2013 yil qissalari haqida ayrim muloµazalar
Oʻtgan yilda 30 dan ortiq qissa eʼlon qilindi. Biroq, afsuski, ularning yarmidan koʻprogʻi ommaviy adabiyot namunalariga toʻgʻri keladi. Asosan, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida chop etilgan, shuningdek, kitoblarga kiritilgan ayrim qissalarga umumiy tavsif berishga harakat qilamiz.
Ahmad Aʼzamning “Quroq” qissasi (“Yoshlik”, 2013 yil, 1-son) yozuvchining bolalik xotiralari asosida yaratilgan. Avtobiografik xarakterdagi mazkur qissaning bosh qahramonida mohiyatan ikkita subʼyekt birlashtirilgan, yaʼni ulardan biri, bola, ikkinchisi, bolaligini xotirlayotgan, voqelikni ellik yil beridan turib tahlildan oʻtkazayotgan inson. Yozuvchining uyida hech bir sabab va mantiqsiz paydo boʻlgan eshak qissa voqealarining boshlanishi, bolalik xotiralariga oʻtish uchun turtki vazifasini oʻtaydi. Ahmad Aʼzamga xos bir tekis intellektual mushohadaga moyil tahliliy uslub oʻquvchini qissa olamiga hech bir zoʻriqishsiz olib kiradi. Mazkur qissani faqat bolalik xotiralarini hikoya qiluvchi asar deyish, qissa mazmun-mundarijasini toraytirish boʻladi. “Quroq” qissasi ijtimoiy jihatdan hamisha faol boʻlgan insonning aʼmol-eʼtiqodini shakllantirgan omillar haqida ham tasavvur beradi.
Nosirjon Joʻrayevning “Kibor” qissasida (“Yoshlik”, 2013 yil, 5-son) davr yoshlarining ruhiyatida kechayotgan evrilishlarni ochib berishga intilish bor. Asarda ijtimoiy iyerarxiyaning tobora yuqoriroq pogʻonalarini egallab borayotgan insonning maʼnaviy-ruhiy olami, “kibor”lashish jarayoni tahlil qilinadi. “Muqaddima oʻrnida”, “Yoʻl”, “Xotima. Inqiroz” nomli uch qismdan iborat ushbu qissada yaxshi kuzatishlar, tahlillar berilgan, ammo bu tahlillarda sanʼatkordan koʻra tadqiqotchining nigohi ustunroq. Shu sabab koʻp oʻrinlarda qahramon nuqtai nazaridan berilayotgan rivoya oʻziniki boʻlmagan nutqqa aylanmasdan, muallif bayoni, muallifning oʻz dardlari izhori darajasida qolib ketgan. Yozuvchi tasvirni obʼyektivlashtirishga, qahramonni oʻzidan ajratishga qiynalyapti.
Bekzod Abdusamadning “Togʻ atirguli” voqeiy qissasi (“Yoshlik”, 2013 yil, 12-son) xalqona yoʻlda, xalq baxshilariga xos ifoda yoʻsinida bitilgan. Asarga muallif tomonidan kiritilgan sheʼriy parchalar hikoya qilinayotgan voqeaga, qahramonlar kechinma va kayfiyatlariga muvofiq tanlangan. Yosh yozuvchi asar tili ustida jiddiy ishlagani sezilib turibdi. Bu, ayniqsa, ikki sevishgan yosh tasvirida yaqqol koʻrinadi. Biroq, shuncha fazilatlariga qaramay, “Togʻ atirguli” kishida ikkiyoqlama taassurot qoldiradi. Muallif kitobxonni qissa badiiy olamiga olib kirib, qahramonlarning sevgi kechinmalariga oshno, sherik qilishga erishadi, ayni paytda, yozuvchi pozitsiyasida ijtimoiy-axloqiy meʼyor masalasiga beparvolik seziladi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, qissa qahramoni Shodi polvonning koʻpkariga borib, oʻzi qoʻnoq boʻlgan xonadondagi, oʻzganing mahrami boʻlgan oʻn kunlik kelinchak bilan kechgan ishqiy sarguzashtlari mehr bilan, romantik kayfiyatda tasvirlanadi. Qissa davomida voqealar oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida boʻlib oʻtganligi bir necha bor qayd etilgan. Shu oʻrinda bir mulohaza: agar shunga oʻxshash voqea yetmishinchi yillarda oʻsha davr yozuvchisi tomonidan tasvirlanganida, oʻzgacharoq, mohiyatan milliyroq talqinga duch kelgan boʻlar edik. Masalan, Alisher Ibodinovning “Koʻl boʻyida” yoki X. Sultonovning “Dunyoning siri” hikoyalaridagi kabi. Aytmoqchimanki, milliy xarakter, milliy mentalitet deganimiz, faqat sahnaga chiqqanda milliy liboslarda koʻrinadigan, aslida, yevropalashgan raqqosa qizga oʻxshab qolmasligi kerak.
Xoliyor Safarovning “Qanotsiz qushlar” qissasi (“Yoshlik”, 2013 yil, 7-8-son) “Mehribonlik uyi”da tarbiyalangan ikki sevishgan yoshning taqdiri haqida. Qissa uchun yoshlarning hayotda oʻz oʻrinlarini topishidek muhim muammo tanlab olingan. Biroq personajlar va syujet voqealaridagi normativlik asar badiiyatiga putur yetkazgan. Muallif kitobxonni atayin rahmini keltirishga urinayotgani sezilib qolgan. Qahramonlarning ota-onasi tashlab ketgani, mehribonlik uyida tarbiyalanishi, buning ustiga, sevgilisidan ayrilishi kabi motivlardan foydalanib yanada koʻproq achintirmoqchi boʻladi. Asar oxirida qahramonlardan biri “Biz qanotsiz uchdik”, deydi va bu bilan qiyinchiliklarni yengib oʻtganini taʼkidlamoqchi boʻladi. Biroq u qanday qiyinchiliklarga duch keldi, qanday qilib yengib oʻtdi – bular mavhumligicha qoladi va muallif sarlavhaga chiqargan masala oydinlashmaydi. Umuman, qissa muallifi haftalik gazetalar ob-havosidan chiqib ketolmagan koʻrinadi. Bizningcha, asosiy adabiy jurnallarimiz jiddiy adabiyot uchun qoʻyiladigan talablarni ushlab turgani maʼqulroq. “Qanotsiz qushlar” kabi boʻsh asarlarning chop etilishi busiz ham maydonning koʻp qismini egallab borayotgan ommaviy adabiyotga pozitsiyani berib qoʻyish boʻladi.
2013 yilda “Sharq yulduzi” jurnalida (2013 yil, 1-son) Hamroxon Musurmonovaning “Sirlar saltanatiga sayohat” fantastik qissasi va Zulfira Misbaxning “Adiba” qissasi (2013 yil, 5-son)dan ayrim boblar eʼlon qilindi. H. Musurmonovaning “Sirlar saltanatiga sayohat” qissasi shu yilning oʻzida kitob holida ham nashr etildi. Unda uch oʻrtoq – Shodbek, Rustam, Sarvar ismli oʻsmirlarning fantastik olam, yaʼni Sirlar saltanatidagi sarguzashtlari hikoya qilinadi. Oʻsmirlar dunyosining oʻziga xos jihatlarini bir qadar mahorat bilan tasvirlay olgani, uch oʻrtoqning har biriga xos individual xususiyatlar ifodasi – adibaning yutugʻi. Muallif qissa syujetini qiziqarli, kutilmagan voqealar bilan boyita olgan. Biroq ekologik muammolarning tavsifi, quruq bayoni, statistik maʼlumotlar oʻquvchini zeriktirib qoʻyishi mumkin.
Zulfira Misbaxning “Adiba” qissasidan boblar berilgani uchun qissa haqida yaxlit xulosa chiqarish qiyin. Biroq eʼlon qilingan qismlarning oʻziyoq asar syujetida yetarli asoslanmagan oʻrinlar borligini koʻrsatadi. Masalan, Nazar Vasilaning bir ogʻiz taʼnasi bilan oʻzgaradi, oʻz hayoti haqida butunlay boshqacha oʻylay boshlaydi. Bu oʻrinda xarakter mantigʻi unutiladi. Agar Nazarning oʻzgarishi uchun Vasilaning gapi bir turtki boʻlsa, bu oʻzgarishning ildizlari, hech boʻlmasa, ishora bilan berilishi kerak edi.
Gʻafur Shermuhammadning “Quduq” qissasi (“Sharq yulduzi”, 2013 yil, 2-son) voqealari garchi maishiy turmush fonida berilsa-da, uni oddiy maishiy mazmundagi asar, deb boʻlmaydi. Qissada nafaqat bosh qahramon, balki uning atrofidagi personajlar ham ijtimoiy-psixologik xarakter sifatida esda qoladi. Lallayga oʻxshash qahramonlarni biz ilgari rus adabiyotidagi kichkina odamlar misolida yoki oʻzbek adabiyotining 70-yillar avlodi asarlarida (E. Aʼzam. “Anoyining jaydari olmasi”, “Javob”; X. Sultonov. “Esonboy”) ham uchratganmiz. Lekin Gʻ. Shermuhammadning qahramoni ularni takrorlamaydi, garchi tashqi oʻxshashlik kuzatilsa-da, “Quduq”ning qahramoni oʻzi intilgan gʻoya-aʼmol bilan farq qilib turadi.
Qissa qahramoni – lallaygani uchun Lallay laqabini olgan Elmurod odamlarga koʻrsatayotgan yaxshiligi, insoniy munosabatiga yarasha ulardan javob kutadi. Lallay, qachonki, oʻzi uchun quduq qaziy boshlaganida kutganiga erishadi – odamlar qalbidagi yaxshilik bulogʻining koʻzi ochilganini koʻradi. Shu maʼnoda qissadagi quduq va suv obrazi yaxshilikning, chinakam insoniy munosabatning ramziga aylangan.
Qissaning syujeti juda puxta ishlangan. Muallif sahna-epizodlarni berish mahoratini yaxshi egallagan. Syujet voqealarida ortiqcha detallar, tafsilotlar uchramaydi. Lallayning oʻgʻli Shodmonjonning xastaligi syujet voqealarida muhim oʻrin tutadi. Biroq yigit yoshidagi Shodmonjonning oʻlimi nima uchun kerak? Har holda, bu voqea kitobxonning koʻnglida qahramonga nisbatan achinish hislarini yanada kuchaytirish uchun kiritilgan, deb oʻylamayman. Shodmonjon Lallayni tushunmagan kishilar tufayli yoki otasi xabar ololmagani uchun vafot etgani yoʻq. Yigitning oʻlimi bosh qahramon vaziyatini tushunish uchun mazmuniy aloqadorlikka ega: Lallay odamlar orasidagi toʻlaqonli oʻrnini his qilgunigacha yigit umrini yoʻqotdi. Yigit yoshida vafot etgan Shodmonjon ana shu katta yoʻqotishga, uzoq yillik urinishlarga ishora qiladi.
Hafiza Egamberdiyevaning “Naxshona” nomli kitobiga adibaning “Naxshona” va “Bir doʻmbira qismati” qissalari kiritilgan (H. Egamberdiyeva. Naxshona. – T.: Sharq, 2013). Bulardan birinchisi moʻgʻul istilochilariga qarshi kurashga otlangan qasoskor qizlar va ularning sardori Naxshona haqida. Asar fabulasini Naxshonaning yaqinlaridan ayrilib qasoskorga aylanganidan boshlab moʻgʻullar bilan navbatdagi jangda halok boʻlishiga qadar boʻlgan voqealar tashkil qiladi. Voqealar oʻz-oʻzicha qiziqarli boʻlgani holda, ularni hikoya qilib berish uslubi oʻzini oqlamagan. Muallif koʻp hollarda ilmiy uslubga yoki publitsistik bayonga oʻtib ketadi. Tarixiy voqelikni badiiy jonlantirishda muallifga oʻzi uchun oldindan tayyorlab olgan pozitsiya – faxrlanish va bu faxrni kitobxonga yuqtirish istagi halal bergan. Natijada, asarda publitsistik ruh kuchayib ketgan. Shunga koʻra, oʻzbek adabiyotidagi tarixiy asarlar erishgan badiiy tafakkur darajasidan qaralsa, “Naxshona” qissasini oldinga siljish sifatida baholab boʻlmaydi.
“Bir doʻmbira qismati” qissasi shoʻro davri qatagʻonlaridan aziyat chekkan baxshi oilasi haqida. Qissada gazeta tili ustunlik qiladi. Ayniqsa, asar boshlanishida qishloqdagi Navroʻz bayrami tasviri reportajga oʻxshab qolgan. Umuman, “Bir doʻmbira qismati” qissadan koʻra ocherk tipidagi asarni eslatadi. Albatta, mutaxassislar taʼkidlaganidek, qissa ocherkka yaqin turadi. Zero, publitsistika yoki adabiy tanqidda ocherk bajaradigan vazifa badiiy adabiyotda qissa janri zimmasiga tushadi. Shu bilan birga, qissa badiiylik qonuniyatlari asosida ish koʻrishini yoddan chiqarmaslik kerak.
Alisher Saʼdullaning “Shiroq” qissasi ham tarixiy mavzuda (A. Sa’dulla. Shiroq. – T.: O‘zbekiston, 2013). Muallif bizga maʼlum Shiroq afsonasini qahramonning ajdodlari haqidagi rivoyatlar bilan boyitgan. Shiroqni jasoratga undagan sabablarni vatanparvarlik tuygʻusi bilan bir qatorda ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan qasam bilan ham izohlaydi. Qissa qahramonlarining nutqi yetarli darajada individuallashtirilmagan, ularning deyarli barchasi bir xil tilda gapirishlari kitobxonni zeriktirib qoʻyadi.
“Lafz” nomli toʻplamdan Yusuf Fayzulloning “Sadoqat”, “Qaytish”, “Xonadonlardan biri” va “Lafz” degan toʻrt qissasi oʻrin olgan (Yu. Fayzullo. Lafz. – T.: Oʻzbekiston, 2013). Maishiy mavzudagi ushbu qissalarda voqelikni badiiy idrok etishga intilish bor. Biroq ularning dastlab chop etilgan haftalik gazetalar talabiga moslashtirilganligi ayrim personajlarning xarakter mantigʻiga koʻra emas, oldindan tayyor qoliplar asosida harakatlanishi, asar tilining sayqallanmay qolib ketishiga olib kelgan. Kitob holida chop etishda qissalarni qayta ishlash mumkin edi, biroq bunda ham muallif oʻzidagi ijodiy imkonlardan foydalanmagan.
Yil qissalari haqidagi xulosalardan avval janrning ayrim xususiyatlarini taʼkidlab oʻtmoqchimiz. Qissa janr sifatida bosh qahramon hayotidagi muhim bir bosqich tasviri orqali xarakterni ochib berarkan, oʻz navbatida, davrning eng muhim va dolzarb muammolariga javob izlaydi. Roman muallifi uchun tasvir predmetidan, romanga asos boʻlgan voqelikdan real uzilish shart boʻlsa, qissanavis uchun asarga material berayotgan voqelikdan uzilish shart emas. Shunga koʻra, qissa nisbatan operativ janr boʻlib, unda shu kecha-kunduzda kishilarni qiziqtirgan, oʻylantirgan mavzu-muammolarni romandan koʻra tezroq qalamga olib, badiiy xarakterlar orqali tahlil qilish, anglash imkoni mavjud.
Yil qissachiligini kuzatib quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
- Yozuvchi qissada yaratilgan xarakter orqali davr muammolarini anglashga intilar ekan, yil qissalari ularda biz yashab turgan voqelikning qaysi muammolari qalamga olinganligi nuqtai nazaridan umumiyliklarga ega. Bu jihatdan A. Aʼzamning “Quroq”, Gʻ. Shermuhammadning “Quduq” va N. Joʻrayevning “Kibor” qissalari xarakterli. Ularda jamiyatdagi ijtimoiy maqomini oʻzgartirib, qandaydir darajada farovonlikka, ijtimoiy-iqtisodiy muvozanatga (stabillikka) erishgan, ijtimoiy iyerarxiyaning ilgari oʻzi egallab turgan pogʻonasidan bir qadar koʻtarilgan, endilikda esa ortda qolgan odamlarga, ortda qolgan oʻz hayotiga qarab mulohaza qilayotgan inson (ziyoli)ni koʻrish mumkin. N. Joʻrayevning “kibor” qahramoni, A. Aʼzamdagi bolaligini xotirlayotgan odam, Gʻ. Shermuhammad qissasidagi muallif obrazida shu jihatdan umumiylik bor.
- Davr uchun qaysi mavzu-muammolar dolzarb ekani masalasida yozuvchi bilan kitobxonlarning nuqtai nazari farqlanishi mumkin. Koʻpchilik kitobxonlar dolzarb hisoblashi mumkin boʻlgan mavzular, yaʼni odam savdosi, migratsiya, bozor munosabatlari sharoitida oʻz oʻrnini topish, jumladan, qonuniy va noqonuniy biznes kabi mavzularda yozish orqali ommaviy adabiyot “qissa janri” degan maydonning katta qismini egallab olyapti. Sirasini yaytganda, shunday mavzularda yozishning oʻzi tasavvurimizda ommaviy adabiyot belgisiga aylanib qoldi. Holbuki, ommaviy va jiddiy adabiyotni farqlashda, masalani kim qaysi mavzuda yozyapti tarzida emas, ayni mavzudagi asarda xarakter mohiyati qay darajada ochib berilgan tarzida qoʻyish toʻgʻriroq boʻladi.
- Oʻzbek qissachiligi XX asr davomida juda koʻp yutuqlarga erishgani, qissa janr sifatida adabiyotimizda munosib oʻrnini egallagani hech kimga sir emas. A. Qahhor, Gʻ. Gʻulom kabi adiblar, 70-yillar avlodi tomonidan yaratilgan qissalar oʻz davrida nafaqat badiiy, balki ijtimoiy tafakkur taraqqiyotida ham muhim rol oʻynagan, kishilar ongida jiddiy ijobiy oʻzgarishlar yasagan. Shunday boy tajribaga ega boʻlgan oʻzbek qissachiligi janr imkoniyatlaridan foydalanishda asosiy pozitsiyani ommaviy adabiyotga berib qoʻyayotgani achinarli, albatta. Yoʻqotilayozgan mavqeni qayta egallash nosirlarimizdan koʻp mehnat qilishni, yangi imkonlar qidirishni talab qiladi.
Mashhura SHERALIYEVA
“Sharq yulduzi”, 2014–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adabiyotimizning-umumiy-manzarasi/