* * *
Yaxshidir har dilda boʻlsa yaxshilarga iqtido,
Yaxshilik kelgay koʻngilda boʻlsa shunday muddao.
Yaxshilarga ergashib topgay koʻngil oʻz matlabin,
Qoʻysa kim bu yoʻlga makdamkim, biling, jonga gʻizo.
Cheksa bu yoʻlda riyozat gar kishi topgay farah,
Bu saodat rishtasin tutgay, biling, aqli raso.
Topdi kim yordin ajr, topgay, biling, nusratga yoʻl,
Kim soʻrab Haqdin panohni, boʻlmayin yuzi qaro.
Norasodan qilmagin, rohi xatarda rost qil,
Kim shafoat aylabon ojiz qulingni Robbano.
Ikki olamda azizdir yaxshilar ishq ichrakim,
Haq yoʻlida boʻlsa kim aylar ani yor toʻtiyo,
Beibolar birla Mahmud, topmading hargiz sharaf,
Yaxshilarga ergashib topsang ajabmaskim rizo.
* * *
Hajrida qiynaldi jonim, bu koʻngil yor istagay,
Koʻrmaka, baskim, jamolin bu koʻngil zor istagay.
Vohki, ondin oʻzga yorni koʻrmagay bu koʻz mudom,
Berguchi dardlarga malham chin xaridor istagay,
Ayriliqdin dard chekib, voh, ol yuzim boʻldi sorigʻ,
Zoru zorlik ichrakim ham oncha izhor istagay.
Topmadim ishq dashtidan izlab seni, ey yorki, bas,
Bu koʻngil zogʻu zagʻanlar ichra gulzor istagay.
Charx komida azal bitmish bu tarzliq qismatim,
Vohki, bu tarzliq ichinda shavqu asror istagay.
Ey koʻngil, Majnunu Farhod talʼatin boz ayla yod,
Har biri xilqat arokim, bilki, gʻamxor istagay.
Ishq kasbi ichra, Mahmud, men bukun kuydim dema,
Oshiq ahli ikki olam ichra diydor istagay.
* * *
Ilmsizlik kishini oxiri esdan judo qilgay,
Judolik ichrakim behol etib qaddin duto qilgay.
Duto qaddi bila aʼmolidan topmas farogʻatlik,
Farogʻat topmagay hargiz, hayotini ado qilgay.
Adolik ichrakim hargiz yoʻqotgay ul siyoqini,
Siyoqini siyoh aylab, iki dunyo qaro qilgay.
Qaro aylab iki dunyosini jurmi bila gʻofil,
Ki gʻofillik bila oʻzni gunohga oshno qilgay.
Gunohga oshno qilgay oʻzidek bexabarlarni,
Xabar topmas alarni ham baloga mubtalo qilgay.
Baloga mubtalo qilgayki nomus oridin ayrib,
Ki, nomus-oridin ayrib jahannamga ravo qilgay.
Jahannam vahmidan qoʻrqib tururman xavf rajo ichra,
Iymonda ayla Mahmud deb quling hamdu sano qilgay.
* * *
Etmagil koʻnglimni hargiz, ey falak, jondin yiroq
Jonima jon boʻlguchi ul mohitobondin yiroq.
Borligʻim, mavjudligim, bil, yor tufayli chin erur,
Qilmagil bu qulni hargiz tunu kun ondin yiroq.
Har nafas yor ishqida urgay yurak, bilmas tinim,
Necha bor urdi dema, voh, urgani sondin yiroq.
Notavonman, norasoman vasli koʻying ishqida,
Chorasiz holimni anglab, qilma imkondin yiroq.
Sen, quyosh yuzli jamolin istagaykim bu koʻngil,
Bir sharorat ahlidin deb qilma rizvondin yiroq.
Mahmudo, holimda rohat topmadim deb chekma gʻam,
Kim topar baxtini, e voh, boʻlsa jonondin yiroq.
* * *
Necha chogʻlarkim nigorim dilda vasli muddao,
Ranj chekib qildim uning ummidida men iltijo.
Sharhu holimni bayon aylay desam sirdosh yoʻq,
Izlamakni ixtiyor aylay desam yoʻq rahnamo.
Suvrati odam va lekin siyrati bejonman,
Izlasa topgay meni bu holda har aqli raso.
Dard ahli lutfidin hech boʻlmadi menga nasib,
Shul sababdin har qadamda ayladim behad xato.
Hajr aro qoldi muallaq yeru osmon ichra dil,
Kim boʻlib yor oldida oʻz holidin men yuz qaro.
Qilmishimdan topmadim naf, taʼma boʻldi har ishim,
Ushbu feʼlimdin muhabbat dardidin men mosuvo.
Mahmudo, bas, noumidlar ichrakim saf tortmagil,
Agʻniyodur ikki dunyo ganjni topgan ishq aro.
* * *
Qadrini aylar baland kim aytsa har dam yaxshi soʻz,
Belga quvvat, koʻzga nur, koʻngilga malham yaxshi soʻz.
Xush kalomdin odamiylik hikmati topgay kamol,
Har qachon, har yerdakim etgay mukarram yaxshi soʻz.
Har kishining ravnaqi, bas, matlabi birla ulugʻ,
Ikki olamda ulugʻ etgayki hurram yaxshi soʻz.
Etdi maxluqdan azizkim Haq taolo bandasin,
Almisoqdin ruhiga aylabki jam-jam yaxshi soʻz.
Yaxshi soʻz birla tasarruf etgay oqil manzilin,
Rohi rostda maqdamin etgayki mahkam yaxshi soʻz.
Bu ulugʻ xislat bilan odam aziz, olam aziz,
Qadrini topgayki har dam, topsa odam yaxshi soʻz.
Ey Xudo, bebahralardan etmagil Mahmudni ham,
Muddaiylar aytmasin Mahmudda kam-kam yaxshi soʻz.
Ismoil Mahmud MARGʻILONIY
“Sharq yulduzi”, 2014–1
https://saviya.uz/ijod/nazm/ikki-olamda-azizdir-yaxshilar/