- Birodar, faqat yolgʻiz odam asar izlaydi. Faqat yolgʻiz odam asar topadi. Faqat yolgʻiz odam asar yaratadi.
Ana shu yolgʻiz odam Yozuvchilar uyushmasi ostonasidan kirib keladi.
U zot oʻychan ham gʻamgin boʻladi. Magʻrur ham dimogʻdor boʻladi. Salom-nima, alik nima – bilmaydi.
Oʻzi, qaysi bir yurtdan poyezdga osilib kelgan boʻladi. Hatto, yashash uchun turar-joyi boʻlmaydi.
Yolgʻiz odamni bir qoʻltigʻida Kafka boʻladi, bir qoʻltigʻida Kamyu boʻladi. U zot faqat qoʻltigʻidagi qalamkashlarni va… yolgʻiz oʻzini tan oladi!
“Adabiyotni qaytatdan, yaratish kerak”, deb qoʻyadi. “Chingiz Aytmatov ham yomon emas”, deb qoʻyadi.
Yolgʻiz odam Yozuvchilar uyushmasiga kirish uchun uchta yoʻllanma olib keladi. Yoʻllanmalar mana bunday boʻladi: “oʻz dunyosi bor, oʻz yoʻli bor, oʻz tili bor…”
Goʻyo, u zot bu sayyoradan emas, oʻzga sayyoradan. Goʻyo, u zot yer farzandi emas, samo farzandi. Xullas… buyuk!
Bunday qaralsa – ushbu yoʻllanmalar kulgiliday tuyuladi. Aslida, yoʻllanmalarda zigʻirday jon boʻladi. Yolgʻiz odamni ilk kitobi ana shu jondan nishona beradi.
Yolgʻiz odam ana shunday yoʻllanmalar bilan Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi boʻladi-yu… yolgʻiz odam boʻlmaydi.
U endi”doʻst” orttiradi, “doʻstlar davrasi” orttiradi.
“Avvalo odam boʻlish kerak”, “Grajdan boʻlish kerak”, “shoirlik taqdir – hammamiz ham bir darvesh”.
“Doʻstlar” ana shunday shior ostida “ijod” qiladi.
U “doʻstlar” bilan nahorda oshga boradi, peshinda oshga boradi, oqshomda oshga boradi.
U eadi… “avvalo odam boʻladi”, “grajdan boʻladi”, “bir darvesh” boʻladi. Qoʻli koʻksida – tutun chiqqan joydan qolmaydi.
U koʻnsa koʻndi, koʻnmasa – badnom boʻladi.
Birov ustoz boʻlib. uni oʻngga yetaklaydi. Birov aka boʻlib, uni chapga yetaklaydi. birov muharrir boʻlib, boshqa bir yoqqa yetaklaydi.
U endi… “koʻp qatori boʻladk”, “oʻzimiz qatori” boʻladi.
“Katta bir nima deganda xoʻp deng”, “Siz aytganni qiling, kam boʻlmaysiz”, “Akalaringizni mahkam ushlasangiz, odam boʻlasiz”.
U ana shunday ustozona maslahatlar ostida “ijod” qiladi.
U koʻnsa koʻndi, koʻnmasa – ishga kirolmaydi, uy ololmaydi, mashina ololmaydi.
U endi guruhlar manfaati yoʻlida boʻzchini mokisi boʻladi. Fraksiyalar maqsadi yoʻlida xalq dilidagini aytuvchi xalqparvar boʻladi. Fraksiyalar foydasi yoʻlida vatanini oʻylovchi vatanparvar boʻladi.
U endi haqikatparvar qiyofasida muqaddas dargohlarni algʻov-dalgʻov etadi. Poqdomon dillarni yara etadi. Majlislarda dunyoni boshiga koʻtaradi.
Oxir-oqibat – yalangʻoch qirol boʻlib qoladi.
Birodar, ezgulik yoʻlida guruh tuzmaydilar. Vatan yoʻlida fraksiya tuzmaydilar. Xalq yoʻlida fraksiya tuzmaydilar.
“Guruh – bir-ikkita zot manfaati yoʻlida bir toʻda olomon telbaligidyar”.
Jonatan Svift ana shunday deb edi.
Birodar, siz “mustaqil Oʻzbekiston”, deb hayqirasiz. Chin, Oʻzbekiston mustaqil boʻldi. Chin, Oʻebekiston uch yildan buyon mustaqillik gashtini surib yashamoqda.
Endi… siz oʻzingizga bir… oyna olib qarang: siz-chi” siz oʻzingiz-chi?
Birodar, men siz-da Oʻzbekiston yurtingizday mustaqil boʻlsangiz deyman. Men sizga-da mustaqillik tilayman.
Birodar, jahonda bir qator xalqaro tashkilotlar bor. Barchasi-da olamjahon tashkilot, barchasi-da nufuzli tashkilot. Jahon mamlakatlari birovga qoʻshilmaydigan xalqaro tashkiloti ana shular jumlasidan. Qanaqa tashkilot ekani nsmidan ayon – birovga qoʻshilmaydigan davlatlar tashkiloti.
Birodar, Oʻzbekiston yurtingiz ana shu xalqaro tashkilot aʼzosi boʻldi, Oʻzbekiston yurtingiz birovga qoʻshilmaydigan jahsn davlatlari safidan joy oldi.
Endi… siz-da oʻzingizga bir… oyna olib qarang: siz-chi, siz oʻzingiz-chi?
Birodar, men sizni birovga qoʻshilmaydigan Oʻzbekiston yurtingizdan namuna olsangiz, deyman. Men sizga mustaqillik tilayman.
Birodar, Oʻzbekiston yurtingiz oʻz gerbiga ega boʻldi.
Gerb – davlat yuzi, demaqdir. Gerb – el yuzi, demakdir.
Ana endi Oʻzbekiston davlatingizni oʻz yuzi bor davlat, desa boʻladi. Ana endi oʻzbek elingizni oʻz yuzi bor el, desa boʻladi.
Endi… siz oʻzingizga-da bir… oyna olib qarang: oʻzlarida-chi, oʻzlarida?
Birodar, men sizni Oʻzbekiston davlatingiz yoʻlidan borsangiz, deyman. Men sizni oʻzbek elingizdan namuna olsangiz, deyman.
Birodar, men sizda shaxsiy gerb – oʻz yuzingiz boʻlsa, deyman. Men sizga shaksiy gerb – shaxsiy yuz tilayman.
Birodar, Oʻzbekiston yurtingiz oʻz gimniga ega boʻldi.
Gimn – davlat soʻzi, demakdir. Gimn – el soʻzi, demakdir.
Ana endi Oʻzbekiston davlatingizni oʻz soʻzi bor davlat, desa boʻladi. Ana endi oʻzbek elingizni oʻz soʻzi bor el, desa boʻladi.
Birodar, siz oʻzingizga tagʻin bir… oyna olib qarang: oʻzlarini-chi, oʻzlarini?
Birodar, men sizda-da shaxsiy gimn – oʻz soʻzingiz boʻlsa, deyman. Men sizga-da shaxsiy gimn – shaxsiy soʻz tilayman.
- Dastxat nima?
Dastxat – barmoq… Dastxat – qoʻl. Dastxat – imzo.
Ana shu tamgʻalardan inson zoti kim – bilib olsa boʻladi.
Shu bois, imzo – hujjat, imzo – dastxat.
Hayotda dastxatlar koʻp: olim dastxati, qahramon dastxati, sanʼatkor dastxati…
Ammo qalamkash dastxati – dastxatlar dastxati. Qalamkash dastxati – tabarruk dastxat. Qalamkash dastxati – tarixky dastxat.
Men Abdulla Oripovdan dastxat olish uchun… nonga navbatda turganday turib edim. Men Chingiz Aytmatovdan dastxat olish uchun… aeroport borib poylab edim.
Uyimda ana shu zotlar dastxati bor. Men ushbu dastxatlarga qarab-qarab yashayman. Men xayolimda… Oripov bilan yonma-yon yashayman. Men xayolimda… Aytmatov bilan qoʻshni yashayman.
Men ushbu dastxatlarga qarab-qarab… oʻzimni dadil ham ulugʻvor chogʻlayman!
Birodar, kimdir lider boʻlmoqchi boʻladi. Ammo lider boʻlolmaydi. Ojiz boʻladi.
Aslida, inson uchun yer yaxshi. Boisi, inson yer farzandi.
Ammo u zot yerga qanoat qilmaydi. U yuksaklarni koʻzlaydi. U fazoga talpinadi,
U zot koʻtarilish uchun narvon izlaydi. Narvon deya, vatanparvar qiyofasida vatanfurushlik qiladi, xalqparvar qiyofasida xalqfurushlik qiladi. Narvon deya, mol-dunyo tarqatadi, jon kuydiradi.
Oxir-oqibat, narvon topadi. Uzun-uzun narvon. Yigirma-oʻttiz zinapoyali narvon.
U zot ana shu narvondan yuqori koʻtariladi,
U tevarakka dimogʻi bilan qaraydi. U ulugʻvor-ulugʻvor qaraydi. U buyukona-buyukona qaraydi.
Goʻyo, u choʻqqi, barcha – yer. Goʻyo, u ulugʻ, barcha – faqir. Goʻyo, u buyuk, barcha – chivin.
Birodar, ana shu narvon… siz yigʻajak imzolar! Ana shu narvon… siz qoʻyajak imzolar!
Uzun-uzun. Qavat-kavat. Bir imzo – bir zina, bir zina – bir imzo. Bir, ikki, uch… yigirma beshta imzo. Demak, yigirma beshta zina!
Lider ana shu narvon zinalar – imzolaringizga oyoq tirab mansabga koʻtariladi. Lider narvon zinalar – imzolaringizga oyoq qoʻyib shon-shuhrat choʻqqisiga yuqorilaydi. Lider narvon zinalar – imzolaringizga oyoq tirab gʻanimlaridan oʻch oladi.
Siz… zinapoya boʻlasiz!
Axir, bnr imzo ostida bir shoir yelkasi yotadi. Bir imzo ostida bir adib boshi yotadi. Bir imzo ostida bir olim koʻkragi yotadi.
Lider… shoirona yelkangizga oyogʻini qoʻyib koʻtaryladi. Lider… adibona boshingizga oyogʻini bosib yuqorilaydi. Lider olnmona koʻkragingizga oyogʻini tirab koʻtariladi.
Shunday, siz zinapoya boʻlasiz.
Imzolar – zinalar, zinalar – imzolar…
Matbuotlarda Zina-zina shoirona imzolar, Zina-zina adibona imzolar! Yuqori idoralarda qator-qator shoirona imzolar, qator-qator adibona imzolar! Arxivlarda qavat-qavat shoirona imzolar, qavat-qavat adibona imzolar!
Birodar, adabiyot imzo sanʼati emas, yoʻq, adabiyot imzo sanʼati emas!
Siz imzo emas, siz – soʻz yigʻing. Siz arizaga emas, siz – asarga imzo qoʻying.
Ana shu asaringizii narvon qilib – yuqori koʻtariling. Oyoqlaringiz ostida imzongiz emas – asaringiz boʻlsin!
El-yurtda qachon qayta qurish boʻladi?
Xar banda oʻz aravasini oʻzi tortsa – el-yurtda qayta qurish boʻladi. Har banda oʻz aravasini oʻzi tortsa – el-yurt boy ham obod boʻladi.
Birodar, sizning aravangie – adabiyot!
Birodar, shoir imzosi kulgi boʻlmish ushbu kunda siz oʻz imzongizni avaylang.
El sizni bir koʻrish uchun yogʻilib kelsin. El sizdan dastxat olish uchun navbatda tursin. El dastxatingiz bilan faxrlansin.
Birodar, adib imzosi sharmisor boʻlmish ushbu kunda siz oʻz imzongizni qadrlang.
El sizni kutib olish uchun peshvoz chiqsin. El sizdan dastxat soʻrasin. El dastxatingizni uyi toʻriga quysin.
Birodar, qalamkash imzosi oyoq osti boʻlmish ushbu kunda siz oʻz imzongizni koʻz qorachigʻingizda olib yuring.
- Samarqazd minoralari olisdan choʻp misol koʻrinadi. Goʻyo, ushlasa kaftga sigʻadi. Yaqinroqdan esa kallaklangan tut misol koʻrinadi. Goʻyo, quchoqlasa quchoqqa sigʻadi.
Oldidan bahaybatdan-bahaybat minora boʻlib koʻrinadi. Kaft tugul, aqlga sigʻmaydi. Quchoq tugul, xayolga sigmaydi.
Minora uchidan yer sayin kengayib keladi. Yerga kelib yoʻgʻonlashadi. Minora joyi ulkan gumbaz boʻladi. Inson gumbaz poyida bir ushoq boʻlib qoladi.
Ana shu gumbaz poydevor minoralarni asrlar osha koʻtarib keldi. Umr ato etib keldi.
Badiiy asar-da misoli bir minora. Asarni-da oʻz poydevori boʻladi. Asar umri ana shu poydevordan bino boʻladi.
Asar poydevori – til.
Tagʻin bir til bor. Bu – ogʻiz til. Goʻdak kaftiday lahim et. Suyaksiz et,
Ijod olamida bir toifa qalamkashlar boʻladi. Ular asari… harflardan iborat boʻladi. Tuzsiz soʻzlardan iborat boʻladi. Betayin soʻzlardan iborat boʻladi.
Bu qalamkashlarni ogʻiz tili esa… asfalt yoʻlday boʻladi. Ogʻiz tili asfalt yoʻlday uzun ham cheksiz boʻladi. Ogʻiz tili asfalt yoʻlday qop-qora ham qoʻlansa boʻladi.
Birodar, til – dil, dil – til. Farqi – bir harf, bittagina harf.
Bunday qalamkashlar umriyam asfalt yoʻlday ezilib oʻtadi. Umri qishda muzlab oʻtadi. Umri yozda kuyib oʻtadi.
Bunday qalamkashlarda tan-sogʻlik boʻlmaydi. Bet-bosh boʻlmaydi. Rang-roʻy boʻlmaydi. Ust-bosh boʻlmaydi.
Birodar, yomon til yo jonga uradi, yo imonga uradi!
Bundaylar har soʻzini oylab oʻylaydi. Har soʻzini haftalab oʻylaydi. Har soʻzini kunlab oʻylaydi. Uylab-oʻylab gap tarqatadi, gap sotadi, gap sasiydi.
Gapi aylanib oʻziga kelsa – u bez boʻlib tura beradk, u tonib tura beradi. “Qanaqa gap?” – deydi. “Men bilmayman”, deydi. “Tilni suyagi bormi, gapiraveradigʻda”, deydi.
Bundaylar ijodini jamlasa bir jild boʻladi, igʻvosini jamlasa-oʻn jild boʻladi!
Bundaylar maqsadlariga qanday erishadi? Bundaydar… salom-aliqsa otashnafas boʻladi. Muomalada “odamni joni” boʻladi. Ulfatchilikni qotiradi. “Doʻstim”, “oʻrtoq”, deya oʻpishib koʻrishadi. Duoi fotihani boplaydi. “Janob”, “taqsir”, deya soʻzamol boʻladi.
Birodar, seni menlar nimadan boshlanadi? Bir ogʻiz igʻvodan boshlanadi. Bir-birlari aro tish qayrashlar nimadan boshlanadi? Bir ogʻiz fisq-fasoddan boshlanadi. Oʻzaro gʻanimlik nimadan boshlanadi? Bir ogʻiz fitnadan boshlanadi.
Tayoq etdan oʻtadi, soʻz suyakdan oʻtadi.
Birodar, jahon urushlariyam… fitnadan boshlanib edi!
Hayot til bilan boshlanadi, hayot til bilan ado boʻladi. Shu bois, hayotga kelajak insonni: “tili chiqibda”, deydi. Hayotdan ketajak insonni; “tildan qolibdi”, deydi.
Birodar, qalamkashni suydiradigan – asari tili, qalamkashni kuydiradigan – ogʻiz tili!
Togʻay MUROD
1993 yil
https://saviya.uz/ijod/nasr/yosh-qalamkashlarga-tilaklarim/