Togʻay Murodni shaxsan tanish, hamsuhbat boʻlish nasib etmagan, lekin uni yozuvchi sifatida taniganimga ancha boʻldi. “Oydinda yurgan odamlar” qissasini oʻqiganimda ismsiz bir taassurot ichida qolganimni eslayman: mazza qilib oʻqiganim rost-u, birovga aytib bergudek voqeasi yoʻqdek edi-da!.. Qahramonlari ham binoyidek-u, insho yozganingda “Falonchiga oʻxshagim keladi” deydigan emas-da!..
Bu yangligʻ taassurotning sababini keyinroq angladim: adabiyotimiz yangilanayotgan payt ekan, Togʻay Murod shu yangilanishni boshlaganlardan biri, bizning adabiyot haqidagi tasavvurlarimizni yangilagan avlodning ilgʻorida borgan vakillaridan ekan…
1
“Otamdan qolgan dalalar” nafaqat dolzarb mavzusi, balki badiiy jihatlari bilan-da adabiyotimizda jiddiy voqea boʻldi. Asarning oʻziga xos qurilishi, betakror ifoda yoʻsini, tildagi jozib ohang, samimiyat – bularning bari uning muvaffaqiyatini taʼminlagan asosiy omillardir. Bir suhbatda asar xususida soʻz borib, “Otamdan qolgan dalalar” janr eʼtibori bilan romanmi?” degan savolni oʻrtaga qoʻygan edim. Ha, janrning risoladagi talablaridan kelib chiqilsa, bu savolni qoʻyish asoslidek. Zero, roman markazida inson taqdiri turgan holda u tugal maqsad emas, romaniy qahramon dunyoni badiiy idrok etish, dunyo haqidagi, uning joriy holati haqidagi yaxlit badiiy kontseptsiyani shakllantirish va ifodalash vositasi, xolos. Shunga koʻra, odatda, romaniy qahramon – oʻz muhitiga sigʻmayotgan, muhit bilan ziddiyatga kirishgan, izlanayotgan shaxs sifatida namoyon boʻladi. Dehqonqulda esa bu xususiyatlar koʻrilmaydi, u – kechagi kunini muhit izmida sassizgina yashab oʻtgan, endi kechmishini mushohada qilayotgan odam. Dehqonqulning toʻlaqonli romaniy qahramon sifatida boʻy koʻrsatishiga rivoyaning birinchi shaxs tilidan berilgani monelik qilgan, ayni chogʻda, xuddi shu narsa asarda lirik ibtidoni kuchaytirgani ham yaqqol koʻrinadi: asarning koʻp oʻrinlarida voqeani tasvirlash emas, ularga munosabat bildirish maqsadi yetakchilik qiladi. Bularning natijasi oʻlaroq, asarda lirik ibtido salmoqli, badiiy jihatdan belgilovchi oʻrin tutadiki, “Otamdan qolgan dalalar” nasrda bitilgan romanik xarakterdagi “poema”dek, “doston”dek taassurot qoldiradi. Asardagi ifoda yoʻsini hamda voqelikni badiiy idrok etish usulining xalq dostonlariga eshligi uning muvaffaqiyatini taʼminlagan qoʻshimcha omil emasmikin?!
* * *
… romanning maqsadi dunyo haqidagi, uning joriy holati haqidagi yaxlit badiiy kontseptsiyani shakllantirish va ifodalash, romaniy qahramon shuning vositasi dedik. Shunga tayanib, “Otamdan qolgan dalalar” janrning risolaviy talablariga javob berishiga shubha ham bildirdik. Boshqa tomoni, axir, unda voqelikni qalbidan oʻtkazib, uning taʼsirida tugʻilgan kechinmalarini, munosabatini ifodalayotgan lirik qahramon – Togʻay Murodning oʻzi bor-ku?!. Dunyo bilan ziddiyatdagi, nasib etgan taqdiridan imkoni kengroq boʻlganidan muhitga sigʻmayotgan, aniqrogʻi, elining bir asrdan ziyod muhit – mustamlaka tuzumiga sigʻmay kelganini oʻzida namoyon etib turgan Togʻay Murodning oʻzi risoladagi romaniy qahramon emasmi?!.
* * *
“Otamdan qolgan dalalar”ni realistik asar deganimiz holda, unda realistik shartlilik darajasining yuqoriligi va bu narsa qatʼiy realizm talablaridan jiddiy chekinishlarga olib kelganligini eʼtirof etishga toʻgʻri keladi. Bu nimalarda koʻrinadi? Avvalo, vaqtning shartliligi: 20-yillarda es tanigan bolakay 60-yillarda ham bolaligicha qoladi. Bugina emas, umuman asarda tasvirlangan (yoki eslatilgan, ishora qilingan) voqealar, tafsilotlar real xronologiyaga doim ham muvofiq kelavermaydi. Undagi qator obrazlar (masalan, ideologiya, kinochilar, mustamlakachilar…) realistik obrazlar sifatida emas, koʻproq shartli, ramziy “maska” sifatida boʻy koʻrsatadi. Shunga oʻxshash, asarda haqiqiy familiyalari ostida harakatlanuvchi shoʻro hukumatining taniqli arboblari (Poltoratskiy, Kolesov, Uspenskiy…), murakkab taqdir egasi polkovnik Chanishevlarning bitta hayotiy holat – Aqrab qoʻrboshining qoʻlga olinishi doirasida tasvirlangani ham shartlilikdan oʻzga emas. Bulardan koʻrinadiki, asarda mustabid tuzumning tom maʼnodagi realistik obrazi emas, uning shartli obrazi yaratiladi: oʻquvchining koʻz oldida insoniylikdan butkul mahrum yovuzlik timsoli gavdalantiriladi. Asarning umumiy ruhini, “xiyla keskin – tendentsioz” ruhini belgilagan bu kabi usulning (yovuzlik lagerining oʻta shartliligiyu ezgulik lagerining hayotiy tasvirlanishi) ildizi ham aslida xalq ogʻzaki ijodidan oziqlanadi…
* * *
… meʼyordan ortgan tendentsiozlik – qusur, uning realizmga xos emasligi isbot talab qilmaydigan ayni haqiqat. Ammo “Otamdan qolgan dalalar” – davrning badiiy hujjati, unda jamiyatning mustamlakachilik barham topib, istiqlol neʼmatiga noil boʻlgan paytdagi ruhiyati akslangani ham bundan aslo kam boʻlmagan haqiqat. Zero, unda hammamizning – “dehqon” (“dehqon” – yer egasi demak emasmi?!) boʻla turib “qul”likda umrguzaronlik qilgan sizu bizning kayfiyatimiz, parchalangan zanjirlar ustida turgancha kechmishimizga sogʻlom nazar solgan, mustabid tuzumni yanib turgan holatimiz akslangan. Donishmandlardan biri “Insoniyat oʻz oʻtmishi bilan kulib xayrlashadi” degan ekan. Asar yozilgan paytda na Togʻay Murod, na sizu biz oʻtmish bilan kulib, kulish qayda, xotirjam xayrlashishga ham qodir emasmiz, negaki, istibdod zanjirlari qoldirgan yaralardan hali qon sizib turgandi. Shu maʼnoda, “Otamdan qolgan dalalar” – uzoq yillar yigʻilgan dardning misoli vulqonday otilishi, mustamlaka bilan xayrlashayotgan xalqning yigʻi – yoʻqlovi. Yoʻq, mustamlakaga kuyib emas, toptalgan qadri, gʻururini oʻylab chekkan nolasi; yurakni ezadigan, ruhni tushiradigan emas, aksincha, kishi ruhini yuksaltiradigan, qaddini tiklaydigan nola…
* * *
“Otamdan qolgan dalalar”ning, umuman, Togʻay Murod nasrining tili oʻziga xos, uslubi oʻziga xos. Sirasi, koʻnikib olmaguncha gʻalat koʻrinsa ham, ehtimol. Ehtimoli nimasi, asli ham shunday-da!.. “Otamdan qolgan dalalar”ni oʻqiganda rahmatli bobomning Soʻfi Olloyorni oʻqishi, oʻqishi emas, xirgoyi qilishini eslayman, beixtiyor xirgoyi qilishga oʻtaman… Siz ham urinib koʻring-a, tilning nechogʻli jozib ekanini his qilasiz… Ha, darvoqe, tilingiz xirgoyi qilganida, qalbingiz someʼ boʻlsin: chanqovuz, nay nolalari ortidan elas-elas jang nogʻoralari – dovul sasini ilgʻaysiz, borgan sari bu sas kuchayib boradi…
* * *
… hozircha “Otamdan qolgan dalalar” tanqidchilikda koʻproq gʻoyaviy-mazmuniy jihatlaridan kelib chiqib baholandi, uning poetik xususiyatlari, badiiy oʻziga xosligini atroflicha oʻrganish, asarning jozibasini taʼmin etgan omillarni ochib berish bugun va ertaning vazifasi boʻlib turibdi. Shunga qaramay, bir gapni dadil aytish mumkin: “Otamdan qolgan dalalar”ning janrini roman deymizmi yo boshqami, unda voqelik realistik tasvirlangan deymizmi yo norealistik, yozuvchi munosabatini tendentsioz deymizmi va yo obʼyektiv – bulardan qatʼi nazar, u yurtimiz tarixining muayyan bosqichida vujudga kelgan badiiy fenomen, yaxshi va betakror asarligicha qolaveradi.
2
… adabiyotimizni yangilagan avlod deb aytdik. Bu yangilanish, avvalo, insonga munosabatda yuz koʻrsatdi. Endi insonni “buyuk gʻoya”ga aloqasi yo unga qilgan xizmatidan kelib chiqib baholash emas, uni bir inson sifatida anglash, dardu quvonchi, orzuyu armonlarini koʻrsatishga intilish kuchaydi. Qarasak, atrofimizda yelib-yonib yo gʻivirsib-tutab yurgan odamki bor, bari INSON ekan – har qaysisi olam ichra bir olam ekan. Togʻay Murod shu oddiy haqiqatni koʻpchiligimizdan avvalroq anglagan, kal chavandoz yoki befarzand qariyalarning oʻy-tashvishlari, dard-armonlari, tuygʻu-kechinmalari ancha-munchadan qolishmaydi, “kichik odam”larda-da katta qalb boʻladi, degan aqida bilan ijod maydoniga kirgan ekan…
* * *
Botir firqani koʻpchilik “qizil” deb soʻkadi, uning faxri boʻlgan ordenlarini uloqtirishni, eʼtiqod qilib, yashab oʻtgan umrining mazmuni sifatida har vaqt yonida iftixor bilan olib yurgan partbiletini yoqishni talab qilishadi…
“Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romani xuddi shunday – minglab “botir firqalar” oyoq qoʻygan zamin birdan yoʻqolib, oʻtmish va kelajak orasida muallaq turib qolgan bir davrda yozilgan…
Togʻay Murodning hech bir asarida “qizillik” koʻrilmagan? U hech vaqt “qizil” boʻlgan emas. Shunday ekan, u ham koʻp qatori Botir firqani yerparchin qilsa, bundan oʻz vaqtida moʻmaygina “siyosiy dividend” ola qolsa boʻlmasmidi? Boʻlmas ekanki, Botir firqada bir inson fojiasini koʻrishga intilgan-da… chinakam sanʼatkor uchun gʻoya emas, inson birlamchi degan eʼtiqod bilan qalam tebratgan-da, axir…
* * *
…”Oldin bahor – oxir xazon boʻldi”, nima boʻlganda ham, Botir firqa umrini yashab oʻtdi: Botir qoʻshchi edi – “Botir firqa” boʻldi, soʻngra “oʻrtoq Esonov” boʻlib davr surdi: kimgadir yaxshilik qildi, kimgadir yomonlik; nimadir qurdi, nimanidir buzdi… – barini elga xizmat qilyapman, el uchun qilyapman, el saodati uchun qilyapman degan ishonchda qildi. Kun kelib, xizmatlari bir pul boʻldi: yov qochgan, koʻpaygan botirlar uni “qizil” dedilar, millatning dushmani, dedilar…
Axir, “Siz kimning zurriyotini bozorga olib chiqqaningizni bilyapsizmi?” deya eshonzodalar fojiasiga kuygan ham, “Shugina bir… goʻdakni boqib boʻlmay qoldimi?” deya el ahvolidan yuragi sel boʻlgan ham, “Aziz zotlarni bevasi, juda tabarruk zotlarni zurriyoti”, deya ularni NKVDchilardan tilab olgan ham Botir firqa emasmi?! Qarang-a, Saidxoʻja eshon honaqosi buzilganida, “El-yurt nafas yutdi. El-yurt suv sepmishdek jim-jit boʻldi. El-yurt aza tutdi”, xolos… Botir firqa bir tadbir qilmoqchi boʻlganida, “faol zoti bor – oʻzini olib qochdi” – bejiz emas. Botir firqa “yakkash oʻzi oʻyladi. Bir eskicha, bir yangicha oʻyladi. Eskicha bilan yangichani qoʻshib oʻyladi” va “yurak yutib… bir ishga qoʻl urdi”: honaqoning “mumtoz ustalar” yasagan darvoza-derazalarini oʻtinxonaga yashirdi…
“Oʻzingiz qanday boʻlsangiz, sizga shundoq amirlar qoʻyilur”, deyiladi muqaddas bitiklarda. Yashirib nima qildik, yov qochgach, hammamiz-da botirlandik va… borki kulfatlar uchun aybni kechagi kunning yurt ogʻalariga yukladik-qoʻydik… Oʻzni aybdor his qilish ogʻir, oʻzgani ayblash oson – koʻngilni xotirjam etdik goʻyo. Togʻay Murodning bezovta qalbi bunga koʻnmadi, koʻnolmadi…
* * *
Bejiz emas, dedik… bejiz demadik…
Botir firqa ochlikdan nobud boʻlgan hamqishloqlari haqiga duo qilishga chogʻlandi va shu on yonida NKVDchilar borligini eslab, sezib qolishmadimi, deya hadikda qoldi… Botir firqa ocharchilikka qarshi gʻaroyib kurash usulini koʻrib, “Oʻz el-yurtingiz emasmi, odamga picha botar ekan. Uncha-muncha malol kelar ekan”, deya ojizgina eʼtiroz qildi, dilidagining ozrogʻini tiliga chiqardi. Biroq NKVDchilar bu “Sovet hukumatining buyrugʻi! Sovet hukumatining xohish-irodasi! Yoki sovet hukumatidan norozimisiz?” deya uni darhol oʻziga keltirishdi: “Ana shunda, Botir firqa bir seskanib oldi”…
Seskangani gunohmi? Darhol oʻzini oʻnglab, qaddini tik tutganicha “Yashasin, Shoʻro hukumati!” – deya tantanavor hayqirgani aybmi?.. Ayblashga haqlimizmi?.. Dadil bir narsa deyish qiyin: bu oʻrinda har kimning hukmi oʻzicha toʻgʻri, balki?!.
Togʻay Murod qahramoniga evrilib koʻrdi, Togʻay Murod qahramoniga yogʻilgan taʼna-malomatlarni oʻz tanasida sinab koʻrdi… Togʻay Murod taxminan shunday oʻyladi, shu boisgina bizning oʻy-mushohadalarimizni ham shu oʻzanga soldi, sola bildi…
* * *
Qabristonlarni ziyorat qilib turish buyurilgan bizga. Bejiz emas. Qabriston – oʻtmish bilan kelajakni tutashtirgan joy: hammamizning ajdodlarimiz shunda, hammamizning borar joyimiz – shu. Qabriston dunyoning foniyligini, inson umri juda qisqaligini, kishi oʻz amallari uchun ham oʻtmish, ham kelajak oldida birdek masʼulligini eslatib turadi…
Botir firqa ruhiyatidagi burilish, yangilanishda qabriston ziyoratlari hal qiluvchi turtki boʻldi… Janozasiz koʻmilgan “raykom Toʻraqulov” qabri boshidagi beoʻxshov tilovati, “hung-hung yigʻlab qoʻya bergani… oʻkirib-oʻkirib yigʻlab qoʻya bergani” – Botir firqaning tazarrusi, qoʻlidan kelgancha amallagan tavbasi.
Tilovat asnosi “oʻrtoq Yagoda qilichlaridan aylanib oʻtgan, Yejov oʻqlariga chap bergan, Beriya qamoqlaridan eson-omon oʻtgan” Botir firqa “urush-urush” oʻynagan bolalarni KGB fahmlab dahshatga tushdi… Bejiz emas: “Ilon chaqqan kishi ola arqondan qoʻrqadi”… Zarb izlari kaltaklangan tanadan ketar-u, kaltaklangan ruhdan aslo ketmaydi. Botir firqa muttasil qoʻrquvda yashadi, shu qoʻrquv uni dilidagi norozilikni oʻldirib yashashga koʻniktirdi. Sobiq raykom Toʻraqulovni partiyaviy dafn etish haqida partiyaviy topshiriq olganida, koʻngli bunga osongina koʻngan emas: tuni bilan uxlayolmay chiqadi, lekin… ertasi marhumni janozasiz koʻmdiradi…
Insonda tanlov imkoniyati hamisha bor… Aytaylik, Botir firqada muttasil qoʻrquv ostida yashash yoki tik turib oʻlish imkonlari mavjud edi. Firqa birinchi imkonni tanladi. Togʻay Murod tanlash uning haqqi deb biladi, qoralamaydi – tasvirlab koʻrsatadi: oʻquvchisi qarshisida tanlov imkoniyatini yaratib, eʼtiqodiga sodiqligicha shahidlik yoʻlini tutganlar koʻpaysa deya umidlanadi…
… maʼni deganlari juda serqirra narsa: qay tarafdan qarama, uning qator qirralari nigohingdan pinhon; qay tomondan qarasang, shunga mos qirralari koʻz oldingda namoyon: hamma qirralarni birdan va birdek koʻra olish odam bolasining chekiga tushmabdi. Roman finalini oʻzimcha angladim, oʻzimcha magʻzini chaqqan boʻldim…
Botir firqa ekkan chinorlar qoʻporib tashlandi, Botir firqa yaratgan bogʻ oʻrnidan Buyuk ipak yoʻli oʻtar boʻldi… Umr beiz ketdi – umr beiz ketmadi… El oʻsha chinorlar soyasidan bahra olgan, bogʻ mevalaridan elning ogʻzi chuchigan… E-voh, soya oʻtkinchi, tot oʻtkinchi… – umr beiz ketdimi? Alhazar… bunaqada nafaqat Botir firqa, umuman, inson umri maʼnisiz, benaf boʻlib chiqmaydimi?! Yoʻq, Botir firqa bunga koʻnmaydi… aniqrogʻi, Togʻay Murodning bezovta qalbi bunga koʻnmaydi, koʻnolmaydi – u javob izlaydi, oʻrtanib javob izlaydi, yuragi yonib, jizgʻanak boʻlib javob izlaydi… Izlagan – topadi: Botir firqa ham javob topdi, toʻgʻrirogʻi, uning vositasida Togʻay Murod javob topdi. Ruhiy iztiroblari adogʻida oʻzi izlagan maʼniga yaqinlashgan Botir firqaning holatini koʻring:
“joni achidi… tani kuydi” – “tan-joni… shodlandi”,
“ichi kuydi” – “ichi kuldi”,
“koʻzlarida qaygʻu boʻldi” – “koʻzlarida bayram boʻldi”.
Botir firqa oʻzi uchun “Biz ekkan chinorlar… Buyuk ipak yoʻli boʻldi” degan haqiqatni kashf etdi, “Biz endi Buyuk ipak yoʻlida yuramiz”, deya faxr etdi. Avvalgi biz boshqa, keyingisi boshqa. Avval u oʻzini tamom ortiqcha sezgan, oʻzini eldan ajratgan edi – endi qoʻshilyapti, uni “qizil” deya chiqitga chiqarmoq boʻlishgandi – chiqarolmadilar: “Odamning chiqiti boʻlmaydi”; uni songa qoʻshdilar – u qayta tirildi…
Ha, har qanday amal… ezgu niyat bilan qilingan amal-da oʻtkinchi, uning mahsuli-da oʻtkinchi, faqat EZGU NIYATning oʻzigina sobit, shuning oʻzigina boqiy. Ezgu niyat – avlodlar orasidagi koʻrinmas zanjir, ezgu niyat oʻtmish bilan bugun va ertani birlashtiradi – hammamizni, hech bir “chiqit”siz bitta tomirga mansub etadi. Ezgu niyat elni xalq, xalqni millat qiladi, ezgu niyat atrofida birlashsagina Buyuk ipak yoʻlida millatning yoʻli unadi… Togʻay Murod anglagan maʼni – shu, toʻgʻrirogʻi, uning kaminaga ayon boʻlgan qirrasi – shu.
3
Togʻay Murod ezgu niyatlarni diliga tutib ijod qildi…
Togʻay Murod ezgulik mavqeida mustaqim boʻlishga intildi…
Togʻay Murod ezgulik urugʻlarini qalblarimizga sochib ketdi…
Oʻzida polvonlarga xos tantilik, shoirlarga xos injalik, darveshlarga xos gʻaroyiblik, el-yurtiga nisbatan begʻaraz muhabbatni jam etgan Oʻzbekning katta adibi tavalludi 60 yilligi barchamizga muborak boʻlsin!
Dilmurod Quronov,
filologiya fanlari doktori
“Hurriyat” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qalblarni-larzaga-solgan-xirgoyi/