻay Murod bilan tanishib baraka topmaysan, qaytanga qalbingdagi unga boʻlgan bor ixlosing soʻnadi. Uning tabiati judayam ogʻir”, degandi. Qolaversa, Togʻay Murod har xil davralarga kam qatnashardi. Baʼzida uning buyukligi ham shundan boʻlsa kerak deb oʻylab qolaman. Lekin 1989 yildami… bir yigʻinda bir marta koʻzimizga koʻzimiz tushib edi. Shunga qaramay men uning asarlarini bitta qoldirmasdan oʻqib borardim. Shunchaki oddiy asarlar qatori emas, boshqacha yurak bilan, oʻzgacha bir mehr bilan mutolaa etardim. Shu jarayonda Togʻay Murod siyrati va suratini chizib bordim. U juda magʻrur va uncha-muncha odamlarni tan olavermaydigan, birovga yoqimliroq koʻrinishni xayoliga ham keltirmaydigan oʻjar odam boʻlgan boʻlsa kerak, deb oʻyladim.
2001 yilda Togʻay Murod “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romanini menga jiyanidan hech narsa yozmasdan, bir ogʻiz gap aytmasdan berib yuboribdi. Men anchadan beri uning ijodi haqida ozmi-koʻpmi yozib ham turardim… Ammo oʻshanda Togʻay Murod meni ham bir oʻquvchi sifatida gaplarim, qarashlarim bilan hisoblasharkan, qiziqarkan degan qanoat paydo boʻldi menda. Oradan ancha vaqt oʻtib “Otamdan qolgan dalalar”ni ham xuddi shu tarzda berib yuboribdi.
Togʻay Murod bilan tanishishimiz asosan kitoblari orqali boʻlgan. Ayniqsa, romaniga ilova qilingan “Men” nomli soʻngsoʻz qattiq taʼsir qilgandi. Boisi, asarlari siyratini, ichki olamini teran ochib bergan.
– Adibning asarlarini darslikka kiritilishida ham hissangiz bor, deb eshitamiz. Sizni bunga nima majbur etdi. Qolavesa,”Yulduzlar mangu yonadi” bolalarga nima beradi?
– Toʻgʻri. Togʻay Murod ijodida nafaqat oʻquvchilar, balki hamma oʻrganishi lozim boʻlgan yaxshi xislat, ibrat boʻladigan voqealar tasvirlariga keng oʻrin berilgan. Uning “Yulduzlar mangu yonadi” qissasi bolalarga oriyat, insoniylik, mardlik, insonlik shaʼni, yigitlik gʻururini himoya qilishni, oʻsha gʻururning chinakam bahosini bilishni singdiradi. Qissani boshlanishida yosh polvon Shukur kurashdagi raqibi Ermat bilan olishda yiqiladi. Asarning shu yerda ajoyib tasvir bor:
“Shukurga alam qildi. Ermatga qoʻlini musht qilib koʻrsatdi.
– Sen bilan yanagi toʻyda olishaman! – dedi.
Ermat bakovul roʻparasida oʻtirishi bilan bir talay bola chopib kelib yoniga choʻkkaladi.
Shukurga tarafkash bolalar bir-biriga soʻz bermay talashdi, bakovulga elandi:
– Bova, Ermat polvon bilan meni olishtiring, u qalin oshnamni yiqitdi.
– Yoʻq, Ermat polvon bilan men olishaman. Shukur xolamning uli!
– Bova, Ermat polvonga meni chiqaring, Shukur bizning hamsoyamiz!”
Koʻrinib turibdiki, ushbu qissa bolalarda oriyat toʻygʻusini shakllantiradi. Kishida oʻz yaqinlari, xalqi, millati orini olishni, vatanparvarlik tuygʻularini uygʻotishga xizmat qiladi. Men bizning xalqimiz kurash bilan shugʻullansin, kurashimiz xalqaro arenalarga chiqsin degan maqsadda emas balki yaqinlarimiz uchun javobgarlik hissini tuyishni oʻrganaylik deb shu toʻxtamga keldim. “Yulduzlar mangu yonadi” orqali bolalarimizda ana shunday hislarni shakllantirmoqchi boʻldim. Bu birinchi jihati.
Ikkinchidan, uning kitoblari bolalarga oʻzbek tilini goʻzalligini namoyon etadi. Anovi tuxumdek silliq yozilgan asarlar voqealari qanday esimizdan chiqib ketsa, tili ham oʻquvchiga shunday yuqmaydi. Bu xildagi asarlar faqat xabar berish bilan cheklanib qolgan. Togʻay Murod asarlarining esa oʻz musiqasiga egaligi bilan kitobxonni oʻziga jalb qilayapti. U shunchaki til yoki axborot vositasi emas, balki musiqa vositasidir ham. Qolaversa, estetik funktsiyasi-da bor. Togʻay Murod prozasi sheʼr bilan bilan bitilgandek taassurot oʻygʻotadi. Keyin Togʻay Murod asarlarida nafaqat tasvirlarni, qiyofalarni-da koʻrishimiz mumkin. Odatda biz harflarni harflarga qoʻshib maʼno chiqaramiz. Uning asarlarini oʻqiyotgan vaqtimizda, yaʼni harflarni harflarga qoʻshganimizda musiqa taraladi. Ana shu bitta soʻzning vazifasi muloqot vositasi boʻlsa, Togʻay Murod soʻzga bir qator qoʻshimcha funktsiyalarni yuklay oldi. U soʻz musiqa boʻlib yangraydi. U soʻz qoʻshiqdek qalblarni larzaga soladi. U soʻz rassom singari portret chizadi. Yaʼni soʻzlarning oʻzi bilan bilvosita koʻngilni oʻzgacha bir nurga toʻldiradi. Qissa oxirida Boʻri polvon oshnasi Nasim bilan xayolan gaplashadi. Uning har bir soʻzi taʼsir kuchi bilan insonni seskantiradi, hayajonga soldi. Ana shu soʻzlardan kelib chi³adigan gʻoyagina emas, balki ularning aytilish ohangi, Boʻri polvoninig ichki kechinmalarining berilish yoʻsini ham bir musiqiydir. U soʻz maʼnosi ham, ohangi ham oʻquvchini shunga boʻlgan talabini qondiradi. Yana Togʻay Murod asarlari oʻzbekcha soʻzlarning ilohiy qudratidan saboq beradi.
Qozogʻistondagi oʻzbek maktablari yozilgan 9 sinf darsligiga adibning “Ot kishnagan oqshom” qissasini ham kiritildi. Axir Togʻay Murodni darsliklarga kiritmaslikning sira iloji yoʻq-da. Negaki, bu asarlar shedever asarlar-da! Ziyodulla obrazi orqali insonning nozik kechinmalari, ziddiyatlari ochib beriladi. U kal boʻlsa-da, koʻnglining shu qadar nozikligi, gʻururi shu darajada balandligi, erkakligi va atrofini oʻrab turgan kishilarning naqadar qallobligi, sotqinligi-yu qoʻrqoqligi qanday ifodalanganlini koʻring-a. “Ot kishnagan oqshom” qissasi dunyodagi adolat va adolatsizlik haqidagi goʻzal hamda dahshatli asar. Bu qissa adibning boshqa asarlari singari ezgulikka daʼvat etadi, ezgulik va razolatning mangu kurashishdan bahs etadi. Togʻay Murod asarlarini oʻqisak millatimiz yuksalishiga, maʼnaviyati balandroq, koʻngli tozaroq boʻlishiga xizmat qiladi, deb oʻylayman.
Yana bir gap, 1999 yilda adabiyotshunos olim Umarali NORMATOV rahbarligida “XX asr oʻzbek adabiyoti” degan kitob chop etildi. Mazkur kitobda Togʻay Murod alohida ijodiy siymo sifatida berildi. Shundan buyon esa adib oliy oʻquv yurtlarida muntazam oʻqitilib kelinayapti. Ayni paytda Togʻay Murod ijodi yuzasidan hech boʻlmaganda yilda bitta yoki ikkita diplom yozilmoqda…
– Sevimli adiblarimizdan Oʻzbekiston Qahramoni Said Ahmad “Togʻay Murod qissalarini oʻqir ekanman, har gal yangi bir yozuvchini koʻrgandek boʻlaman. U kechagi hammani qoyil qoldirgan “Yulduzlar mangu yonadi” yoki “Ot kishnagan oqshom” qissalarini yozgan Togʻayga oʻxshamaydi. “Oydinda yurgan odamlari”ni boshqa Togʻay yozgan, deb oʻylaysiz. Ha, uning asarlari sira bir-birini takrorlamaydi.” deb yozgan edi… Bu gapda jon bor. Lekin paradoks shuki, Togʻay Murod qahramonlarini har birida yozuvchini koʻraveramiz.
– Men ham shu fikrdaman. Nazarimda Ziyodulla kalda, Dehqonqulda, Boʻri polvonda, hatto Botir firqada ham Togʻay Murod borga oʻxshaydi. Shuningdek, ular qandaydir boshqacha. Togʻay Murod asarlaridagi ritm xususida nomzodlik ishi yoqlanganidan koʻpchilikning xabari boʻlsa kerak. Hali uning ijodi, mahorat sirlari haqida koʻplab ilmiy ishlar yoziladi. Togʻay Murod oʻz hasratlarini, qolaversa xalqining azob-istiroblarini yuragiga yaqin olib asar yozdi. Bu dardni koʻtarib yurish ogʻir. Togʻay Murod “Men oʻzbek xalqiga haykal qoʻyaman!” deganida katta hasrat bilan birga iʼziga ishonch mujassam. Adib asarlarida katta ijtimoiy dard koʻrinib turadi. Chunki u birovni dardini oʻziniki bilib asar yozdi. Shuning uchun uning “Men”i va “Biz”i qoʻshilib ketgan.
– “Men qaytib kelaman” kitobining taqdimot marosimida “Togʻay Murodga bizning oldimizda turibdi. Unga yetib olishimizga hali koʻp qovun pishigʻi kerak”, degandingiz. Oʻshanda nimalarni nazarda tutgangiz?
– Chinakam bitiklar insoniyat taqqiyotidan ilgarilab ketadi. Mana, Alisher Navoiy bizdan olti yuz yil ilgari yashagan boʻlsa, u mantiqan jamiyatdan shuncha vaqt orqada qolib ketishi kerak edi. U kompyuterni bilmaydi, mashinani koʻrmagan, deganlariday va hakazo. Aslida, biz hali Navoiyga yetib borganimizcha yoʻq. “Oʻtgan kunlar”ni yaratilganiga sakson boʻldi. Kim bu asarni toʻla oʻzlashtiroldim deya oladi? Shu maʼnoda Togʻay Murodni biz tushinib oldik yoki u yashashdan toʻxtadi, deb boʻlmaydi. Uning asarlari yashayveradi, keyingi avlodning oʻquvchilarini ham jalb qilaveradi, yigʻlataveradi, kuydiraveradi. Nevaralarimiz, evaralarimiz, chevaralarimiz ham Togʻay Murod asarlarini oʻqib, oʻzbekligini his qilib, keyingi avlodlarga ham tavsiya etaveradi… Men shunday oʻylayman.
– Men ham.
Azim Roʻziyev suhbatlashdi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/togay-murod-chizgan-suratlar/