Xalq tili va zamonaviy nasr

Bundan bir necha yil muqaddam “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi zamonaviy oʻzbek nasri tili haqida maxsus rukn ochib, yil davomida mazkur sohadagi dolzarb muammolarni yoritib bordi. Munozara qizgʻin tus olib, koʻp foydali fikr-mulohazalar oʻrtaga tashlandi. Nazarimizda, ular izsiz va foydasiz ketmadi. Gazeta tanqid va adabiyotshunoslik boʻlimining 2014 yilda yana adabiyotda soʻz qoʻllashdagi yutuq va nuqsonlar tahliliga bagʻishlangan “Badiiy soʻz masʼuliyati” ruknini ochishi shu sohadagi muammolarning naqadar dolzarbligi va tadqiqot, bahs-munozaralarni davom ettirish zarurligini koʻrsatadi.

Oldingi munozaralarda negadir hech kim atoqli yozuvchi va tadqiqotchi Pirimqul Qodirovning “Xalq tili va realistik proza” nomli monografiyasini tilga olmadi. Aslida, bu kitob oʻz davrida ijod va ilm ahli uchun juda foydali qoʻllanma boʻlgan edi. Adabiyot hamma vaqt xalq tili manbaidan foydalanib rivojlanib kelgan va ayni paytda, xalq tilini ham taraqqiy ettirishga xizmat qilgan. Biz matbuot sahifalarida 2013 yili chop etilgan hikoyalar misolida zamonaviy nasr ijodkorlarining xalq tiliga munosabatlari va ularning bu sohadagi yutuq-kamchiliklari toʻgʻrisida mulohaza yuritmoqchimiz. Oʻtgan yili matbuotda katta-kichik koʻplab hikoyalar eʼlon etilgan. Ularning mazmun-mundarijasi, gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari alohida yirik mavzu. Biz faqat badiiy til xususiyatlariga toʻxtalamiz, xolos.

Hikoyalar tili bilan qiziqar ekanmiz, boshlovchi yozuvchilar emas, taniqli yozuvchilar badiiy tilida ham qator nuqsonlar uchrab turishiga juda ajablandik. Jumladan, Xurshid Doʻstmuhammadning “Jodi” (“Tafakkur”, 2013,1-son) hikoyasida shunday jumla uchradi: “Yetti yillik urushda Fransiya bor-shudini boy berdi”. “Bor-shud” – iboraning xato shakli. Xuddi Imom Buxoriy hadislarning nuqsonsiz, sahih nusxalarini topib, tanlab jamlaganiday, yozuvchi ham xalq iboralarining toʻgʻri shakllarini aniqlab ishlatishi lozim. Shu oʻrinda iboraning “bor-budini” yoki “bud-shudi”ni kabi toʻgʻri variantlarini qoʻllash mumkin edi. Yaxshisi, oʻzbekcha qilib “bor-yoʻgʻini” yoki “bor bisotini”, desa ham boʻlaverardi.

Mana bu jumlalarda “shuning uchun” maʼnosidagi forsiy “azbaroyi” soʻzi notoʻgʻri ishlatilgan: “Azbaroyi, qushga aylanib, uchib ketadigandek!.. Azbaroyi, uchqur otga aylanib, butun Fransiya yoʻllari boʻylab quyun yangligʻ yeladigandek!.. Azbaroyi, butun mamlakat aholisi adoqsiz olqishlar bilan unga peshvoz chiqishga hozirlik koʻrayotgandek!.. Azbaroyi, uning besh-olti jumlada bayon etilgan gʻoyasi hoziroq kuchga kiradiyu Jozef qilgan ixtiro!.. kashfiyot!.. yangilik!.. mamlakatning barcha shahar-qishloqlarida amalda qoʻllana boshlaydi!” Yozuvchi, nainki yozuvchi, balki har bir odam maʼnosini oʻzi bilmagan soʻz-iboralarni ishlatsa, shunday ahvol kelib chiqishi tayin. Asli, “azbaroyi” oʻrniga oddiygina “goʻyoki” soʻzini ishlatish toʻgʻri va tushunarli boʻlardi.

Endi bu jumlaga eʼtibor bering: “… italiyalik qardoshlar oʻzlari gʻaflatda qolganidan tirsaklarini tishlashadi”. Tirsakni ham tishlab boʻladimi? Xalq hayratda, gʻaflatda qolish, attang, deya afsuslanish maʼnosida “barmoqni tishlash” iborasini ijod etgan. Ushbu jumlada esa yozuvchi “huzur-bahuzur” soʻzini qanday maʼnoda qoʻllaganligi tushunarsiz. Tilimizda shunday soʻz bormikin oʻzi: “Jozef kameradoshining taqir boshidagi yozuvni oʻqib berayotgandek undan koʻz uzmay, yana huzur-bahuzur tilga kirdi…” Yoʻq, lugʻatlarimizda ham, xalq tilida ham bunday soʻzni uchratmadik. Mutaxassiski tushunmasa, oddiy muxlis qanday tushunsin bu soʻzni? Nazarimizda, yozuvchi adashib bu soʻzni “zoʻr-bazoʻr” soʻzi oʻrniga ishlatib yuborgan.

Ulugʻbek Hamdam oʻziga xos badiiy tasvir uslubiga ega boʻlgan katta yozuvchi sifatida shakllangan. Biroq yozuvchilikda badiiy til sohasidagi izlanishlar umrbod davom etsa kerak. Chunki navbatdagi asarda qoʻllanayotgan har jumla va soʻz oʻziga xos bir yangi badiiy tajribadir. Ana shu maʼnoda U. Hamdamning baʼzi badiiy til izlanishlari mulohaza uygʻotadi. Bu uning koʻproq forsiy soʻz va jumla tuzilishlarini qoʻllashida koʻzga tashlanadi. Soʻzni notoʻgʻri qoʻllash uning maʼnosini aniq bilmaslikdan kelib chiqadi. Uning “Vatan haqida qoʻshiq” (“OʻzAS”, 2013,15 fevral) hikoyasida shunday jumla keladi: “Rahmatli onasining aytishicha, u kishi Ikkinchi jahon urushida, qonli janglarning birida oyogʻining ostiga kelib tushgan bombadan chil-parchin boʻlib halok boʻlgan ekan”. Bu gapdagi “chilparchin” soʻzini yozuvchi juft soʻz deb oʻylagan va uni chiziqcha bilan yozgan. Aslida, u qoʻshma soʻz va qoʻshib yoziladi. “Chilparchin boʻlmoq” – “qirq parchaga boʻlinib ketmoq” maʼnosini anglatadi. Hozirda bu maʼno mavhumlashib, kengayib, soʻz “yoʻq boʻlmoq” umumiy maʼnosini kasb etgan. Jumlada ikki marta qoʻllangan “boʻlmoq” feʼlining birini tahrirda bartaraf etish va umuman, gapni yanada ixchamroq tuzish mumkin edi.

Yana bir jumlada “moʻru malaxdek” iborasi notoʻgʻri qoʻllangan: “Bir yildir dosh berib turgan darvozalar qulaydi-da, yogʻiy ichkariga moʻri malaxdek bostirib kiradi…” Mazkur iboradagi “moʻr” – chumoli, “malax” esa – chigirtkaning forschasi. “Moʻr” soʻzi oxiridagi “-i” – forsiy izofa. Ushbu izofa qaratqich-qaralmish munosabatlarini ifodalash uchun ishlatiladi. Shundan kelib chiqilsa, “moʻri malax” deganda, “chigirtkaning chumolisi” degan gʻalati maʼno anglashiladi. Holbuki, yozuvchi unday demoqchi emas. Demak, iborani bu shaklda qoʻllash oʻrinsiz. Iboraning asliga toʻgʻri shakli “moʻru malax”, yaʼni “chumoliyu chigirtka” yoki “chumoli va chigirtka”ni anglatadi. Chumoli va chigirtkalarning mavsumiy toʻda boʻlib koʻchishi manzarasidan yaratilgan ushbu xalq iborasi asrlar mobaynida badiiy va tarixiy-badiiy asarlarimizda askarlarning yopirilib kelishiga oʻxshatma tarzida turgʻun soʻz birikmasi shaklida qoʻllanib kelgan. “Turgʻun soʻz birikmasi” terminining maʼnosi shuki, bunday birikmalarning shakli doimiy turgʻun holatda saqlanadi. Agar uning shakli yoki biror harfi oʻzgartirilsa, maʼnosi ham oʻzgaradi va ijodkor xalq nazarda tutgan anʼanaviy maʼnoni ifodalayolmaydi. Hozirgi ijodkorlarimiz shuni inobatga olishlari lozim.

Boshqa bir jumlada “poyi piyoda” iborasi notoʻgʻri qoʻllangan: “Yurtning qamal qilingan boʻlagini poyu piyoda uzoq aylandi”. “Poyi piyoda” ham izofali birikma. “Poy” soʻzidan keyingi “-i” izofasi oʻrniga “-yu” yuklamasi yozilsa, “yayov” emas, balki “oyoq va yayov” degan nooʻxshov maʼno chiqib qoladi. Shuning uchun bu turgʻun soʻz birikmasini ham aslidagidek qoʻllagan maʼqul.

Shuningdek, U. Hamdam uslubida ikki jumla orasida va bir jumla oʻrtasida “-ki” grammatik belgisini oʻrinsiz qoʻllash holatlari ham uchraydi:”Ayting, shu choqqacha farmonni men berdim, endi bir gal siz bering. Ki, bu farmonga vatanimizning, sizlarning, hammamizning taqdirimiz bogʻliq!” Shu oʻrinda ikkinchi gapning “-ki” bilan boshlanishi hozirgi oʻzbek adabiy tili jumla tuzilishi andozalariga xos emas. Agar “-ki” oldingi gap oxiriga bogʻlansa-yu, ikki gap birlashtirilsa, jumla toʻgʻri shaklga keladi. Mayli, bu jumla hikoya qahramoni tilidan aytilgan, qahramon oʻtmishga mansub, til – tarixiy ham, deylik. Biroq muallif nutqi ham shunday holdan xoli emas: “Bunga ortiq chidab turish mumkin emasdi, ki maydon yov jangchilaridan sachragan qonu ularning jasadlariga toʻlib borayotgan edi”. Yozuvchining bunday jumlalar tuzishi oʻziga xos uslubiy izlanish. Bunday jumlalar badiiy oʻqishda yaxshi jaranglaydi. Lekin yozma nasriy-badiiy uslub talablariga toʻgʻri kelmaydi.

Baʼzan tajribali yozuvchilarimiz ham kamdan-kam qoʻllanadigan soʻz-iboralarni qalamga oladilar va uslubiy nuqsonlarga yoʻl qoʻyadilar. Ularni muharrirlar ham tuzatishga ojizlik qiladilar. Ahmad Aʼzamning “Avtobus” (“OʻzAS”, 2013,11 yanvar) hikoyasida shunday hollar bor: “Hammaga mehribon – odamning nishxurti boʻlmaydi”. Avvalo, jumlada bir soʻz yetmaydi, shuning uchun mazmun yaqqol tushunarli emas. Goʻyoki, jumlaning birinchi qismi: “Yaratgan hammaga mehribon” boʻlib, “yaratgan” soʻzi tushib qolgandek. Jumlada “nishxoʻrd” soʻzi toʻgʻri qoʻllanmagan. Xalq tilida chorva va parranda (ot, qoramol, qoʻy, tovuq) oxuridan chiqqan chiqindiga “nishxoʻrd” deyiladi. “Nishxoʻrd” forsiy soʻz boʻlib, u “nish” (igna, tikandek nozik va ingichka narsa) va “xoʻrd” (“xoʻrdan” – “emoq” feʼlining oʻtgan zamon oʻzagi) oʻzaklaridan tuzilgan. Soʻzning ikkinchi qismi “xurt” emas, “xoʻrd” shaklida yoziladi. Hozirgi imlo lugʻatlarimizda soʻzning toʻgʻri shakli mavjud. Agar chorvaga meʼyoridan ortiq beda berilsa, u bedaning guli va barglarini yeydi-da, poyasini nishxoʻrd (isrof) qilib qoldiradi. Agar chorva va parrandaga meʼyoridan ortiq yem (arpa, bugʻdoy yoki boshqa narsa) berilsa ham, u yeb toʻyganidan qolgan narsa nishxoʻrdga chiqadi. Qisqasi, yozuvchi “hamma odam teng” demoqchi boʻlgan. Ammo, ifoda oʻrniga tushmagan. Oqibatda, “odamning chiqindisi boʻlmaydi” degan dagʻal maʼno chiqib qolgan.

Xalqchil tilda yozishga harakat qilish – adabiyot tilini joʻnlashtirish yoki jonli soʻzlashuv tilida yozish, degani emas. Badiiy til ham adabiy tilga asoslanadi. Adabiy tilning nafislik xususiyatlaridan oziqlangani uchun ham badiiy adabiyot nafis sanʼat turiga aylangan. Boy va beqiyos adabiy tilimizning nafis qatlamlaridan ifoda tanlab ishlatmaslik, adabiy til meʼyorlariga bepisand munosabat bugun yozuvchi hamda jurnalistlarimiz uslubida urf boʻlib bormoqda.

Erkin Usmonovning “Vaʼda” sarlavhali (“OʻzAS”, 2013,19 iyul) hikoyasidagi mana bu jumlaga eʼtibor bering: “… asfalt zavodga pul tashlab beriladigan boʻlishdi”. 1956 yilda qabul qilingan imlo qoidalari hanuz bekor qilinmagan ekan, kirill yozuvidagi nashrlarda yumshatish va ayirish belgilarini qoʻllamaslikka kim izn bergan? “Asfalt zavodga” iborasidan asfaltdan qurilgan zavod tushuniladi. “Asfalt ishlab chiqaradigan zavod” tushunilishi uchun albatta “zavod” soʻzidan keyin “-i” egalik qoʻshimchasi qoʻllanishi shart. Egalik qoʻshimchasini oʻz oʻrnida qoʻllamaslik faqat E. Usmonovning emas, umuman, hozirgi savodxonlikning, matbuotu nashriyot sanoatining tipik uslubiy xatosiga aylandi. Toʻgʻri, jonli soʻzlashuv tilida “asfalt zavod” deb ketilaveradi, lekin yozma nutqda, ayniqsa, matbuot va nashriyot matnlarida egalik qoʻshimchasini oʻrniga qoʻyish adabiy-badiiy tilning oddiy talabi.

Yozuvchi Otaulining “Diydor” (“OʻzAS”, 2013,1 sentyabr) hikoyasida quyidagi jumla uchraydi: “Mehmonxona xodimining bosh ustiga engashgan koʻyi shivirlab aytgan bu gapi Abdulhamidning uyqusini dafʼatan oʻchirdi”. Bunda uyquga nisbatan “oʻchirmoq” feʼli nooʻrin qoʻllangan. Odam uyqu chogʻida tabiatan oʻchadi. Shuning uchun “oʻchmoq”ni uning maʼnan ziddi boʻlgan “uygʻonmoq” maʼnosida ishlatish mantiqsiz. Bunday holatga nisbatan “uchmoq” yoki “qochmoq” feʼllarini qoʻllash toʻgʻri boʻladi. Darvoqe, shu hikoya davomida yozuvchi “uyqum qochib” iborasini ikki marta ishlatgan. “Ota astoydil afsus-nadomat chekib boshladi”. “Chekib boshladi” – jonli soʻzlashuv tili ifodasi. Yozma badiiy nasr, xususan, muallif nutqida “cheka boshladi” boʻladi-da.

Taniqli yozuvchi Luqmon Boʻrixonning badiiy tili ham hali anchagina ishlovtalab koʻrinadi. Uning “Tumor” (“OʻzAS”, 2013,29 noyabr) hikoyasidan olingan mana bu jumla shu qadar murakkab tuzilganki, uni bemalol sakkizta toʻlaqonli gapga ajratish mumkin: “Oʻsha muhorabadan oʻzi omon qaytmagan (1), butun mamlakat buyuk hukmdorga motam tutgan (2), Duygu begim esa erining qurbon boʻlganiga ishonmay ne-ne aslzodalar yuborgan shilqim sovchilarni rad etib, oxir-oqibat saroydan bosh olib chiqib ketgan (3), mamlakat sarhadlarida qoʻnim topib, shu joyda momolardan meros oʻsha muqaddas tumorni koʻksiga mahkam bosganicha erini giryona kutgan (4), shu alfozda oʻn ikki yil, umrining soʻnggi nafasigacha ovloq adirlarda sarosar kezinib yoʻl qaragan (5), joni chiqar payti ham erining nomini ohista pichirlab, chehrasi allanechuk nurlanib, butun vujudidan xushboʻy hidlar taralib turgan (6), rivoyatlarga koʻra, qavmu qarindoshlar, oqsochu xizmatkorlar marhuma malika koʻksida mahkam tutgan oʻsha muqaddas tumorni uch kun urina-urina arang barmoqlari orasidan ajratib olishgan va eʼzozu ehtirom ila poytaxtga joʻnatishgan (7), oʻsha jajjigina tabarruk tumor sulton saroyining eng bebaho mulki, ilohiy muhabbatning timsoli sifatida yillar, asrlar boʻyi koʻz qorachigʻidek saqlangan ekan (8)”. Ushbu qulochga sigʻmas jumla 127 soʻzdan tarkib topgan. Buncha soʻzni sakkizta gapga teng taqsimlaganimizda ham, har bir gap 15 soʻzdan iborat boʻlar ekan. Oʻshanda ham jumlalar sodda boʻlmas ekan. Ehtimol, yozuvchi oʻziga xos uslubini namoyish etish uchun shunday ulkan jumla tuzgandir, deya taxmin qilish maqsaddan yiroqdir. Chunki badiiy asar uslubidan maqsad – mazmunni muxlisga mumkin qadar tushunarli va taʼsirchan shaklda yetkazishdir. Badiiy jumla qanchalik ixcham va sodda boʻlsa, asar shunchalik oʻqishli hamda uqishli boʻladi. Xususan, hikoya tili shunday jumlalarni taqozo etadi. Bu birgina misol Luqmon Boʻrixonning uslubi juda ogʻir, hikoyalari zerikarli, degan maʼnoni anglatmaydi. Biz yuqoridagiday murakkab jumla tuzishdan saqlangan maʼqul demoqchimiz, xolos. Qolaversa, xuddi shu hikoyaning oʻzida har biri bor-yoʻgʻi uchtagina soʻzdan tuzilgan jumlalar ham borki, ularni oʻqib huzur qilasan, kishi: “Aeroport hamishagidek gavjum”, “Yuz-koʻziga tabassum qalqdi”, “Yuragi zavq-shavqdan hapriqdi”. Nazarimizda, hikoya mana shunday ixcham jumlalar asosiga qurilsa, maroqli va oʻqishli chiqadi.

Hikoyada “jununvash tebranib turar”, “jundor barmoqlar” kabi notabiiy iboralar ham uchraydi. “Jununvash” – sifat. Binobarin, inson sifatining oʻzi tebranib turolmaydi. Shu sifatning egasi boʻlgan shaxs tebranib turishi mumkin. Demak, u shaxs “jununvash” emas – “majnunvash” boʻladi. Inson barmoqlari tukli, sertuk boʻlishi mumkin, ammo “jundor” boʻlishi ehtimoldan yiroq. Umuman, “jundor” sifati inson barmoqlari tasviri uchun munosib ifoda emas.

Hali yetarli adabiy tajriba qozonmagan, yosh qalam egalarining ham badiiy tili ishlov va tahrirga muhtoj. Oqiljon Gʻafurovning “Ayol ori” hikoyasi (“OʻzAS”, 2013,6 sentyabr) hali siyohi qurimay, loaqal birrov boʻlsa-da ustidan ishlanmay chop etilganga oʻxshaydi. “Nahotki odamlar shu qadar riyokor, munofiq boʻlib ketishmasa, a?” Bu jumlada “-ma” inkor qoʻshimchasi mutlaqo oʻrinsiz, ortiqcha ishlatilgan. “Qadimaxon afsusnamo bosh chayqab qoʻydi”. “Afsuslangannamo” desa, toʻgʻri boʻlardi. “Oqibatxon, oʻpka qilgandek, qoshlarini arazsimon chimirib qoʻydi”. “Arazlagansimon” desa, toʻgʻri boʻlardi. “Qulluq boʻlsin bagʻi endi! – dedi pichingnamo kesatib”. Axir, “piching”ning oʻzi “kesatiq” degani-ku! “Pichingnamo” degan soxta soʻzga nima deysiz?

“Qadimaxonning ustidan misoli bir chelak muzdek suv toʻnkarilgandek boʻldi”. Bir chelak suvni agʻdarish mumkindir. Lekin bu maʼnoda “toʻnkarilmoq” feʼlini ishlatib boʻlmaydi. Boʻsh idishni toʻnkarib qoʻyish mumkin. Osonginasi, “ustidan bir chelak muzdek suv quyilgandek boʻldi” desak, olam guliston-ku!

“Mahalla-koʻyda xokisor feʼl, haqir bir ayol edi”. Bu jumlada “haqir” soʻzi oʻrniga tushmagan. Negaki, “haqir” – tahqirlangan, haqoratlangan degan maʼnolarni anglatadi. Toʻgʻri, oʻtmishdagi baʼzi mumtoz adiblarimiz “faqir va haqir” sifatini oʻzlariga nisbatan, malomatiya dunyoqarashidan kelib chiqib ishlatganlar. Zamonaviy adabiyotimizda esa, odatda, yozuvchi tasvirlayotgan insonlarga nisbatan, agar u erkak boʻlsa – moʻmin, ayol boʻlsa – moʻmina sifati qoʻllanadi. “Qizlari bilan baharhol doʻppi tikdi…” Bunda forsiy “baharhol” soʻzi oʻrinli qoʻllanmagan. U oʻzbek tiliga “har holda” yoki “har qalay” deb tarjima qilinadi. “Qizlari bilan “har holda” yoki “har qalay” doʻppi tikdi” desak, mazmunli gap chiqmaydi. Badiiy asar har bir soʻz maqsad bilan ishlatilishini taqozo etadi. “Baxtiga oʻgʻli Qutlugʻmurod oʻtli-shudli, uquvli chiqdi”. Ushbu jumlada “oʻtli-shudli” – sunʼiy soʻzdir. Uning asli “budli-shudli”dir. Mazkur juft soʻz forscha “bud” – “bor edi” va “shud” – boʻldi oʻzaklaridan yasalgan. Bu juft soʻz xalq tilida oʻziga toʻq, boy, bisotli oila va shaxslarga nisbatan qoʻllanadi. “Budli-shudli” soʻzi epchil, uddaburon, tadbirkor, salohiyatli kishilarni ifodalashga ham xizmat qiladi. Yuqoridagi jumlaga ham aynan shu soʻz qoʻl keladi. “Pastakkina uylarni buzib, kiroyi imorat soldi”. “Kiroyi” soʻzi “arziydigan”, “yaxshigina”, “imorat degulik” maʼnolarini ifodalashga qaratilgan. Lekin u hozirgi kitobxon uchun yorqin maʼnoni anglatmaydi. Nega endi uning oʻrniga aniq va yorqin maʼnoli “koʻrkam” soʻzini ishlatish mumkin emas? “Yuzi shuvut oilada kelin boʻlib yashashdan isnod qilaman”. Bu jumlada “isnod” soʻzi nooʻrin qoʻllangan. Odam isnodda qolishi, noloyiq oila yoki odamlar, oʻzining gʻayriaxloqiy yoki gʻayriqonuniy xatti-harakatlari unga isnod keltirishi mumkin, biroq uning oʻzi isnod qilolmaydi. Mazkur jumlada “isnod” soʻzi oʻrnida “or” soʻzi uzukka koʻz qoʻygandek mos tushadi. Kelin noloyiq oila muhitida yashashdan or qiladi. Hikoya qahramoni: “Bir tutamgina gavdasini hali u yonga, hali bu yonga tashlab, bexud boʻlaveradi”. Inson gavdasiga nisbatan “bir tutam” iborasini qoʻllash ham muvaffaqiyatli ifoda emas. Xalq “bir tutam” deganda, qoʻl bilan tutganda, kaftga sigʻadigan darajadagi kichik oʻlchamni nazarda tutadi. Kichik gavdani A. Oripov “Ushoqqina odamman, jussam otamdan hadya”, deya juda qoyilmaqom ifodalagan edi. Darvoqe, shu hikoya oxirrogʻida ham: “Burun durkun edingiz, ushoqqina boʻp qopsiz…” degan tabiiy ifodaga duch kelamiz.

Gulruh Yormatovaning “Tiniq momo” (“OʻzAS”, 2013,7 dekabr) hikoyasida shunday jumla bor: “Yuragida kuchli bir hapqirish bilan Mahmud polvon hovliqib tashqariga chiqdi”. Unda lugʻat boyligimizdagi “hapriqish” soʻzi xato shaklda qoʻllangan. Bu nuqson faqat G. Yormatova emas, boshqa yozuvchilar uslubida ham koʻzga tashlanadi. Har bir yozuvchi bunday soʻzlarni oʻz bilganicha ishlataversa, oʻzgartiraversa, milliy tilimizning tiniqligi va nafosati zarar koʻradi. Nazarimizda, yozuvchilarimiz faqat til isteʼmolchisi emas, balki uning boyliklarini butun goʻzalligi bilan asrab-avaylab, yanada sayqal toptirib nasllardan-nasllarga yetkazuvchi muhofiz boʻlishlari lozim. Yuqoridagi jumla tuzilishi jihatidan ham toʻgʻri emas. Jumlaning shu tuzilishida maʼno urgʻusi mahmud polvonga tushib turibdi. Agar boshqa kishi emas, aynan Mahmud polvon tashqariga chiqishiga urgʻu berilganida edi, bu jumla tuzilishi toʻgʻri boʻlardi. Holbuki, unday emas. Urgʻu Mahmud polvonning holat va ravishiga berilgan. Demak, jumla bunday tuzilsa, toʻgʻri boʻlardi: “Mahmud polvon yuragida kuchli bir hapriqish bilan hovliqib tashqariga chiqdi”.

“Tiniq momoning koʻngli xotirjam tortdi”. Bu jumladagi “koʻngil xotirjamligi” iborasi gʻalati mashhurga aylanib ketdi. Bunday xato yaqinda urf boʻldi. Aslida, “xotirjamlik”ning oʻzi yaxlit, alohida tushuncha boʻlib, u ilgari “koʻngil xotirjamligi” shaklida ishlatilmagan. Albatta, insonda xotirjamlik boʻlsa, uning koʻngli ham tinch-osoyishta, koʻngli tinch-osoyishta boʻlsa, xotiri ham jam boʻladi. Bu ikki tushuncha bir-biriga yaqin va bogʻliq boʻlsa-da, lekin koʻngilda xotira boʻlmaydi. Adabiyotimizda “koʻngil parishonligi”, “diljamlik” tushunchalari bor. Shunday obrazlar mumtoz shoirlarimiz tomonidan qoʻllangan. Masalan, Munisda “Koʻngul parishondur bukun”, “Shoiri shoʻridagʻa diljamʼliq qaydin yetar” kabi misralar bor. Shu bilan birga, xotirjamlik tushunchasi va iborasi koʻngildan alohida holatda qoʻllangan. Buni Navoiyning bir shohbayti misolida koʻrishimiz mumkin:

Xotirni jam aylay desang, avval xavotir dafʼin et,

Kimda xavotir boʻlmasa, osuda xotir boʻlgʻusi.

Xotirjamlik hayotda eng ulugʻ neʼmatlardan biridir. Xotirjamlik bor ekan, ilhom ham, ijod ham, ilm ham rivojlanadi. Insonda kuch-gʻayrat, harakatlarida xayr-baraka boʻladi. Xotirjamlik boʻlmasa, odamga hech narsa tatimaydi. Xalqimiz duoning avvalida “tinchlik-xotirjamlikni bersin”, deydi. Navoiy ham xotirni jam aylash uchun avval xavotirni daf qilish lozim, kimda xavotir boʻlmasa, uning xotirasi tinch-osoyishta boʻladi, deydi. Yana bir gʻazalida Navoiy:

Bukun ahli jahondin xastaxotirmen, jahondin ham,

Demon ahli jahon birla jahon, billahki, jondin ham, –

deya faryod chekadi. Bu bayt jonu jahonu ahli jahon shoirning koʻngliga ozor berganligini, bu ozorlar uning xotirasiga oʻrnashib, xastaxotir etganligini anglatadi. Koʻryapsizmi, koʻngil bilan xotira oʻzaro chambarchas bogʻliq. Lekin “xotirjamlik” alohida tushuncha.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, zamonaviy prozaiklarimiz yaratayotgan asarlarining badiiy tili ustida yetarli ishlamayaptilar. Ular oʻzlarida badiiy soʻz masʼuliyatini his qilish tuygʻusini takomillashtirishlari lozim. Faqat mashq va mahorat emas, balki masʼuliyat va mahorat tushunchalari ham egizak. Masʼuliyatni sezish mahorat sari yetaklovchi omillardan biridir. Yuqoridagidek har bir soʻz va ibora ustidagi tahlilni yozuvchiga kim oʻrgatadi? Har bir yozuvchiga bir soʻzshunos ustoz biriktirish mumkinmi? Yoʻq, bu amaliy ijodiy jarayon har bir qalamkashning oʻz aqliy salohiyati, istagi, intilishi, mehnatsevarligiga bogʻliq. Tahlil etilganidek hollar bor ekan, demak, yozuvchilarimiz xalq tilini yaxshi bilmaydilar, koʻp yozishlari mumkin-ku, biroq kam oʻqiydilar. Biz bayon etgan badiiy til saboqlari, uzoqqa borib oʻtirmaylik, XX asr mahoratli oʻzbek adiblari badiiy tajribasida mavjud. Ular mutolaaga muhtoj. Yozuvchi qanchalik koʻproq xalq orasida boʻlib, uning til boyliklari sir-sinoati va nafosatini oʻzlashtirsa, kamroq yozib, koʻproq oʻqisa, shundagina uning badiiy tili va mahorati sayqal topadi.

 

Nusratullo JUMAXOʻJA,

filologiya fanlari doktori.

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xalq-tili-va-zamonaviy-nasr/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x