Tengsizim
Koʻksimni toʻldirdi toza havolar,
Ha, shifoga keldi darmon, davolar.
Dunyo toʻlqinlari qattol va johil,
Qarayman, ufqda koʻrinmas sohil.
Oʻrtada dengiz bor, yurak dengizi,
Undan qanday kechib oʻtay, tengsizim?
Qoʻllaringni uzat, jonim choʻkmasin,
Qilichdek qoshlaring qonim toʻkmasin.
Lablar va kulgichlar yoyilar gulday,
Asirlikka keldim, ilojsiz qulday.
Ixtiyorim endi faqat oʻzingda,
Izingda, soʻzingda, koʻzingda.
Boʻronlar kaftida chayqalar kema,
Ey eshkak egasi, alvido, dema!
Soʻnggi kunimgacha xizmatingdaman,
Ishq va iymon degan ismatingdaman.
Zulmat koʻzlarimni ochib ber, mayli,
Ulfat soʻzlarimni sochib ber, mayli.
Koʻnglimning dardiga ishqdan malham qoʻy,
Boʻynimni sevgilim qoshi bilan soʻy.
Uning qoʻllarida ne boʻlsam, boʻlay:
Yo oʻlay, yo soʻlay, yo ishqqa toʻlay!
Ey ishq, dargohingga chopib boraman,
Yoʻqotgan oʻzimni topib boraman.
Oʻrtada dengiz bor, yurak dengizi,
Undan qanday kechib oʻtay, tengsizim?
Koʻlda
Chayqaladi suvda qayiq hilol kabi,
Mavjlar kelar toʻlqin-toʻlqin shamol kabi.
Bu ayolning yuziga oy nuri tushar,
Yelkasiga tushar yogʻdu roʻmol kabi.
Ayol hatto oyga bermas yarim betin,
Ikki qoʻllab qattiq tutgan qayiq chetin.
Koʻylagini yoritadi shaydoyi oy,
Tugmalarin tutib koʻrar birin-ketin.
Yulduzlarga sochar ayol koʻl suvini,
Sanay boshlar yulduzlarning suruvini.
Suv sinigʻi baliqlarning qanotida
Olib kelar qamishzorning shov-shuvini.
Koʻl yuziga oltin halqa yoyiladi,
Olmos koʻkning bir burjiga yoy iladi.
Ikki bilak bilanglaydi baliq kabi,
Koʻrgan baliq suzayotib tayriladi.
Suvqogʻozni varaqlaydi yolgʻiz eshkak,
Oʻqigan har satri uning hasrat, beshak.
Suyaklari ogʻrimasin deb ayolning
Tagiga oy toʻshayotir nurdan toʻshak.
Ayol bilan chayqaladi butun borliq,
Bul chiroyga bitta borliq qilar torlik.
Bir olamga shu bir ayol yetadi deb,
Berilgandir osmon muhri – oyga yorliq.
Chayqaladi suvda qayiq hilol kabi,
Nur ichadi ayol nozik nihol kabi.
Suv sinigʻi oy sinigʻin sochib ketar,
Oy sochilar koʻlga singan sopol kabi.
Sen kelganda
Sen kelganda otam yoʻq edi,
Sen kelganda bor edi bahor.
Sen kelganda alam toʻq edi,
Gulga bulbul andarmon va yor.
Ostonada oʻtirib qoldi,
Goh devorga suyandi onam.
Roʻmolini shamollar oldi,
Sen kelganda oʻzgardi olam.
Sen kelganda opam dod soldi,
Balki, singlim tanidi arang.
Havolarda zanglar yoʻqoldi,
Sen kelganda… keldi mingta rang.
Tor hovlimiz kengayib ketdi,
Yuragimga qoʻndi quyoshim.
Hayajonim suyakka yetdi,
Tirqiradi koʻzimdan yoshim.
Nuragan ul paxsa devordan
Sakrab oʻtdi kiyimsiz shamol.
Goh koʻzlardan, goho lablardan
Asalari yalar edi bol.
Keltirdilar katta qoʻchqorni,
Oʻchoq, tandir olovga toʻydi.
Sinib, choʻkkan nomusni, orni
Yelkalaring koʻtarib qoʻydi.
Koʻpni koʻrgan toʻda-toʻda qush
Jar solardi yer bilan koʻkka.
Yuragimda kechardi tovush,
Sen kelganda… kelganda yakka…
Aka…
Kahkashondan uzilib
Poyezd kelar uzoqlardan,
Ufqlardan uzilib.
Keladi u bir yoqlardan
Va ketadi choʻzilib.
Poyezd kabi kelaru yod,
Umrimni tark etmaydi.
Dod, yodingdan ming bora dod,
Keladiyu ketmaydi!
Seni olib kelar qator,
Ajdar kabi imillar.
Koʻzlarimga oq oy botar,
Koʻkda quyosh simillar.
Sen – bekatda, hech qolmayman,
Qoʻlingdan u tutganda.
Suronlarga chidolmayman
Yod yurakka yetganda.
Seni olib kelar qator,
Daryo kabi chopadi.
Yoʻl chetida quyosh yotar,
Koʻzimni oy yopadi.
Men – bekatda, tushmaysanmi,
Oʻtayapsan silkib qoʻl?
Umrimga rang qoʻshmaysanmi,
Bevafo sen emas, yoʻl?!.
Poyezd kelar uzoqlardan,
Kahkashondan uzilib.
Keladi u bir yoqlardan
Va ketadi choʻzilib.
Salim ASHUR
“Sharq yulduzi”, 2014–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/poyezd-kelar-uzoqlardan/